Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet86/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Urush yillarida o'zbekistonlik mehnatkashlar harakatdagi armiya jangchilariga qayta-qayta sovg'alar yuborib turdilar. Janubi-g'arbiy front jangchilari xatlarning birida mana bunday deb yozgan edi: "Delegatsiya tomonidan frontga olib kelingan sovg'alar va delegat-siyaning oramizda bo'lishi har bir jangchida va komandirda chuqur va samimiy minnatdorchilik hissini uyg'otdi... Serquyosh O'zbekistonning ishchilari, kolxozchilari va ziyolilari bizga g'amxo'rlik ko'rsatayotganidan behad xursandmiz".

O'zbekiston mehnatkashlari safarbar qilingan o'zbekistonlik jangchilarga doimiy g'amxo'rlik ko'rsatib, frontga ishchi va kolxozchilarning delegatsiyalari, konsert brigadalarini yuborib turdilar. O'zbek tilidagi 14 ta front va brigada gazetalari siyosiy-tarbiyaviy ishlarni olib bordi. Harakatdagi armiya jangchilari bilan front orqasidagi mehnatkashlar o'rtasidagi aloqalar doimiy ravishda ta'kidlab borildi.

Dahshatli 1942 yil kuzida, dushman Volga tomon yopiriib, Kavkaz uchun janglar avj olgan bir paytda o'zbek xalqi o'zbek jangchilariga deyarli 2,5 mln. kishi imzo chekib yozgan maktub bilan murojaat etdi. Bu o'zbek jangchilarini o'z hayotini ayamay, jang qilishga da'vat etuvchi iltijo edi. Markaziy va mahalliy front gazetalarida bosilgan bu maktub o'zbek jangchilarining jangovar ruhini ko'tardi, ular bu maktubni o'z xalqining muqaddas amri deb bildilar.

Frontga har tomonlama yordam berib turilgani, jangchilar haqida butun xalq g'amxo'rlik qilgani askar va ofitserlarning ma'naviy ruhini ko'tarib, dushmanga qarshi kurashda kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shdi.

3. O'zbek xalqining baynalmilalchilik yordami. Mehnatkash xalqimiz fashist bosqinchilaridan ozod etilgan Rossiya, Ukrama, Belorussiya rayonlariga urush vayron qilgan xo'jaliklarni tiklashda yaqindan turib katta yordam berdi. Bu yordamning shakllari turlicha edi. Ko'pgina o'zbek ko'ngillilari, asosan yoshlar asliga keltirish, tiklash ishlarida qatnashish uchun Stalingradga, Ukrainaning vayron qilingan shaharlariga jo'nab ketdilar. Respublikamizda ozod qilingan rayonlarga qardoshlik yordami fondi ochildi. Ularga moddiy texnika va mutaxassislar yuborildi. Chunonchi. Kuban va Ukrainaga 2 mingdan ortiq traktor va avtomobil, 1595 traktorchi jo'natildi. Xarob bo'lgan temir yo'llarni tiklash uchun Toshkent temir yo'li ko'plab parovozlarni yubordi, minglab yuk va yo'lovchilar tashuvchi vagonlarni ta'mirlab, tiklab berdi. O'zbek energetiklari elektr stansiyalariga, shaxtyorlarimiz esa Donbass shaxtalariga madad berdilar.

O'zbekiston ozod etilgan rayonlar qishloq xo'jaligini tiklashga ham yordam berdi. U yerlarga qishloq xo'jaligi mutaxassislari yuborildi, g'alla, urug'lik don, qorarnol, traktor, kombayn, avtomashinalar va boshqa ko'p narsalar jo'natildi.

Urush yillarida milliy siyosatda kechirib bo'lmas zo'ravonlikka yo'l qo'yildi. Stalincha totalitar tartibot butun-butun xalqlarni bir-biridan ajratish va jazolash ishlarini uyushtirdi. Stalin va uning atrofidagilar o'zla-rining xatti-harakatlarini fashistlar okkupatsiyasi davrida ayrim shaxs va guruhlarning xoinligi uchun berilgan jazo, sovet mamlakati xavfsizligini qo'riqlash deb bahona qildi. 1943-1944 yillarda qalmiqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, nemislar, qorachoylar, pontiya greklari, mesxeti turklari, bolqarlar o'z tarixiy vatani va doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylaridan sharqiy rayonlarga ko'chirib yuborildi.

O'zbekistonga Qrimdan 150 mingdan ortiq qrim tatarlari, 175 ming Chechen, 157 ming ingush, 4,5 ming bolqar, armani va greklar ko'chirib keltirildi. Keyinchalik Gruziyadan mesxeti turklari ham ko'chirib kelindi. Kelganlarga xalqimiz va hokimiyat yordam berib turdi. Ularga sharoitlar yaratib, uy, yer sotib olish va qurish uchun qarz ajratildi, oziq-ovqat bilan yordam berildi. Ko'chirib kelinganlar yangi joylarga asta-sekin o'rganib, moslashib bordilar.

4. Qoraqalpog'iston ASSR urush yillarida. Fashizmga qarshi olib boril gan mislsiz kurashda butun O'zbekiston xalqlari bilan birga Qoraqalpog'iston avtonom respublikasi mehnatkashlari ham faol ishtirok etdilar. Urushning dastlabki kunidanoq avtonom respublikaning barcha ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati urush ehtiyojlari uchun jalb qilindi. Qoraqalpog'istondan frontga hammasi bo'lib 61618 kishi chaqirildi. Urush boshlangan vaqtda bu yerda 97-Qoraqalpog'iston milliy brigadasi tashkil qilinib, unga ko'ngilli ravishda yigitlar yozildi.

Shuningdek, Qoraqalpog'istonning 25 ming kishisi ishchi batalyonlarga. olinib, ular RSFSRning Sverdlovsk, Perm, Gorkiy, Orenburg viloyatlari korxonalari va shaxtalarida, O'zbekistonning Angren shaxtasi qurilishida mehnat qildilar.

Qoraqalpog'iston mehnatkashlari mamlakat mudofaa fondi uchun o'z shaxsiy jamg'armalarini ham ayamadilar. Masalan, tank kolonnalari va samolyotlar eskadrilyalarini tashkil etish uchun ular 10 mln so'mdan ortiq pul va obligatsiyalar to'pladilar. Aholi 30755000 so'm miqdordagi harbiy zayomlarni sotib oldi. Dehqonlarning shaxsiy xonadonlaridan mudofaa fondiga katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari va issiq kiyimkechaklar jo'natildi.

Qoraqalpog'istonga evakuatsiya qilingan 25000 polyak va mamlakat g'arbidan ko'chirilgan 15000 kishi iliq kutib olindi va ularga g'amxo'rlik ko'rsatildi.

Qoraqalpog'iston o'g'lonlarining qahramonlik jasoratlari munosib taqdirlandi. 20 nafar jangchiga ko'rsatgan mardliklari uchun Qahramon unvoni berildi. Ular-ning ichida O'.Abdullayev, I.Navro'zboyev, O'.Jumaniyozov, J.Qoraqulov, M.Bolmag'ambetov kabi jasur jangchilar bor edi.

Biroq urush yillarida Qoraqalpog'istonda butun respublikada bo'lgani singari katta yo'qotishlar va fojialarga ham duch kelindi. Urushga ketgan jangchilardan 34000 kishi uylariga qaytmadi.

37-§. O'zbekiston jangchilarining jasorati va qahramonliklari

1. Urushning dastlabki kunlaridagi janglar. Fashistlar Germaniyasi sobiq Sovet Ittifoqi tuprog'iga bostirib kirgan birinchi kunlar xalq uchun juda og'ir va fojiali bo'ldi. Xoinona hujumni to'satdan boshlar ekan, gitlerchi Germaniya o'zining eng qurollangan yuzlab diviziyalari bilan sovetlar mamlakatining g'arbiy chegaralari-Shimoldan tortib Janubgacha bo'lgan ulkan masofada jang maydonlarini vujudga keltirdi.

Fashist bosqinchilarining dastlabki zarbasini chegarachilar va chegara yaqinidagi himoyachi qo'shinlar o'zlariga oldilar. Dushman bilan tengsiz janglarda jasorat va matonat ko'rsatdilar. G'arbiy chegaralarni himoya qilishda urushning dastlabki kunlarida o'zbekistonlik o'g'lonlar ham mardlik ko'rsatdilar.

Urushning birinchi soatida boshlangan Brest qal'asining qahramonona mudofaasi butun jahonga ma'lum. Chegaradagi bu qal'ani 50 dan ortiq millat jangchilari tish-tirnog'igacha qurollangan dushmandan bir oy himoya qildilar. Deyarli butun garnizon halok bo'lsa-da, hech kim taslim bo'lmadi. O'zbekistonlik mard o'g'lonlarning Brest qal'asi mudofaasidagi jasorat-laridan guvohlik beruvchi xat-xabarlar birin-ketin kela boshladi. Brest qal'asi himoyasida jasorat ko'rsatganlar orasida o'zbekistonliklardan A.Aliyev, D.Abdullayev, N.Siddiqov, A.Arslonbekov, F.Latenkov, U.O'tayev, M.Hojiyev, S.Boytemirov va boshqalar bor edi. M.Karimov va I.Adhamxo'jayev g'arbiy chegaralarda birinchilar qatorida dushman bilan jang qildilar. M. Karimov keyinchalik uch marta Shuhrat ordeni nishondori bo'ldi.

O'zbekistonlik jangchilar Kiyev, Smolensk, Odessa, Sevastopol, Leningrad va boshqa ko'pgina shaharlar mudofaasida mardlik va matonat ko'rsatdilar. Moskvaning qahramon himoyachilari saflarida O'zbekistonda tuzilgan harbiy qismlar ham bor edi. Moskva ostonalarida dushman hujumini qaytarishda Qozog'istonda tuzilgan general mayor I.Panfilov qo'mondonligidagi diviziya ayniqsa matonat ko'rsatdi, bu diviziya saflarida Toshkent piyoda askarlari o'quv yurtini bitirib chiqqan 180 komandir jang qildi. O'zbekistonlik jangchilar Moskva mudofaasida beqiyos jasorat ko'rsatdilar. Ular orasida I.Jadilov, M.Madaminov, A.Tog'ayev va boshqalar bor edi. Moskva mudofaasida Samarqand, Toshkent va Farg'ona viloyatlarida tashkil topgan otliq korpuslar ham dushman bilan qahramonlarcha jang qildi. Jangchilarimizning qahramonligi ommaviy tus oldi. J.Otaboyev, X.Ashurov, A.Toqiyev, S.Jumanazarov, S.Jo'rayev, K.Karimov va yuzlab boshqalar mardlik ko'rsatdilar.

Moskva ostonalaridagi janglarda qatnashgan boshqa qismlar va bo'linmalarda ham vatandoshlarimiz qahramonlik ko'rsatdilar. Minglab o'zbekistonliklar orden va jangovar medallar bilan taqdirlandilar. Saidusmon Qosimxo'jayev Qahramon unvoniga sazovor bo'ldi.

Fashist bosqinchilarining "yashin tezligidagi urush" rejasi Moskva ostonalarida barbod bo'lgach, 1942 yil o'rtalarida dushman Don daryosining quyi oqimiga yorib kirdi. Shiddatli janglar avjga chiqqan paytda O'zbekistonda, Samarqand va Farg'ona viloyatlarida tuzilgan 90-va 94-o'qchi brigadalar yetib keldilar. Frontning barcha janglarida o'zbek jangchilari mardlik namunalarini ko'rsatdilar. O'zbek o'g'lonlarining qahramonligi haqida misollar son-sanoqsiz: 1941 yil noyabrida komandir M. Jabborov o'z motoo'qchilar rotasi bilan fashist qo'shinlarining ikki polkiga to'satdan hujum qilib, zarba berdi. Dushmanning 400 nafar soldat va ofitserlarini qirib tashladi, 230 nafarini esa asirga oldi, talaygina qurol-aslaha va o'ljalarni qo'lga tushirdi. Stalingrad uchun janglarda minomyotchilar rotasi komandiri M. Rustamov 1942 yil avgust oyida ikki hafta ichida fashistlarning 850 ta soldat va ofiserini qirib tashladi, 20 ta yuk mashinasini yakson qildi. J. Turdiyev komandirlik qilgan artilieriya bo'linmasi 200 dan ortiq fashistni yer tishlatdi. Mayor U.Mirzoirovning batalyoni jangchilaridan S.G'ulomov, T.Xudoyberdiyevlar gitlerchilarning o'nlab askarlarini yo'q qildi, 100 dan ortiq fashistni asir oldi.

Og'ir janglarning birida, 50 taga yaqin nemis tanklari mudofaaning kichikroq bir marrasiga hujum qilayotgan mahalda jangchilar 36 ta nemis tankini ishdan chiqardilar. Lekin fashistlar hujumi to'xtamadi. Mudofaachilarning saflari siyraklashib bordi. To'satdan bir nemis tanki oldingi marraga yorib o'tdi. Mudofaaning yorilishi tayin bo'lib qoldi. Shunda o'zbek jangchisi Kamol Po'latov beliga granatalarni bog'lab, o'zini tank ostiga tashladi. Fashistlar hujumi to'xtab qoldi va nemis tanklari guruhi yakson qilindi. Kamol Po'latovga o'limidan so'ng Qahramon unvoni berildi.

2. Tub burilishdan keyingi janglar. 1942-1943 yillardagi qishki g'olibona hujumlar natijasida 1500 km uzunlikdagi frontda harakatdagi armiya 480 ming kv.km hududni ozod qildi va G'arbga qarab 600-700 km olg'a siljidi. Leningrad qamali yorib o'tildi. Qishki hujumning uch oyi davomida sovet qo'shinlari dushmanning 112 diviziyasini mag'lub qildi. Bu janglarda o'zbekistonlik jangchilar mardonavor jang qildilar. Ayniqsa, Kavkaz uchun bo'lgan janglarda ularning ishtiroki beqiyos bo'ldi. Toshkentda tuzilgan Sobir Rahimov qo'mondonligidagi diviziya frontning muhim qismlaridan birida dushmanning oldinga siljishini to'xtatish to'g'risida bosh qo'mondonlikdan buyruq oldi. Uch oy davom etgan janglarda S. Rahimov diviziyasi jiddiy muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritib, dushmanning 8 ming nafar askar va ofitserlarini qirib tashladi. Keyinchalik general Sobir Rahimov Kavkazdan to Sharqiy Prussiyagacha bo'lgan shonli jangovar yo'lni bosib o'tdi.

1943 yil iyulda Kursk va Oryol rayonida qattiq janglar olib borildi. Ularda O'zbekistonda tuzilgan har-biy qo'shilmalar-5-, 29-, 69-o'qchi diviziyalar matonat ko'rsatdi. Oryol yaqinidagi Zolotarevka qishlog'i uchun bo'lgan jangda farg'onalik Ahmadjon Shukurov jasorat ko'rsatdi. U 110 nafar fashistni yo'q qilib, 15 tasini asir oldi. Unga Qahramon unvoni berildi. Zolotarevka qishlog'i o'sha paytdan boshlab uning nomi bilan ataladigan bo'ldi. Zilmat Hasanovning bir o'zi 80 fashistga qarshi jang qilib, kuchlar teng bo'lmagan bu jangda 60 dan ortiq gitlerchini qirib tashladi. O'qlari tugagach, Zilmat Hasanov o'zini portlatib, yana bir nechta soldat va ofitserni yo'q qildi.

Dnepr uchun bo'lgan janglarda Toshkent viloyatida tuzilgan 461-o'qchi diviziya shuhrat qozondi. Janglarning birida 237-o'qchi polk leytenanti Ozerov komandirligidagi hujumchi otryad Dnepr va Soja daryolari burilish joyining g'arbiy sohilida shitob bilan kichik bir istehkomni egalladi. Fashistlar ularga yomg'irday o'q yog'dirib, jasur jangchilarni yo'q qilib tashlashga intildilar. Tirik qolgan 10 tacha kishi orasida jangchi Jo'raxon Usmonov ham bor edi. Madad yetib kelgu-nicha u ikki kecha-kunduz davomida qahramonlik bilan marram saqlab turdi. 1943 yil 28 sentabrda jangchi Vali Nabiyev 60-gvardiyachi otliq askarlar polki tarkibida birinchilar qatori Dneprning g'arbiy qirg'og'iga o'tdi. Bu guruh eskadron avtomatchilari bilan dushmanning yetti soldatini yer tishlatdi, qolganlarni qochishga majbur qilib, eskadronning Dnepr osha o'tib olishini ta'minladi.

Dnepr uchun olib borilgan janglarda qahramonlik ko'rsatgani uchun 26 o'zbek yigitiga Qahramon unvoni berildi. Ular safida buxorolik Xalloq Aminov ham bor edi.

O'zbekistonlik jangchilar 1944-1945 yillarda Belorussiya, Ukraina, Moldaviya, Boltiqbo'yi respublikalari va Rossiya Federatsiyasining g'arbiy viloyatlaridagi partizan qo'shilmalarida ham ishtirok etdilar. Fashistlarga qarshi jang qilgan jasur razvedkachi, Qahramon unvoni bilan taqdirlangan Mamadali Topiboldiyevning nomi Belorussiyada juda mashhur. U 67 ta dushman soldat va ofitserini yo'q qilib, 180 tasini asir oldi. "Qasoskor" partizanlar brigadasi tarkibidagi Jonibek Otaboev boshchilik qilgan bo'linma Gomel atrofidagi "temir yo'l urushi"da faol qatnashdi. Uning bo'linmasi gitlerchilarning eshe-lonlari o'tadigan temir yo'llarni portlatib ishdan chiqardi, politsiya uchastkalariga qarshi hujumlarda ishtirok etdi. Bryansk atrofida jasur partizanlar I.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalar nom chiqardilar.

Yevropa mamlakatlarida avj olgan Qarshilik harakati fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shilgan katta ulush bo'ldi. Polsha, Yugoslaviya, Chexoslovakiya, Bolgariya, Fransiya, Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlar xalqlarining fashistlarga qarshi kurashida o'zbekistonlik jangchilar ham faol qatnashdilar. Ular harbiy asirlar lagerlari va eshelonlaridan qochib, partizanlar safiga qo'shildilar.

Ko'pgina o'zbekistonlik jangchilar mardligi va jasorati uchun Fransiya, Italiya, Yugoslaviya va boshqa davlatlarning jangovar orden va medallari bilan taqdirlandilar. Yevropani fashistlar zulmidan qutqarishda harakatdagi armiya saflarida ham o'zbek jangchilari katta jasorat ko'rsatishdi. 1945 yil aprelda Kenigsberg shahrini qo'lga kiritishdagi ishtiroki uchun o'zbekistonlik jangchilardan 5140 nafari jangovar orden va medallarga sazovor bo'ldilar. Gdansk shahri uchun bo'lgan janglarda Sobir Rahimov halok bo'ldi. O'zbek yigiti Botir Boboev komandirligidagi batareya Berlin yo'lidagi Oder daryosini birinchilar qatorida jang bilan kechib o'tdi. Bu batareya daryoning g'arbiy sohilidagi istehkomni ishg'ol qilish uchun hujumga o'tib, dushmanni yakson qildi. Bu jasorati uchun B. Boboyev Qahramon unvoniga sazovor bo'ldi. Budapeshtni ozod qilishdagi jasorati uchun 2430 nafar o'zbekistonlik jangovar medallar bilan mukofotlandi, Rem Abzalovga esa Qahramon unvoni berildi.

Juda ko'p o'zbekistonlik jangchilar Moskvadan to Berlingacha bo'lgan shonli yo'lni bosib o'tdilar. Ular orasida Qahramonlar Tojiali Boboyev, Solih Umarov, uchala darajadagi Shuhrat ordeni nishondori Said Niyozov va boshqalar bor. Berlinni egallashda ko'rsatgan jasorati uchun toshkentlik A. Golubenkoga Qahramon unvoni berildi. O'zbekistonlik jangchilarning 1706 nafari "Berlinni ishg'ol etganligi uchun" jangovar medali bilan taqdirlandi.

O'zbekistonlik 120 mingdan ortiq yigit-qiz urush frontlarida mardlik va matonat ko'rsatgani uchun jangovar orden va medallarga, 280 kishi esa Qahramon unvoniga sazovor bo'ldi, ulardan 75 nafari o'zbek edi, 82 nafar o'zbekistonlik askar uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlandi.

1945 yil 1 mayga o'tar kechasi fashistlar Germaniya-si poytaxti bo'lmish Berlindagi Reyxstag binosi peshtoqiga g'alaba bayrog'i o'rnatildi. 2 may kuni esa Berlin garnizoni taslim bo'ldi. 9 mayda harakatdagi armiya qo'shinlari dushman qo'shinlarining Chexoslovakiyadagi so'nggi guruhini tor-mor etdi. Shu kuni Germaniyaning so'zsiz taslim bo'lishi to'g'risidagi bitim imzolandi. Uzoq kutilgan g'alaba kuni yetib keldi.

Gitlerchilar Germaniyasi va ittifoqchilariga qarshi olib borilgan urush nihoyasiga yetdi. Fashist bosqinchilari tomonidan bosib olingan hududlarni va Yevropa davlatlarini dushmandan ozod qilishda urush maydonlarida o'zbek o'g'lonlari misli ko'rilmagan mardlik va jasurlik namunalarini ko'rsatdilar, ming-minglab jangchilar urush maydonlarida halok bo'ldilar, ko'pchilik nogiron bo'lib qaytdi. Qurbonlar bejiz berilmadi. Ular jahonni fashizm vabosidan asrab qoldilar. Bu ishga o'zbekistonliklar ham munosib hissa qo'shdilar.

Hozir ham oramizda front alangasidan onion qaytgan, mamlakat ichkarisida mehnat qilgan vatanparvarlar yashab turibdilar. Urushning butun og'irliklarini o'z yelkalarida ko'tarib o'tgan bu insonlar yangi avlodlarning mangu minnatdorchiligiga sazovor bo'ldilar.

Prezidentimiz I. A. Karimov xalqimizning fashizmga qarshi ozodlik uchun kurash frontlarida ko'rsatgan jasorati, diyorimizda matonatli mehnat qilgani va berilgan yuz minglab qurbonlar abadul-abad yodda tutilishini ta'kidlab, 9 may kunini "Xotira va qadrlash kuni" deb e'lon qildi.

IV b o b. O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va rivojlanish muammolari

(1946-1970 yillar)

38-§. O'zbekiston xalq xo'jaligining urushdan keyingi ahvoli

1. Sanoatning qayta qurish. 1945 yil mayda fashizmga qarshi urush g'alaba bilan tugallandi. O'zbek xalqi urush yillari front ehtiyojlarini ta'minlashga moslashtirilgan xalq xo'jaligini qayta qurish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Urush tugadi, lekin urushning og'ir oqibatlari respublika hayotining hamma sohalarida, shuningdek, sanoatda ham sezilib turar edi. O'zbekiston sanoatini tiklash, aholini oziq-ovqat va sanoat mollari bilan ta'minlash uchun yoqilg'i, elektr energiyasi, xom ashyoga, shuningdek, malakali ishchi va muhandis-texnik xodimlarga tanqislik sezilardi. Bu murakkab vazifalarni hal etish uchun O'zbekistonning geografik holati, milliy an'analari, xalq manfaatini hisobga olib turib, uning xalq xo'jaligini rivojlantirishning aniq dasturlarini ishlab chiqish zarur edi. Biroq bunday bo'lmadi. Asosan Markazning manfaatidan kelib chiqqan holda O'zbekiston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirish rejalari tuzildi.

Urushdan keyingiyillar ham davlat faoliyati partiyaning totalitar hukmronligi bilan belgilandi. U yo'l-yo'riq va farmoyish beradigan zo'ravonlik siyosatini o'tkazdi. Respublika hukumati va boshqaruv idoralarining huquqlari cheklangan edi.

O'zbekiston Respublikasi oliy tashkilotlarining yuqoridan berilgan dastur va rejalarga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi fikr-mulohazalari bilan Markaz hisoblashmasdi.

Markazning ulkan rejalarida O'zbekistonga faqat xom ashyo yetkazib beruvchi bir qo'shimcha manba deb qaraldi. Xuddi shu narsa O'zbekiston iqtisodiyotining aslida bir tomonlama rivojlanib borishiga olib keldi. Bunda xom ashyoni qayta ishlash korxonalari juda oz bo'lib, bu narsa ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga xalal berardi, chunki shunday sharoitda O'zbekiston aholisini ish bilan ta'minlash, kishilarga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish qiyin edi.

Xalq xo'jaligi va sanoatni tiklash dasturlarida birinchi galda paxtachilikka tegishli industrial ishlab chiqarishni rivojlantirish vazifalari olg'a surildi. Bunda respublika aholisining milliy-tarixiy xususiyatlari ham, iqtisodiy ehtiyojlari ham hisobga olinmadi. Respublika iqtisodiyoti faqat xom ashyo yetishtirishga yo'naltirildi.

Xalq xo'jaligini tiklash davrida respublikamiz ishchilari faol mehnat qildilar. Bu davrda asosiy e'tibor paxta tozalash zavodlarini qayta tiklashga, ularni yangi takomillashgan uskunalar bilan jihozlashga qaratildi. Yangiyo'l paxta tozalash zavodi to'la yangilandi. Toshkent, Buxoro va boshqa paxta zavodlari to'la qayta qurildi. Shu davrda Qoraqalpog'istonda paxta tozalash, yog' va baliq sanoati tez rivojlandi.

O'zbek metallurgiya zavodida 1946 yilda yangi prokat sexi ishga tushdi. Zavod sanoat korxonalarining metall chiqindilarini, temir-tersaklarni qayta ishlab, oliy sifatli po'lat yetkazib bera boshladi.

Shu yillarda Polvontosh va Janubiy Olamushuk neft konlari ochildi va o'zlashtirildi. Farg'onada neftni qayta ishlash zavodi ishga tushdi. Lekin bu va respublikaning boshqa og'ir sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Markazga tashib ketilar edi. O'zbek xalqi bu mahsulotlar-paxta tolasi, po'lat, neft va boshqalardan juda kam miqdorda foydalanardi.

Sanoatni qayta qurish, tinchlik iziga o'tkazish g'oyat katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirildi. O'sha davrda O'zbekistonda ma'muriy-buyruqbozlik tizimi amal qilar, buyrug'-u farmon berib, iqtisodiyot boshqarilar edi. Sanoatni boshqarishning iqtisodiy usullari inkor etildi va ishga solinmadi. Xo'jalik hisobi va o'z-o'zini mablag' bilan ta'minlash, kooperatsiya va ijara prinsiplari, xo'jalik faoliyatining tashabbus ko'rsatishni, ishbilarmonlik, tadbirkorlikni ta'minlaydigan hamda ijobiy natijalarga olib keladigan boshqa shakllari rivojlanmay keldi.

2. Paxta sanoati. Sanoatning paxta yetishtirish bilan bog'liq sohalariga e'tibor berildi. Paxtachilik hamda irrigatsiya qurilishi uchun mashinalar, jumladan, kultivatorlar, o'g'itlagichlar, chigit seyalkalari, g'o'zapoya yuluvchi, ko'rak teruvchi mashinalar, ekskavatorlar, buldozerlar va boshqalar ishlab chiqaruvchi yangi mashinasozlik zavodlarini qayta qurish va yaratish yuzasidan yirik ishlarni boshlash ko'zda tutildi. Masalan, "Tash-tekstilmash" zavodiga tikuvchi mashinalar, "Tashsel-mash" zavodiga paxtaga birinchi ishlov beruvchi va paxta teruvchi mashinalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish taklif etildi.

Paxtachilikni rivojlantirish maqsadida bir qancha mashinasozlik zavodlari ("Ташсельмаш", "Узбексельмаш", "Красный двигатель" va boshqalar) harbiy qurol-yarog' o'rniga paxta terish, paxta tozalash mashinalari, traktorlar uchun ehtiyot qismlar, tirkama uskunalar ishlab chiqarishga moslashtirildi. 1947-1950 yillarda paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish 10 tadan 4680 taga ortdi. Paxta tozalash mashinalarini ishlab chiqarish esa 1946-1950 yillarda 363 tadan 1250 taga ko'paydi. Shuningdek, qishloq xo'jalik xom ashyosini (asosan paxta xom ashyosi bilan chorvachilik mahsulotini) qayta ishlovchi bir nechta korxona va moy olish korxonalari va boshqalar qurildi. Chirchiq elektr kimyo kombinati paxta dalalari uchun ancha qisqa muddat ichida harbiy buyurtmalarni baja-rishdan mineral o'g'itlarni ishlab chiqarishga o'tkazildi. Yengil va mahalliy sanoat korxonalari keng assortimentdagi buyumlarni (tuproq tortadigan mashinalar, boronalar, kuch transformatorlari va boshqalarni) ishlab chiqarishga moslashtirildi. Respublikaning energetika, yoqilg'i va metallurgiya bazasini kengaytirish ham paxtachilik vazifalarini hal qilishga qaratildi.

Biroq xalqning kuch-g'ayrati, fidokorona mehnati evazigagina sanoatni tiklash va rivojlantirishda ayrim natijalarni qo'lga kiritish mumkin bo'ldi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda 150 ta sanoat korxonasi ishga tushirildi. Sanoat tarmoqlarida o'zgarishlar yuz berdi. Og'ir sanoat sezilarli darajada ustun bo'lib keldi. O'zbekistonda urushdan keyingi yillarda 1-Oqqovoq, 1-va 2-Bo'zsuv gidroelektrostansiyalari qurildi. Respublikada qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, metall ishlash va kimyo sanoati rivojlandi.

3. Paxta monokulturasi. Urushning og'ir oqibatlari respublikaning kundalik hayotida hamon sezilib turar edi. Respublika qishloq xo'jaligiga, uning moddiy-texnik bazasiga putur yetganligi, xodimlarning kamayib ketganligi uchun dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish darajasi pasayib ketdi. Mana shu va boshqa ko'pgina omillar urushning respublika qishloq xo'jaligidagi oqibatlarini bartaraf etish sur'atlariga ta'sir o'tkazdi.

Biroq boshqa barcha sohalarda bo'lganidek, qishloq xo'jaligida ham zo'ravonlik siyosati hukm surardi. Shuning uchun ham respublika qishloq xo'jaligini rivojlantirish yo'llari Markaz tomonidan belgilanardi.

1946 yil 5 fevralda Ittifoq hukumati "1946-1953 yillar davrida O'zbekistonda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish rejasi va tadbirlari to'g'risida" qaror qabul qildi. Bu qaror asosan O'zbekistonda paxta monokulturasini shakllantirishga qaratilgan edi. Sovet hukumatining ko'rsatmasi bilan oziq-ovqat ekinlarining sug'oriladigan maydonlari paxta ekish uchun ajratildi. Paxta ekin maydonlari kengaytirildi. Qarorda O'zbekistonda davlatga paxta sotishni 1946-1953 yillarda ikki baravardan ortiq ko'paytirish rejalashtirildi. Respublika hududidan ancha olisda-Moskvada Ittifoq hukumati tomonidan O'zbekistonda 1946-1953 yillarda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish rejalari, choralari belgilab berilgani tasodifiy emas edi. Bu hukumat o'zbek xalqi manfaatini hisobga olmasdan respublikada paxta monokulturasini shakllantirishni, paxta yalpi hosilini tez sur'atlarda ko'paytirishni maqsad qilib qo'ygan edi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling