Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet83/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   79   80   81   82   83   84   85   86   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Yozuvchilar o'rtasidagi shaxsiy aloqalar ko'pgina o'zbek mualliflarining ijodiy imkoniyatlarini boyitishda katta rol o'ynadi. Mashhur yozuvchi, ma'rifatparvar va siyosiy arbob Hamza Hakimzoda Niyoziy 20 yillarda Afg'oniston va Hindistonga borib, bu yerlarda kitobxonlar hamda ijodiy ziyolilar bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Madaniy aloqalarning rivojlanib borishiga mashhur hind yozuvchisi Robindranat Tagor, ajoyib chex publitsisti Yulius Fuchik, venger muallifi Mate Zalka va boshqalar o'z hissalarini qo'shdilar.

1935 yili xalq raqsining Angliyadagi butunjahon festivalida o'zbek raqs san'ati yuqori baho oldi. Bu festivalning 35 nafar sovet qatnashchilari qatorida Tamaraxonim, Usta Olim Komilov, To'xtasin Jalilov, Abduqodir Ismoilov O'zbekistondan vakil bo'lib bordilar.

O'zbekistonda xorijiy dramaturgiyaga qiziqish tobora kuchayib bordi. O'zbek teatrlari sahnalarida U.Shekspir, F.Shiller, E.Verxarn, G.Ibsen va boshqalarning asarlari qo'yildi. Nom qozongan artistlar O'zbekistonga gastrol-ga kelib turdilar. 20 yillarda iste'dodli va ajoyib Aysedora Dunkan, Milan operasi artistlari va boshqa ko'pgina san'at ahllari respublikamizda bo'ldilar.

O'zbek kinematografiyasi 20 yillarda dastlabki yutuqlarni qo'lga kiritdi. "O'lim minorasi" kinofilmi jahonning 14 mamlakatida, jumladan, Germaniya, Yugoslaviya, Argentina, Boliviya, Ekvadorda namoyish etildi. O'zbekiston kino ekranlarida bar xil ajnabiy lentalar, jumladan, "Hind maqbarasi", "Nomsiz kishi", "Jinnilikka bir bahya", "Aybdor" filmlari namoyish etildi. Ko'ngilochar filmlardan tashqari, ijtimoiy jihatdan jiddiy kino asarlari ham qo'yilar edi.

Respublika rassomlari urushdan oldingi yillarda kattagina muvaffaqiyatga erishdilar. Ularning ko'rgaz-malari jahonning talaygina mamlakatlaridagi tasviriy san'at shinavandalari va bilimdonlarida juda yaxshi taas-surot qoldirdi. O'zbekiston rassomlari 1930 yili Filadelfiyaning rasm galereyalarida o'tkazilgan badiiy ko'rgazmalarda ishtirok etdilar. O'rol Tansiqboyevning "O'zbek kolxozchisining portreti", N.Qoraxonning "Qurilish", A.Volkovning "Shohimardonda tong", P.Benkovning "Xivalik qiz portreti" asarlari va boshqalar Amerika xalqi va san'atshunoslarini o'ziga jalb etdi.

1925 yili Fransiyada xalqaro sanoat va san'at ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. SSSR pavilonida uyushtirilgan milliy burchaklarga o'zbeklarning turmushi va mada-niyatini badiiy obrazlarda ta'riflab beruvchi eksponatlar qo'yildi. Bunda badiiy grafika, shohi ro'mollar, ko'rpalar, choponlar, kashtalar, gilamlar, qorako'l teri, naqsh solingan teri, yog'och va metalldan yasalgan buyumlar namoyish etildi. O'zbek eksponatlarining ba'zilari uchun mukofotlar berildi. Ko'rgazma kunlari sovet artistlari 11 marta konsen berdilar, ular orasida yosh Tamaraxonim ham bor edi.

Xalqlar o'rtasidagi madaniy hamkorlikning muhim vositalaridan biri o'zaro kitob va davriy nashrlar almashish hisoblanadi. O'rta Osiyo universiteti-mintaqadagi eng yirik ilmiy-pedagogik muassasa-1925 yildayoq talaygina xorijiy ilmiy muassasalar va tashkilotlar bilan kitoblar almashib turdi.

3. Xalqaro aloqalarning cheklanishi. Shunday qilib, O'zbekiston-ning Ittifoq xalqaro aloqalari doirasidagi madaniy va ilmiy aloqalari, garchi unchalik to'la bo'lmasa-da, harqalay birmuncha samarali rivojlanib bordi. Lekin 30 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab bunday aloqalar cheklana boshlanadi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi respub-likalarning qanday bo'lmasin biror tarzdagi mustaqilligi bilan, ayniqsa, ularning xalqaro miqyosdagi suveren huquqlari bilan kelisha olmas edi.

Shunday bo'lsa-da, 20-30 yillarda O'zbekistonning xalqaro aloqalari, xususan, Sharq va G'arbning talaygina mamlakatlari bilan iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalar haddan tashqari murakkab sharoitlarda ham mus-tahkamlanib bordi. Bu aloqalar madaniyatlarning bir-birini tushunib, bir-birini boyitib borishiga, xalqlar o'rtasidagi do'stona aloqalarning mustahkamlanishiga yordam berdi.

O'zbek xalqi xorijiy mamlakatlar fani, texnikasi va madaniyatining eng yaxshi yutuqlaridan bahramand bo'lishga harakat qildi. O'zbekistonning iqtisodiy va madaniy qurilish sohasidagi yutuqlariga chet ellarda ham katta qiziqish paydo bo'ldi.

Afsuski, O'zSSRning o'sha davrdagi xalqaro aloqalari keng tusga kirmadi, aksincha, asta-sekin yo'qolib bordi. "Temir parda" sovet kishilarini tashqi dunyo bilan hukmdorlar nuqtai nazaridan o'rinsiz bo'lgan aloqalar-dan yaxshi to'sib turar edi. Yaqinlashib kelayotgan jahon urushi o'zaro gumonsirash, toqatsizlik va nafratlanish urug'ini sochib bordi.

31-§. Qoraqalpog'iston 20 yillarning ikkinchi yarmi-30 yillarda

1. Qoraqalpog'iston muxtor viloyatining tuzilishi. 1924 yili milliy-hududiy chegaralanish natijasida O'rta Osiyo kartasida ittifoqdosh respublikalar bilan birga muxtor, ya'ni avtonom tuzil-malar ham paydo bo'ldi. Ular orasida Qoraqalpog'iston muxtor (avtonom) viloyati ham bor edi. Uning tarkibiga volostlarga bo'linadigan To'rtko'l, Chimboy, Xo'jayli va Qo'ng'irot okruglari kirdi.

1925 yil 12-19 fevral kunlari To'rtko'lda bo'lib o'tgan Sovetlarning 1 Ta'sis qurultoyi Qoraqalpog'iston muxtor viloyatining Oozog'iston ASSR tarkibida tuzil-ganini qonun yo'li bilan rasmiylashtirdi va davlat hokimiyatining rahbar organini-Qoraqalpog'iston muxtor viloyati Ijroiya Komitetini (raisi A.Qudaboyev) sayladi.

Muxtoriyatning vakolatli va ijroiya organlari viloyat-ning boshqaruv sohalarida, xo'jalik va madaniy hayotida hokimiyat vakolatiga ega edi. Qoraqalpog'iston muxtor viloyati Ijroiya Komiteti Qozog'iston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumida o'z vakiliga ega bo'lib, viloyat uchun muhim masalalarning hammasi bevosita Butunrossiya Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumida hal qilinar edi.

Qoraqalpog'istonda yashaydigan asosiy elatlar qoraqalpoqlar (38,1%), o'zbeklar (28,7%), qozoqlar (28,6%) bo'lib, ruslar l%dan ham kamroqni tashkil etar-di (shahar aholisini hisobga olmaganda).

2. Xo'jalik sohasidagi islohatlar. Qoraqalpog'istonning tabiiy sharoitlari dehqonchilik bilan chorvachilikni rivojlantirish uchun qulaylik tug'dirardi. Qishloq xo'jalik ishlab chiqarishining asosiy ekini g'o'za edi. Chorvachilikni fiklash O'rta Osiyoning boshqa rayonlaridagidan ko'ra birmuncha tezroq sur'atlarda bordi (1925 yili chorva soni 500 ming boshdan oshib ketdi).

Kam yerli va yersiz dehqonlarga yer berish, irrigatsiya ishlarini o'tkazish, qarz berish, dehqon xo'jaliklarini kooperatsiyalash qishloq xo'jaligi islilab chiqarishini tik-lashga anchagina ko'maklashdi. 1925 yili muxtor viloyatda 24 ming dehqon xo'jaligini birlashtirgan 19 ta kredit shirkati ishlar edi.

Sanoat korxonalari nihoyatda kam bo'lgan holda (ular atigi 16 ta edi), hunarmandchilik rivojlanib bordi, Orol dengizidan baliq ovlash keskin ko'paydi.

3. Qoraqalpog'iston muxtor viloyati sanoatlashtirishning dastlabki qadamlari. 20 yillarning oxirlariga kelib Qoraqalpog'istonning birmuncha patriarxal va qotibroq qolgan hayotiga boshlanib kelayotgan sanoatlashtirish ta'siri ostida yangiliklar yorib kira boshiadi. Ammo sanoatlashtirishning sur'atlari Ittifoqning markaziy rayonlaridagidan ancha sust edi. O'lkaning tabiiy resurslarini Ittifoq o'z manfaati yo'lida foydalanish uchun reja asosida va muntazam ravishda o'rgana boshladi.

Sanoatlashtirish dasturi g'oyat katta mablag'larni talab qildi. Bu mablag'larni jamg'arishning asosiy og'irligi, hamrna yerda bo'lgani kabi, xalq zimmasiga yuklandi. Qoraqalpog'istonda zayomni tarqatishdan 1928-1930 yillarda 700 ming so'mga yaqin pul tushdi.

Xalqning g'oyatda ko'p kuch-quvvat sarflashi hisobiga erishilgan birinchi besh yillik yutuqlari umuman olganda samarali bo'lib chiqdi. Rejadagi topshiriqlar ba'zi ko'rsatkichlar bo'yicha 1932 yili bajarilmay qolgan bo'lsa-da, davlat sanoatining yalpi mahsuloti taxminan 13 mln so'mni tashkil etdi.

Kadrlar muammosi Qoraqalpog'iston uchun jiddiy muammo bo'lib qolaverdi. Sanoatlashtirishdagi ishchilarning asosiy manbai sanoat korxonalariga jalb etilgan dehqonlar va hunarmandlar bo'ldi. 1928 yili muxtor viloyatdagi ishchilar soni 2,5 ming nafarga yetgan bo'lsa, 1932 yili ularning soni ortib, deyarli 16 ming nafarga bordi. O'sha yillarda malakali kadrlar muammosi ishchilarni yo Ivanovo-Voznesensk, Moskva, Leningrad va boshqa sanoat shaharlaridan olib kelish, yoxud mahalliy ishchilarni markaziy rayonlarga o'qishga yuborish yo'li bilan hal qilib borildi.

4. Qishloq xo'jaligidagi o'zgarishlar. Qoraqalpog'iston muxtor viloyatida uning Markazdan olisligi, muntazam aloqa yo'llari yo'qligi, hududlarning tarqoqligi, vayronalik ko'pligi, iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloqligi tufayli o'ziga to'q, yirik xo'jaliklarni tugatishga doir Markaz siyosati ancha sekinlik bilan amalga oshdi. Lekin sovet hokimiyati shu yillardayoq qishloq xo'jalik shirkatlari, artellari, mashinalarni ijaraga beruvchi tarmoqlar tashkil etish orqali kambag'al dehqonlarning ehtiyojlarini qondirishga majbur bo'ldi.

Muxtor viloyatning qishloq xo'jaligida yer-suv munosabatlarini odatdagi holga keltirib, rostlash muammosi sovet hokimiyatining sinfiy siyosati bobida ayniqsa keskin bo'lib qoldi. Yerdan foydalanishda Qoraqalpog'istonda tarixan o'troq-dehqonchilik rayonlari bilan ko'chmanchilik-chorvachilik rayonlari vujudga kelgan edi. Biroq o'ziga xos xususiyatlari nazar-pisand qilinmay, bu yerda 1926 yildan boshlab yalpi yer tuzishga doir tadbirlar amalga oshirila boshlandi. Viloyat Yer tuzish kengashining 1927 yil 3 martdagi qarori bilan Qoraqalpog'iston muxtor viloyati barcha okruglari bo'yicha yer tuzish ishlarining rejasi tasdiqlandi.

Viloyat rahbariyatining siyosatida eng kambag'al va nochor dehqonlarning manfaatlari ustuvor deb e'tirof qilinib, ularga turli imtiyozlar va qarzlar berildi. 1927-1928 yillarda nochor dehqon xo'jaliklariga ish hayvonlari, qishloq xo'jalik asbob-uskunalari, urug'lik va boshqalarni sotib olish uchun 3 mln so'mdan ortiqroq miqdorda mablag' ajratildi. Yer tuzish ishlariga aloqador bo'lgan barcha sarf-xarajatlar 4 mln so'mdan ziyodni tashkil qildi.

Biroq qishloq xo'jaligi va sanoatdagi qayta qurishlar, iqtisodiy rivojlanish rejalarini amalga oshirish viloyatning eski ma'muriy tuzilishiga duch keldi va uning paysallashtiruvchi ta'siriga uchradi. O'tkazilgan rayonlashtirishga muvofiq Qoraqalpog'istonda 112 ta ovul sovetlariga ega bo'lgan 11 ta tuman tashkil etildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish yo'liga o'tildi; To'rtko'l, Qipchoq, Shobbos tumanlari paxtachilik; Kegayli, Chimboy, Qo'ng'irot va Taxtako'pir tumanlari-yarim paxtachilik; Tomdi tumani-chorvachilik; Qorao'zak tumani chorvachilik-sanoat tumani bo'lib bordi, chunki unda Ittifoq ahamiyatiga ega bo'lgan baliq-konserva sanoati rivojlana boshladi.

Rayonlashtirish, yer tuzish ishlarini o'tkazishda aholining to'q qatlamlari va ruhoniylarga nisbatan qatag'on siyosati keskinlashdi. Sovet hokimiyati o'ziga to'q dehqon xo'jaliklari va ruhoniylarning yerdan foydalanishlarini qattiq cheklab qo'ydi va shu bilan bir vaqtda yeri kam xo'jaliklarni mustahkamlashga har tomonlama harakat qildi. Mana shunday siyosat jamiyatda muqarrar suratda siyosiy ixtilof paydo bo'lishiga olib keldi: sovetlarga qarshi kuchayib borgan tashviqot-targ'ibot ko'pincha zo'rlik harakatlariga aylanib ketar ediki, bular, aslida, javob choralari bo'ldi.

5. Qishloq xo'jaligini jamoalashtirish. 3 viloyat partiya konferensiyasining boylarga qarshi sinfiy kurashni kuchaytirish to'g'risidagi qarori munosabati bilan, shuningdek, Qozog'iston Markaziy Ijroiya Komitetining 1928 yil 17 avgustda qabul qilingan "Yerdan foydalanadigan boylar mulklarini musodara qilish to'g'risida"gi dekreti munosabati bilan jamiyatdagi muxoliflik juda keskinlashdi.

Shu konferensiyaning yo'1-yo'riqlariga muvofiq boy xo'jaliklardagi 20 ming desyatina yer musodara qilinib, kambag'al xo'jaliklarga berildi, necha yuzlab boy xo'jaliklarga o'zaro ixtiyoriy soliq solindi. Butun mamlakatda bo'lgani kabi, muxtor viloyatda ham yaqinlashib kelayotgan jamoalashtirish soya tashladi. 1929 yilga kelib viloyatda 600 ta xo'jalikni birlashtirgan 33 ta kolxoz bor edi. "Ommaviy" jamoalashtirish boshlandi. Ma'muriy zo'ravonlik choralari bilan faqat kambag'allargina emas, balki o'rtahol dehqonlar ham kolxozlarga jalb etildi.

Qoraqalpog'istonda kolxoz harakatining asosiy shakli qishloq xo'jalik arteliga o'tishning oraliq shakli bo'lmish yer ishlash shirkatlari bo'lib qoldi. 1930 yili Qoraqalpog'istonning kolxoz qurilishida yer ishlash shirkatlari 75 foizni, artellar 25 foizni, 1932 yilda esa tegishli ravishda 70 va 30 foizni tashkil etdi. 1932 yilga kelib kambag'al-o'rtahol dehqonchilik xo'jaliklarining 58 foizi jamoalashtirildi. Bunda ko'pgina tumanlarda ixtiyoriylik prin-sipi buzildi: dehqonlar quloq qilish va saylash huquqlaridan mahrum etish do'qi bilan kolxozlarga haydab kelindi. Yer ishlash shirkatlari o'rniga ko'pincha kommunalar tuzildi.

6. 30 yillardagi iqtisodiy hayot. Ikkinchi besh yillik (1933-1937-yy) topshiriqlari eri-shilgan marralarni mustahkamlash zarurligi munosabati bilan yanada og'irlasfidi. Muxtor viloyat xalq xo'jaligiga besh yillikda ajratiladigan pul mablag'lari 34 mln so'mni tashkil etdi.

Lekin ommaviy jamoalashtirishning og'ir oqibatlariga qaramasdan, qishloq xo'jalik ishlab chiqarishi kuchayib borishni davom etdi. U asosan ekin maydonlarining ko'payishi hisobiga kengayib bordi. Irrigatsiya qurilishlarini keng avj oldirish natijasida faqatgina g'o'za ekiladigan yer maydoni 1924 yildagiga qaraganda deyarli 5 baravar ko'paydi va 1937 yilda 55 ming gektarni tashkil etdi. Biroq chorvachilik birinchi besh yillikning zarbalaridan hali anchagacha o'ziga kelolmadi: chorvaning tuyoq soni islohotdan oldingi davrdagiga qaraganda ancha kam edi.

Qishloq xo'jaligida jamoalashtirish bilan bir qatorda texnikani joriy etish jarayoni boshlandi. Mashina-traktor stansiyalari tuzilib, o'g'itlar ishlatish sur'ati oshdi. 1934 yili muxtor viloyat qishloq xo'jaligida 9 ta MTS xizmat ko'rsatdi, 16 ming gektardan ortiqroq yerga shu MTSning traktori bilan ishlov berildi. Qishloqni malakali kadrlar bilan ta'minlashda ham o'zgarishlar borligi ma'lum bo'lib qoldi. 1933 yili Qoraqalpog'iston kolxozlariga 600 nafardan ortiq traktorchi, 500 nafardan ortiq hosilot brigada boshliqlari, 70 nafar chorvador brigada boshliqlari, 50 nafarga yaqin hisobchilar va boshqa mutaxassislar yuborildi.

Qoraqalpoq xalqining mehnatsevarligi tufayli sanoatning ishlab chiqarish quvvatlari o'sib bordi. 1934 yilning oxirida Ittifoqda eng yirik hisoblangan beda tozalash zavodi ishga tushirildi. Paxta zavodlari qayta qurildi va yangilari bunyod etildi. Mo'ynoqda baliq-konserva kombinati qurildi, To'rtko'l elektr stansiyasi ishga tushdi, suv, avtomobil va havo transporti rivojlanib bordi. Bir nechta bosmaxona va Nukusda poligrafiya kombinati ishga tushirildi. Ular uchun mamlakatning markaziy rayonlaridan asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin sanoat ishlab chiqarishining o'sishi mahalliy millat orasidan yetishib chiqqan kadrlar muammosini ayniqsa kuchaytirdi. 940 nafar muhandis-texnik xodimlarning atigi 37 nafari mahalliy millat vakillaridan edi. Markaz o'lkada yetishtiriladigan xom ashyoni, asosan paxtani qayta ishlab, tashib ketish uchun zarur choratadbirlarni ko'rdi. Buning natijasida paxta tozalash zavodlarining quvvati ortdi, mahalliy sanoat, poligrafiya ishlab chiqarishi, transport, aloqa sohalari rivojlanib bordi. Mahalliy kadrlarni tayyorlashda ham jiddiy o'zgarishlar ko'zga tashlandi. 1926 yildan 1939 yiIgacha bo'lgan davrda xalq xo'jaligida milliy kadrlarning salmog'i 37,5 foizdan 58 foizga ko'tarildi.

Qoraqalpog'istonning qishloq xo'jalik ishlab chiqarishi dehqonlarning tashabbusi va mehnatsevarligi tufayli og'ir ma'muriy-buyruqbozlik sharoitida ham aholini mahsulotlar bilan, sanoatni xom ashyo, birinchi galda paxta bilan ta'minlashni uddaladi. 1940 yili yalpi paxta hosili 78 ming tonnani tashkil etdi.

6. Qoraqalpog'iston muxtor viloyatining QQASSRga aylantirilishi. Qoraqalpog'istonning Qozog'iston tarkibidagi muxtor viloyatdan RSFSR tarkibidagi Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga (ASSR) aylantirilishi iqtisodiyotning rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Qoraqalpog'iston viloyat Ijroiya Komitetining 1932 yil 5 martda bo'lib o'tgan navbatdan tashqari 4 plenumi shunday qaror qildi: "Qoraqalpog'istonning Moskva va sanoat markazlaridan uzoqligini, madaniy va iqtisodiy jihatdan qoloqligini, yanada rivojlanishi istiqbollarini... hisobga olib, Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumidan Qoraqalpog'iston muxtor viloyatini RSFSR ga kiradigan Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirish so'ralsin". Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi 1932 yil 20 martda bu iltimosni ijobiy hal qildi. O'sha yili may oyida avtonom respublika Sovetlarining 1 Ta'sis qurultoyi hukumatni tuzdi.

30 yillarda Qoraqalpog'iston avtonom respublikasining rahbar xodimlari K.Normuxamedov, Q.Avezov, I.Aliyev, J.Qurbonov bo'lib, ularning hammasi keyinchalik qatag'on qilindi.

30 yillarning o'rtalaridayoq Qoraqalpog'iston iqtisodiyotida Sotsialistik, to'g'rirog'i, davlatga qarashli mulkchilik shakllarining hukmronligi uzil-kesil qaror topdi. Markazning rejalariga muvofiq, avtomon respublikaga qishloq xo'jalik mahsuloti va boshqa turdagi xom ashyolar hamda yarim fabrikatlar yetkazib beruvchi rol topshirildi. Sanoatning yetakchi sohasi paxta tozalash sanoati bo'lib qoldi. Uning asosiy fondlari deyarli uch baravar ko'paydi. Urge va Mo'ynoqdagi baliq zavodlari o'z quvvatlarini oshirib bordi. Mahalliy sanoat va hunarmandchilik kooperatsiyalarida yangi sohalar paydo bo'ldi (qo'y terisini ishlash, kigiz solish va gilam to'qish, idish-tovoq, madaniy mollar ishlab chiqarish va h.k.). Qishloq xo'jaligida kolxoz-sovxoz tuzumi to'la-to'kis hukmron bo'ldi. 1938 yilning oxirlariga kelganda Qoraqalpog'is-tonda barcha dehqon xo'jaliklarining 82 foizini birlashtirgan 969 ta kolxoz bor edi.

7. QQASSRning O'zbekiston SSR tarkibiga kirishi. 1935 yilning boshlarida SSSRning yangi Konstitutsiya komissiyasi tuzildi. 1936 yil may oyining o'rtalariga kelib bu komissiya yangi Konstitutsiya loyihasini tayyorladi, ushbu loyihada Qoraqalpog'iston ASSRning O'zbekiston tarkibiga kirishi ko'zda tutilgan edi. Qoraqalpog'iston ASSRning RSFSR tarkibidan chiqishi bu respublikalarda Rossiya Federatsiyasi bilan umumiy chegaralar yo'qligi bilan izohlandi. Iqtisodiyotning o'ziga xos tomonlari va hududiy o'rnashuviga ko'ra Qoraqalpog'iston ASSRning O'rta Osiyo respublikalaridan biri tarkibiga kirishi maqsadga muvofiq deb topildi. Iqtisodiyot, hudud va madaniyat jihatidan olganda O'zbekiston hammadan yaqin va juda bop edi. 1936 yil 5 dekabrda SSSRning navbatdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1937 yil 12 fevralda esa O'zbekiston Konstitutsiyasi tasdiqlandi va unda QQASSRning O'zbekiston tarkibiga kirishi qonuniy yo'l bilan rasmiylashtirildi.

8. QQASSR Konstitutsiyasining qabul qilinishi. QQASSR yangi Konstitutsiyasining loyihasi 1937 yil 6 martda e'lon qilindi. Tabiiyki, asos soluvchi bu muhim hujjatning moddalarini eng oddiy erkinliklar ham bo'lmagan sharoitlarda chindan chuqur tahlil qilib, maroq bilan muhokama etish to'g'risida so'z ham bo'lishi mumkin emas edi. Avtonom respublika Konstitutsiyasi Ittifoq va O'zbekiston Konstitutsiyalari qoidalarining nusxasi bo'lib, ularni takrorlardi. 1937 yil 23 martda Qoraqalpog'iston ASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi va unda QQASSRning O'zbekiston tarkibida ekanligi qayd etildi.

Fuqarolarning xo'jalik, madaniy, ijtimoiy-siyosiy hayotda, ularning millati va irqidan qat'iy nazar, teng huquqli, erkaklar bilan xotin-qizlarning teng ekanligi va boshqa fuqaro huquqlarining Asosiy qonun tomonidan e'lon qilinishi. shubhasiz, progressiv hodisa edi. Lekin qaror topib kelayotgan totaiitar, ma'muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitlarida ular aniq-tayin kafolatlardan mahrum bo'lgan, faqat quloqqa xush yoqadigan quruq gap bo'lib chiqdi.

9. Madaniy qurilish. 20-30 yillarda Qoraqalpog'iston madaniyatining rivojlanishi ziddiyatli kechdi.

1924 yili qoraqalpoq xalqi arab yozuvi asosida ishlab chiqilgan alifboga o'z tarixida birinchi marta ega bo'Idi. 1925 yilda esa birinchi qoraqalpoq alifbe kitobi bosib chiqarildi. Bu savodsizlikni tugatish tarmoqlari va maktablarning ishini ancha yengillashtirdi. 1924/25-o'quv yilida endi 53 ta shunday tarmoq va maktablar bor edi. O'qituvchilarning yetishmasligi, aksarining ma'lumoti pastligi savodsizlikni tugatishga doir ishga ancha halal berib keldi. 1928/29-o'quv yilida Qoraqalpog'iston viloyatida 3 ming nafarga yaqin kishi savodsizlikni tugatish tarmoqlarida o'qishni bitirib chiqdi va 4 ming nafar kishi o'qishni davom ettirib bordi. Viloyat rahbariyati bunday sur'atlar bilan qoniqmay, 1937-1938-o'quv yilining oxiriga kelib savodsizlikni butunlay tugatish vazifasini qo'ydi. 30 yillarda savodsizlik uchun o'quv qo'llanmalarini chop etish ko'paydi.

Xotin-qizlar savodsizligini tugatishga alohida e'tibor berildi. Bu masalani hal qilish vaqtida bevosita ma'muriy choralar ham ko'rildi. Qoraqalpog'iston ASSR Markaziy Ijroiya Komitetining 1935 yil dekabrida qabul qilgan maxsus qaroriga muvofiq, xotin-qizlar savodsizligini tugatishga to'sqinlik qiluvchi har qanday shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak edi. Umuman olganda, bu harakat ijobiy natijalar bera boshladi. 1928 yili atigi 1815 nafar savodli xotin-qiz bo'lsa, 1935 yilda ularning soni 13644 nafarga yetdi. Juda ham to'la bo'lmagan ma'lumotlarga qaraganda, Qoraqalpog'iston aholisining umumiy savodxonligi 1937 yili 43 foizni, 1939 yilda esa 60 foizni tashkil etgan.

Savodsizlikni tugatishga oid qisqa muddatli kurslar maorif muammosini hal qila oimas edi. Qoraqalpoq xalqi shu qadar muhtoj bo'lib turgan mutaxassislarni keyinchalik tayyorlab berish uchun muntazam maktab ta'limigina rnustahkam poydevor yaratib berishi mumkin edi. 1924-25-o'quv yilida viloyatda 49 ta maktab bor edi. 1927-28-o'quv yilida ularning soni 75 taga yetdi, ularda maktab yoshidagi bolalarning taxminan 16 foizi o'qidi.

Maorifni rivojlantirishga dastlabki o'qituvchilar A.Esemuratov, P.Seytmuratov, A.Ayteshev, H.Umarov va boshqalar ko'p kuch-quvvat sarfladilar.

30 yillarda umumiy boshlang'ich ta'lim joriy etildi. Yetti yillik maktablar soni ko'paydi 1940 yil oxiriga kelib bunday maktablar soni 108 taga yetdi. 1936-37-o'quv yilida birinchi o'n yillik maktab ham paydo bo'ldi. Mutaxassislar tayyorlash uchun Qoraqalpog'istonda pedagogika, moliya-reja, qishloq xo'jaligi texnikumlari va tibbiyot o'quv yurti ochildi. Mahalliy millat vakillari Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarning oliy o'quv yurtlari va texnikumlariga o'qishga yuborildi.

1934 yili To'rtko'l pedagogika texnikumi bazasida Qoraqalpoq davlat o'qituvchilar instituti ochildi. Bu institut ikki bo'limdan: fizika-matematika va qoraqalpoq till va adabiyoti bo'limlaridan tashkil topgan bo'lib, unda o'qish muddati ikki yil edi. Keyinchalik rus tili va adabiyoti hamda tarix fakultetlari ochildi.

1931 yili viloyatning dastlabki ilmiy markazi-ilmiy sohadagi muassasalarni birlashtirgan Qoraqalpoq keng tarmoqli ilmiy-tadqiqot instituti ish boshladi. Qoraqalpoq olimlari-J.Uruboyev, K.Alimbetov, T.Bekimbetov, N.Davkarayev, B.Yergaliyev, Ya.Do'sumov va boshqalarning oyoqqa turish davri xuddi shu yillarga to'g'ri keladi.

Qoraqalpog'iston adabiyoti va san'atining yangi janr va shakllar bilan zo'r berib boyib borish jarayoni 20-30 yillarga taalluqlidir. Adabiyotda she'riyatning keng tarqalgan va chuqur ildiz otib ketgan an'anaviy turlari bilan bir qatorda, dramaturgiya, proza, tanqid mustahkam o'rin ola boshladi. Yangi qoraqalpoq adabiyotini boshlab berganlar orasida A.Musayev va S.Majitovlar bor edi. Iste'dodli shoir va yozuvchilar guruhi yetishib chiqdi.

Badiiy ijodiyotning musiqa, amaliy san'at va an'anaviy bo'lgan boshqa turlari yanada rivojlanishi bilan bir qatorda, qoraqalpoqlar uchun san'atning yangi turi-teatr paydo bo'ldi va rivojlanib bordi. Oldiniga yoshlarning dramatik to'garaklari, kichikroq truppalar paydo bo'ldi. 1930 yili "Tong nuri" degan dramatik truppa bazasida davlat musiqali drama teatri yaratildi.

T.Seytmuratov, M.Matchonov, B.Seitov, J.Seitova uning birinchi aktyorlari bo'ldiiar. Keyinchalik boshqa teatrlar, shuningdek, musiqa o'quv yurtlari va konservatoriya tashkil etildi.

Shu bilan bir vaqtda xalq oqinlari (jirau) va qo'shiqchi-mashshoqlar (baxshilar)ning an'anaviy musiqa san'ati rivqjlanishda davom etdi. Og'izjirau, Japak-baxshi, Eshon-baxshi va boshqalarning zavq beradigan mahorati omma ichida juda mashhur bo'ldi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   79   80   81   82   83   84   85   86   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling