Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet80/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Bunday xo'jaliklarning tugatilishi dehqonlarda ishonchsizlik va xavotir uyg'otdi. Ko'pgina odamlar o'z xo'jaliklarini qarovsiz tashlab qochdilar, chorvalarini so'ydilar va sotib yubordilar. Mollarning ko'plab so'yilishi jiddiy muammo bo'lib qoldi. Qoramollar boshi respublika bo'yicha 1930 yili 60 mingdan ziyodga kamaydi.

Jadal jamoalashtirish va quloq xo'jaliklarini tugatish, o'rtahol dehqonlarga nisbatan zo'rlik qilish respublikadagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Dehqonlarning noroziligi kuchayib, ayrim tuinanlarda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. 1930 yil 25 fevralda ular Farg'ona vodiysining bir qancha tumanlarida bo'lib o'tdi. So'ngra Andijon, Buxoro, Toshkent, Xorazm va Samarqand okruglarinirig ba'zi tumanlariga yoyildi.

Jamoalashtirishga qarshi chiqishlar bir qancha hollarda sovet hokimiyatiga qarshi siyosiy chiqishlarga aylanib ketdi. Jumladan, Farg'onada kolxozlarga qarshi namoyishlar ko'pchilik hollarda siyosiy tus oldi.

Partiya ma'muriy tazyiq o'tkazishni pasaytirgan bo'lsa ham, haddan oshish va buzg'unchilik hollari avj olib ketgan edi. Shuning uchun dehqonlar kolxozlardan chiqib keta boshladilar. Natijada 1930 yilning martida kollektivlashtirish foizi respublika bo'yicha 47 %dan ko'proqni tashkil etgan bo'lsa, may oyiga kelib u 29%gacha kamaydi. 1930 yilning kuzidan boshlab dehqonlarga yangidan tazyiq o'tkazish to'lqini boshlandi. 1931 yilning yoziga kelib dehqon xo'jaliklarining 56,7% i birlashtirildi.

1931 yilning bahoridan boshlab O'zbekistonda yalpi jamoalashtiriladigan tumanlar qaytadan tuzildi. 1930-1933 yillari tugatilib, quloq qilingan xo'jaliklar soni 5,5 mingtaga yetdi.

2. Quloq qilinganlarning ahvoli. Majburan ko'chirib yuborilganlarning ahvoli nihoyatda og'ir kechdi, ularning ko'pchiligi yo'lda nobud bo'ldi. Quloq qilinganlarning bir qismi Ukraina, Sibir va Qozog'istonning odam yashamaydigan cho'llariga, o'rmonlariga surgun qilindi, yana bir qismi respublikaning boshqa joylariga zo'rlik bilan ko'chirildi. Kolxozlashtirishga qarshi chiqishi mumkin deb hisoblangan tadbirkor xo'jaliklarni, ruhoniylarni "uchlik", ya'ni partiya, sovet, ichki ishlar organlari rahbarlaridan iborat komissiya qarori bilan quloq qilganlar. Ko'chirilganlar uchun respublikaning o'zida-chekka joylarda 17 ta "quloq qishloqlari", aniqrog'i, lagerlari tashkil qilingan.

Shunday lagerlardan biri Samarqand viloyatidagi Miyonko'l orolida joylashgan edi. Miyonko'llik keksalarning eslashicha, 30 yillarning boshlarida bu yerga ichki ishlar organlari xodimlari bir necha ming quloq qilinganlarni keltirib joylashtirgan. Ular kelganida orolning to'qayzorlarida qayrag'och, saksovul va qamishlar o'sib yotardi. Orol o'rtasi botqoqlik va ko'llardan iborat edi. Bandilarga zovurlar qazdirilib, botqoqliklar suvi quritilgan, qayrag'ochlar, saksovullar kesilib pechlarda yoqilgan. Ular qamishlardan bo'yralar to'qib, lager qurganlar. Bu lagerda NKVD xodimlari bandilarni oddiy hayvonchalik qadr qilmay kamsitar, xo'rlar, ovoz chiqarishsa birovdan so'ramay otib tashlar, beayov ishlatardilar. Quloqlar Miyonko'l orolida yer chopar, paxta, sholi ekardilar. Ko'p bandilar mehnatning mashaqqatlaridan, ochlikdan, kasallikdan, soqchilarning zulm va azoblaridan begunoh o'lib ketdilar. Har kuni o'nlab murdalar o'ris arava-brichkasida bandilarning o'zlari qazigan handaqlarga kafansiz eltib tashlanar edi. 1930-1933 yillarda Miyonko'lda Farg'ona vodiysi va boshqa viloyatlardan quloq qilib keltirilgan begunoh kishilarning yarmiga yaqini qatl etilgan.

Surgun qilingan quloqlarning ahvoli ko'chirilganlarnikidan oson bo'lmagan. Ularning bolachaqalari ba'zan dim, ba'zan sovuq usti yopiq mashinalarda, qizil vagonlarda uzoq-uzoq Rossiya o'lkalariga olib ketilardi. Yo'l azobiga, issiq-sovuqlarga, suvsizlik, ochlikka chidamay, quloq qilinganlarning ko'pchiligi manzilga yetib bormasdan halok bo'lardi.

Forishlik tibbiyot olimi A.Abdurahmonov otasi va qariyalardan eshitib hikoya qilishicha, Forish tumanidan 1929-1933 yillarda bir necha yuz xo'jalik quloq qilingan. Shu tumanning Nokurt qishlog'idan o'ndan ortiq xo'jalik, jumladan, uning otasi va ikki amakisi Stavropol o'lkasining Terek o'rmonlariga surgun qilingan. Otasi 10 yil muddatni o'tab, ona-yurtiga qaytgan. Ammo ikki amakisi o'sha yerda sovuq va ochlikdan o'lib ketgan. Barcha quloq qilinib surgun qilingan va ko'chirilganlarning taqdiri shunday kechgan. Ularning taxminan uchdan ikki qismi halok bo'lgan.

O'zbekiston qishloq xo'jaligini jamoalashtirish rasman 1932 yili poyoniga yetdi. Shu vaqtga kelib respublikadagi dehqon xo'jaliklarining 75 foiziga yaqin qismi umumiylashtirilgan sektorga birlashtirildi. Yakka xo'jalik dehqonlarning bir qismi kolxozlardan tashqarida qoldi, lekin ularga iqtisodiy jihatdan tazyiq o'tkazish yanada kuchaydi. Yakka xo'jaliklarga solinadigan qishloq xo'jalik soliqlari oshirildi, davlatga majburan topshiriladigan mahsulot hajmi esa kolxozlar uchun belgilangan me'yorlarga qaraganda 50 foizga ko'paytirildi. 1939 yilga kelib esa respublikada yakka xo'jaliklarga butkul barham berildi. Jamoalashtirish qishloq xo'jaligini ma'muriy-buyruqbozlik tizimi bilan boshqarishni mustahkamladi, dehqonlarning mustabid davlat asoratiga tushishiga yo'l ochdi.

O'zbekistonda qishloq xo'jaligini jamoalashtirish davrida 40000 dan ortiq dehqon xo'jaliklari quloq qilinib, ulardan 31700 tasi qatag'on qilindi.

Kolxoz tuzilishining eng boshidan qishloq xo'jalik artellari mulklarini davlat tasarrufiga o'tkazish boshlandi. Kolxozlar dehqonlarning ishlab chiqarish vositalarini birlashtirish asosida tuzildi, bu vositalar yagona bo'linmas fondga qo'shildi. Mabodo kolxozchilar kolxozdan chiqib ketadigan bo'lsalar, vositalar ularga qaytarib berilmas edi. Bu dehqonlarning mulkdan ajralishini boshlab berdi. Kolxozlar iqtisodiy jihatdan butunlay davlatga qaram bo'lib qoldi. Ularning mustaqilligi va tashabbusi keskin cheklandi.

Yirik ishlab chiqarish vositalari MTSlar ko'rinishida davlat qo'lida to'planib bordi. MTSlar kolxoz dalalarini natural haq evaziga ishlab berar, bu haqning miqdorlari esa yuqoridan belgilab berilardi. 1933 yil boshlariga kelganda O'zbekistonda 73ta MTS ishlab turdi. Ular qishloq xo'jaligini texnik jihatdan qayta qurishni tezlashtirdi, lekin texnikani ularda to'plash qishloq mehnati imkoniyatlarini ochib berishga yordam qilmadi. Amalda kolxozlar ham, MTSlar ham yer egalari emasdilar, yerning egasi aslida davlat bo'lib qoldi.

O'zbekistonda kolxozlar tuzish bilan bir qatorda sovxozlar-davlat xo'jaliklari tuzish yuzasidan ham ish olib borildi. 1932 yilda respublikada 60 dan ziyod sovxoz bor edi.

Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi dehqonlarni majburiashning noiqtisodiy usullaridan foydalandi. Bu avvalo dehqonlar ishlab chiqargan mahsulotning bir qismini o'ziga xos bir o'lpon tariqasidagi soliq ko'rinishida tortib olishda ifodalandi.

Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi o'z e'tiborini paxta yetishtirishni ko'paytirish, respublika iqtisodiyotini xom ashyo tayyorlashga moslashtirishga qaratdi. Sunday siyosat mamlakatning paxta mustaqilligini qisqa muddatlarda qo'lga kiritishini ko'zlar edi. 1929-1932 yillarda g'o'za ekiladigan yer maydonlari 550 ming gektardan 928 ming gektarga kengaytirildi, yalpi paxta hosili esa 652 ming tonnadan 750 ming tonnaga yetkazildi. 1932 yili respublika sobiq Ittifoq bo'yicha paxta hosilining 60 foizini berdi. Mana shu paytdan boshlab xorijdan paxta olib kelish to'xtatildi. Biroq paxta yetishtirishni ko'paytirish ekin maydonlarini kengaytirish asosidagina amalga oshirildi.

Mana shu davrda kolxozlar ichki turmushi tartibga solinmaganligi tufayli katta qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Kolxozchilar mehnatini oqilona tashkil etish, hisobga olish va unga haq to'lash usullari hali yo'q edi. 1931-1932 yillardan boshlab mehnatga ishbay asosda haq to'lanadigan doimiy brigadalar tashkil etila boshlandi. Bu mehnat sarfini va mehnat kunlari shaklida to'lanadigan haq miqdorlarini belgilashni ko'zda tutardi.

Ko'rilgan choralarga qaramay, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida biror yirik o'zgarishlar bo'lgani yo'q. Dehqonlarning qattiq mehnati va shijoati tufayli O'zbekiston qishloq xo'jaligida 1935-1937 yillardan boshlab ba'zi yutuqlar qo'lga kiritildi. Don, sholi, arpa, makkajo'xori ishlab chiqarish ko'paydi. Chorvachilik qishloq xo'jaligining muhim sohasi bo'lib qoldi. 1940 yiI boshiga kelib qoramollar soni 1934 yildagiga qaraganda bir yarim baravardan ziyodga ko'paydi.

Qishloq ahlining fidokorona mehnati o'zining natijasini berdi. 1939 yilda yalpi paxta hosili deyarli 1 mln 583 ming tonnaga yetdi, paxta hosildorligi esa gektariga 17,8 sentnerni tashkil etdi. O'zbekistonda kanop yetishtiriladigan bo'ldi, kanop ishlab chiqarish umumittifoq miqyosiga nisbatan 3 foizni tashkil etdi. Urushdan oldingi yillarda O'zbekiston mamlakatda yetishtiriladigan barcha pillaning yarmini berar edi. Qishloq xo'jaligini mustahkamlash, ayniqsa, paxtachilikni rivojlantirish uchun sug'orish inshootlari qurilishi katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bunday qurilishlarni hashar usulida olib borish odat tusiga kirdi. O'zbek xalqining jasorati bilan, jumladan, 1939 yil 1 avgust-15 sentabrda Katta Farg'ona kanali qazildi. Natijada 1937-1940 yillar mobaynida O'zbekistondagi sug'oriladigan yerlar maydoni 260 ming gektarga kengaydi. Lekin O'zbekistonda qishloq xo'jalik ishlab chiqarishi asosan Markaz sanoatining ehtiyojini qoplashga qaratildi.

3. Kolxozlarning davlat tasarrufiga olinishi. Kolxoz tuzilishi sharoitlarida qishloq xo'jalik ishlab chiqarishining hamma sohalari qat'iy nazorat ostiga olindi: mahsulot ishlab chiqarish va mehnat unumdorligi yuzasidan reja ko'rsatkichlari, soliq majburiyati joriy etildi, jamoa xo'jaliklarining daromadlari va sarf-xarajatlari belgilab qo'yildi. Kolxozchilar o'z mehnatlarining mevalaridan mustaqil ravishda foydalana olmas edilar. Jamoa xo'jaliklari ekin maydonlari, hosillari va daromadlarining o'sishi aniq bir kolxozchining, shu jamoadagi ma'lum bir mehnatkashning o'z moddiy holatiga amalda ta'sir o'tkazmas edi. Ko'pgina oilalar qashshoqlarcha turmush kechirardilar. Majburlovchi va ekspluatatsiya qiluvchi feodal tuzum o'rnini partiya-davlat tuzumi egalladi.

Jamoalashtirish natijasida dehqonlarga xos butun turmush tartibi buzildi, ma'naviy-axloqiy qadriyatlar zavol topdi. "Yuqoridan qilingan inqilob"dan meros bo'lib qolgan eng og'ir narsa-yer egasining yo'qolganligi, mehnatkash inson bilan yer, jamiyat bilan tabiat aloqalarining yemirilganligi bo'lsa, ajab emas. Qishloqda an'anaviy bo'lgan ko'pgina xalq odatlari va rasm-rusumlarini qoralash, dinga qarshi o'ylamasdan, qo'pol ravishda o'tkazilgan tashviqot-targ'ibot ham yomon ta'sir qildi.

26-§. Madaniy qurilish: maorif va fan rivojining asosiy yo'nalishlari va muammolari

20-30 yillardagi juda murakkab ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar respublikaning milliy madaniyatiga bar xil tarzda ta'sir o'tkazdi, barcha sohadagi o'zgartirishlarni qarama-qarshi tusga kiritdi va respublika taraqqiyotining asosiy tendensiyalari hamda yo'nalishlarini uzoq yillarga belgilab berdi.

1. Xalq ta'limi. Respublika sharoitlarida madaniy taraqqiyotning zamonaviy rivojlangan darajasiga o'tish haddan tashqari katta qiyinchiliklarni yengish bilan bog'liq bo'lib, keskin mafkuraviy kurash bilan birgalikda davom etib bordi. Shunday bo'lsa-da, madaniyatni yangidan qurish jarayonlari tobora ustuvor tus oldi. Buning sabablari, avvalo, o'zbek xalqining azaldan bilimga intilishi, madaniy merosni qadrlashida ko'rinadi. Bundan tashqari, oktabr to'ntarishidan avval katta madaniy ishlar olib borgan jadid deb atalmish ziyolilar xalqqa yordam berish uchun maorif sohasi, maktablarda ishlab, o'z faoliyatlarini davom ettirdilar. Bu jarayonlar, avvalo, darslar ona tilida olib boriladigan I (5 yillik ta'lim) va II (4 yillik ta'lim) bosqich maktablarni ochish va ularni darsliklar, o'quv qurollari bilan ta'minlash, maorif institutlari, o'qituvchilarni tayyorlash kurslari va boshqalarni tashkil etishdan iborat bo'ldi.

1924/25-o'quv yilida respublika byudjetining 24 foizi xalq maorifi uchun ajratildi. Bu maktab qurilishini tezlashtirishga imkon berdi. I va II bosqichdagi umum-ta'lim maktablarining soni 1928/29-o'quv yiliga kelib deyarli 2,5 mingtaga yetdi.

Shu bilan bir vaqtda katta yoshli aholi o'rtasida savodsizlikni tugatish yuzasidan keng miqyosda kompaniya avj oldirildi. 1921/22-o'quv yilidayoq respublikaning ko'pgina shaharlari va qishloq joylarida mingdan ortiq savod maktablari, savodsizlikni tugatish kurslari va tarmoqlari faoliyat ko'rsatdi, ularda 50 ming kishi xat-savod chiqardi. Savodsizlikni tugatish ishi tiklash davrining dastlabki yillarida katta qiyinchiliklarga duch keldi: o'qituvchilar, maktab binolari, asbob-jihozlar, o'quv qo'llanmalari, pul mablag'lari yetishmas edi. Biroq bu soha, garchi qiyinchilik bilan bo'lsa-da, izga tusha boshladi, katta yoshli kishilarni o'qitish shakl va usullari takomillashtirildi, savod maktablari tarmog'i birmuncha kengaytirildi, savodsizlikni tugatuvchi mahalliy o'qituvchilar soni oshdi. Bu dastlabki yutuqlar keyingi yillarda savodxonlikni oshirish yuzasidan avj olgan umumxalq harakatining debochasi bo'ldi.

Hamza Hakimzoda Niyoziy, T.Shermuhammedov, T.N.Qori Niyoziy, Ergash Komilov, Abdulqodir Na-bixo'jayev, G'ozi Nazarov, Muharrama Qodirova, Zebuniso Polvonova, P.Qayumov, K.Abdurashidov va boshqalar yangi maktab yaratish, uni rivojlantirish uchun faol kurashdilar hamda dastlabki o'qituvchilardan bo'lib qoldilar.

Shu yillarda Markaz siyosiy rahbariyati sovet tuzumiga sodiq bo'lgan pedagog kadrlarni ko'p miqdorda, tezkorlik bilan tayyorlab, ular orqali aholini, ayniqsa, yosh avlodni kommunistik g'oyalar asosida tarbiyalash maqsadida qarorlar va rejalar ishlab chiqdi. Ularni og'ishmay amalga oshirish uchun zarur mablag'larni ayamadi, bor ma'rifatchilarni hamda partiya, sovet, jamoat tashkilotlarining kuch-quvvatini safarbar qildi.

Maktablarning pedagogik kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish uchun pedagogika o'quv yurtlarining keng tarmog'i yaratildi: texnikumlar, maorif institutlari, o'quv yurtlari ochildi. Ularda jadal sur'atlar bilan ommaviy miqyosda yangi o'qituvchi kadrlar yetishtirib chiqarildi. 20 yillarning oxirlariga kelib ularning soni respublikada deyarli 5,5 mingtaga yetib qoldi. Xalq maorifi rivojlanib bordi.

Xalqning bilimga bo'lgan intilishi kun sayin kuchayib borishi natijasida umumiy savodxonlik o'sdi, bu narsa millatning ma'naviy imkoniyatlari yuksalishiga, ijodiy faoliyati ortib borishiga yordam berdi.

Shunday bo'lsa-da, bu jarayonlar partiyaning madaniy sohada zo'rlik ko'rsatishi tufayli mushkulliklarga uchradi. Xalq maorifida bu narsa avvaliga milliy ta'lim shakllari yoyiladigan sohalarni cheklab qo'yish, keyinchalik esa ulami butunlay yo'q qilib yuborishda o'z aksini topdi. Chunonchi, 20 yillarning boshlarida sovet maktablari bilan birgalikda eski usul maktablari, diniy tashkilotlar tomonidan ta'minlab boriladigan vaqf maktablari va madrasalari ham ishlab turar edi. 1925 yilda O'zbekistonda 97 ta vaqf maktablari va 1,5 mingdan ortiq eski maktablar bo'lib, ulardan 250 tasi yashirin holda ish olib borgan. Lekin sovet hokimiyatining insonparvarlikka zid siyosati natijasida ular 1928 yilga kelib o'z faoliyatini amalda tugatdilar.

Xalq ma'rifatining yuksalishi yo'lida hamon katta g'ov bo'lib turgan muammo aholining savodliligini oshirish bo'lib, savodsizlikka barham berish davr talabi edi. Bu maqsadda ko'plab yangi savod maktablari va kurslar ochildi. Minglab aholi savodli bo'ldi. Shuni aytish joizki, 1930 yili umumiy boshlang'ich ta'limning joriy etilishi savodsizlik ko'lamlarini qisqartirishga yordam berdi. Ajratilgan katta mablag'lar maktablar maydonini ancha kengaytirishga, ularning moddiy bazasini mustahkamlashga imkon berdi. Umumiy ta'Iimni amalga oshirish uchun o'qituvchilar, talabalar, ilm-fan xodimlari, yoshlar jamoalarining katta armiyasi safarbar etildi. 30 yillarning oxirlarida umumiy yetti yillik ta'Iimni amalga oshirishga kirishildi.

1940 yili respublikada barcha turdagi 5,5 mingdan ortiq umumta'lim maktablari ishlab turdi, ularda 1,3 mln ga yaqin bolalar o'qidi. Biroq bu davrda maktab yoshidagi hamma bolalarni ham, ayniqsa, qishloq joylarida o'qishga jalb qilishning imkoni bo'lmadi: maktab binolari, uskuna-jihozlar, o'qituvchilar yetishmas edi va hokazo. Maktab ta'limi turli sohadagi bilimlarni egallab olgan, jamoat hayotiga faol qo'shilib keta oladigan, oliy o'quv yurtlari va texnikumlarga kirib o'qiy oladigan savodxon yoshlarni yetishtirib chiqarishni ko'paytirishga imkon bera oladigan jiddiy islohotga muhtoj edi.

Afsuski, xalq ta'limiga buyruqbozlik nuqtai nazaridan turib, ekstensiv ravishda yondashish kuchayib bordi. Buning natijasida sifat muammolari chetga surilib, miqdor ko'rsatkichlari birinchi o'ringa o'tdi. Ahvolni xo'jako'rsinga yaxshilash orqasidan quvish jamiyatning rnadaniy holatiga yomon ta'sir o'tkazdi hamda oliy va o'rta maktabga sezilarli darajada zarar yetkazdi.

2. Kasb-kor, oliy ta'lim. Respublika taraqqiyotining manfaatlari xalq xo'jaligi va madaniyatining turli sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tezlashtirishni talab qilar edi. Tabiiyki, buni markaziy hukumat tushunardi, lekin unga O'zbekistonning xalq xo'jaligi barcha tarmoqlarida sotsializm, marksizm-leninizm g'oyalari bilan sug'orilgan itoatgo'y yuqori malakali mutaxassis kadrlar kerak edi. Shuning uchun oliy o'quv yurtlarining ta'lim-tarbiya dasturlari, o'quv rejalari, qo'llanmalari va hokazolari avvalo kommunizm prinsiplariga asoslangan bo'lib, mutaxassislarni 4-5 yil muddat davomida partiya, sovet davlatiga sadoqatli bo'lish bilan birga sinfiylik ruhida tarbiyalashga qaratilgan edi.

20 yillarning ikkinchi yarmida o'rta maxsus va oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlaydigan turli o'quv yurtlari ochildi. Davlat sinfiy tamoyilga amal qilib, bu o'quv yurtlariga ishchi va dehqonlarning kirishi uchun sharoitlarni ta'minlab berdi. Boshqa toifadagi odamlar bu o'quv yurtlariga kira olmas edi. Oliy o'quv yurtlarida o'qish uchun zarur bo'lgan umumiy ma'lumotni qisqa muddat ichida olish maqsadida ishchi fakultetlari tarmog'i yaratildi. Shu tufayli 20 yillarning oxiridayoq respublikadagi oliy o'quv yurtlarida asosan ishchi va dehqonlardan iborat 4 ming nafarga yaqin talabalar o'qir edi.

Mutaxassislar tayyorlashda RSFSR va boshqa respublikalar ham O'zbekistonga yordam berdilar. 1927 yili faqatgina Rossiya Federatsiyasidagi oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarida O'zbekistondan kelgan 300ga yaqin talabalar ta'lim oldi.

O'rta Osiyodagi birinchi oliy o'quv yurti-1918 yili ochilgan Turkiston davlat universiteti-bu vaqtga kelib oliy ta'limning eng yirik markaziga aylandi. Universitet mutaxassislar yetishtirib chiqarish sur'atlarini yildan yilga oshirib bordi: uni bitirib chiqqan kishilar soni 1928 yilga kelib 5 baravar ko'paydi. Ammo ular orasida mahalliy xalq namoyandalari hamon kam sonni tashkil etardi.

Sanoat korxonalarining ishga tushirilishi, kolxozlar va sovxozlar tuzilishi, yangi-yangi idoralarning paydo bo'lishi tegishli mutaxassislarga bo'lgan talabni kuchaytirdi. Institutlar va texnikumlarga mutaxassislar yetishtirib chiqarishni miqdor jihatidan ko'paytirish vazifasi yuklandi, buning natijasida o'qish muddatlari ancha qisqartirildi. Mavjud institutlar va texnikumlarning bazalarida yangi o'quv yurtlari, jumladan, paxtachilik-irrigatsiya, politexnika, qishloq xo'jaligi, kon qidirish, zooveterinariya, avtomobil yo'llari, to'qimachilik, transport, tibbiyot institutlari va boshqa institutlar ochildi. Pedagogik akademiya bazasida 1933 yili Samarqandda O'zbekiston davlat universiteti (hozirgi SamDU) barpo etildi. 30 yillarning oxirlarida respublikada 44 ming talaba o'qiydigan 30 ta oliy o'quv yurtlari va 98 ta texnikumlar ishlab turdi. Institut va texnikumlarni bitirib chiquvchilarning soni bir necha baravar ko'paydi. Bu yangi mutaxassislar xalq xo'jaligi safiga kelib qo'shildi.

Mutaxassis kadrlar tayyorlashda asosan ularning soni ko'paytirildi, sifatiga esa e'tibor berilmadi. Institut va texnikumlarda mahalliy millat vakillari kam edi. Yuqori malakali o'zbek professor-o'qituvchilari va o'zbek tilidagi darsliklarni tayyorlashga harakat qilinmasdi.

3. Ilm-fan. 20 yillarda respublikada dastlabki ilmiy-tadqiqot muassasalari ochildi. Ular respublika uchun amaliy jihatdan muhim bo'lgan muamtnolarni, ayniqsa, irrigatsiya, pax-tachilik va tibbiyot sohasidagi muammolarni ilmiy jihatdan ishlab chiqishni avj oldirdilar. 20 yillarning oxirla-riga kelib O'zbekistonda endi o'nlarcha ilmiy-tadqiqot muassasalari ishlar, ularda 1000 dan ortiq ilmiy xodimlar mehnat qilar edi.

30 yillar ilm-fanning qaror topishida jiddiy yutuqlar qo'lga kiritilgani bilan nishonlandi. Xalq xo'jaligida kattagina ahamiyatga ega bo'lgan muammolarni nazariy va amaliy yo'l bilan hal etish ustida samarali mehnat qil-gan dastlabki milliy oliy mutaxassis, iste'dodli tadqiqotchilar yetishib chiqdi, keyinroq ulardan yirik olimlar avlodi shakllandi. Masalan, geolog olimlardan H.M. Abdullayev, G'.A. Mavlonov, N.A. Kenesarin, matematiklardan T.N. Qori Niyoziy, T.A. Sarimsoqov, fiziklardan U.O. Oripov, biologlardan T.Z. Zohidov, D.K. Saidov, A.M. Muzaffarov, A.T. To'laganov, kimyogarlardan O.S. Sodiqov, A.S. Sattorov, S.Yu. Yunusov, X.U. Usmonov, K.S. Ahmedov, energetiklardan H.F. Fozilov, G.R. Rahimov, faylasuflardan I.M. Mo'minov, arxeolog Ya.G'. G'ulomov, tarixchi P. Soliyev, M. Saidjonov va boshqa ko'pgina olimlar yangi ilmiy yo'nalishlar hamda ilmiy maktablarning asoschilari bo'lib qoldilar.

O'zbekiston tarix fanining taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan professor Po'lat Soliyev (1882-1938) "Buxoro mang'itlar sulolasi davrida", "Buxoro tarixi", "O'rta Osiyo tarixi. 1 qism", "O'rta Osiyoda islomning tarqalishi", "O'zbekiston tarixi. 15-19asrning l-yarmi" kabi asarlarini yaratdi.

Ilmiy ishlarni uyg'unlashtirib tartibga solib borish uchun O'zSSR Markaziy Ijroiya Komiteti qoshida 1932 yili Fanlar Komiteti tuzildi. Bu komitet 1940 yili SSSR Fanlar akademiyasining O'zbekiston filialiga aylantirildi. 1941 yili respublikada 75 ta ilmiy muassasa bo'lib, ularda uch ming nafardan ortiq ilmiy xodimlar mehnat qilar edi. Respublikaning ilmiy salohiyati o'sib, ilmiy kadrlar muammosi hal etilib bordi. Fanning ma'muriy-buyruqbozlik usuli bilan boshqarilishi, ko'pgina ko'zga ko'ringan olimlarirnizning qamalishi, qatag'on qilinishi ilmiy ijodkorlik tuyg'usini bo'g'ishga xizmat qildi, fanimizning umumdunyoviy sivilizatsion yo'l bilan rivojlanishiga yo'l qo'ymadi. Natijada fan o'z an'anaviy milliy ildizlaridan ajratildi, u borgan sari siyosiylashib, mafkuraviylashib bordi.

27-§. Milliy adabiyot va san'atning rivojlanishidagi yutuq va ziddiyatlar

1. O'zbek adabiyoti. Ijtimoiy hayotda shiddatli ziddiyatlar hukm surgan bu murakkab davrda adabiyot va san'at milliylik, insonparvarlik, xalqchillik kabi tamoyillarga sodiqligini saqlab qoldi. Bu davr respublika ijodiy hayoti uchun izianishlar, o'zlarining dunyoqarashlari jihatidan bir-birlaridan farq qiluvchi talaygina yo'nalishlarning g'oyat qattiq to'qnashuvlari bilan to'lib-toshgan davr, yutuqlar qo'lga kiritilgan va talafotlar berilgan, yangi-yangi iste'dodlar dunyoga kelgan va fojia bilan tugagan taqdirlar davri bo'ldi.

Bir tomondan, bu davrda 20 yillarning boshlarida Abdurauf Fitrat boshchiligida Toshkentda tuzilgan "Chig'atoy gurungi" uyushmasi yangi o'zbek milliy adabiyoti, til va madaniyatini yaratish, adabiy-madaniy merosini to'plash va o'rganish, talantlarga bar tomonlama ko'mak berishga harakat qildi. Ular milliy istiqlol ruhidagi asarlarni nashr etish, tashviq ya targ'ib qilishni yo'lga qo'ya boshladilar. Ikkinchi tomondan, bu davrda sovet hokimiyati va bolsheviklarning g'oyaviy-sinfiy qarashlari ta'sirida yuzaga kelgan turli-tuman ijodiy tashkilotlar, guruhlar va oqimlar orasida totalitar tuzumning mahsuloti bo'lgan yangi oqim sifatida maydonga kelib, o'z oldiga yangi proletar madaniyatini shakllantirishni maqsad qilib qo'ygan proletkult tobora balandroq ovozi bilan o'zi haqida ma'lum qila boshladi. Proletkult adabiy-badiiy va madaniy-ma'rifiy tashkilotlarning mamlakat bo'ylab tarqalib ketgan butun bir tarmog'idan iborat edi. RKP(b) MKning 1925 yil 18 iyunda "Partiyaning badiiy adabiyot sohasidagi siyosati haqida" degan maxsus rezolyutsiyasi chiqdi. Shundan sal keyinroq, 1926 yil avgustida ushbu rezolyutsiyaning g'oyaviy ta'siri ostida Samarqandda "Qizil qalam" adabiy uyushmasi tuzildi. Bu uyushma 1930 yilga kelib respublikadagi proletariat ruhida ijod qiluvchilarni uyushtirish maqsadida tuzilgan yangi adabiy uyushma-O'zbekiston proletar yozuvchilari uyushmasi (YaAnTOga qo'shildi. O'zAPP garchi oldingi adabiyotga buyruqbozlik qilish kabi yo'llarni og'izda tanqid qilgan bo'lsa-da, amalda dunyoqarashlarida "sof" proletar madaniyatini yaratishni niyat qilgan avvalgi proletkult uyushmasidan ko'p farq qilmasdi. Ular ham ma'naviy hayotning eng murakkab muammolariga asosan sinfiy nuqtai nazardan yondashib, adabiyot va san'atning o'ziga xosligi, badiiy mahoratning, talantning ahamiyati va rolini deyarli inkor qildilar. Xalqning o'tmish ma'naviy boyligini yangi proletar madaniyatiga qarshi qo'yish, o'tmishdagi insoniyatning madaniy boyliklariga salbiy munosabatda bo'lib, ularni mensimaslik jamiyatga turli tarzda ta'sir o'tkazdi. Madaniyatdagi sinfiy va milliy jihatlarning nisbatiga, umuminsoniy, milliy qadriyatlarning yangi davr madaniyatidagi o'rni va roliga, tarixiy izchilikka aloqador masalalar butun respublika adabiy-badiiy jamoasini o'z doimsiga tortgan g'oyatda keskin bahs va munozalarga sabab bo'ldi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling