Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet77/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Milliy respublikalar tuzish zarurligi g'oyasi tashab-buschilari uni (ya'ni, bu g'oyani) yerli xalqlar hayotida tengsizlik mavjudligi, milliy mojarolar kuchayib borayotgani bilan asosladilar. Bu mojarolardan qutulish yo'li turkmanlar, qirg'izlar va boshqalarning milliy davlatini tuzish, deb e'lon qildilar, amalda esa bu chora-tadbir xalqlarni bir-biridan ajratib qo'yishdan boshqa narsa emas edi. Hududlarni qaytadan belgilash va chegaralash tarafdorlari til tafovutlari, milliy tafovutlarga diqqatni ko'proq qaratib, ho'jalikka oid, iqtisodiy omillarni, mavjud suv resurslari, sug'orish tizimlarining umumiy ekanligini kamroq hisobga oldilar. Umuman, siyosiy jihatlar birinchi darajali hisoblandi. Rahbar xodimlar orasidagi yevropaliklar bilan tub xalqlar vakillari o'rtasidagi ixtiloflar, shuningdek, ayrim guruhbozlik ko'rinishlari mexanik tarzda O'rta Osiyo mintaqasi xalqlari o'rtasidagi munosabatlarga ko'chdi. Rudzutak, Stalin va boshqalar O'rta Osiyoda milliy mojaro mavjudligini uqtirdilar. Milliy masala sun'iy ravishda bo'rttirib yuborildi va davlatlar hududini tubdan qayta belgilash uchun hal qiluvchi asosiy dalil sifatida ilgari surildi.

3. Pozitsiyalar va qarashlarning to'qnashuvi. Turkkomissiya va Ya.Rudzutak tezislariga qarama-qarshi o'laroq, Turor Risqulov va bir guruh milliy yetakchilar 1920 yildayoq turkiyzabon xalqlar yagona bo'lib, ularning tarixiy ildizlari, dinlari, an'analari va madaniyati mushtarakdir, Turkistonni alohida qismlarga ajratib bo'lmaydi, degan g'oyani ilgari surdilar. Biroq bu fikrni bolshevikcha Markaz inkor etib, uni panturkizm, panis-lomizm, burjua millatchiligi deb baholadi.

Mintaqani milliy-hududiy jihatdan qayta tuzish masalasi partiya organlari tomonidan ishlab chiqildi va amalga oshirildi. O'rta Osiyo byurosi (Sredazbyuro) umummintaqani qamrab oladigan chegaralanish zarurligi to'g'risidagi masalani respublikalar partiya organlari, partiya xodimlari muhokamasiga qo'yishga zo'r berib intildi. Bu holat, xususan, SSSR tuzilgach (1922 yil 30 dekabr) kuchaydi.

1922 yili, va ayniqsa, 1923 yili yerli millatlar vakillarining bir qancha rahbar xodimlari O'rta Osiyoda amalga oshirilayotgan milliy siyosatdan qoniqmayotganliklarini ochiq-oydin ma'lum qila boshladilar. 1923 yil oxirida Turkiston xodimlarining bir guruhi Markazga xat bilan murojaat qilib, unda milliy nizolar o'lkada tugatilmasdan, ko'proq avj oldirilmoqda, deb qayd etdilar. Ushbu maktubda milliy yetakchilar mavjud bo'lgan ma'lum milliy-hududiy nizolarni tarixan tarkib topgan hududlar, aloqalar, davlat tuzumini keskin buzmasdan, har bir alohida respublika doirasida hal qilish zarur, degan fikrni ilgari surdilar. Ba'zi joylarda bu g'oya amaliy jihatdan yuzaga chaqarildi. 1923 yil oktabrida Buxoro respublikasida turkman va tojik viloyatlari tashkil etildi. Keyinchalik Xorazm respublikasida muxtor turkman va muxtor qirg'iz-qozoq-qoraqalpoq viloyatlarini tashkil etishga qaror qilindi. 1923 yil dekabrida Farg'ona vodiysi vakillari RSFSR tarkibida Farg'ona muxtor viloyati tashkil etish to'g'risida taklif bilan chiqdilar. Biroq bu fikrni o'lkadagi rahbar organlar, avvalo partiya organlari xato fikr deb rad etdi. Chegaralash g'oyasini ishlab chiqib, maromiga yetkazish yo'li va boshqa bir qancha takliflar ham olg'a surildi. Biroq Markaz va RKP(b) Markaziy Komiteti O'rta Osiyo byurosi yaxlit va ulkan mintaqada, avvalo uchta O'rta Osiyo respublikalari hududlarida yalpi hududiy chegaralash chora-tadbirlarini qat'iy ilgari surdilar.

4. 1924 yilgi milliy-hududiy chegaralanish. O'rta Osiyoni chegaralab bo'lish va milliy respublikalar tuzish g'oyasi 1924 yilda amalga oshirila boshlandi. Biroq bu masalaga doir ziddiyatlar ayni davrda ham davom etaverdi. Bu kampaniyada ishtirok etishdan bo'yin tovlashga ochiq-oydin intilish hollari takrorlanaverdi, yangi loyihalar taklif etildi. Lekin Markaz, O'rta Osiyo byurosi qattiq turib oldi.

Ammo O'rta Osiyo respublikalaridagi hukumat va partiya organlarining nuqtai nazarlari yakdil emas edi. Turkiy xalqlar bir-biriga yaqin, degan fikr o'rtaga qo'yilar, boshqa dalillar keltirilardi. 1924 yil fevralida Buxoro Kompartiyasi chegaralanish masalasini ko'rib chiqdi. Unda O'rta Osiyoning ma'muriy tuzilishi yuzasidan taklif etilayotgan, barcha turkiy xalqlarning ildizi birligini hisobga olmaydigan siyosat o'tmish istilochilari siyosati bilan aslida bir deb aytildi. O'rta Osiyo byurosi tezislardagi bu fikrlarni xato deb e'lon qilib, qattiq tan-qid ostiga oldi. Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti va Turkiston kompartiyasining 10 martdagi birlashgan kengashida atoqli partiya xodimlari S.Xo'janov, S.Asfandiyorov, N.Paskutskiy O'rta Osiyodagi mavjud sovet respublikalari o'rnida O'rta Osiyo federatsiyasini tuzish to'g'risida taklif kiritdilar. Shu bilan birga S.Xo'janov Turkiston yagona, bir butun va uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas, deb qo'shimcha qildi.

Xorazm rahbarlarida ham alohida fikrlar mavjud edi. 1924 yil martida ular respublika doirasida: turkmanlar, o'zbeklar, qirg'izlarning "sud ishlari... shariat bo'yicha olib boriladigan, milliy tillardagi... maktablari bo'lgan muxtor viloyatlarini tuzishni taklif etdilar. 8 may kuni bir guruh Xorazm rahbarlari RKP(b) Markaziy Komitetiga "Xorazmda milliy masalani hal qilish to'g'risida maktub" yuborib, unda Xorazmni chegaralanishga qo'shmaslikni iltimos qildilar. Ular o'zlarining shu nuqtai nazarlarini respublikaning olisda joylashganligi, iqtisodiy jihatdan ajralib turganligi bilan asosladilar. Bu nuqtai nazarni Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komiteti, jumladan, Qalandar Odinayev (1897-1938) ham qo'llab-quvvatladi. Qalandar Odinayev 1922 yil oktabriga qadar Amudaryo viloyatida, so'ngra Xorazmda RKP(b) Markaziy Komiteti O'rta Osiyo byurosi vakili bo'lib ishladi. 1924 yil iyulda Q. Odinayev Xorazm Kompartiyasi mas'ul kotib vazifasidan olib tashlandi.

Munozaralar tobora qizib bordi. Stalin "Millatlar o'rtasidagi nizolarga xotima berish" uchun chegaralanishni amalga oshirishga kirishishni taklif etdi. 1924 yil 12 iyunda RKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi O'rta Osiyoda chegaralanish to'g'risidagi masalani yana bir ko'rib chiqdi va uni o'tkazish to'g'risida qaror qabul qildi. Xorazm respublikasi chegaralanishga kiritilmadi, lekin 1924 yil 26 iyulda Xorazm Kompartiyasi respublikaning chegaralanishga kiritilishiga o'zining roziligini bildirdi.

5. O'zbekiston SSRning tashkil etilishi. Chegaralanish yakunlari. Turkistonda, Buxoro va Xorazm respublikalarida amaliy ish boshlab yuborildi. Komissiyalar va kichik komissiyalar bo'lg'usi tuzilmalarning hududlari va chegaralari to'g'risidagi masalani ishlab chiqdilar. Boshqaruv apparatlari tuzib, rejalar, iqtisodiyot, byudjet, yer-suv muammolarini, maorif, sog'liqni saqlashni tashkil qilish muammolarini va boshqalarni hal qildilar. Siyosiy tushuntirish ishlari olib borildi. Materiallar matbuotda e'lon qilinar, miting va yig'ilishlar o'tkazilar edi. Milliy-hududiy chegaralanish o'tkazilishini ma'qullab rezolyutsiyalar qabul qilindi. 1924 yil 31 oktabrda O'zbekiston SSR Inqilobiy Komiteti (revkom) tuzildi, u O'zbekiston respublikasi tuzishni boshqarib bordi.

O'rta Osiyo milliy-hududiy chegaralanish komissiyasi a'zolari (1924 yil, Toshkent).

Buxoroda maxsus qurilgan Xalq uyida 1925 yil 13 fevralda Sovetlarning 1 umumo'zbek qurultoyi ochildi. LJnda "O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilgani to'g'risidagi deklaratsiya" qabul qilindi. O'zbekiston hukumatining boshlig'i qilib Fayzulla Xo'jayev saylandi. S'yezd respublika hokimiyatining oliy organlarini rasmiylashtirdi. Respublika sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti raisi etib Farg'ona vodiysidan chiqqan dehqon, "Qo'shchi" ittifoqining raisi Yo'ldosh Oxunboboyev (1885-1943) saylandi. Jamoat tashkilotlari ham tuzildi. O'zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro bo'lgan. Biroq ko'p o'tmay-1925 yil aprelida poytaxt Samarqandga ko'chirildi. O'zbekiston SSR keyinchalik-1925 yil mayda SSSR tarkibiga kirdi. 1929 yilgacha Tojikiston ASSR O'zbekiston SSR tarkibida bo'lgan.

Tuzilgan O'zbekiston SSRga TSSRdan Sirdaryo, Farg'ona va Samarqand viloyatlarining katta qismi, sobiq Buxoro Xalq Sovet Respublikasidan uning markaziy va g'arbiy qismlari, ya'ni Zarafshon, Surxondaryo va Qashqadaryo vodiylari, shuningdek, Xorazm vohasi kirdi. O'zbekiston SSR hududi 312394 kv.km ni ishg'ol qildi. O'zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi, bu muxtor respublika keyinchalik Tojikiston SSRga aylantirildi. O'zbekiston SSRning o'z aholisi, 1926 yildagi ro'yxatga olish ma'lumotlariga qaraganda, 4447555 kishini tashkil etdi, ularning 74,2 foizi o'zbeklar edi. Respublikaga 1195 ming desyatina sug'oriladigan yer, ishlab turgan 185 ta sanoat korxonalari kirdi. Bu korxonalar orasida 39 ta paxta tozalash zavodi bor edi. O'zbekiston SSR sanoatida 87 ming ishchi ishlardi.

Milliy-hududiy chegaralash O'zbekiston xalqlari uchun har tomonlama boshqacha ahamiyatga ega bo'ldi. U xalqning ijtimoiy-siyosiy hayotiga, madaniyatiga, an'analariga katta ta'sir ko'rsatdi. Mintaqa kartasi qaytadan tuzildi. O'zbekiston SSRning tuzilishi esa O'zbekiston xalqi davlat tuzilishi tarixida diqqatga sazovor voqealarning biri bo'lib qoldi. Lekin bu o'zbek davlatchiligi tarixiga asos solindi, degan ma'noni anglatmaydi, albatta. Xalqimizning davlatchiligi ko'p asrlik tarixga ega. O'zbekiston SSR esa amalda hech qanday mustaqil siyosiy huquqlarga ega emas edi, chunki u mustabid sovet tuzumining yangi shaklidagi bir qismi edi, xolos.

19-§. Qoraqalpog'iston 1917-1924 yillarda

1. Amudaryo bo'limida ijtimoiy-siyosiy vaziyat va sovet hokimiyatining qaror topishi. 1917 yil fevralda chorizmning ag'darilishi qoraqalpoq xalqining hayotiga ham kuch-ta'sir ko'rsatdi. Qoraqalpoqlar bu paytda asosan Turkiston general-gubernatorligiga qarashli Amudaryo bo'limi-okrugi (markazi Petro-Aleksandrovsk-hozirgi To'rtko'l shahn) va Xiva xonligining ayrim bekliklarida istiqomat qihshgan. Mart oyida To'rtko'lda soldat deputatlari soveti tashkil qilindi. 1917 yil oktabrdan to 1918 yil boshlanga qadar Amudaryo bo'limi komissari vazifasim gidrotexmk V Palishev egallab turdi. Bu davrda hokirmyat tizimida keskin o'zgarishlar sodir bo'ldi. Amudaryo bo'limi tasarrufidagi ovul va qishloqlar aholisi To'rtko'l ma murlaridan hech qanday harbiy va moddiy ko'mak olmasdan o'z-o'zini mudofaa qilish otryadlarini tashkil etdi, ularga nufuzli urug' boshliqlari hisoblangan Xon Maxsum-Ubaydulla Bohautdinov (1887-1956), Bola biy va boshqalar yetakchilik qilishdi. Qoraqalpoq xalqi urug yo'lboshchilari tevaragiga qiyinchihk bilan bo Isa ham birlasha boshladi, chunki ocharchilik, qurg oqchihk, tartibsizlik va qaroqchilik hujumlari xavf solayotgan edi. 1918 yil aprelda Amudaryo bo'limi Turkiston respublikasi tarkibiga kiritilganligi e'lon qihndi 19 8 yilning ikkinchi yarmidan boshlab Amudaryo bo'limida vaziyat keskin o'zgardi. Bu eng avvalo bolsheviklar faoliyati va qizil gvardiyachilar otryadlanmng xatti-harakatlari bilan bog'liqdir. Bolsheviklar Amudaryo bo'limiga Chorjo'y va Toshkentdan qizil gvardiyachilar otryadlarini jo'natishdi. To'rtko'l shahri bolsheviklar hokimiyatining tayanchi, uning harbiy bazasiga aylantirildi. Ular Amudaryo bo'limi hududida turib, Xiva xonligiga qarshi harbiy harakatlarga puxta tayyorlandilar.

Bolsheviklar qizil gvardiyachi otryadlarga tayanib, 24 ta hunarmandchilik va baliq korxonalari, paxta tozalash zavodlari, bog'lar, dorixonalar, kasalxonalar va badavlat kishilarning uylari va yerlarini musodara qildi. Yangi hokimiyat komissarlari mahalliy kengashlarga saylov o'tkazdilar, biroq saylovda savdogarlar, ruhoniylar, mulkdorlar ishtirok qilishiga yo'l qo'yilmadi. Bolsheviklarning sinfiy prinsip asosida mahalliy kengashlarga o'tkazgan saylovlari milliy va mahalliy xususiyatni e'tiborga olmadi, qoraqalpoq jamoalari urug'chilik asosida tuzilganligiga amal qilinmadi. Saylovlar jarayonida poraxo'rlik va zo'ravonlik avj oldi. Yangi hokimiyat asrlar davomida shakllangan an'anaviy sharqona hayotni, qoraqalpoq xalqi turmushida faol rol o'ynab kelayotgan biylik boshqaruv usulini barbod qilishga kirishdi.

Bolshevik komissarlar ulamolar, shuningdek, madrasalar, masjidlar va cski maktablarni xalqning tafakkuri uchun kurashda o'zining asosiy raqobatchilari deb hisoblab, Amudaryo bo'limidagi diniy arboblarga "salib yurishi"ni o'tkazdi. Qizil askarlar o'rtasida iclikilikbozlik, o'g'rilik, poraxo'rlik. talonchilik, ayollarni zo'rlash avj oldi. Aholining aksariyat qismi yangi hokimiyatning bunday siyosatidan norozi bo'lib, unga qarshi kurashga chog'landi. Mahalliy aholining bu kurashini Ural kazaklari (ular 1874 yili Amudaryo bo'limiga ko'chirilgan edi) ham qo'llab-quvvatlashdi.

2. Chimboyda sovet hokimiyatiga qarshi isyon. 1919 yil iyun oyining oxirida Chimboy uchastkasining Zair posyolkasiga maxsus komissiya jo'natildi. Ularga berilgan farmoyishda "3-Zair kazaklar harbiy bo'linmasidagi burjua unsurlarini qurolsizlantirish" kerakligi ko'rsatilgan edi. Biroq, 3-Zair kazaklar harbiy bo'linmasi maxsus komissiyaga bo'ysunmasdan, Chimboyga ketib qoldi.

Bolsheviklarning Amudaryo soveti 29 iyulda maxsus qaror qabul qilib, Chimboyga RSFSRning Xiva xonligidagi favqulodda vakili A.Xristoforov boshchiligidagi maxsus komissiyani yubordi. Komissiya raisiga favqulodda huquqlar berilgan edi. Biroq komissiyaning urallik kazaklar atamani M.Filchyev bilan olib borgan muzokaralari muvaffaqiyat keltirmadi. Shunda komissiya Chimboy ijroiya qo'mitasini tarqatib yuborib, uning o'rniga Chimboy uchastkasi inqilobiy qo'mitasi (peBKOM)ni tuzdi. Bu holat Chimboyda sovet hokimiyatiga qarshi isyon ko'tarilishiga olib keldi. 10 avgust kuni favqulodda komissiya To'rtko'ldan harbiy yordam so'radi. Chimboyga bu yerdan qizil askar otryadlari jo'natilgan bo'lsa ham, ular qamalga tushib qoldi. 14 avgustda maxsus komissiya a'zo-lari qamoqqa olindi. Tez orada qo'zg'olonchilar Nukus qal'asini ishg'ol qildilar. 17 avgustga kelib Chimboy uchastkasi va Mo'ynoq tumani hududi butunlay bolsheviklardan ozod qilindi. Shu tariqa, Amudaryo bo'limining shimoliy qismida bolsheviklarsiz xalq hokimiyati o'rnatildi. Xalq hokimiyatining boshlig'i qilib urallik kazak Mixail Filchyev saylandi. Uning tarkibiga qoraqalpoq biylaridan Xon Maxsum (U. Bohautdinov), Ibrohim Odilov, Bola biy, Seytnazar Pirnazarov, Inoyat Niyozov va boshqalar kirishdi. Ular faoliyati qoraqalpoqlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.

Bolsheviklarga qarshi harakat tobora keng ko'lam kasb etib bordi. Sovet rejimi Amudaryo bo'limiga o'zining yangi harbiy qismlarini jo'natdi. 11 noyabrda N.Shaydakov boshchiligidagi qizil askarlar Nukus qal'asini bosib olishdi. Oradan ko'p o'tmay Xiva xonligi tugatildi. 1920 yil 18 fevralda Turkkomissiya vakili G.Skalov bilan muxolifatdagi kuchlar yo'lboshchisi o'rtasida sulh bitimi imzolandi. Unga ko'ra, Chimboy uchastkasida muvaqqat inqilobiy qo'mita tuzildi. Kazaklarning urf-odatlari va turmush xususiyatlaridan kelib chiqib, ularning o'z-o'zini boshqaruviga ruxsat etildi. Qo'zg'olonchilarga amnistiya berildi. Mazkur bitimning asosiy qoidalari 20 mayda Zakaspiy fronti qo'shinlari Amudaryo gruppasi qo'mondonligi bilan qoraqalpoqlar va kazaklar o'rtasida tuzilgan sulh shartnomasi bilan tasdiqlandi.

Biroq oradan ko'p o'tmay bolshevik komissarlar o'z va'dalarini unutdilar, 1921 yil fevralda Chimboy uchastkasida isyonning sobiq ishtirokchilaridan 24 kishi hibsga olindi. Xon Maxsum va boshqalar Sibirga surgun qilindi. Yirik yer egalari va savdogarlar-75 kishidan 10.000 Rossiya chervon rubli miqdorida tovon puli undirib olindi.

Amudaryo bo'limida bolsheviklar amalga oshirgan to'ntarish va sovet rejimi mahalliy aholiga katta zarar va azob-uqubatlar keltirdi. Agar to'ntarishga qadar bu yerda 232700 kishi yashagan bo'lsa, 1920 yilga kelib ulardan atigi 113440 kishi qolgan edi, xolos. Chorvador aholining ko'pchilik qismi ocharchilik natijasida ham nobud bo'ldi.

Amudaryo bo'limida qoraqalpoqlardan tashqari o'zbeklar va qozoqlar ham yashashgan. Bo'limning janubi-sharqiy hududida asosan o'zbeklar istiqomat qilgan.

3. Amudaryo viloyatida iqtisodiy o'zgarishlar. Ma'muriy jihatdan Amudaryo bo'limi ko'p bog'onali boshqaruv tizimiga ega bo'lgan: u maorif va sud ishlari bo'yicha Samarqand viloyatiga, harbiy xo'jalik va sovet qurilishi bo'yicha Sirdaryo viloyatiga, ayrim favqulodda holatlarda bevosita Turkiston respublikasi MIK va XKSga bo'ysunar edi. Bolsheviklar hokimiyati tomonidan Amudaryo bo'limini boshqarish shu tariqa murakkablashtirilgan edi.

1920 yil oktabr oyida Turkiston MIK Amudaryo bo'limining 1917 yildagi hududi doirasida unga viloyat maqomini berdi. Sho'raxon va Chimboy uchastkalari shu nomli uyezdlarga aylantirildi. Viloyat markazi sifatida To'rtko'l shahri e'lon qilindi. Amudaryo viloyatining inqilobiy qo'mitasini Turkiston MIK tayinladi.

Bolsheviklar hukmronligi Amudaryo viloyatining iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Harbiy kommunizm davrida ekin ekiladigan umumiy maydon 1917 yildagi 57950 desyatinadan 1920 yilda 47000 desyatinaga, olinadigan yalpi paxta hosili 1917 yildagi 433000 puddan 1920 yilda zo'rg'a 88000 pudga yetdi. G'alla ekinlari deyarli 3 baravar kamayib, chorva mollar soni 500000 boshdan 201000 boshga tushib qoldi.

Amudaryo viloyatida yangi iqtisodiy siyosatning joriy etilishi dastlabki yillarda bir qadar ijobiy siljishlarga olib keldi. Viloyatdagi chorva mollar soni 1921 yildagi 201000 boshdan 1922 yilda 233000 boshga yetdi. Bu paytda 200 ta mayda xususiy savdo korxonalari faoliyat ko'rsatardi. Ariqlarning kengaytirilishi va uzaytirilishi, yangi dambalar qurilishi va eskilarining mustahkamlanishi qishloq xo'jalik ekinlari ekiladigan maydonlarni ancha ko'paytirish imkonini berdi. Biroq yetishtirilgan mahsulotlarning aksariyat qismi Rossiyaga tashib ketilardi. 1921-1924 yillarda viloyatdan jami 339521 pud baliq Markazga olib ketildi.

Amudaryo viloyatida yangi iqtisodiy siyosat va yer islohotining o'tkazilishi iqtisodiy ahamiyatdan ham ko'ra ko'proq siyosiy ahamiyatga ega bo'ldi. Yer-suv islohoti natijasida qishloq aholisining oz qismiga yer berildi, xolos. Oradan ko'p o'tmay yangi iqtisodiy siyosat tugatildi va dehqonlar qo'lidagi yerlar davlat tomonidan tortib olindi.

1917-1924 yillarda Qoraqalpog'iston hayotiga bolsheviklar tomonidan tiqishtirilgan mustabid sovet rejimi va uning siyosati qoraqalpoq xalqining asriy orzu-umidlariga javob bermadi.

II b o b. O'zbekiston mustabid tuzum iskanjasida

(20 yillarning ikkinchi yarmi-30 yillar)

20-§. O'zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayot.

Mustabid hokimiyat tizimining mustahkamlanishi

1. Mustabid apparatining yanada takomillashishi va kuchayishi. 1925 yil fevralida milliy-hududiy chegaralash o'tkazilganidan keyin O'zbekiston Sovetlarining 1 qurultoyi "O'zbekiston SSR tuzilgani to'g'risidagi deklaratsiya"ni tasdiqladi. 1925 yil 13 may kuni SSSR Sovetlarining 3 qurultoyida O'zbekiston SSR Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tarkibiga qabul qilindi. Xalq komissarliklari va idoralari tuzildi. Ittifoq va respublika boshqaruv muassasalari bir xilda edi; qarorlar va asosiy masalalar, odatda, Markazda qabul qilinar va hal etilardi. Respublikaning davlat va xo'jalik apparatiga yordam berish va uni nazorat qilish uchun Markazdan vakillar yuborildi. VKP(b) tutgan yo'l shu vakillar orqali amalga oshirildi. Biroq ular o'zbek tilini, xalqning rasm-rusmlari va odatlarini bilmas, mahalliy tartibning o'ziga xosligini inkor qilardilar.

O'rta Osiyo respublikalarining xalq xo'jaligi va madaniyati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida 1923 yilda tashkil etilgan, O'rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi - CpeдазЭКОСО 1926 yilda qayta tuzildi. 20 yillarda boshqa respublikalararo boshqaruv organlari: O'rta Osiyo suv xo'jaligi boshqarmasi (Средавадхоз), O'rta Osiyo Davlat plan qo'mitasi (Cpeдазгосплан), O'rta Osiyo Xalq xo'jaligi Oliy Kengashi, VTsSPS (Bcecoюзный центральный совет профессиональных) O'rta Osiyo byurosi, turli Ittifoq xalq komissarliklarining filiallari ham tashkil etildi.

O'zbekiston SSRda davlat hokimiyatining rasman qonun chiqaruvchi oliy organi Sovetlarning okrug va rayon qurultoylari tomonidan saylanadigan vakillardan tarkib topadigan Sovetlar qurultoyi bo'ldi, respublika davlat boshqaruvining oliy organi esa Xalq Komissarlar Kengashi bo'lib qoldi.

O'zbekiston Kompartiyasining birinchi Ta'sis qurultoyi 1925 yil 6-12 fevralda Buxoroda bo'lib o'tdi. Qurultoyda partiyani yot unsurlardan tozalash, guruhbozlikni tugatish borasida tortishuvlar bo'ldi. Unda Vladimir Ivanov va Akmal Ikromov (1898-1938) O'zbekiston Kompartiyasining kotiblari qilib saylandi. Shu partiyaning 2 qurultoyida (1925 yil 22-30 noyabr), jumladan, yer islohoti. kooperativ harakat, sovet qurilishi to'g'risidagi ma'ruzalar tinglandi. Shu bilan birga, "yot unsurlar" (kommunistlarning muxoliflari, mulkdorlar va ularning tarafdorlari) yana bir karra qoralandi, saflarni yangidan tozalashga, guruhbozlar kurashini tugatishga da'vat etuvchi chaqiriqlar yangradi va hokazo.

Biroq, ayniqsa, milliy masala yuzasidan keskin muxoliflik kurashi davom etdi. O'zbekiston Kompartiyasining 3 (1927 yil) va IV (1929 yil) qurultoylarida bu masalalar muhim o'rin egallab keldi.

Qishloqda 1921 yildayoq yuzaga kelgan "Qo'shchi" ittifoqi ommaviy tashkilot bo'lib qoldi. 20 yillarning o'rtalarida uning saflarida qishloq ahlidan 160 ming nafarga yaqin kishi bor edi. "Qo'shchi" tashkiloti mahal-liy aholi rnanfaatlarini himoya qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. Lekin uning faoliyatini paxiachilikni agrotexnika, irrigatsiya va melioratsiya asosida rivojlantirish, dehqonlarni traktorlar, kimyoviy o'g'itlardan foydalanishga, yerni erta haydashga, almashlab ekishni joriy qilishga o'rgatishga qaratdilar.

20 yillarda boshqa ijtimoiy-siyosiy va jamoat tashkilotlari: kasaba uyushmalari, komsomol, Osoaviaxim, turli ilmiy-texnik va ijodiy jamiyatlar ham faoliyat ko'rsatdi.

1927 yil martida O'zbekiston SSR Sovetlarning 2 qurultoyida Konstitutsiya qabul qilindi. Bu Konstitutsiya matnidagi O'zbekiston Sovet Respublikasi teng huquqli Ittifoq a'zosi sifatida SSSR tarkibidan chiqishi mumkinligi to'g'risidagi qoida shunchaki bir deklarasiyadan boshqa narsa emas edi.

Konstitutsiyada e'lon qilingan respublika mustaqilligi harqalay uning amalga oshishiga umid uyg'otardi. Eng muhim muammolardan biri kadrlar muammosi bo'lib qoldi. Chunki davlat hokimiyati va xo'jalik boshqaruvi muassasalaridagi milliy mutaxassislar soni juda kam edi.

2. Davlat apparatini "mahalliylashtirish" niqobi ostida. Mahalliylashtirish aslida davlat va xo'jalik apparatiga mahalliy millat vakillarini keng jalb qilish, ish yuritishni mahalliy tillarda olib borishni talab etuvchi masala edi. Lekin amalda ish yuritish rus va o'zbek tillarida olib borildi, borgan sari rus tili ustun bo'la boshladi.

Rusiyzabon aholi, ayniqsa, maktab o'qituvchilari va talabalarning o'zlari yashab turgan respublika tilini o'rganishi rasman shart qilib qo'yilgan bo'lsa ham, lekin bunga amal qilinmadi.

O'zbekiston SSR davlat muassasalarini o'zbeklashtirish (mahalliylashtirish) bo'yicha tuzilgan komissiyaning majlisi (1926 yil, Samarqand).

Arab yozuviga asoslangan qadimgi o'zbek yozuvini 1929 yili lotin alifbosi, 1940 yili esa kirill alifbosiga almashtirish ham milliy o'ziga xoslikni bo'g'ish bo'ldi. Bu narsa xalqning boy tarixiy o'tmishidan ajralib qolishiga olib keldi, ma'naviy izchillikka ziyon yetkazdi.

1930 yil oxirida hukumat qarori bilan respublika poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko'chirildi.

Respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayoti 30 yillarda sovet tartibotining mustahkamlanishi va shaxsga sig'inishning kuchayib borishi sharoitlarida o'tdi. Markaz va joylarda partiya byurokratlar apparati tobora kuchayib bordi.

Respublikaning butun ijtimoiy-siyosiy hayoti kommunistik partiyaning qattiq nazorati ostida o'tardi. Bu juda murakkab va qiyin davr bo'ldi. 1929 yili o'tkazilgan tozalash natijasida partiya a'zolarining 15,6 foizi uning saflaridan chiqarildi; shu bilan birga, asosan aybsiz odamlar jabr tortdi.

Partiya o'zining rahbarlik rolini kuchaytirish maqsadida sovetlar, kasaba uyushmalari, komsomol va boshqa ommaviy tashkilotlarning ishini yangidan tuzishni amalga oshirdi. Yalpi jamoalashtirish amalga oshirilishi munosabati bilan qishloq sovetlari va rayon ijroiya komitetlariga muddatidan ilgari saylovlar o'tkazildi. Qishloq sovetlari kolxoz-sovxoz qurilishida, qishloqning siyosiy va xo'jalik hayotida partiya yo'lini amalga oshiradigan ijrochi organlarga aylanib bordi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling