Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
Respublikaning xo'jalik boshqaruv organlari tashkil topdi. Xorazm Iqtisodiy Kengashi (1923 yil) raisi Burhonov edi. 1924 yil bahorida respublika davlat plan komissiyasini tuzishga kirishildi. Bu organlar O'rta Osiyo Iqtisodiy Kengashiga bo'ysunar edi. Xorazm Iqtisodiy Kengashining tuzilishi va faoliyat ko'rsatishi Xorazm respublikasining Rossiyaga iqtisodiy qaramligini kuchaytirdi. Hokimiyat tizimining cheklanmagan darajada kengayib borishi, shuningdek, siyosiy sabablar bilan o'zgartirilishi ham ko'zga tashlandi. Chunonchi, 1923 yil kuzida davlat apparati 10 marta qisqartirildi, "chistka"lar o'tkazildi. 2. G'oyaviy-siyosiy kurash: mazmun va mohiyat. Respublika tuzilgan dastlabki oylarda Xorazmda g'oyaviy-siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. Buning sabablari Yosh xivaliklar, aholining ko'pchiligiga xos bo'lgan liberal, demokratik g'oyalar bilan so'l-ekstremistik inqilobiy siyosat o'rtasidagi nomuvofiqlik va ziddiyatlar bo'ldi. Yosh xivaliklar hukumati, respublika MIK, boshqa mil-liy rahbar doiralar sharoitni, aholining urf-odatlari, qadriyatlarni e'zozlab ish olib bordilar. Ammo qurolli tajovuz jarayonida Xorazmga kirib kelgan qizil qo'shinlar, ularning qo'mondonligi, dastavval yevropalik bolsheviklar respublikadagi ijtimoiy-siyosiy hayotga salbiy ta'sir ko'rsatdilar. Mahalliy sharoitni, xalq ommasi qarashlari, kayfiyatini nazar-pisand qilmay, tezkorlik bilan inqilobiy-ekstremistik chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishdilar. Yaqindagina tuzilgan Xorazm kompartiyasi orqali siyosiy, ijtimoiy, xo'jalik o'zgartirishlarini joriy qilish yo'li tutildi. Ammo bu partiyaning siyosiy tajribasi bo'lmay, u keng omma bilan aloqa o'rnata olmagan, o'z mustaqil dasturiga ega emas edi. Shunga qaramay, bu partiyaning yakka rahbarligini o'rnatish chora-tadbirlari ko'rildi. Islom dini, masjidlar, madrasalar, ruhoniylarga, Yosh xivaliklar hukumatiga qarshi g'alamislik siyosati yurg'izildi. Vaqf mulklariga tahdid solindi. Yosh yigit-qizlarni inqilobiy ta'sir doirasiga tortishga harakat qilindi. Dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlarning huquqlari poymol etildi, mol-mulklari tortib olindi. Bunga, shuningdek, odamlarni tribunallar orqali va hatto sudsiz otib tashlashlarga Turkkomissiya vakili Skalov, boshqa harbiylar boshchilik qildilar. Ahvol bilan tanishish uchun Toshkentdan yuborilgan Broydo sodir etilayotgan jinoyatlar, ayollarni xo'rlashni o'z ko'zi bilan ko'radi, ma'lumotnomasida bu haqda ochiq yozadi. Lekin xalqqa qarshi amaliyot davom etadi. Bolshevikcha zo'ravonlarga qarshi ommaviy noroziliklar, hatto g'alayonlar ko'tarildi. Chunonchi, 1920 yil yozida Xivada katta yig'in bo'ldi, unda qizil armiyani, bolsheviklarni mamlakatdan haydash, islom diniga qarshi unsurlarni jazolash qat'iyan talab qilindi. Bunga javoban yig'inda qatnashgan ruhoniy va oqsoqollardan 320 ga yaqin kishi qamoqqa olindi, ulardan bir qismi tergov va sudsiz otib tashlandi, qolganlar surgun qilindi. Vaqf mulklariga munosabat hokimiyat organlari e'tiborida bo'ldi, bu orada kurashlar davom etdi. 1920 yilda vaqflarni umuman yo'q qilish haqida e'lon qilindi, biroq Xorazm sovetlarining I1 qurultoyi (1920 yil may) bu qarorni bekor qildi. Vaqf davlatdan ajratildi, fuqarolarning shaxsiy ishi deb qaror qilindi. Lekin 4 qurultoy (1923 yil oktabr) vaqf yerlarini musodara etish haqida qaror chiqardi. Bu masala bolsheviklar tomonidan dast-lab 1920 yilda ko'tarilganida katta norozilik bildirilgan edi. Nozirlar kengashi raisi P.Yusupov "vaqflar daxlsiz bo'lib, ulardan tushgan mablag' asosan masjidlar, madrasalar va mullalarga xarajat qilinadi", deb qat'iy uqtirdi. Natijada P.Yusupov hukumatiga qarshi fitna uyushtirilib, u 1921 yil 6 martda ag'darildi. Uning bir necha a'zolari qamoqqa olindi, hokimiyat revkom qo'liga o'tdi. Bu voqea mintaqada qattiq qoralandi. 1920 yil sentabr oyida bolsheviklar, qizil armiya qo'mondonligi yana bir qabih xunrezlikni amalga oshirdi. Hukumat raisi muovini Qo'shmamedxon qo'mondonligi ostidagi turkman suvoriylari otryadi Junaidxon bilan aloqada gumon qilinib, hiyla yo'li bilan Xivaga chaqirib olindi va qo'qqisdan qurolsizlantirilib, 600 dan ortig'i otib tashlandi. Turkman aholisi ustiga jazo otryadlari tashlandi, mollar talandi, natijada ko'p xo'jaliklar Eron hududiga ko'chib ketdi. Qizil armiya qismlarining bu jinoyatlarini Turkkomissiya raisi ham tan oldi. G'oyaviy-siyosiy kurash davom etdi. Xalq ommasi, uning ilg'or vakillari mustaqillik uchun, adolatsizlikka qarshi kurashni to'xtatmadilar. 1923 yil bahorida savdo-sanoat noziri Nurullayev RSFSRda muzokaralarda qat'iylik ko'rsatgani uchun Xorazmga chaqirilib, qamoq-qa olindi. Rossiya rahbariyatining ko'rsatmalari asosida 1923 yil yoz-kuzida Xorazm respublikasida tub siyosiy to'ntarish amalga oshirildi. Respublika hukumati sav-dogarlar va ruhoniylar qo'lida, shu sababli u kambag'allarga zid ish ko'rgan, deb e'lon qilindi. Qator nozirlar qamoqqa olindi. Konstitutsiyaga jiddiy o'zgartirishlar kiritildi. Aholining bir necha qatlamlari fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi. 4 qurultoyda 20SR Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi (XSSR) deb o'zgartirildi. Buning natijasida aholi noroziligi jiddiy tus oldi, 1924 yil yanvarida katta g'alayon ko'tarildi. Xiva atrofida 15 mingdan ortiq olomon to'plandi. Qo'zg'olonchilar bolsheviklarni, qizil armiyani Xorazmdan haydashni, so-liqlar borasida adolat o'rnatilishini, islom dinining tahqirlanishiga barham berilishini, gunohsiz qamalganlarning ozodlikka chiqarilishini talab qildilar. Xivaga yordamga kelgan qizil qo'shinlar tazyiqi bilan qo'zg'olonchilar tarqaldilar. Lekin 214 kishi qamoqdan ozod qilindi, dinni ta'qib qilishga chek qo'yildi, qishloq xo'jaligi solig'i 80 foizga qisqartirildi. 3. Xalq xo'jaligining ahvoli, aholining turmush darajasi. Jamiyatdagi holat, siyosiy vaziyat respublika iqtisodiyoti, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, tijoratchilarning ahvoli va faoliyatida ham o'z aksini topdi. Hukumat, boshqaruv organlaridagi Yosh xivaliklar iqtisodiyotni ko'tarishga kirishdilar. Respublika hukumatining faoliyati tashqi savdoni tartibga solish va jonlantirishga qaratildi. 1921 yil noyabrida tashqi savdo bilan shug'ullanish hukumat nazorati ostiga olindi. Paxta, jun, qorako'l teri, beda urug'i, g'allani tashqariga chiqarish taqiqlandi. Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy savdo aloqalarida mustamlakachilik ko'rinishlarining oldini olishga harakat qilindi. Butun-xorazm sovetlarining 2 qurultoyi Rossiya bilan savdo aloqalari teng asosda olib borilishi kerak, shundagina Xorazmda xo'jalikni ko'tarish mumkin, shu asnoda an'anaviy hamkorlar bilan "respublika tashqi savdosini" rivojlantirish lozim, deb uqtirgan edi. Respublika MIK 1922 yil martida "Bizning mamlakatimiz yana avvalgi mustamlaka bo'lib qolmasligi uchun yetishtiriladigan xom ashyo o'z mamlakatimizda ishlanadigan bo'lsin", degan masalani ilgari surdi. Bu ko'rsatmalarni amalga oshirish yo'lida amaliy qadamlar tashlandi. Biroq bu harakatlar bolsheviklar va kompartiyaning jiddiy qarshiligiga uchradi. Mulkdorlar ekspropriatsiya qilindilar, oziq-ovqat razvyorstkasi asosida dehqonlardan g'alla, yem-xashak, mollar tortib olindi. Respublikaning muvaqqat revkomi ko'p sonli ot va tuyalarni rekvizitsiya qildi, ularning ko'pi nobud bo'ldi. G'azablangan dehqonlar turli idoralarga shikoyat qildilar. Kompartiya vakillari hukumat oldiga vaqf yerlari hamda musodara qilingan xon yerlarini kam yerli va yersiz dehqonlarga taqsimlab berish talabini qo'ydilar. Bu talab diniy e'tiqodni oyoqosti qilar, noroziliklarni keltirib chiqarar, agrar munosabatlarni chigallashtirib yuborardi. Tabiiyki, Yosh xivaliklar bu talabni rad qildilar. Soliqlarning tartibga soiinmagani va pul muomalasining buzilib ketishi xo'jalik munosabatlariga o'ta salbiy ta'sir ko'rsatdi. RSFSR qog'oz pullari Xorazmda muomalaga kiritildi va ularning ko'p miqdorda keltirilishi ahvolni yanada og'irlashtirdi. Respublikaning o'zida ham qog'oz pullarni hisobsiz chiqarish (pul emissiyasi) davom etib, bu vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Respublika tuzgan bitimga ko'ra paxta, mo'yna, gilamlar, jun, beda urug'i, terini faqat RSFSRga berishi, tashqi savdoga davlat monopoliyasini joriy qilishi va evaziga Rossiya mollarini olishi kelishilgan edi. Ammo tovar ayirboshlash bo'lmadi, chunki RSFSRda xo'jalik vayronaligi hukm surardi. Xalq xo'jaligi inqirozga yuz tutdi. 1922 yilga kelib sug'oriladigan ekin maydonlari uchdan ikkiga qisqardi va 150 ming desyatinani tashkil etdi. Paxta maydonlari esa 1916 yildagi 90 ming desyatinadan qariyb 4 ming desyatinaga tushib qoldi. 20 yillar boshida 14 ta paxta tozalash, yog'-sovun zavodlaridan atigi 3 tasi ishlar edi. Aholining moddiy ahvoli og'iriashdi, ba'zi joylarda ocharchilik yuz berdi. Xorazmda sug'orish inshootlari O'rta Osiyoda eng rivojlangan darajada edi. Endi kanallar tozalanmay, botqoqlashib qoldi, tashlandiq bo'lib quridi.. Urushdan oldin 1 tanob yerdan 4050 pud paxta olingan bo'lsa, 1923 yilda hosil o'rtacha 20 pudni tashkil qildi. Paxtaga talab kamayib ketishi natijasida dehqonlar g'alla ekishga o'tdi. Dehqon xo'jaliklarining daromadi urushdan oldingi davrga nisbatan 1922 yilda qariyb to'rt marta qisqardi. Yangi iqtisodiy siyosatning e'lon qilinishi bilan ko'llar, to'qaylar, karvonsaroylar, korxonalar ijaraga berila boshladi. Paxtachilikni tiklash uchun Xorazmga kerosin, neft, kalishlar, mato, idishlar ajratildi. Bir necha katta-katta ko'priklar qurildi. Telefon simlari tortildi, daryo kemachiligini tiklashga kirishildi. Pul xo'jaligini tartibga solish boshlandi. Ammo ularning roli ancha bo'sh edi. Qishloqda xon davridagi soliqlar bekor qilinishi bilan bir qator yangi soliqlar joriy qilindi. Ulardan dehqonlar uchun eng asosiysi oziq-ovqat solig'i va aroba solig'i bo'ldi. Bu dehqon xo'jaligiga putur yetkazardi. 1923 yilda yagona qishloq xo'jaligi solig'iga o'tildi. Yana aksiz solig'i (importdan olingan) va muhr (gerboviy) to'lovlar ham joriy qilindi. Hunarmandchilik (promisloviy) solig'iga 1923 yilda korxonalar, savdo va hunarmand-kosiblar tortilgan. Xo'-jalik faoliyati bilan shug'ullangan shaxslar patent (ijozat-noma)ga haq to'laganlar, so'ngra olingan daromaddan to'laganlar. 1923 yil solig'i hajmi deyarli to'la-to'kis bajarildi. 1922 yilda paxta muomalasi tashqi savdo mahkamasi tasarrufidan o'tkazildi. Paxta urug'i pulsiz dehqonlarga tarqatildi, ssudalar berildi, soliqlardan ozod qilindi. Paxta maydonlari 1921 yilda 10 ming tanob edi. 1924/25 yilda 85 ming tanobga yetdi va shu davrda paxta hosili 100 ming puddan 800 ming pudga ko'taril-di. Umumiy ekin maydonlari urushdan oldingi daraja-ning 62 %ini, hosildorlik 70-75 %ini tashkil qildi. 1924 yilga kelib 6 ta paxta tozalash, 1 ta yog' zavo-di, 4 ta ko'n zavodi, 110 ta g'isht zavodi, tipografiya, elektrstansiya tiklandi, qog'oz zavodi, shisha zavodi qurildi. Sanoatda davlat sektori ustuvor mavqeni egalladi. Mamlakatda mulkchilikning asosiy shakllari dehqon va hunarmandlar shaxsiy xo'jaliklari, o'rtacha korxona egalari hamda tijoratchi-savdogarlar mulklari, shuningdek, davlat mulklaridan iborat bo'ldi. Davlat mulki va kooperativ mulk tashkiliy pog'onada edi. 1922 yilda savdo oborotining 90 %dan ortig'i shaxsiy kapital qo'lida bo'lgan. Yirik xo'jaliklar barcha xo'jaliklarning 20 dan 1 qis-mini tashkil etdi. 85 % aholining yer maydoni 10 tanobni tashkil qilardi. 60 ming turkman va qozoq-qaraqalpoq xo'jaliklari ko'chmanchi chorvadorlar edi. Musodara qilingan yerlar davlat yer fondini tashkil qilgan, ammo 3-4 yil davomida ularga ekin ekilib, xo'jalikka yetarli foyda bermagan. Bu agrar masalada aniq amaliy yo'lning ishlanmaganligi natijasi edi. 14-§. Buxoro Respublikasida hokimiyat tizimi. G'oyaviy-siyosiy vaziyat va xalq xo'jaligi (1920-1924 yillar) 1. Respublika tuzumi. Xalq hokimiyati faoliyati. 1920 yil sentabr oyi boshida Buxoro revkomi "mustaqil Buxoro Xalq respubhkasi" tuzilganini e'lon qildi. Hukumat, boshqa hokimiyat organlari tashkil etildi. 6 sentabrda ma'muriy tuzilish viloyat, tuman, kent va qishloqlardan iborat bo'lishi belgilandi. 27 beklik o'rniga respublika 15 viloyatga bo'lindi. Quyi hokimiyat bo'g'ini oqsoqolliklar bo'lgan. BXSR rasman mustaqil deb e'lon qilingan bo'lsa ham amalda Rossiyaga qaram edi. Respublikada yetishtirilgan paxta, ipak, qorako'l teri va boshqa xom ashyo mahsulotlarini faqat Rossiyaga sotish mumkin edi. Chet ellarga mahsulot chiqarish huquqidan mahrum qilindi. BXSR o'z milliy armiyasiga, valyutasiga ega bo'lsada, ulardan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlari cheklangan edi. Oldingi ma'murlar (beklar, qozilar, boshqa amaldor-lar) hokimiyatdan chetlashtirildilar, ulardan ko'p qismi hibsga olindi, hatto otib tashlandi. Ba'zi mulozimlar respublika tartibini tan olish sharti bilan yangi hokimiyat tizimlariga xizmatga da'vat qilindilar. Yangi hokimiyatni tashkil qilish uchun 1920 yil 21-30 sentabr kunlari maxsus nazorat guruhi (komissiyasi) poytaxt atrofidagi 8 tumanni aylanib, aholi ishtirokida bir qator xodimlarni tayinladi. Muvaqqat organlari, revkom (inqilobiy komitet)lar ish ko'rib bordi. Yangi qoziliklar (xalq sudlari), maorif bo'limlari va boshqa tashkilotlar yuzaga keldi. Respublika hukumati rais, uning muovinlari nozirliklardan tashkil topdi. Rais Fayzulla Xo'jayev, Buxoro revkomi raisi Abdulqodir Muhitdinov (1892-1934) nozirlar Usmon Xo'ja, Abdurauf Fitrat, Muhitdin Mansurov, Sattor Xo'jayev, Muxtor Saidjonov, Muinjon Aminov, Ota (Otaulla) Xo'jayev va boshqalar bo'lgan. 1920 yil 6-8 oktabr kunlari xalq vakillarining 1 Butun Buxoro qurultoyi bo'ldi. Unda hukumat tizimi va respublika oliy hokimiyati, Buxoro revkomi vakolatlari tasdiqlandi. BXSR tuzilganligi rasmiylashtirildi. Buxoroning mustaqilligi e'lon qilinib, demokratik jamiyat barpo qilish ta'kidlandi. Respublika nozirlar kengashining raisi Fayzulla Xo'jayev (1896-1938) Buxorodagi jadidchilik harakatida faol ishtirok etgan. Yosh buxoroliklar partiyasi rahbarlandan bin, maktab-madrasada o'qigan, Yevropa sivilizatsiyasini o'zlashtirgan. Hukumat raisligidan tashqari harbiy nozir, tashqi ishlar noziri bo'lgan. Yosh buxoroliklarnmg progressiv-demokratik g'oyalariga amal qilgan. Hukumatning boshqa a'zolari, ko'pchilik yangi rahbarlar liberal-demokratik kayfiyatdagi, zamonning e'tiborli, o'qimishli odamlari edilar. 1921 yil sentabrida BXSRning Konstitutsiyasi qabul qilindi. Fuqarolar teng huquqligi, hurriyat e'lon qilindi. Xalq vakillarining 2 Butun Buxoro qurultoyida hoki-miyatning oliy organi-Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) tuzildi. Uning birinchi raisi qilib Usmonxo'ja Po'latxo'jayev (Usmon Xo'ja, 1878-1968) saylandi. Keyinchalik Muinjon Aminov, Porso Xo'jayev MIK raislari bo'ldilar. Buxoro respublikasi siyosiy tizimi boshida Yosh buxoroliklar partiyasi va kompartiyasi (BKP), keyinchalik boshqa ijtimoiy tashkilotlar faoliyat ko'rsat-dilar, hokimiyatda ko'p-chilik Yosh buxoroliklar edilar. Turkiston bolsheviklari ta'siri ostida Yosh buxoroliklar partiyasi BKP bilan qo'shildi, 1920 yil sentabr oyida kompartiya yagona siyosiy partiya bo'lib qoldi. Ammo hokimiyat va boshqa sohalarda Yosh buxoroliklarning reja-dasturi amaliyot asosi bo'lishda davom etdi. Rasman ko'ppartiyaviylik tugatildi. BKP a'zolari soni 17 mingdan 1921 yil 1 yanvariga kelib 4 mingtaga tushdi, 1923 yil yozida 1248 ni tashkil qildi. Partiyada tez-tez "chistka"lar o'tkazildi. Sobiq Yosh buxoroliklar-hukumat rahbarlari, nozirlar, xalq ommasi respublikaning demokratik yo'l bilan rivojlanishi, iqtisodiyot va madaniyatni tiklash, rivojlantirish uchun sa'y-harakatlar qildilar. Ammo dastlabki haftalar va oylarda bolsheviklar, qizil qo'shinlar qo'mondonligi aralashuvi bilan inqilobiy jazo organlari: tribunallar, CHK (favqulodda komissiya), shtablar qoshida siyosiy bo'limlar tashkil qilinib, shiddatli ish olib borildi, inqilobiy mazmundagi ayrim dekretlar, tadbirlar e'lon qilindi. Jumladan, 1920 yil 9 sentabrda "Yer to'g'risidagi dekret", 11 oktabrda oziq-ovqat razvyorstkasi to'g'risidagi dekretlar e'lon qilindi, tezkorlik bilan militsiya tashkil etildi, bir qator keraksiz sho'balar tuzilib, hokimiyat apparati bo'rttirib yuborildi, inqilobiy ekspropriatsiya o'tkazildi, islom dini, ruhoniylar, masjid-madrasalarga qarshi, vaqflarni yo'q qilish choralari, siyosati o'tkazila boshladi. Respublika rahbarlarining ko'pchiligi, jamoatchilik hokimiyat faoliyatiga inqilobiy tus berilishiga qarshi chiqdilar, xalq manfaatlariga zid siyosatni inkor qildilar, demokratik yo'lni tanladilar. 1921 yil yozida, 1923 yilda sovetlarga saylovlar o'tkazildi. Sovetlarning 3 qurultoyida (1922 yil avgust) respublikadagi siyosiy vaziyat, qizil armiya qismlariga munosabat muhokama qilindi, moliya, iqtisodiy, yer ishlari nozirliklari birlashtirilib, Respublika xalq xo'jaligi oliy kengashi tashkil qilindi. Shu yili respublikaning mehnat va mudofaa kengashi tuzildi. Buxoro Iqtisodiy Kengashi (ByxEKOSO), davlat reja qo'mitasi tashkil etildi, respublikaning byudjeti tuzildi. Pul muomalasiga e'tibor qaratildi. Buxoro Iqtisodiy Kengashi, davlat reja qo'mitasi O'rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi rahbarligida, ko'rsatmalari asosida respublika iqtisodiyotini boshqardi. Bu tashkilotlarning tuzilishi respublikaning iqtisodiy mustaqilligini chekladi. 1923 yil yozi-kuzida tashqi kuchlar tazyiqi bilan hukumat tarkibi va mavqeida jiddiy o'zgartirishlar qilindi. Shuningdek, konstitutsiyaga ham o'zgartirishlar kiritildi. Siyosiy vaziyat o'zgarib ketdi. Respublikaning ma'muriy bo'linishi o'zgartirildi, 5 ta okrug (Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Turkman va Sharqiy Buxoro okruglari), 48 ta tuman va 195 ta kent tuzildi". Qishloqlarda oqsoqolliklar o'rniga sovetlar tuzishga kirishildi. 1924 yildan boshlab Buxoro respublikasi O'rta Osiyo hududiy qayta qurish jarayoniga tortildi. 2. G'oyaviy-siyosiy vaziyat. Buxoro respublikasida g'oyaviy-siyosiy hayot demokratik tamoyillarni joriy qilish, yangi ijtimoiy munosabatlarga o'tishga qaratildi. Yosh buxoroliklar tashkiloti rasman yo'q bo'lsa ham, hokimiyat organlaridagi milliy kadrlar, ziyolilar, aholining boshqa qatlamlari targ'ib qilingan islohotlar g'oyalariga amal qildilar. Shu bilan birga, mamlakatga Markazdan kelgan bolsheviklar, ular qo'llagan BKPdagi so'1-inqilobiy unsurlar jamiyat hayotiga rahna soluvchi yo'lni tutdilar. Bolshevik I.Sols Buxoro to'ntarishdan ikki kun o'tgach bunda ikkita asosiy vazifa-"yerlarni tortib olish", mulkdorlarning "iqtisodiy salohiyati ildizini qirqish" hamda "mullalarning g'oyaviy ta'siriga qarshi kurashish" deb ochiqdan-ochiq e'tirof etdi. Bolsheviklarning inqilobiy reja, sinfiy adovat, zo'rlikka asoslangan dasturiga Buxoro mamlakatiga kelgan barcha bolsheviklar, qizil qo'shinlar qo'mondonligi amal qila boshladi. Mamlakat va xalqning boyligi talandi. Qisqa vaqt ichida respublika hududida joylashgan Rossiya qo'shinlari 40 ming kishiga yetdi. Ular respublika bo'ylab garnizonlarga o'rnashdilar. 1920 yil sentabr oktabr oylarida Buxoro, Chorjo'y va boshqa joylarda yuzlab avvalgi amaldorlar qatl qilindilar. Matbuotda "ommaviy qizil terror" o'tkazilishi haqida ochiq xabar qilindi. Ko'p hollarda tribunallar hukm chiqarib, ularni ijro etdilar. Bolsheviklar tazyiqi bilan keyingi yangi hokimiyat amaldorlari ham siyosiy qatag'on qilindilar. Favqulodda komissiya (4K) xalqqa qarshi faoliyatini kengaytirishga intildi. Rossiya qo'shinlari mamlakat hududiga kirib kelayotib, yo'1-yo'lakay dehqonlar mulkini shu qadar ko'p taladilarki, bu hol respublika siyosiy-g'oyaviy muhitiga qo'shimcha salbiy ta'sir ko'rsatdi. Yosh buxoroliklarning g'oyalari va BKP siyosati o'rtasidagi jiddiy tafovut ijtimoiy vaziyatni keskinlashtirdi. Buxoro rahbariyati 1921 yil mart oyida qator chet mamlakatlar hukumatlariga yo'llagan murojaatnomasida "Buxoro xalqi... Yosh buxoroliklar ta'sirida uyg'ondi", deb ta'kidladi. BKPni F.Xo'jayev "Sun'iy tuzilgan partiya", deb atadi. Rossiya va Turkiston bolsheviklariga tayangan BKPning ayrim rahbarlari zudlik bilan inqilo-biy o'zgartirishlarni amalga oshirishni, chunonchi, yer-lar, boyliklarni musodara etishni, vaqflarni yo'q qilishni, islom diniga qat'iy hujum boshlashni talab qildilar. 1920 yil oxiri-1921 yil boshida o'tgan munozarada Buxoro to'ntarishi, yangi hokimiyat mohiyatiga oid demokratik yo'l hamda so'l-ekstremistik yondashuvlar to'qnashdi. Buxoro respublikasining liberal-demokratik kayfiyatdagi rahbarlari o'z g'oyalarida qat'iy turdilar. Mamlakatda qizil qo'shinlar sonini 15 ming kishiga kamaytirish, Rossiyaga berilgan oziq-ovqat, paxta va boshqa mollar evaziga narxi teng bo'lgan mollar yetkazib berish masalalari qo'yildi. BKPning qator so'1-ekstremistik rahbarlari lavozimlaridan bo'shatilib, chetga ketishga majbur bo'ldilar. "Yer to'g'risida"gi dekret bekor qilinib, ekspropriatsiyalar, razvyorstka, zo'rlik choralariga barham berildi. Turkbyuro raisining muovini G.Safarov BXSR ichki ishlariga qo'pol ravishda aralashishga intildi, rahbarlarni ochiq majlisda haqorat qildi. Unga qat'iy tanbeh berildi, RSFSR tashqi ishlar komissarligiga norozilik notasi yuborildi. F.Xo'jayevning qat'iyati bilan Buxoro Chekasi tugatildi, tribunallar, siyosiy bo'limlar tomonidan fuqarolarni jazoga tortish vaqtinchalik to'xtatildi. Islom dini, masjid-madrasalar xizmati, ruhoniylarning faoliyat erkinligi tiklandi, yangi qoziliklar ish boshladi. 1923 yil yozida BXSR qozilarining 1 qurultoyi bo'lib o'tdi. 65 ta qozilik hududida 528 kishi xizmat qilardi. Yangi sovet sudlari tashkil etildi. Respublika hukumati va jamoatchiligining demokratik yo'ldan borishi mulkdorlarni yo'q qilish, sinfiy adovat kelib chiqishiga imkon bermadi. Ijtimoiy vaziyat mo'tadil darajada saqlandi. Rossiyadagi bolshevistik rahbariyat, Turkkomissiya BXSRdagi muhitni va siyosiy kuchlar muvozanatini o'zgartirishga urindi. BKPdagi so'l og'machilikni tanqid qilish bilan birga, asosiy zarbani respublika hukumatiga qaratdilar. Bolshevistik namoyandalar tez-tez Buxoroga qatnay boshladilar. Ularning faol ishtiroki bilan nozirlar Fitrat, M.Saidjonov, M.Aminov, Otaxo'jayev, Sattor Xo'jayev "burjua savdogarlari vakillari" deb lavozimlaridan bo'sha-tildilar. Mahalliy idoralarda ham "chistka"lar o'tkazildi, Buxoro viloyatida 56 kishi, Karki viloyatida 70 kishi ishdan chetlashtirildi, ular-ning ko'pchiligi javobgar-likka tortildi. Respublika markazi va g'arbidagi o'nta mahalliy ijroiya qo'mitalarining raislari ishdan olindi. 1923 yil oktabrida BXSR Konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritilib, aholining muayyan qismi fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi. 1923 yil yozi va kuzida bo'lgan voqealar BXSRga chetdan kelib amalga oshirilgan davlat siyosiy to'ntarishi edi. Ammo keyingi davrda ham aholining, respublika rahbarlarining sa'y-harakatlari fuqarolar totuvligi, ijtimoiy munosabatlarning barqaror kechishiga qaratildi. 1924 yil yozida F.Xo'jayev aholining qashshoqlashganini e'tirof etib, bundan qutulish tadbirlarini izchil amalga oshirish zarurligini uqtirdi. Turkistondan Q.Otaboyev va boshqalar Buxoroga yuborilib, rahbar lavozimlarga tayinlangan edilar. Hukumat raisi muovini Q.Otaboyev respublika iqtisodiyotini ko'tarish, jumladan, pul muomalasini sog'lomlashtirish, byudjet masalalari bilan jiddiy shug'ullandi. BXSRning qo'shni mamlakatlar bilan o'zaro foydali aloqalarini davom ettirishga e'tiborni qaratdi. Shunday qilib, Buxoro respublikasida g'oyaviy-siyosiy vaziyat murakkab bo'lib, mustaqillikni himoya qilish nihoyatda keskin kechdi. 3. Xalq xo'jaligining ahvoli, iqtisodiy o'zgarishlar. Buxoro respublikasining xo'jaligi sezilarli ziddiyatli ahvolni boshdan kechirdi. Mamlakat hududiga bir necha tomondan bostirib kirgan qo'shinlar ko'p yerlarni vayron qildilar, ayniqsa, poytaxt Buxoro vayron bo'ldi, uy-joy, imoratlarga o't qo'yildi. Dehqonlarning, boshqa aholi tabaqalarining mol-mulki, g'alla-doni tortib olindi. Buxoro dehqonlariga yetkazilgan zarar shu qadar katta ediki, yangi hokimiyat 1920 yil sentabrida, to'ntarishdan ikki-uch hafta o'taro'tmas "harbiy qismlardan aholi ko'rgan zararni qoplashga" ko'rsatma berdi. Karki shahri va atrofida yashagan turkman aholiga nisbatan "qotillikllar sodir etilgan, ularning uy-joylari buzilgan va yonib ketgan" edi. Ularga ham hukumat noyabr oyida moddiy yordam yubordi. Qizil qo'shinlar qo'mondonligi mamlakatning turli joylarida, chunonchi, Xatirchi, Qarshi va Shahrisabzda katta boylik, mol-mulklarni qo'lga kiritdilar. Buxoroda Turkkomissiya vakillari buying'i bilan xalq mulki bo'lgan xazina oltin va javohirlari, boshqa qimmatbaho boyliklar bir nechta vagonlarga ortilib olib ketildi. Olingan o'ljalar respublikaga qaytarilmadi. Buxoro respublikasi hududidagi Rossiyaga qarashli zavodlar, boshqa ko'chmas mulklar BXSRga topshirildi. Ikki tomon o'rtasida iqtisodiy aloqalarni mol ayirboshlash shaklida olib borishga kelishildi. Chunki qog'oz pullar qadrsizlangan, Buxoro zarar ko'rgan edi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling