Tarixdan xikoyalar
§. O'zbekistonning xalqaro aloqalarda qatnashuvi
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
48-§. O'zbekistonning xalqaro aloqalarda qatnashuvi 1. Iqtisodiy aloqalar. Urushdan keyingi yillarda O'zbekiston xalq xo'jaligi bir tomonlama rivojlangan, xom ashyo yetishtirish va uni qayta ishlashga qaratilgan bo'lsa-da, iqtisodiy jihatdan boy respublika edi. O'zbek xalqi yetishtirgan paxta, ipak, qorako'l teri, kanop va sanoat mahsulotlari yer kurrasining barcha qit'alarida dong taratdi. O'zbekistonning iqtisodiyot mavqei uning xalqaro aloqalarda qatnashuvini belgilab berdi. Ko'zdan kechirilayotgan davrda O'zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq Ittifoq tarkibidagi respublika bilan aloqalarni mustaqil olib borishi mumkin bo'lgan suveren respublika hisoblanardi. Lekin bu huquq faqat rasman e'lon qilinib, amalda qog'ozda qolib ketdi. Ma'muriy-buyruqbozlik sharoitida boshqaruvni markazlashtirish respublikani xalqaro iqtisodiy va madaniy sohalarda mustaqil faoliyat ko'rsatish imkoniyatidan mahrum etdi. O'zbekiston o'z mahsulotlarini Markaz ko'rsatmasi bilan Ittifoq tashqi savdo idoralariga topshirardi. Ular respublika mahsulotlarini chet elga eksport qilardilar. O'zbekistonga xalqaro miqyosda ham markaziy hokimiyat organlari belgilagan xom ashyo bazasi roli berilardi. Respublika asosan qishloq xo'jalik mahsulotlari-paxta tolasi, lint, qorako'l teri, ipakni chetga chiqarib keldi. O'zbekiston eksportining 90 foizini paxta va paxta mahsulotlari tashkil qildi. Shunisi xarakterliki, xalqaro aloqalar asosan o'sha yillarda sotsialistik lagerga kirgan mamlakatlar (Chexoslovakiya, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Polsha va boshqalar) bilan olib borildi. O'zbekiston mahsulotlarini chetga chiqarish yildan yilga ortib bordi. 1958-1967 yillar davomida eksport hajmi uch baravar ko'paydi. Respublika eksporti umumiy hajmining 70 foizdan ortig'i yuqorida ko'rsatilgan davlatlarga yuborilardi. O'zbekistondan olib chiqib ketilgan mahsulot turlari 100 xildan ortiq edi. Paxta tolasidan tashqari to'qimachilik mashinalari, kimyoviy uskunalar, ekskavatorlar, ko'prikli elektr kranlari, qishloq xo'jalik mashinalari, jumladan, paxta terish mashinalari, nasoslar, kabel mahsulotlari va boshqa ko'plab mahsulotlar chetga chiqariladigan bo'ldi. 1958 yili respublika o'z mahsulotlarini jahonning 32 mamlakatiga, 1970 yilga kelib esa 100 ga yaqin davlatlarga chiqarib turdi. O'zbekiston chetdan keltiriladigan mollarning yirik iste'molchisi bo'lib qolaverdi. Shuni aytish kerakki, o'sha davrda kapitalistik davlatlar bilan aloqalar cheklangan edi. Shu sababli 1966-1970 yillarda O'zbekiston chetdan import qiladigan mahsulotlarning 75 foizga yaqinini sotsialistik mamlakatlardan keladigan mollar tashkil qilardi. Germaniya Demokratik Respublikasi, Chexoslovakiya, Vengriya, Rumuniyada ishlangan turli sanoat mahsulotlari, asbob-uskunalar, turli jihozlar Chirchiq elektr kimyo kombinati, Farg'ona azot o'g'itlari zavodi, Oltintopgan metall kombinati va boshqa ko'plab korxonalarda keng qo'llanardi. Bundan tashqari respublikaga ko'plab iste'mol mollari, mebel, gazlama, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar keltirilardi. Shunisi ajablanarliki, Polsha, Bolgariya, Chexoslovakiya bizdan eksport qilingan paxta tolasidan to'qilgan gazlama, kiyim-kechaklarni O'zbekistonga jo'natardi. Bunday kulgili ahvol O'zbekiston metropoliyaning xom ashyo bazasi ekani, bu yerda tayyor mahsulot chiqarish g'arazli niyatda yo'lga qo'yilmagani natijasi edi. 2. Milliy kadrlar tayyorlashdagi hamkorlik. O'zbekistonning chet mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorligining muhim yo'nalishi mutaxassis kadrlar almashish bo'ldi. O'zbekiston zavod, fabrikalar, xo'jalik obyektlari qurish, asbob-uskunalarni montaj qilish, ishga tushirishni yo'lga qo'yish uchun shu mamlakatlarga mutaxassislar yubordi. Chunonchi, "Tashtekstilmash" zavodi 1958-1967 yillar mobaynida o'zining 44 nafar vakilini to'qimachilik uskunalarini montaj qilish uchun turli mamlakatlarga jo'natdi. 60 yillarda Kuba va Bolgariyada paxta terish mashinasidan keng foydalana boshlandi. Bu mashinani o'zlashtirishda O'zbekiston mutaxassislari ularga katta yordam berdi. Chet mamlakatlar ham o'z navbatida respublikaga keltirilgan sanoat uskunalarini montaj qilishda yordam berish, barpo etish va ularni ishga tushirishda texnik jihatdan ko'maklashish uchun o'z mutaxasislarini har yili O'zbekistonga jo'natib turdi. 60 yillarning boshlarida Andijon viloyati bilan Bolgariyaning Yambol okrugi, Toshkent viloyati bilan Xaskovo okrugi mehnatkashlari o'rtasidagi o'zaro yordam va hamkorlikka asoslangan aloqalar mustahkamlandi. Paxtachilikni rivojlantirish, irrigatsiya-melioratsiya ko'rinishida sug'oriladigan yerlarni o'zlashtirishda O'zbekiston bilan Bolgariya dehqonlari o'zaro tajriba almashdilar. Chet mamlakatlarga malakali muhandis-texnik kadrlar va mutaxassislar tayyorlab berish O'zbekistonning sanoat korxonalari, sovxoz, kolxoz, va boshqa muassasalarda o'sha mamlakatdan kelgan ishchi va muhandis-texnik xodimlarning ishlab chiqarish tajribasini o'tkazish yo'llari bilan ham amalga oshirilgan. 1968 yilda 40 dan ortiq arab agronom, tuproqshunos, irrigator va mexaniklari Toshkent, Mirzacho'l sovxozlarida, bir guruh Еггоп metallurglari Bekobod metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish tajribasini o'tadilar. Malakali kadrlar almashishidagi hamkorlik oliy o'quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash orqali ham amalga oshirildi. O'zbekiston rivojlanayotgan mamlakatlar xalq xo'jaligi uchun zarur milliy kadrlar tayyorlab berishga salnioqli hissa qo'shib keldi. Respublikamizning oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarida ta'lim olgan xorijlik talabalarning soni yildan yilga oshib bordi. Agar 1963-64-o'quv yilida Toshkentdagi oliy o'quv yurtlari va texnikumlarida 14 mamlakatdan kelgan 250 kishi ta'lim olgan bo'lsa, 1967-68-o'quv yilida 27 mamlakatdan kelgan 340 kishi ta'lim oldi. 1964 yildan 1970 yilgacha respublikamiz o'quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 45 mamlakatidan kelgan 1500 ga yaqin talaba, stajor va aspirantlar ta'lim oldilar. 1961 yildan boshlab Toshkent davlat tibbiyot instituti xorijiy mamlakatlar uchun turli ixtisosdagi vrachlarni tayyorlashga kirishdi. 60 yillarda bir necha mamlakatlarga yuzlab vrach va tibbiyot fanlari nomzodi tayyorlab berildi. O'zbekiston xorijiy mamlakatlarga mutaxassis tayyorlash bilan birga, ilmiy kadrlar tayyorlashda ham baholi qudrat yordam ko'rsatdi. Respublikaning talay oliy o'quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida xorijiy mutaxassislar shogirdlikni o'tadilar, aspiranturada tahsil olib, turli fan sohalari bo'yicha nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar. 3. Ilmiy va madaniy aloqalar. Zamonaviy fan va taraqqiyot turli mamlakatlar olimlarining ijodiy hamkorlikda ishlashini talab qiladi. Tajriba bilan o'rtoqlashmaslik mablag'larning o'rinsiz sarflanishiga, allaqachon ma'lum bo'lgan ixtirolarni izlash yo'lida behuda vaqt ketkazishga, ilm-fan taraqqiyotining susayishiga olib keladi. Biroq totalitar tartibot yillari kapitalistik mamlakatlar bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish sun'iy ravishda to'xtatib turildi. Buning natijasida Ittifoqda, jumladan, O'zbekistonda ham fan va texnika beqiyos darajada orqada qolib ketdi. Ammo bu shunday aloqalar umuman bo'lmadi degan gap emas. Urushdan keyingi yillarda olim va mutaxassislarimiz chet ellarga ilmiy safarlarga, xalqaro kongress, simpozium, seminarlarda ishtirok etishga, oliy o'quv yurtlarida ma'ruzalar o'qishga borib turdilar. Chet el olimlari ham O'zbekistonga shunday safarlar bilan kelib turdilar. O'zbekistonning xalqaro ilmiy aloqalarini rivojlantirishda, dunyo olimlari bilan ilmiy aloqa o'rnatishda O'zbekiston Fanlar akademiyasi alohida rol o'ynadi. 1969 yilda O'zbekiston FA ilmiy-tadqiqot institutlariga tajriba almashish maqsadida xorijiy mamlakatlardan 174 olim va mutaxassis tashrif buyurdi. 1970 yilda akademiyaning turli institutlariga 135 nafar chet ellik olim keldi. Ular O'zbekiston Fanlar akdemiyasida olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan, o'zbek olimlarining jahon fani taraqqiyotiga qo'shayotgan hissalari bilan tanishdilar. O'zbekitonga tashrif buyurgan chet el olimlari respublika olimlari erishgan yutuqlarga yuksak baho berdilar. "Men,-deb aytgan edi Xalqaro atom energiyasi agentligining direktori Zigvard Eklund,-bu yerda olimlar naqadar aniq metodlar bilan tadqiqotlar o'tkazish imkonyatiga ega ekanliklarini ko'rib hayratda qoldim. Atomchi olimlarning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda O'zbekiston o'zining ilmiy muassasalari bilan muhim rol o'ynashi mumkin". Chet mamlakatlarda o'tkazilgan turli xalqaro kongress va simpoziumlar ishida o'zbek olimlari faol qatnashdilar. 60 yillarning birinchi yarmida O'zbekiston olimlarining 200 dan ziyod vakili jahonning qirqqa yaqin mamlakatlariga borib keldi. Ular 50 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etdilar va ma'ruzalar qildilar. Ilmiy konferensiyalarda qatnashish maqsadida 1969 yilda O'zbekiston Fanlar akademiyasining 42 olimi xorijiy mamlakatlarda bo'ldilar. Ilmiy aloqalar bu mamlakatlarning fanini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston xalqaro madaniy hamkorlikda faol ishtirok etdi. O'zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan adabiy aloqalarning rivojlanishida 1958 yilda chaqirilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Toshkent konferensiyasi g'oyat muhim rol o'ynaydi. Adabiy aloqalarni rivojlantirish borasida respublika yozuvchilari uyushmasi katta tadbirlarni amalga oshirdi. Uning tashabbusi bilan o'zbek yozuvchi va shoirlarning chet elga chiqishlari, xorijiy adiblarning O'zbekistonga kelishi keng yo'lga qo'yildi. 1969-1970 yillarda Komil Yashin, Zulfiya, Hakim Nazir, O'lmas Umarbekov, Hamid G'ulom va boshqa yozuvchi, shoirlar Fransiya, Bolgariya, Kuba, Hindiston kabi mamlakatlarga do'stlik safarlari bilan chiqdilar. O'zbek yozuvchilari o'zlari borib ko'rgan mamlakatlar haqida ocherk, qissa va she'riy asarlar yozib, kitobxonlarga taqdim etdilar. Birgina 1970 yilda O'zbekistonga Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 32 mamlakatidan 50 dan ziyod adiblar mehmon bo'lib keldilar. Xorijiy yozuvchilarning O'zbekistonga kelishlari o'zbek adiblari dunyoqarashining kengayishiga xizmat qildi. Xalqaro adabiy aloqalarni rivojlantirishda chet el mualliflari asarlarini o'zbek tilida nashr etish muhim ahamiyat kasb etdi. 1964-1970 yillarda respublikamizda xorijiy yozuvchi va shoirlarning 100 dan ortiq asarlari o'zbek tilida bosildi. Ko'zga ko'ringan o'zbek adiblari-Oybek, Zulfiya, Shayxzoda, Sh. Rashidov va boshqalarning asarlari Yevropa, Osiyo, Afrika xalqlari tillarida nashr etildi. O'zbekiston xalq shoiri G'afur G'ulom asarlari jahonning 25 tilida chop etildi. San'at sohasidagi xalqaro hamkorlik ham ko'zga ko'rinarli o'rinni egalladi, O'zbekiston kinemotografchilari va kino artistlarining xorijiy mamlakatlaridagi hamkasblari bilan ijodiy hamkorliklari kengayishida Toshkentda o'tkazilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivallari muhim ahamiyatga ega bo'ldi. 1962 yilning o'zida respublika kinoteatrlarida chet eldagi 25 kinostudiyada ishlab chiqarilgan 89 badiiy film namoyish etildi. 40 dan ortiq chet mamlakatlarning kinoteatrlarida o'zbek badiiy va hujjatli filmlari ko'rsatildi. "O'zbekfilm" tomonidan yaratilgan bir qator badiiy filmlar, jumladan, "Osiyo ustida bo'ron", "Toshkent-non shahri", "Mahallada duv-duv gap", "O'tgan kurilar" filmlari namoyish qilindi. 50-60 yillarda o'zbek san'atining aloqalariga Muhiddin Qori Yoqubov nomli O'zbekiston davlat filarnomiyasi, A. Navoiy nomli o'zbek davlat akademik katta teatri artistlari, jumladan, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg'unboyeva. Galiya Izmaylova, Saodat Qobulova, Bernora Qoriyeva singari mashhur san'atkorlar ulkan hissa qo'shdilar. "Bahor" ashula va raqs ansambli 60 yillarda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatga safar qildi. Mohir o'zbek raqqoslari nafis va go'zal sarfatlari bilan minglab chet ellik tomoshabinlarni maftun etdilar. O'zbekistonning chet el mamlakatlari bilan xalqaro aloqalari do'stona munosabatlarining rivojlanishiga yordam berdi. Partiya va sovet idoralarining siyosiy nazorati bo'lmaganida bu aloqalar va hamkorlik yanada keng va samarali kechishi mumkin edi. V b o b. O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy inqirozning kuchayishi (1971-1985 yillar) 49-§. O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti. Sovetlarning partiya organlariga qaramligi Ittifoq tarkibida bo'lgan O'zbekiston respublikasi, uning rahbar tashkilotlari huquqlari cheklangan edi. Ular markazning ko'rsatmalariga binoan ish olib borardi. 70-80 yillarda boshqaruvning o'ta markazlashtiriluvi, ma'muriy-buyruqbozlik tizimining hukmronligi avj oldi. Bu hol respublika ma'muriyatini mustaqil ish tutish va tashabbus ko'rsatish imkonidan mahrum etdi. O'sha davrdagi sovet jamiyatining siyosiy tizimiga partiya, sovetlar, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari kirardi. Tizimning asosiy ustuni partiya hisoblanardi. U o'zini rahbarlik qiluvchi va yo'naltiruvchi kuch hisoblab, sovetlar va jamoat tashkilotlariga o'z irodasini amalda zo'rlik bilan o'tkazib kelardi. Qonun chiqaruvchi va ijrochi hokimiyat ittifoqdagi singari, respublikada ham rasman sovetlar ixtiyorida edi. 1950-1959 yillarda O'zbekiston Oliy Soveti Prezidiumiga Sh.R. Rashidov boshchilik qildi. Sharof Rashidovich Rashidov (1917-1983)-respublikaning atoqli davlat, jamoat va siyosiy arbobi, o'zbek yozuvchisi. 30-40 yillarning ikkinchi yarmida u Samarqand viloyati gazetasi, so'ngra "Qizil O'zbekiston" gazetasi muharriri bo'lib ishladi. O'zbekiston Yozuv-chilari uyushmasi boshqaruvi raisi bo'ldi. 1959 yildan to umrining oxirigacha O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo'lib keldi. U iste'dodli tashkilotchi va rahbar edi. Uning ishtirokida O'zbekiston iqtisodiyoti va madaniyatini rivojlantirishda muayyan muvaffaqiyatlar qo'lga kiritildi. Paxtachilikni rivojlantirish, yangi yerlarni o'zlashtirish, 1966 yildagi zilziladan so'ng Toshkentni qayta tiklash ishiga u ko'p kuch-quvvat va g'ayratini sarfladi. Toshkent metropoliteni qurilishi lining tashabbusi bilan boshlangan. Metropolitenning birinchi navbati 1977 yil 6 noyabrda ishga tushirildi. 1. Hokimiyatning joylardagi siyosiy organlari. Oliy Sovetdan boshlab to qishloq sovetigacha bo'lgan organlar boshqa ishlar bilan bir qatorda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish masalalari bilan ham shug'ullanar edi. Biroq ularning faoliyatini boshqaruvning ma'muriy-buyruqbozlik tizimi bo'g'ib qo'yardi. Sovetlarning mo'ljallangan tadbirlarni amalga oshirishga mablag'lari ham bo'lmagan. SSSR Konstitutsiyasining 6-moddasida KPSSning sovet davlatidagi yetakchi roli qonuniy mustahkamlab qo'yilgan edi. Ushbu moddada kompartiya jamiyatning rahbarlik qiluvchi va yo'naltiruvchi kuchi deb yozib qo'yilgandi. Konstitutsiyaning bu moddasi jamiyatda kompartiyaning yetakchilik rolini ta'minlab berdi, lining sovet, jamoat tashkilotlari ustidan hukmronlik qilishi uchun asos bo'ldi. Partiya sovetlarning vazifalarini ham amalda o'zi bajarib keldi. Sovetlar ikkinchi darajali masalalarni ham partiya komitetlaridan rozilik olmasdan hal qila olmasdilar. Xo'jalik rahbarlari o'z muammolari bilan sovetlarning ijroiya komitetlarini chetlab o'tib, to'g'ridan-to'g'ri partiya organlariga murojaat qilardilar. Fuqarolarning ijtimoiy-maishiy masalalarga doir shikoyat va takliflari ham partiya komitetlari tomonidan ko'rib chiqilardi. 2. Jamoat tashkilotlari huquqlarining cheklanganligi. Kasaba uyushmalari eng ommaviy mehnatkashlar tashkiloti bo'lgan. O'zbekiston kasaba uyushmalarining eng muhim vazifalari mehnat sharoitlarini, mehnatkashlarning turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilash, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilishdan iborat edi. Biroq 1970-1985 yillarda ular ham boshqarishning ma'muriy-buyruqbozlik tizimi ta'siridan chetda qolmadi. Korxona rahbari kasaba komitetiga buyruq bera olar, kasaba komiteti esa ma'muriyatning xohish-istagiga itoatkorona bo'ysunardi. Totalitar tuzum kasaba uyushmalarini mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilish huquqidan amalda mahrum etdi. Partiya organlari ularning faoliyatiga mudom aralashar edi. Kasaba uyushmalarini mustahkamlash bahonasida partiya komitetlari uyushmalarga rahbarlikka ko'pincha partiya kadrlarini tavsiya etardi. Partiya organlari yoshlar tashkilotlari va boshqa jamoat tashkilotlariga ham qonunga xilof ravishda tazyiq o'tkazib keldi. O'zbekiston Kompartiyasi MK o'zining qarori bilan yoshlar tashkilotiga xotin-qizlar o'rtasida siyosiy-tarbiyaviy ishlarni olib borishni tubdan o'zgartirishni, O'zbekiston yozuvchilar, kompozitorlar, rassomlar uyushmalariga respublika ayollari haqida yangi asarlar yaratishni tashkil qilishni va boshqa vazifalarni yukladi. Bundan ko'rinadiki, partiya organlari jamoal tashkilotlari ustidan hukmronlik qilgan. Ular partiya idoralarining ko'rsatmalarini bajarishga majbur bo'lganlar. Bajarmagan rahbarlar o'z lavozimlaridan ozod etilardi. O'sha davrda "partiya nomenklaturasi" (partiya organlari bilan kelishib tayinianadigan lavozimlar) deb atalgan tartib-qoida mavjud edi. Mas'ul lavozimlarga partiya a'zoiari tayinlanar edi. Shu bilan birga, sovet apparati, jamoat tashkilotlari rahbarlari partiya markaziy komiteti, viloyat, shahar va tuman komitetlari hay'atiga kiritilgan. Natijada sovet, kasaba uyushmalari, boshqa jamoat tashkilotlari partiya organlari bilan qo'shilib, bir bo'lib ketdi. Shu yo'l bilan partiya organlari ularni o'ziga to'la bo'ysundirib oldi. Sovet, jamoat tashkilotlarining partiya organlariga tobeligi ijodiy faoliyatning susayishiga, to'rachilik va qog'ozbozlikka olib keldi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, partiya tashkilotlarining buyruq berib rahbarlik qilish usulining kuchayishi va mayda vasiyligi amalda jamoat tashkilotlari huquqlarini chekladi, bu tashkilotlar ommadan ajralib, mehnatkashlar oldida o'z obro'-e'tiborlarini yo'qotdilar. O'zbekiston Kompartiyasi va lining quyi tuzilmaiari, butun KPSSda bo'lganidek, jami-yatdagi to'rachilik ko'rinishlariga qarshilik ko'rsatmadi, ma'muriy-buyruqbozlik tizimiga payvasta bo'lib qo'shilib ketdi. Partiya rahbarlik qilishning ma'muriy, zo'ravonlik usul-amallarini o'ziga qurol qilib oldi, siyosiy tashkilotga xos xususiyatlarini tobora yo'qotib bordi. 3. O'zbekiston Kompartiyasining siyosati. O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetidagi soha bo'limlarining aksari davlat boshqaruvi soha tizimlarini takrorlar edi. Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, partiya plenumlarida ko'rilgan masalalarning 80 foizga yaqini xo'jalik sohasiga tegishli bo'lgan. Paxtachilik, chorvachilik, umuman, qishloq xo'jaligi, sanoat qurilishi va boshqa sohalarning vazifalari va rivojlanish istiqbollarini plenum qarorlari belgilab berardi. Bu qarorlar xo'jalik organlarining shu masalalar yuzasidan bergan buyruq va ko'rsatmalaridan kam farq qilardi. Partiya organlari xo'jalik muammolariga sho'ng'ib ketib, odamlar bilan ishlashga, siyosiy masalalarga, ijtimoiy va ma'naviy hayot sohalariga e'tiborni susaytirib qo'ydilar. O'tgan yillarda respublikaning partiya, sovet organlari, jamoat tashkilotlari markaz nazorati ostida amalga oshirgan ishlar hayot talablariga javob berolmay qoldi. Ma'muriy-buyruqbozlik yo'li bilan bu siyosatni amalga oshirishga urinish natija bermadi. O'zbekiston iqtisodi-yotining rivojlanish sur'atlari tobora pasayib, respublikada iqtisodiy va ijtimoiy tanglik kuchayib bordi. 50-§. Aholining o'sishi va milliy tarkibidagi o'zgarishlar 1. Aholi sonining o'sishi. Respublikamizda aholi va mehnat resurslari 1971-1985 yillarda yuksak sur'atlar bilan o'sib borgan. Aholining asosiy qismi qishloq joylarda yashagan. Ajdodlari qadimdan yashab kelgan yerlarga bog'langanlik, ko'chib yurishga moyillikning yo'qligi respublika aholisiga xos xususiyat edi. O'zbekiston aholisining umumiy soni o'sha yillari 11,7 mln kishidan 18,4 mln kishiga yetdi. Aholi sonining tez o'sishi natijasida O'zbekiston aholisining Ittifoq umumiy aholisi miqdoridagi salmog'i ham muntazam o'sib bordi. Aholining asosiy qismi o'zbeklardan iborat bo'lib, respublika aholisi tarkibida ularning salmog'i 1970 yilgi 65,4 foizdan 1989 yilda 71,4 foizga yetdi. Respublikada demografik vaziyat ancha murakkablashdi. Aholining tabiiy o'sishi tez sur'atlarda davom etdi. Respublikamiz bu ko'rsatkich bo'yicha Tojikistondan keyin Ittifoqda ikkinchi o'rinda turgan. Respublikamiz aholisining tabiiy o'sishi Ittifoqdagiga nisbatan 3 baravardan ziyod bo'lgan. Mazkur yillarda respublikada ko'plab sanoatlashgan shaharlarning vujudga kelishi natijasida ham aholi soni ortdi. Sovet hukumati amalga oshirgan milliy siyosat oqibatida shahar aholisining ko'payishi O'zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Farg'ona, Andijon, Toshkent viloyati shaharlarida aholini uy-joy, bog'cha va ish bilan ta'minlash masalasi qiyinlashdi. Respublika shahar aholisining umumiy soni ko'payishda davom etdi. Masalan, 1970 yili respublika shahar aholisi 36,6 foizni tashkil etgan bo'lsa, 1986 yilga kelib 40,5 foizga yetdi. O'zbekistonda aholining nisbatan tez sur'atlarda o'sishi birinchi navbatda tug'ilish darajasiga bog'liq. Respublikaning 60 foizga yaqin aholisi istiqomat qiluvchi qishloq joylarda tug'ilish nisbatan yuqori bo'ldi. Qishloqda tug'ilishning ko'payishiga ijobiy ta'sir qilgan omillardan biri ko'p bolalilik an'anasining saqlanib qolgani edi. O'zbekistondagi qulay demografik vaziyat ham tug'ilishning ortishiga ijobiy ta'sir qildi. Sunday qulaylik respublika aholisi tarkibida ayol va erkaklar soni nisbatining tengligi, nikohga kirish darajasining yuqoriligi, nikohdan chiqish va ajralish hollarining kamligi bilan izohlanadi. Shunday qilib, uzoq yillar Ittifoq markazi hukmronligi va tazyiqi ostida yashab kelgan respublikamiz aholisining o'sishi va milliy tarkibida juda katta o'zgarishlar sodir bo'ldi. Bu o'zgarishlar nafaqat sobiq sovet respublikalarining, balki Osiyo va Yevropa mamlakatlaridagi millat va elatlar vakillari hisobiga ham boyidi. 2. Aholi milliy tarkibidagi o'zgarishlar. O'rta Osiyoning boshqa respublikalaridagi singari, O'zbekistonda ham asrlar mobaynida shakllangan va mintaqaning tub yerli millatlari vakillaridan iborat bo'lgan aholining ko'p millatli tarkibi keyingi salkam 150 yilda, jumladan, 70 yillar va 80 yillar o'rtalarigacha bo'lgan davrda mahalliy bo'lmagan ko'pgina millat va elatlarning vakillari hisobiga yanada kengayib bordi. Bu yerda mahalliy aholi-o'zbek, qoraqalpoq, turkman, tojik, qozoq va qirg'izlarga keyingi davrlarda boshqa mintaqalardan ko'plab ko'chib kelgan ruslar, tatarlar, ukrainlar, koreyslar va boshqa millat vakillari qo'shildi. O'zbekistonda 127 millat, elat va etnik guruhlar vakillari istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi o'zbeklardan iborat bo'lib, ularning aholi umumiy sonidagi salmog'i muttasil ortib bordi. Ruslar aholi soni bo'yicha ikkinchi o'rinni egallab, 1970 yilgi 12,5 foizdan 1979 yilda 10,8 foizga tushdi. Tojiklar soni muttasil ko'payib bordi. Qozoqlar soni umumiy aholining 4 foizini tashkil qildi. O'zbekistonda 80 yillarning o'rtalariga kelib shaharlar soni 123 taga yetdi. Ularning uchdan ikki qismi respublika yer osti boyliklarini ishga solish va yangi yerlarni o'zlashtirish tufayli vujudga keldi. Ularning aksariyatiga mahalliy bo'lmagan millatlar vakillari kelib joylashdilar. Buxoro viloyatining Zarafshon (1972 yilda tashkil topgan), Uchquduq (1978 yil), Sirdaryo viloyatining Shirin (1972 yil), Jizzax viloyatining Paxtakor (1977 yil) shaharlari shular jumlasidandir. Birmuncha ilgari vujudga kelgan va sanoati rivojlangan Navoiy, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo'l va boshqa shaharlar aholisi tarkibida ham rus, ukrain, tatar va boshqa millat vakillarining salmog'i yuqori bo'ldi. Ularning asosiy qismi kimyo sanoati, mashinasozlik va qurilish, neftni qayta ishlash, oltin va boshqa qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish korxonalarida ishga joylashdilar. Yirik sanoat korxonalarida o'zbeklar soni nihoyatda kamayib ketdi. Jumladan, mashinasozlik korxonalarida ularning salmog'i 30 foizga ham yetmas edi. 3. Aholining hududiy joylanishi xususiyatlari. 70-80 yillar o'rtalarigacha bo'lgan davrda O'zbekiston aholisi tabiiy o'sish hamda ittifoqning boshqa mintaqalaridan turli sabablarga ko'ra ko'chib kelganlar hisobiga ko'payib bordi. Shu bilan birga uning joylashishida ham qator o'zgarishlar sodir bo'ldi va muammolar kelib chiqdi. Aholining zich yashashi bilan bog'liq muammo ayniqsa murakkab bo'ldi. Aholining o'rtacha zichligi jihatidan O'zbekiston Ittifoqda boshqa respublikalardan ancha oldinda turardi. 80 yillar o'rtalarida O'zbekistonda aholining zichligi ittifoqdagi o'rtacha darajadan 3,3 baravardan ham ortiq edi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling