Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet87/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Markazning ko'rsatmasiga muvofiq, g'o'za ekin maydonlarini jadal sur'atlar bilan kengaytirib borish respublika qishloq xo'jaligini qayta qurishning asosiy vazifasi bo'lib qoldi. Paxta ekin maydonlari asosan oziq-ovqat ekinlari, birinchi galda g'alla ekinlari ekiladigan yerlarni, tomorqalarni qisqartirish hisobiga oshdi. 1946 yili 218 ming gektar sug'oriladigan maydon paxta ekish uchun bo'shatib berildi.

Viloyatlar, respublika bo'yicha paxta ekiladigan maydonlar rejasi ham yuqoridan, aniqrog'i majburiy tartibda belgilanardi. Markazdan paxta ekin maydoni 1946 yilda Toshkent viloyati uchun 86 ming gektar, butun respublika bo'yicha esa 779 ming gektar qilib belgilab berildi.

Paxta ekin maydonlarining nihoyat darajada kengaytirib yuborilganligi respublikada chorvachilikni, poliz hamda sabzavot ekinlari yetishtirishni rivojlantirishga imkon bermadi. Paxta yetishtirishni kengaytirish asosiy qishloq xo'jalik ishlarini mexanizatsiyalashga g'oyat katta sarf-xarajatlar qilishni, zarur miqdorda mineral o'g'itlar ishlab chiqarishni, yangi irrigatsiya qurilishini kengaytirishni talab qildi. Bu o'z holicha olinganida ijobiy hodisa edi. Lekin u asosan paxtachilikni rivojlantirishga qaratilganligi uchun qishloq xo'jaligining ko'p tarmoqli bo'lib rivojlanishini izdan chiqardi, paxta yakkahokimligining shakllanishiga olib keldi. Bu respublika qishloq xo'jaligining bir tomonlama rivojlanib borishini belgilab berdi. Umumiy ekin maydonlarida paxta ekin maydonlari salmog'ining keskin ortib borishi sug'oriladigan yerlarda poliz va bog'dorchilik, sabzavot ekinlarini tobora siqib chiqardi. Paxta yetishtirish yildanyilga o'sib bordi. 1945 yili respublikada 850 ming tonna paxta yetishtirilgan bo'lsa, 1950 yili uning miqdori 2 mln 222 ming tonnaga yetdi. Shu davrda g'allaning yalpi mahsuloti 742 ming tonnadan 666 ming tonnaga, sabzavotlar yalpi mahsuloti 433 ming tonnadan 328 ming tonnaga kamaydi. O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish sohasida bosh yo'l bo'lib qolgan paxtachilikni jadal kengaytirish respublika hayotida ko'pgina salbiy oqibatlarga olib keldi. Oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish qisqardi, oziq-ovqat muammosi vujudga keldi. Ekologiya buzilib, aholi salomatligi yomonlashdi.

39-§. Aholining milliy tarkibi va sovet hukumatining

Respublikada amalga oshirgan milliy siyosati

1. Aholining miliy tarkibidagi o'zgarishlar. O'zbekiston urushdan keyingi yillarda ko'p millatli respublika edi. 1939-1970 yillarda respublika hududida yashayotgan millat va elatlar soni 94 tadan 121 taga ko'paydi. Bizning hududimiz ko'p millatli edi. Lekin chor hukumatining va sovet hokimi-yatining siyosati bu jarayonni yanada kuchaytirdi. Sovetlar davrida sanoatlashtirish bahonasi bilan O'zbekistonga ko'plab rus va boshqa yevropalik ishchi va xizmatchilar ko'chirib kelindi.

Urush yillari 20 dan ortiq xalq va elat-qalmiqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, nemislar, qorachoylar, pontiya greklari, bolqarlar, mesxeti turklari va boshqalar o'zlarining vatanidan, doimiy yashash joylaridan O'zbekistonga majburan ko'chirib keltirildi. Sovet tashkilotlari tomonidan nohaq ayblangan, majburan ko'chirilgan bu xalqlarni insonparvar, mehmondo'st o'zbeklar iliq kutib oldilar. Ko'chirib keltirilganlar uchun o'zbek xalqi sharoitlar yaratib berdi. Shahar va qishloqlardagi o'zbek xonadonlari ko'chib kelganlarga ko'rpa-to'shak, kiyim-bosh, oziq-ovqat bilan yordam qildilar. 1940-1970 yillarda aholi soni respublikada ikki baravarga yaqin o'sdi.

O'zbekiston aholisining milliy tarkibida 1970 yili o'zbeklar (65,5%) birinchi o'rinda bo'lsa, ruslar (12,5%) ikkinchi o'rinda edi. Aholining soni bo'yicha ulardan keyingi o'rinlarda tatarlar, qozoqlar, tojiklar, qoraqalpoqlar turardi. Koreyslar, qirg'izlar, ukrainlar, turkmanlar, ozarbayjonlar, armanlar va uyg'urlar ham respublika aholisining anchagina qismini tashkil etardilar. Bundan tashqari, respublikada boshqirdlar, beloruslar, osetinlar, chuvashlar vakillari ham yashardilar.

Shunday qilib, urushdan keyingiyillarda O'zbekistonda aholining milliy tarkibi kengaydi. Aholi tarkibidagi o'zgarishlarda sovet hokimiyatining zo'ravonlikka asoslangan milliy siyosati o'z aksini topdi.

2. Markazning milliy siyosati va uning salbiy oqibatlari. Urushdan keyingi yillarda milliy siyosatda zo'ravonlik va chetga og'ishlar bo'lganiga qaramay, respublikada millat va elatlar, jumladan, o'zbek xalqining iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim siljishlar ro'y berdi. Biroq millatlararo munosabatlarda muammolar bisyor edi. Ular haqida oshkora gapirilmas, matbuotda yozilmas edi-yu, lekin xalq ko'nglida pinhoniy alam kuchayib borardi.

Partiya va hukumatning davlat qurilishidagi asosiy maqsadi yagona Ittifoq davlatini har tomonlama mustahkamlashdan iborat bo'ldi. Partiya "mahalliychilik va milliy cheklanganlikning har qanday ko'rinishlari"ga qarshi, ya'ni o'z istiqloli, milliy madaniyatini himoya qilishga qaratilgan milliy harakatlarga qarshi qattiq kurash olib bordi. Sovet va davlat xavfsizligi tashkilotlari erkin fikr yuritishni ta'qib qilar, respublikada mustaqillikka erishishning har qanday ko'rinishlarini bo'g'ib qo'yar edi.

O'zbekistonning suverenligi aslida faqat qog'ozda qayd etilgan bo'lib, mustaqillik kunlariga qadar qog'ozda qolib keldi. Markazdan turib amalga oshiriladigan siyosat respublikani mustaqillikdan mahrum etar, uning iqtisodiyotini xom ashyo tayyorlashga qaratar va mustamlakachilik siyosatidan kam farq qilardi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi hukm surgan, respublikaning haq-huquqlari cheklab qo'yilgan sharoitlarda respublika hokimiyat organlari o'z xalqining manfaatlariga mos keladigan siyosat yuritish, o'z mintaqasining eng muhim muammolarini hal qilish imkoniga ega emas edilar.

Boshqaruvni markazlashtirishning salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida ayrim yillarda ittifoqdosh respublikalarning huquqlarini kengaytirishga doir choralar ko'rildi. Jumladan, 50 yillarning o'rtalarida yengil va oziq-ovqat sanoati, avtomobil transporti, ternir va asfalt yo'llar, sog'liqni saqlash, aloqa, umumiy ovqatlanish va boshqa tizimlarga qarashli o'nlab korxonalar respublikamiz ixtiyoriga berildi.

50 yillarning oxirlariga kelib ma'muriy-iqtisodiy rayonlardagi sanoat va qurilish boshqaruvi Xalq xo'jaligi kengashlari ixtiyoriga o'tkazildi. Bu islohot umuman olganda ijobiy ahamiyatga ega bo'ldi. U ortiqcha markazlashtirishni cheklab, xo'jalikka rahbarlik qilishda mahalliy organlarning huquqlarini kengaytirdi. Bu islohot kutilgan natijaga olib kelmadi.

Urushdan keyingi yillarda O'zbekiston iqtisodiyoti Ittifoqning yagona xalq xo'jaligi majmui doirasida rivojlanib bordi. Markazdan turib boshqarish respublika boyliklaridan metropoliya manfaatlarida foydalanishga imkon berdi.

Sanoatni maqsadga muvofiq ravishda joylashtirishning zarur sharti xom ashyoning yaqin bo'lishi hisoblanadi. Respublikada xom ashyo bo'lsa-da, ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar qurilmagan edi. Paxtadan mahsulot ishlab chiqaruvchi ip-gazlama kombinatlari Rossiya markazida joylashgandi. Bunday tartib mahalliy aholi manfaatiga zid bo'lishiga qaramay, keladigan daromadning hammasi Markazga tushar edi. Bunday muammolar millatlararo munosabatlarda keskinlikni yuzaga keltirdi.

Markazning milliy siyosatida kadrlar masalasi muhim o'rin tutardi. Respublika partiya va hukumatidagi birinchi yordamchilar, O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining "ikkinchi kotibi" va O'zbekiston Ministrlar Soveti raisining "birinchi o'rinbosari" lavozimlariga 30 yillardanoq Moskvadan yuborilgan vakillarni tayinlash tartibi o'rnatilgan edi. Bu shaxslar katta huquqqa ega bo'lib, kadrlar taqdirini o'z ixtiyorlaricha hal qila olardilar.

Bundan tashqari Markazga bo'ysunadigan lavozimlar nomenklaturasi mavjud edi. Unga partiyaning birinchi kotiblari va davlat organlarining rahbarlari kirardilar. Masalan, O'zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi Raisi bo'lib 1950-59 yillarda Sharof Rashidov, 1959-70 yillarda Yodgor Nasriddinova ishlagan. Ular rasman respublikada "saylansa"da, lekin amalda Markaz bilan kelishilgan holda ishga tayinlanardi. Sirtdan qaraganda respublikani o'zbeklar boshqarayotgandek ko'rinardi, ammo haqiqatda hokimiyatni idora qilish tizgini Ittifoq organi qo'lida edi.

Bunday siyosat mahalliy aholining manfaatlariga ziyon yetkazdi. Yetakchi sanoat sohalari uchun mutaxassislar yo'q degan bahona ostida ular Markazdan taklif qilindi. Fan-texnika taraqqiyotini belgilovchi sohalar uchun mutaxassislar o'zbeklardan yetarlicha tayyorlanmas edi. 1959 yilda respublika aholisi tarkibida o'zbeklarning salmog'i 62% dan ortiq bo'lsa ham, undagi o'zbek ishchilarining salmog'i atigi 43%ni tashkil etdi. Ittifoqqa bo'ysunadigan korxonalar asosan Rossiya va boshqa respublikalardan taklif etilgan mutaxassislar va ishchilar bilan ta'minlanardi. Bunday korxonalarda ish haqi mahalliy sanoat korxonalaridagiga qaraganda ko'proq edi. Masalan, Ittifoqqa bo'ysunadigan korxonalarda bir ishchining o'rtacha ish haqi 1950 yilda 133% ga ko'paygan bo'lsa, respublikaga bo'ysunuvchi korxonalarda 73%ga ko'paydi. Bunday kadrlar siyosati mahalliy aholining moddiy va ma'naviy manfaatlariga ziyon yetkazib, respublikada millatlararo munosabatlarning murakkablashuviga zamin yaratdi.

Ijtimoiy soha insonlarning hayotiy manfaatlariga bevosita daxldor bo'lib, millatlararo munosabatlarning shakllanishiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir o'tkazib bordi.

Ijtimoiy siyosatning tarkibiy qismi mehnatkashlar uchun turar joy sharoitlarini yaratishdir. 50-60 yillarda O'zbekistonda ko'pgina turar joy massivlari qurildi. Toshkentdagi yirik massivlar-Chilonzor, Yunusobod, Qoraqamish va boshqalar, viloyatlardagi zamonaviy qulay uylardan bunyod topgan mikrorayonlar shular jumlasidandir. Biroq bu sohada ham chetga og'ishlar kuzatildi. Chunonchi, yangi massivlarga asosan Rossiya va boshqa respublikalardan ko'chib kelganlar joylashtirildi. Mahalliy aholi esa kanalizatsiyasi, gazi, markazdan turib isitiladigan moslamalari va boshqa kommunal-maishiy qulayliklari bo'lmagan eski turar joylar va mahalliy uylarda yashayverdi.

Markazning dasturilamal hisoblangan hujjatlarida millatlar va elatlar teng huquqlidir deb e'lon qilindi. Biroq Ittifoqdagi har bir xalqning madaniyati "shaklan milliy, mazmunan sotsialistik" bo'lishi kerak, degan stalincha g'ayriilmiy nazariya shunday yo'l tutilishiga olib keldi. Bu nazariyaga ko'ra, asosan baynalmilal madaniyat rivojlanishi zarur edi. Milliy madaniyatning rivojlanishi esa ikkinchi darajali masala hisoblanardi. Bu hol O'zbekiston madaniyatining rivojlanishiga ham to'g'anoq bo'ldi.

60 yillarning boshlarida shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat to'g'risidagi stalincha nazariya madaniyatlarning gullab-yashnashi va bir-biriga yaqinlashuvi to'g'risidagi yangi g'oya bilan almashtirildi. U amalda millatlar bir-biriga qorishib, chatishib ketishi kerak, degan ma'noni anglatar edi. Partiyaning milliy masaiadagi asosiy vazifasi "millat va elatlarning to'la-to'kis birligiga", baynalmilal madaniyat yaratishga erishishdan iborat bo'lib qoldi.

Bunday milliy siyosatning amalga oshirilishi o'zbek xalqini milliy ildizlaridan ajratib, milliy o'z-o'zini anglashning o'sib borishiga to'g'anoq bo'ldi, milliy iftixor tuyg'ularini bo'g'ib qo'ydi. Aholining ilg'or qismida mavjud tuzumga nisbatan norozilik tuyg'ularini keltirib chiqardi. Keyinchalik bu alamlar Farg'onada va boshqa joylarda bo'lib o'tgan fojiali hodisalarga olib keldi. Bularning hammasi respublikaning tarixiy va milliy xususiyatlarini, o'zbek xalqi manfaatlarini hisobga olmay rivojlantirish natijasi bo'ldi.

40-§. Ziyolilarning qatag'on qilinishi.

Shaxsga sig'inishning fosh etilishi

1. Qatag'onlar. Ommaviy qatag'onlar va bedodlikning dastlabki kuchli to'lqini O'zbekiston bo'ylab 30 yillarda o'tgan edi. Buning natijasida o'n minglab sof vijdonli begunoh kishilar nobud bo'ldilar.

Urush tugagach, oradan ko'p o'tmay O'zbekiston bo'ylab yana bir yalpi qirg'in to'lqini yelib o'tdi. 30 yil-lardagi qatag'onlar asosan partiya, sovet, xo'jalik va har-biy kadrlarga qarshi qaratilgan bo'lsa, 40 yillar oxiri va 50 yillar boshidagi qatag'onlar asosan madaniyat va fan arboblariga taalluqli bo'ldi. Bu qatag'onlar uchun Markazning 1946-1948 yillarda ayrim san'at va badiiy asarlarni sinfiylik prinsipi talabidan kelib chiqib tanqid qilgan qarorlari g'oyaviy asos bo'lib xizmat qildi. Shu vaqtdan e'tiboran adabiyot va san'atning ijodiy, demokratik taraqqiyoti uzoq yillargacha susayib qoldi, joylarda o'zgacha fikrlashga barham berila boshlandi.

Respublikaning partiya organlari Markazning yo'l-yo'riqlariga tayanib, dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasiga to'g'ri kelmaydigan ijodiy ziyolilar vakillariga hujum qila boshladilar. Ularning asarlarida go'yo millatchilik g'oyalari "mavjudligi" ayblash uchun bahona bo'ldi. O'z ijodida o'rta asrlar tarixini va oktabr to'ntarishidan oldingi tarixni yoritib bergan yozuvchi va shoirlar o'tmishni ideallashtirishda ayblanib, ularga "millatchi" degan yorliq yopishtirildi.

Partiya organlari ba'zi yozuvchilar, shoirlarning ijodida jiddiy g'oyaviy xatolarni topadigan, ularni milliy jihatdan cheklanganlikda, feodal o'tmishni zararli tarzda ideallashtirishda va feodal madaniyat oldida qullarcha tiz cho'kishda ayblashga odatlandilar. Chunonchi, Oybek, Abdulla Qahhor, M. Boboyev, Mirtemir, Shayxzoda va boshqa o'zbek yozuvchilari badnom qilindi. Milliy cheklanganlik uchun "Sharq yulduzi", "3Be3fla BocxoKa" jurnallari tahririyatlariga ham jiddiy ayblar qo'yildi.

Shu bilan birga, "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Tohir va Zuhra", "Alpomish", "Gulandom" va boshqa afsonaviy folklor syujetlariga asoslangan opera, balet va musiqali drama spektakllari ijodkorlari ham "zararli" g'oyalarni targ'ib qilishda ayblandilar. Ko'pgina konsert tashkilotlari va musiqiy teatrlar "Eski arxaik musiqani va juda g'amgin, mungli maqom namunalarini" tarqatishda qoralandi. Partiya "O'zbekistonning musiqiy san'ati hayotdan orqada qolmoqda, o'zbek xalqini kommunistik ruhda tarbiyalash maqsad va vazifalariga to'la-to'kis xizmat qilmayotir", deb uzil-kesil ta'kidladi.

1951 yil avgustda respublika matbuotida "Ba'zi shoirlarning ijodidagi mafkuraviy buzg'unchilik to'g'risida" nomli maqola e'lon qilinib, unda Turob To'la, Mirtemir, Sobir Abdulla, Habibiy millatchilar sifatida nohaq tanqid qilindi. Shundan so'ng "O'zbek sovet adabiyoti vazifalaridan chetda" nomli maqola paydo bo'ldi, unda o'zbek adabiyotining Oybek, H. Zaripov, H. Yoqubov, I. Sulton va boshqa arboblari "jiddiy mafkuraviy xatolar va buzg'unchilik"da ayblandi.

Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Mirkarim Osim, Mirzakalon Ismoiliy, Maqsud Shayxzoda, Shukrullo, Shuhrat (G'ulom Alimov), Hamid Sulaymon va boshqalar 1951 yili "sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati"da ayblanib qamoqqa olindilar, so'ng esa 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.

1952 yil 21-22 fevralda O'zbekiston Kompartiyasining 10 plenumida "Respublikada mafkuraviy ishlarning ahvoli va uni yaxshilash choralari" degan masala ko'rib chiqildi. O'zbekiston Kompartiyasi KPSSning tarkibiy qismi sifatida lining g'oyaviy-tarbiyaviy sohadagi siyosatini, milliy madaniyatni cheklash, ziyolilarni qatag'on qilish to'g'risidagi ko'rsatmalarini hayotga tadbiq qilish choralarini ko'rdi. Plenum o'z qarorida o'zbek adabiyoti va san'atining rivojlanishiga, milliy ziyolilarning ijodiy fikr yuritishiga katta ziyon yetkazdi. Plenum ijodiy va ilmiy muassasalardagi "millatchi"lar, "panturkchi"lar, "kosmopolit"larni fosh qilish kompaniyasining oliy nuqtasi bo'ldi, folklor asarlar, ayniqsa, "Alpomish" dostoni tabiatan zararli, xalqqa qarshi, chunki o'tmishni "ideallashtiradi" deb ko'rsatdi. Plenum madaniyat arboblarinigina emas, ijtimoiy fan olimlarini ham mafkuraviy xatolarga yo'l qo'yganlikda aybladi. Ular "tom ma'noda siyosiy va ishchanlik sifatlari jihatidan o'z vazifalariga to'g'ri kelmaydigan shaxslar" deb baholandi. Turob To'la, Shayxzodaning she'r va qo'shiqlari "g'oyasiz va axloqsiz" asarlar toifasiga kiritildi.

Bu partiya anjumani ilmiy va ijodiy ziyolilar vakillarini ta'qib qilishni kuchaytirishga turtki berdi. Bu o'zbek xalqining madaniyati 20-30 yillardagi singari yakson qilinishini anglatardi. Qatag'onlar yetkazgan ma'naviy zararning ko'lamini tasavvur qilish ham mushkul. "Navoiy" romani muallifi Oybekning boshi ustida ham bulutlar quyuqlashdi, chunki kimgadir o'zbek adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning Husayn Boyqaro Hirotda hukmdorlik qilgan davrda vazir bo'lgani, asarlari so'fizm falsafasi bilan sug'orilgani yoqmagan edi. Tarixiy o'tmishga bo'lgan bunday munosabat, o'tmishdagi atoqli shoir va olimlarning ijodiga ular yashagan davr sharoitlarini hisobga olmay, zamonaviy qo'pol nuqtai nazardan baho berish, ijod erkinligining yo'qligi adabiyot, san'at va o'zbek xalqining madaniyatiga misli ko'rilmagan zarar yetkazdi.

Qatag'on qilingan san'at, madaniyat arboblari totalitar tartibot davrida avjga chiqqan o'zboshimchalik, qonunbuzarlik va bedodlik dastidan begunoh qurbon bo'ldilar. Lekin adolat, garchi tezda bo'lmasa-da, har qalay tiklandi. O'zbekiston madaniyatining asossiz qatag'on qilingan ko'pgina arboblari 1956 yilda shaxsga sig'inish fosh etilishi sharofati bilan oqlandilar.

2. Shaxsga sig'inish oqibatlarini tugatish yo'lidagi urinishlar. Sovet davrida, shuningdek, urushdan keyingi yillarda o'zbek xalqi boshiga tushgan ko'p kulfatlar Stalin shaxsiga sig'inish bilan bog'liqdir. 30 yillarda qaror topgan shaxsga sig'inish bir kishining rolini ko'klarga ko'tarish bilan birga, hokimiyatga sig'inish va totalitar tartibotni keltirib chiqardi. Shaxsga sig'inish sharoitida hokimiyat oliy darajadagi qadriyatga aylanadi, uni boshqarayotgan shaxs ilohiylashtiriladi. Totalitar jamiyatning asosiy belgisi faqat davlat, uning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotinigina emas, kishilarning shaxsiy hayotini ham nazorat qilishdan iboratdir.

Shaxsga sig'inish Stalin vafotidan so'ng KPSS Markaziy Komiteti birinchi kotibi N. S. Xrushchev tashabbusi bilan 1956 yilda fosh qilindi. Stalin shaxsi bilan bog'liq barcha qora ishlar ochib tashlandi. 30-50 yillarda O'zbekistonda minglab rahbar xodirnlar, ziyolilar, oddiy mehnatkashlar qatag'on qilingan, aholiga zulm o'tkazilgan edi. Muhim davlat ahamiyatiga molik masalalar ham Oliy Sovetda jo'ngina, munozaralarsiz, qo'l ko'tarish yo'li bilan hal qilinardi.

Shaxsga sig'inish sharoitida ijodiy fikr jilovga olindi. Chuqur ilmiy tadqiqotlar o'rnini Stalin asarlaridagi g'oyalardan tashqariga chiqmaydigan, sayoz yozilgan ilmiy risolalar egalladi. Tarixiy asarlarda barchaga ma'lum faktlar, ma'lumotlar kitobdan-kitobga ko'chib yurdi, arxiv hujjatlariga asoslangan asarlar yozilmas edi. Olimlarga bo'lgan va bo'layotgan hodisalarga erkin fikr bildirish huquqi berilmadi.

Shaxsga sig'inish va uning og'ir oqibatlarini tugatish maqsadida respublika huquq va vakolatlarini kengaytirish, qonunlarga qat'iy rioya qilish, rejalashtirish tizimini qayta qurish, demokratiya prinsiplarini tiklash tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirildi.

Stalin shaxsiga sig'inish yillari rahbarlikning o'ta markazlashtirilishi, nazoratning haddan ortiq kuchaytirilishi, milliy respublika rahbarlariga ishonchsizlik bilan qarash natijasida O'zbekiston respublikasining suvereniteti butunlay cheklangan edi. Shaxsga sig'inish oqibatlarini tugatish maqsadida respublikaning davlat, xo'jalik va madaniy qurilishdagi huquqlari qisman kengaytirildi. 1957 yilda sud tuzilishi, fuqaro, jinoyat va protsessual kodekslarni qabul qilish haqida qonunlar chiqarishni, viloyat, ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilish ittifoqdosh respublikalar ixtiyoriga berildi. O'zbekiston hukumati o'ziga berilgan huquqlardan foydalanib bir qancha viloyat va tumanlarni qisqartirdi, bo'shagan mablag'larni xalq xo'jaligini rivojlantirishga yo'naltirdi. Bu ishlarni amalga oshirishda O'zbekistonning o'sha paytdagi rahbari Nuritdin Muhitdinovning xizmati katta bo'lgan.

Milliy respublikalarning madaniy qurilish sohasidagi huquqlarini kengaytirishga doir bir qancha chora-tadbirlar ko'rildi. O'zbekiston hukumatiga oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari tarkibi, yordamchi xodimlar shtatlarini va fakultet dekanlarining shtatli lavozimiarini va shu kabilarni tasdiqlash huquqi berildi. Oliy o'quv yurtlarining kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarini belgilash, o'quv-metodik, tarbiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, moddiy ta'minot, qurilish, oliy o'quv yurtlarini pul bilan ta'minlash Ittifoq qaramog'idan respublika hukumati qaramog'iga o'tkazildi.

Xalq xo'jalik rejalarini tuzish quyida-kolxoz, sovxozlar, sanoat korxonalari va qurilishlardan boshlanadigan bo'ldi. Respublika hukumatiga davlat rejalarining bajarilishi, kapital qurilish, moddiy-texnik ta'minotni amalga oshirish, mahsulotni realizatsiya qilishni tashkil etish va xo'jalik tadbirlarini pul bilan ta'minlash masalalarini hal qilish huquqi berildi.

Shaxsga sig'inishga qarshi kurashning boshlanishi, O'zbekiston respublikasiga ayrim huquqlar berilganligi milliy ziyolilar, ilm-fan, madaniyat xodimlari, adabiyot, san'at arboblarida erkinlikka timid uchqunlarini paydo qildi. Qatag'on qilingan ijodkorlarning temir sandiqlardagi "maxfiy" tamg'asi bosilgan asarlari, manbalar, arxiv hujjatlari olimlar foydalanishi uchun qisman ochildi. Ijodiy faoliyat jonlandi.

30 yillarda qatag'on qilingan ayrim davlat va madaniyat arboblari oqlandi. Lekin bu jarayon sovet davrida ziddiyatli kechib, u oxiriga yetkazilmadi.

Shaxsga sig'inishga qarshi kurash sharoitida mahalliy sovetlar, ijtimoiy tashkilotlarning faoliyatiga ham qisman jon kirdi. Kasaba uyushmalarining huquqlari qisman kengaytirildi. Fabrika, zavod, mahalliy kasaba uyushmalari komitetlariga ishlab chiqarish rejalarining loyihalarini ishlab chiqishda qatnashish, ishchi va xizmatchilarning mehnat sharoitini yaxshilash, moddiy-maishiy xizniat ko'rsatish bo'yicha olingan majburiyatlarning bajarilishi to'g'risida muassasa rahbarining bildirishini eshitish, kamchiliklarni tugatishni ma'muri-yatdan talab qilish, o'zini oqlamagan rahbarlarni o'zgartirish yoki jazolash masalalarini tegishli tashkilotlar oldiga qo'yish huquqi berildi.

Ijtimoiy tashkilotlar faoliyatini faollashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishchilar, kolxozchilar, hunarmandlar, xizmatchilar, ziyolilarning mehnat faolligini oshirish maqsadida amalga oshirildi. Biroq ma'muriy-buyruqbozlik sharoitida bu tashkilotlar faoliyati bo'g'ilib, rejalar qog'ozda qolib ketdi.

Respublikaga berilgan huquqlar dengizdan bir tomchi edi. O'zbekiston respublikasi suvereniteti avvalgidek cheklanib qolaverdi.

Stalin shaxsiga sig'inish tugatildi, lekin u vujudga keltirgan hokimiyat tizimi, totalitar tartibot saqlanib qoldi. 50 yillar oxiridan boshlab Xrushchev shaxsiga sig'inish avj oldirildi.

41-§. O'zbekiston sanoatining bir tomonlama rivojlanishi

1. Sanoat qurilishidagi qirg'inliklar. Urushdan keyingi yillarda sanoatni boshqarish ma'muriy-buyruqbozlik usullari va qattiq rejalashtirish, o'ta markazlashtirish prinsiplari asosida olib borildi. Bu holat sanoatning rivojlanishida jiddiy ziddiyatlarni keltirib chiqardi. O'sha davrda Ittifoq hukumati tarkibiy qismi bo'lgan O'zbekiston respublikasi suvereniteti o'ta cheklangan bo'lib, u Ittifoq rahbariyati tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy siyosatni so'zsiz amalga oshirishga majbur edi.

Urushdan keyingi besh yilliklarda davlat sanoatni o'stirish uchun katta miqdorda kapital mablag'lar ajratdi. Lekin ularning katta qismi og'ir industriyaga sarflandi. Sanoatning bu sohasi asosan paxtachilikni rivojlantirishga, ya'ni Markaz manfaati uchun xizmat qilardi. Shu bilan birga, sanoat qurilishida avvalgi mo'ljal va ko'rsatmalar saqlanib qolaverdi. Ular rivojlangan mamlakatlarda keng tadbiq etiladigan yangi texnologiyalar, fan va texnika yutuqlaridan foydalanishni ko'zda tutmas edi.

Eng kuchli nomutanosiblik hollari yengil sanoatda sodir bo'ldi. Yengil sanoat ishlab chiqarish rejalari bajarilmas edi. Bu soha amalda rivojlanmay, turg'un bo'lib qoldi. Rejalarga muvofiq bu sohaga ajratilgan sarmoya keyinchalik qaytarib olindi. Asbob-uskunalar yillar davo-mida yangilanmas, yangi texnologiyalar haqida so'z ham bo'lishi mumkin emas edi. Bunday munosabat mahalliy korxonalarda iste'mol mollari ishlab chiqarishni tobora kamaytirib, ularning chetdan keltirilishini oshirdi. Respublika aholisining bunday mollarga ehtiyoji yetarli darajada ta'ininlanmadi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling