Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet93/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   89   90   91   92   93   94   95   96   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Qarshi dashtini Amudaryo suvi bilan sug'orishni xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan. Dashtda bir million gektar yerni sug'orish va o'zlashtirish mumkin edi. Bu ulkan ishlarni amalga oshirish uchun zarur moddiy-texnik imkoniyatlar vujudga kelganidan so'ng 60 yillarda Qarshi cho'lini o'zlashtirish boshlandi. Qarshi dashtida uzunligi 165 kmga boradigan Qarshi magistral kanali va Tallimarjon suv ombori asosiy irrigatsiya inshootlari edi. Qarshi kanalini qurish 1974 yili tugallandi. Ketma-ket joylashtirib qurilgan 6 ta nasos stansiyasi Amudaryo suvini 132 m balandlikka ko'tarib beradigan bo'ldi. Ana shu eng yirik irrigatsiya inshootlarining ishga tushirilishi Qarshi dashtidagi qo'riq yerlarni sug'orishga imkon berdi.

O'zbekistonda 1985 yilga kelib 20 dan ortiq suv omborlari ishlaydigan bo'ldi. Shu bilan birga kanallar soni ham ortdi. Bu kabi irrigatsiya inshootlarining kengayib borishi xalq xo'jaligi uchun birmuncha iqtisodiy samara berdi, biroq buning salbiy oqibatlari yanada og'irroq bo'ldi.

Ittifoq hukumatining aybi bilan cho'llarni o'zlashtirish, sug'orish ishlari ekstensiv yo'l bilan olib borildi. cho'llarni o'zlashtirishda, ekin maydonlarini sug'orishda suvni tejab ishlatadigan usullar, yangi texnikalardan keng foydalanilmadi. Natijada ko'p miqdordagi suv yerga singib, havoga bug'lanib ketishi tufayli isrof qilindi. Sug'orishda ekstensiv usulning qo'llanilishi, suvdan foydalanishda isrofgarchilikka yo'l qo'yilishi Sirdaryo, Amudaryo suvlarining bir qismini Orol dengiziga quyish imkoniyatidan mahrum qildi va Orol fojiasiga olib kelgan asosiy sabablardan biri bo'ldi.

Katta-katta suv omborlari, o'nlab, yuzlab kilometr masofaga cho'zilib ketgan Aydar, Arnasoy, Sariqamish, Chordara va boshqa drenajlar kollektor suvlari to'plagichlar bilan birga yerosti suvlarining ham yuzaga ko'tarilishiga yordam berdi. Oqibatda hatto eskidan sug'orilib kelayotgan yerlar ham ikkinchi bor sho'rlandi, botqoq bosdi, bog'-rog'lar va tokzorlar qurib qoldi. Yangi paxtachilik tumanlarini barpo etish maqsadida puxta o'ylamasdan sug'orish inshootlarini qurish, Sirdaryo va Amudaryodan tobora ko'p suv olish Orol dengizining qurib borishiga olib keldi va uni obihayotdan mahrum etdi. Bu narsa bugun Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni mushkullashtirib qo'ydi.

2. Yangi paxtachilik tumanlarini barpo etish. Respublikaning cho'l tumanlarida qurilgan yirik suv inshootlari, suv xo'jaligi ishlari Mirzacho'l, Qarshi dashtlarini, Surxon-Sherobod vodiysi va boshqa qo'riq yerlarni sug'orish va o'zlashtirishga yo'l ochib berdi. Yerlarni o'zlashtirish (asosan paxta ekish uchun o'zlashtirish) kompleks tarzda olib borildi, boshqacha aytganda, yerlarga suv chiqarish bilan birga yangi ho'jaliklar barpo etilib, qishloqlar, shaharlar, turar joylar, sanoat korxonalari va madaniy-maishiy obyektlar qurildi.

1980 yilning boshiga kelib Mirzacho'l hududida 300 ming gektardan ortiq qo'riq yerlar o'zlashtirildi va Mirzachol yirik paxtachilik vohasi bo'lib qoldi. Yangi o'zlashtirilgan yerlarda Sirdaryo va Jizzax viloyatlari, Paxtakor, Ilich, Do'stlik, Arnasoy, Oqoltin, Mehnat-obod kabi yirik paxtachilik tumanlari, 50 ta yangi sovxozlar, Yangiyer, Guliston, Paxtakor, Do'stlik, Baxt, Shirin shaharlari vujudga keldi. Mirzacho'l dashtining tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketishi cho'lquvarlarning fidokorona mehnati natijasi bo'ldi. O'zbekistonning yangi paxtakor mintaqasi paxta xom ashyosi yetishtirishni muntazam ravishda oshirib borib, 1980 yilda 492 ming tonnaga yetkazdi.

Shu bilan birga, Mirzacho'l yerlari va boshqa qo'riq tumanlarga suv ehiqarib, ularni o'zlashtirishda katta kamchiliklar ham bo'ldi. Suv xo'jaligi tashkilotlari yangi o'zlashtirilgan yerlarni xo'jaliklarga hali ko'p chala ishlari qolgan holatda topshirar edilar. Buning natijasida yerlarning kattagina qismi qishloq xo'jaligida foydalanilmay qoldi. Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida 1984 yili har gektar yerdan bor-yo'g'i 7 sentner paxta olindi. Bunga, qisman, Jizzax viloyatidagi kollektorlarning 25 foizi umuman ishdan chiqqanligi, yopiq va vertikal drenajning uchdan biri qisman ishlamaganligi, ba'zi joylarda yopiq zovurlarning umuman qurilmaganligi sabab bo'ldi. Ko'p hollarda qo'riq tumanlarda xo'jaliklar mukammal bo'lmagan holda qurilar, jumladan, turar joy va kommunal-maishiy obyektlar qurilishiga doir masalalar yaxshi hal qilinmas edi. Holbuki, bunday obyektlar yetishmas, mavjudlari esa sifati pastligi bilan ajralib turardi.

Qarshi dashtida yangi yirik paxtachilik tumanini barpo etish uzoq yillar davomida Ittifoq hukumatining diqqat markazida bo'lib keldi. Bu maqsad uchun 1970 yilda 1 mlrd so'mdan ortiq mablag' ajratildi.

1963-1979 yillar davomida Qarshi dashtida 30 ga yaqin sovxozlar tashkil etildi. 70 yillarning ikkinchi yarmida 60 ming gektar yangi yer qishloq xo'jalik oborotiga qo'shildi.

Surxon-Sherobod vodiysida qurilgan sug'orish inshootlari 114 ming gektar maydondagi qo'riq yerlarni sug'orishga imkon berdi. Sherobod cho'lining yangi o'zlashtirilgan yerlarida ikkita shahar, 17 ta yangi sovxoz tashkil qilindi. Irrigatsiya-melioratsiya qurilishining kengayishi, ekin maydonlarini suv bilan ta'minlashning yaxshilanishi paxta hosildorligini oshirdi. 1970 yili Qashqadaryo viloyati paxtakorlari har gektar yerdan 32,3 sentner paxta olishgan bo'lsa, 1983 yili hosildorlik 36,4 sentnerga yetdi.

O'sha yillarda yangi yerlarni sug'orish geografiyasi va hajmlari ancha kengaydi, g'o'za ekiladigan maydonlar ortdi. Irrigatsiya, melioratsiya ishlari dasturining amalga oshirilishi natijasida yangi yerlarni o'zlashtirish sur'atlari jadallashdi. 1946 yilgacha bo'lgan davrda 600 ming gektarga yaqin yangi yerlar ishga tushirilgan bo'lsa, 1966-1985 yillar mobaynida 1800 ming gektarga yaqin, ya'ni uch baravar ko'p yer foydalanishga topshirildi.

Qo'riq yerlarga suv chiqarish va ularni o'zlashtirish, Ittifoq hukumatining zo'ri bilan yangi paxtachilik tumanlarini yaratish, paxta ekiladigan maydonlarni kengaytirish paxta yakkahokimligining yanada kuchayishiga olib keldi. Bu hol o'z navbatida oziq-ovqat va ekologik muammolarni hal qilishni yanada qiyinlashtirib, respublikada ijtimoiy keskinlikni kuchaytirdi.

54-§. Aholini ish bilan ta'minlash va milliy ishchi kadrlar tayyorlash muammolari

1. Aholining ish bilan bandligi. 70 yillarga kelganda aholining ish bilan bandligi muammosi juda keskinlashdi. O'zbekiston xalq xo'jaligining ishchi kuchiga haddan tashqari to'yinganligi, mehnatga layoqatli ishlamaydigan aholi miqdori o'sishda davom etayotganligi, ishchi kuchiga talab va taklifning miqdoriy va sifat jihatidan nomutanosibligi, uzoq yillar davomida ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishda milliy va ijtimoiy omillarning hisobga olinmaganligi aholining ish bilan bandligi darajasiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.

Respublikada aholi tez sur'atlar bilan o'sib bormoqda edi. Har yili tayyorlanadigan mutaxassislarning 25 foizi o'ziga munosib ish o'rni topa olmasdi. Yangi ish joylari O'zbekistonda jiddiy muammoga aylandi.

Mehnatga layoqatli yoshdagi aholining o'sish sur'atlari aholi umumiy sonining o'sish sur'atlariga nisbatan jadalroq bo'ldi. O'sha yillarda respublika aholisining 70 foizini 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil qilgan.

O'zbekiston aholisining umumiy sonida o'zbeklar 1979 yilda 68,7%ni tashkil etdi. Aholi umumiy sonining o'sishida boshqa mintaqalardan doimiy yashash uchun ko'chib kelayotgan kishilarning hissasi ortib bordi. Ularning aksariyati shaharlarga kelib o'rnashdilar.

Bu omillar katta shaharlarda har bir kvadrat metr maydonga to'g'ri keladigan aholi sonining ko'payib, aholining nihoyatda zich yashashi bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqardiki, bu ishsizlikning yanada ortishiga olib keldi.

Aholining yuqoridagiga o'xshash omillar natijasida o'sib borishi shaharlarda ko'pgina muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. Sunday ahvol, ayniqsa, Farg'ona vodiysidagi yirik shaharlarga-Andijon, Farg'ona, Namanganga ko'proq taalluqli edi.

Aholining haddan tashqari tig'iz yashashi, uning tabiiy o'sishi va boshqa mintaqalardan ishchi kuchlarni keltirish hisobiga o'sish sur'atlarining yuqoriligi aholi shunday ham tig'iz joylashgan shaharlarda ijtimoiy muammolarni yanada murakkablashtirib yubordi.

Respublikada iqtisodiy va ijtimoiy siyosat uzoq vaqt mehnatga layoqatli kishilar ortiqchaligi, oilalarda bolalar ko'pligi, aholining mehnat ko'nikmalari o'ziga xosligi yetarlicha e'tiborga olinmagan holda amalga oshirildi. Buning oqibatida sermehnat tarmoqlar, ishlab chiqarishning kichik shakllari yetarli darajada rivojlanmadi. Sanoat korxonalarining filiallari va sexlarida sanoat xodimlarining 10 foizdan ozrog'i band edi. Mahalliy aholi o'rtasida kichik korxonalar g'oyatda manzur bo'lganligini hisobga olsak, bu ko'rsatkich juda past ekanligini anglash mumkin.

Ilmiy asoslanmagan noto'g'ri yo'l bilan palapartish joylashtirilgan ko'pgina sanoat korxonalari demografik va ekologik vaziyatni hisobga olmay qurildi. Ko'p mehnat talab qiladigan emas, balki ko'p fond talab qiladigan ishlab chiqarishlar, zararli chiqitlar va oqindilar salmog'i katta bo'lgan korxonalar barpo etildi. Respublika aholisining manfaatlariga xilof ravishda yirik shaharlarda o'nlab ishlab chiqarish korxonalari barpo qilindi. O'sha yillar mobaynida Toshkentda shahar aholisiga biron-bir narsa berish u yoqda tursin, unga katta ziyon yetkazadigan 70 dan ortiq korxona, ombor, bazalar joylashtirilgan edi. Ayni paytda Jizzax va Termiz kabi shaharlarda sanoat korxonalari juda kam qurilgan bo'lib, 80 yillar o'rtalarida ham o'z xom ashyo bazasida ishlaydigan bironta to'qimachilik va tikuvchilik korxonasi yo'q edi.

Umuman olganda, 70-80 yillarda respublikada ko'plab sanoat korxonalari qurilganligiga qaramasdan, 4,5 million kishi, ya'ni butun aholining 45%i turmush tarzi eng past darajada bo'ldi, ishsizlar soni salkam 1 mln ga yetdi. Ish bilan ta'minlanmaganlar orasida 16-29 yoshli yigit va qizlar 1970-1985 yillarda 33%dan 50%ga yetdi. Qishloq joylarda, ayniqsa, Buxoro viloyati va Qoraqalpog'istondagi qishloqlarda yoshlar orasida ishsizlar salmog'i bundan ham ortiq edi.

Biroq, ayni paytda, Toshkent, Farg'ona viloyati shaharlari, Samarqand kabi yirik shaharlardagi sanoat korxonalarida band bo'lmagan ish joylari ham ko'p edi. Buning sababi mahalliy aholida zarur mehnat ko'nikmalari va tegishli malakaning yo'qligi, mehnat va turmush sharoitining yomonligi, mehnatga haq to'lashning nisbatan pastligi, kadrlar tayyorlash, korxonalarni joylashtirish masalalari puxta o'ylanmaganligida edi. Ammo bu muammolarni hal qilishga urinilmadi, holbuki, boshqa mintaqalardan ortiqcha ishchi kuchlarini safarbar qilish bilan ular osonlikcha o'z yechimini topardi.

Aslini olganda, respublikamizda Ittifoq markazining manfaatlarini ko'zlab ko'plab korxonalar qurildi va shunga mo'ljallab boshqa mintaqalardan minglab kishilar keltirildi. Ularga ma'lum imtiyozlar berildi, ular turli qaror va farmoyishlar bilan himoya qilindi. Uy-joy Rossiyadan kelganlarga navbatsiz berilardi.

Mehnat bilan bandlik 1970 yilda 77%ni tashkil etgan bo'lsa, 1985 yilda 73%ga tushib qoldi. Mazkur muammo qishloq joylarida ayniqsa keskin tus olib bordi. Ish bilan band bo'lmagan aholining uchdan ikki qismi qishloqqa to'g'ri kelardi.

Respublikamizda sanoat korxonalarini joylashtirish ilmiy asosda olib borilmadi, ya'ni ularni joylashtirishda hududlarning xususiyatlari, xom ashyo, moddiy resurslar, malakali kadrlarning bor-yo'qligi hamda ekologik vaziyat kamdan-kam hisobga olindi. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan band etish muamrnolari yillar davomida to'la hal etilmadi.

2. Kadrlarni yetishtirish. Respublika xalq xo'jaligining ishchi va ilmiy-texnik kadrlarga bo'lgan talabi izchil tarzda o'rganilmadi. Natijada kadrlar tayyorlashni rejalashtirishda jiddiy kamchiliklarga yo'l qo'yildi, ba'zi sohalarda keragidan ortiq ishchi kadrlar tayyorlandi, boshqa sohalarda, ayniqsa, texnika taraqqiyotini belgilovchi tarmoqlarda mahalliy millat vakillaridan ishchi kadrlar tanqisligi sezilib qoldi.

Shunday bo'lsa-da, qayd etish kerakki, bu davrda ham xalq xo'jaligining barcha tarmoqlarida kadrlarni tayyorlashda sezilarli ishlar qilindi. 1971-1985 yillar mobaynida O'zbekiston xalq xo'jaligida ishchi va xizmatchilar soni 2,6 mln dan 4,8 mln nafarga ko'paydi. Biroq bu o'sish sun'iy ravishda, ya'ni respublikamizda ishsiz yurganlar soni ko'p bo'lishiga qaramasdan, tashqaridan ko'plab kishilarni ko'chirib keltirish hisobiga ro'y berdi. Sunday ishlar markazning ma'lum maqsadlarni amalga oshirish uchun olib borgan siyosati bilan qilindi. Mana shunday siyosat natijasida sanoatda asosan mehnatga layoqatli umumiy aholining 12 foizidan kamrog'ini tashkil etuvchi ruslar ishlar edilar. Shu boisdan mahalliy aholi orasidan ishchilar tayyorlashning sifatini yaxshilash, miqyosini kengaytirish zarurati yetilgan masalalardan biri bo'lib qoldi.

70 yillarda sanoatda mahalliy aholi miqdori bir-muncha ko'paygan bo'lsa-da, keyingi yillarda bu yo'nalish rivojlanmadi. Ayniqsa, stanokda ishlovchilar, masterlar, muhandislar guruhlari orasida rnilliy kadrlar kamayib ketdi.

3. Miliy ishchilar. Aholi tarkibida ishchilar soni anchagina o'sganligiga qaramay, respublikamiz bu ko'rsatkich bo'yicha sovet respublikalari ichida 13-o'rinda turardi. O'zbekiston ayniqsa ishchilar safming milliy kadrlari salmog'i jihatidan orqada qolmoqda edi. 70 yillarda ushbu muammoni oqilona hal qilish borasida anchagina qarorlar qabul qilindi, aslini olganda bu qarorlar markaz tomonidan tubdan ijobiy o'zgarishlar qilish uchun emas, balki nomigagina qabul qilinganligi uchun qog'ozda qolib ketdi.

Viloyat sanoat korxonalaridagi mahalliy millat ishchilari salmog'i ham turlicha edi. Masalan, Farg'ona vodiysiga o'zbek ishchilari 40-60 foizni tashkil qilsa, Toshkent viloyatida bu ko'rsatkich 20-23 foiz edi. Respublika sanoatini rivojlantirish sohasida yo'l qo'yilgan kamchiliklar ham milliy ishchi kadrlar tayyorlash ishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Azaliy sanoat hunarmandchiligi va mehnatni tashkil qilish shakllaridan voz kechilib, xatoga yo'l qo'yildi. Yirik shaharlarda ko'proq ulkan, aholi uchun mutlaqo yangi, respublika ehtiyoji uchun yaroqsiz bo'lgan korxonalar jadal sur'atlarda barpo qilindi. Jumladan, birgina Toshkent shahrining o'zida 70 yillarning oxirlarida 400 dan ortiq sanoat korxona va birlashmalari mavjud edi. Bu korxonalar O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining to'rtdan birini yetkazib berardi. Umuman olganda, respublikadagi sanoat korxonalarining 50 foizi Toshkent shahri va viloyati hududida joylashgan bo'lib, ulardagi ishchilarning atigi uchdan bir qismi tub millat vakillari edi. Shu yillarda Farg'ona, Andijon, Qo'qon, Buxoro shaharlarida ham mashinasozlik, ximiya, yengil sanoat korxonalari ko'plab qurildi. Bu korxonalarda kimlar ishlashi, qanday mutaxassislar kerakligi, ishchilarni qayerdan olib kelish bilan bog'liq masalalar eng oxirida hal etilar edi. Bunday amaliyot "tayyor" ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni chetdan qidirishga majbur etdi. Bu narsa markaz uchun juda ma'qul ish edi, chunki bu respublikaning markazga qaramligini bir necha karra oshirar, hukmronlik siyosatini yanada kuchliroq amalga oshirishga imkon yaratardi. Masalan, birgina Toshkent shahrida 1985-1986 yillarda ishsizlar soni 200 ming kishiga yetishiga qaramay, yangi ishlab chiqarish korxonalarining mehnat kollektivlarini shakllantirish uchun respublika tashqarisidan 125 mingga yaqin ishchi va mutaxassislar jalb etildi. Bu demografik vaziyat shundoq ham og'ir bo'lgan respublikamizda ishsizlar sonining yanada ortishiga, uy-joy masalasi va boshqa ijtimoiy muammolarning keskinlashishiga sabab bo'ldi.

Yildan yilga markaziy mintaqalardan ko'chib keluvchilar soni ortib bordi. Chirchiq, Olmaliq, Angren, Navoiy, Yangiyer, Bekobod kabi shaharlarda tub aholi kamchilikni tashkil etib, ko'pchiligi Rossiya shaharlaridan yo'llanma bilan kelgan kishilar edi.

Ishchilar saflarini tub yerli millat kishilari hisobiga o'stirish yosh ishchi kadrlar tayyorlaydigan hunar-texnika bilim yurtlarida ham sust bordi. Bilim yurtlariga qabul qilinganlarning 45 foizi (Toshkent shahrida) boshqa respublikalardan kelgan kishilar edi. Shu bilan birga o'quvchilar umumiy sonida sanoat va qurilish ishchilari mutaxassisliklari bo'yicha tub millat vakillari 17 foizni tashkil etgan.

Qizil imperiya ayni kuchga to'lgan, jahonga dag'dag'a qilayotgan, o'zining eng yovuz maqsadlarini amalga oshirish uchun tinimsiz kurash olib borayotgan 70-80 yillarda milliy mutaxassislar tayyorlashdek muhim va dolzarb vazifaga munosabat mana shunday tarzda bo'lib, ularning sanoat tarmog'ida jamlanishiga, sonining ortishiga yo'l qo'yilmadi.

55-§. Ekologik vaziyatning og'irlashishi. Orol fojiasi

1. Ekologik muvozanatning buzilishi. Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish muammosi, asosan inson faoliyati natijasida, ya'ni insonning tabiiy jarayonlarga aralashuvi kengayib va chuqurlashib borishi sababli paydo bo'ldi. 1970-1985 yillarda bu muammo bashariyat uchun katta tashvish tug'dirdi. Insonning xo'jalik faoliyati yildan yilga kuchayib bordi, qo'riq yerlar o'zlashtirildi, elektr stansiyalari, zavod-fabrikalar qurildi, yangi shaharlar soni ko'paydi. Yangi yerlarning o'zlashtirilishi, sanoat va qishloq xo'jalik korxonalari, transport faoliyatining nazoratdan chetga chiqib ketishi esa tabiatda mavjud muvozanatni buzib, noxush ekologik vaziyatni vujudga keltirdi.

Butun dunyoda olimlar ekologik muvozanat buzilgan, buning xavf-xatari yadro urushi xavfidan qolishmaydi, deb turgan bir paytda sovet hukumati, KPSS bizning mamlakatimizda ekologiya muammosi yo'q, deb bu tahdidning oldini olish uchun hech qanday chora ko'rmadi. O'zbekiston olimlariga bu xavf to'g'risida gapirishga yo'l berilmadi.

Islom Karimov "O'zbekiston 21 asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" asarida shunday deydi: "Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik falokatning g'oyat xavfli zonalaridan biri vujudga kelganligini alam bilan ochiq aytish mumkin. Vaziyatning murakkabiigi shundaki, u bir necha o'n yilliklar mobaynida ushbu muammoni inkor etish natijasidagina emas, balki mintaqada inson hayot faoliyatining deyarli barcha sohalari ekologik xatar ostida qolganligi nalijasida kelib chiqqandir. Tabiatga qo'pol va takabburlarcha munosabatda bo'lishga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Biz bu borada achchiq tajribaga egamiz. Bunday munosabatni tabiat kechirmaydi. Inson-tabiatning xo'jayini, degan soxta sotsialistik mafkuraviy da'vo, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida ko'plab odamlar, bir qancha xalqlar va millatlarning hayoti uchun fojiaga aylandi. Ularni qirilib ketish, genofondning yo'q bo'lib ketishi yoqasiga keltirib qo'ydi".

O'zbekistondagi barcha yirik og'ir sanoat tarmoqlari-metallurgiya, gaz-neft, energetika, kimyo korxonalari Ittifoq vazirliklari, mahkamalari qaramog'ida edi. Ekologiyani asosan o'sha tarmoqlar korxonalari buzib keldi. Lekin Markaz idoralari respublika aholisi salomatligini emas, balki kam sarf qilib, ko'p daromad olishni o'ylardi. Shuning uchun bu korxonalarning rahbarlari atrof-muhitni ifloslantirishga qarshi zarur choralar ko'rmadi.

Shaharlarda sanoat korxonalari atrof-muhitni zaharli gazlar, chiqindilar bilan ifloslantirardi. Ayniqsa, kimyo zavodlari va kombinatlari ekologik vaziyatga juda katta salbiy ta'sir ko'rsatardi. Bu zavodlarning xavfli tomoni shunda ediki, O'zbekiston aslida aholi zich yashaydigan mintaqalardan hisoblanardi. Kimyo zavodlari asosan aholisi ko'p shaharlarda qurilgan edi. Masalan, ko'zdan kechirilayotgan yillarda Chirchiq shahrida Chirchiq elektr kimyo kombinati yoki SSSRda aholi eng zich joylashgan shahar hisoblangan Andijonning qoq o'rtasida gidroliz zavodi faoliyat ko'rsatardi. Respublikaning ko'pchilik yirik shaharlarida kimyo zavodlari ishlab turardi. Aholi zich bo'lgan shaharlarda joylashgan mazkur korxonalar xalq xo'jaligining u yoki bu tarmoqlarini zarur kimyoviy mahsulotlar bilan ta'minlab, ayni vaqtda atrof-muhitni ifloslantirib, respublika aholisiga, tabiatiga ekologik tahdid solardi. Atmosferaga chiqarilgan zararli chiqindilardan o'simliklar va hayvoriot dunyosi zarar ko'rdi, havo, suv, qishloq xo'jalik mahsulotlari zaharlandi. Kimyo sanoati korxonalarida o'sha yillari changlarni ushlab qoladigan va gazlarni tozalaydigan qurilmalar yetarli darajada o'rnatilmagan edi. Bular aholi istiqomat qiladigan punktlar va sanoat mintaqalari havosining ifloslanishiga sabab bo'lib keldi. Bu holat aholining salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.

Sovet hukumati amalga oshirgan agrar siyosati tufayli yillar osha mustahkamlanib borgan paxta yakkahokimligi O'zbekiston tabiati muvozanatining buzilishiga sabab bo'ldi.

Paxta ekin maydonlarining beda va oziq-ovqat ekin yerlari hisobiga kengayishi almashlab ekishni cheklab qo'ydi. Monokultura g'o'zaning yoppasiga kasallanishiga olib keldi. G'o'za zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashda Markaz ko'rsatmasi bilan o'ta zaharli kimyoviy moddalar ishlatildi. 80 yillar o'rtalarida respublikada 90 ming tonna pestitsidlar qishloq xo'jaligida qo'llanildi. Zaharli moddalar bilan ishlab berish maydonlarning taxminan yarmida samolyotlarda bajarildi. Zaharli moddalarning paxta dalalariga samolyotda sepilishi havoni, suvni zaharlab, aholi salomatligiga, tabiatga, hayvonot dunyosiga zarar yetkazdi.

Zaharlilik darajasi yuqori bo'lgan kimyoviy modda-butifos g'o'zani defolyatsiya qilish uchun 20 yilga yaqin ishlatildi. Defolyatsiya asosan samolyotlarda bajarilar edi. Ko'p hollarda butifos har gektar paxta maydoniga belgilangan me'yordan 2-3 baravar ko'p ishlatilardi. Zaharli butifosning defolyatsiyada keng qo'llanilishi atrof-muhitga va odamlar salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Respublika rahbar organlari 1981 yili bu zaharli kimyoviy moddadan foydalanishni taqiqladi. Biroq butifosdan g'o'zani defolyatsiya qilishda ayrim xo'jaliklar keyingi yillarda ham foydalandilar.

Pestitsidlarni tashish, saqlash qoidalariga xo'jaliklar yetarli e'tibor bermas edi. Respublika xo'jaliklarida pestitsidlar saqlanadigan omborlarning uchdan ikki qismi zaharli kimyoviy moddalar saqlash uchun belgilangan sanitariya normalariga mos kelmasdi. Ularning ko'plari aholi istiqomat qiladigan joylarga, transport yuradigan yo'llarga, ariqlarga yaqin yerlarga qurilgan edi. Bu hol odamlarning va ichimlik suvlarining zaharlanishiga olib keldi. O'sha davrda qishloqlarda vodoprovodlar juda kam bo'lganligi tufayli ko'pchilik qishloq aholisi ariq va hovuzlardan suv ichar edi. Pestitsidlarni saqlash va qo'llash qoidalariga rioya qilmaslik ariq suvlarining zaharlanishiga, aholi orasida sariq, anemiya (kamqonlik), sil, yurak-qon-tomir va boshqa og'ir kasalliklarning keng tarqalishiga olib keldi.

O'zbekistondagi irrigatsiya tarmoqlarining ko'p qismi zamonaviy texnik talablarga javob bermas edi. Ariqlarning suv shimilishiga qarshi qoplamalari yo'qligi natijasida suvning ko'pi yerga singib ketardi. 1978-1982 yillarda respublikamizda har gektar yerga sarflangan suvning o'rtacha miqdori normadagidan ikki baravar ko'p bo'ldi.

Markaziy idoralar aybi bilan Orol dengizi havzasida tashvishli va halokatli murakkab ekologik vaziyat yuzaga keldi. O'zbekistonda yuzlab, minglab gektar yerlarning meliorativ holati yomonlashdi. Natijada umumdavlat manfaatlariga ham, milliy manfaatlarga ham mos bo'lmagan ahvol vujudga keldi.

Ana shunday bir sharoitda qurilgan suv omborlarining ta'siri ahvolni og'irlashtirdi. Uzoq yillar qishloq xo'jalik muammolari bilan shug'ullangan akademik M. Muhammadjonovning ma'lumotlariga qaraganda, jamiyatimizda ekologik fojianing yuzaga kelishida, ya'ni atrof-muhitning yomonlashuvida suv omborlarining ham ulushi bor. Markaziy Osiyodagi eng yirik Tuyamo'yin suv ombori kuybishevlik loyihachilar taklifiga asosan Sulton Sanjar tuz koni va ko'm-ko'k o'rmonzorlar ustiga qurildi. Oqibatda asrlar davomida Xorazm vohasini tuz bilan ta'minlab kelgan kon suv ombori tagida qolib ketdi. Ombordagi sho'r suv esa vohaning paxta dalalari tomon oqizildi. Bu esa Xorazm viloyatida ekologik vaziyatni juda og'irlashtirib yubordi.

1985 yilga kelib suv omborlari soni yana ham ko'paydi. Ularning ta'siri ostida daryolarning suvi tarkibida tuz va zaharli moddalar ko'payib ketdi. Natijada yerlarning sho'rlanishi milliy fojia sifatida har tomonlama xavf sola boshladi. Namangan yerlarining 48 foizi, Andijon yerlarining 23 foizi, Sirdaryo yerlarining 22 foizi kuchli sho'rlandi. Respublikamizda 1,5 mln gektardan ortiq yerlar sho'rlangan edi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   89   90   91   92   93   94   95   96   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling