Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet16/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
92
har to‘g‘rida sizni himoyat qilmoqqa va’da berib, bay’at topshirdik, qaysi ishga Alloh amr 
etgan bo‘lsa, boshlang, biz tayyormiz. Sizni payg‘ambar qilib yuborgan Alloh oti ila ont 
ichurmankim, agar bizni boshlab qay dengizga kirar bo‘lsangiz, ortingizdan qolmay, 
bizlar ham kirarmiz, suv dengizi emas, o‘t dengizi bo‘lsa ham sizdan ajralmaymiz, har 
qancha ko‘p dushman qarshisida bizni qo‘ysangiz, uni ko‘p ko‘rib, og‘ir olmaymiz. Urush 
maydonida bizlar chidamlikdurmiz. Dushman qarshisida erlik bilan turib, qahramonlik 
ko‘rsata olurmiz. 
YO Rasulalloh, ertaga ko‘rasiz, dushman oldida qilgan bahodirlik ko‘rsatgan 
botirliklarimiz. Sizni albatta, suyuntirgay, albatta, shunday bo‘lur deb Allohdan umid 
etamiz», deb so‘zini to‘xtatdi. 
Bu so‘zlarni eshitib Rasululloh suyunganlaridan muborak yuzlari yaltirab ketdi. So‘ngra 
aytdilar: «Sizlarga bashorat bo‘lg‘aykim, dushmanlarimiz bu urushda bizdan 
yengiladilar. Urush maydonida alarning yiqilib yotgan joylari Xudo tarafidin ko‘zimga 
ko‘rsatildi». Ya’ni, Alloh taolo ikki toifaning birini berurman, deb Payg‘ambarimizga va’da 
qilgan edi. Shu va’da Quraysh qo‘shiniga to‘g‘ri kelib, alarning bu urushda uchraydurgan 
voqealari ko‘rsatildi. Abu Jahl boshliq bir qancha Quraysh raislarining bu maydonda 
o‘ladurgan joylarini belgilab, bir kun oldin sahobalarga ko‘rsatdilar. Qaysi yerni 
ko‘rsatgan bo‘lsalar, xuddi o‘shal yerda degan kishilari halok bo‘ldi. Bunday g‘oyib 
ishlardan xabar berishlari Payg‘ambarimizning mo’jizalari edi. 
Endi so‘zni Abu Sufyondan eshitamiz. Abu Sufyon Payg‘ambarimizning yo‘l to‘sib 
chiqqanlarini anglagandan so‘ngra, yurgan yo‘lini tashlab, yiroq bo‘lsa ham dengiz bo‘yi 
yo‘liga tushib karvonni qutqazdi. Darhol xat yozib, kelayotgan Quraysh qo‘shiniga kishi 
yubordikim, bizlar qutuldik, endi boshqa hojat yo‘q, sizlar qaytinglar, deb yozgan edi. Bu 
yuborilgan kishi alarga yo‘lda yo‘liqdi. Xatni o‘qigandin so‘ngra Abu Jahldan boshqa 
barcha Quraysh raislari Abu Sufyon so‘zi bilan yo‘ldan qaytib ketishni ma’qul ko‘rdilar. 
YOlg‘iz Abu Jahl bu ishga rozilik bermadi: «Biz yo‘limizdan qaytmaymiz, Badr maydoniga 
borib, ul joyda uch-to‘rt kun turaylik, atrofdagi arablar bu ishimizdan xabar topsinlar, 
tuya so‘yib, chag‘ir ichib askarga ulush beraylik, arab eliga bizning otimiz tarqalsin, bu 
yo‘lni shundoq qilib qaytsak, xalq ichida obro‘yimiz oshib, haybatlik bo‘lurmiz», dedi. 
Buning bu so‘ziga qarshi chiquvchilar bo‘lsa ham, alarning so‘zlari rad qilinganlikdan, 
ba’zilari o‘zlariga qarashlik bo‘lgan kishilarni olib, yo‘ldin qaytdilar. Qolgan Kuraysh 
qo‘shinlari shu yurganlaricha, Badr vodiysining Makka tomonidagi chetiga kelib qo‘ndilar. 
Bu joy bo‘lsa, Makka bilan Madina oralig‘idagi, Madinaga yaqinroq bir yerdur. Qo‘nishlari 
yumshoq tuproqlik, keng ketgan tekislik edi. Mushriklar bu o‘ringa yetganda, u 
tomondan Payg‘ambarimiz ham yaqinlashib keldilar. Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, bu 
ikkovlarini dushmandin xabar olib, til tutmoqqa askar oldidan yuborgan edilar. Bular 
Quraysh askarlarining suvchilariga yo‘liqib, alardin ikki kishini ushlab, Rasulullohga 
kelturdilar. Shu vaqtda Rasululloh namoz o‘qib turmoqda edilar. Namozdin bo‘shaguncha 
bularni so‘roqqa olishdi. Alardin kim ekanliklarini so‘rab edilar, «Quraysh askarlarining 
suvchilarimiz», deb rostini aytdilar. Bunga ishonishmay: «Sizlar Abu Sufyon kishilari 
bo‘lgaysiz», deb alarni qattiq urdilar. Qiynoqdin qutulmoq uchun, yolg‘on bo‘lsa ham: 
«Abu Sufyon g‘ulomlarimiz», deb turganda, Rasululloh namozlarini o‘qib bo‘lib, alarga 
aytdilarkim: Rostini aytganda bularni urdinglar, yolg‘on aytsalar qo‘ydinglar. Quraysh 
suvchilarimiz, deganlari to‘g‘ridur. Qani ulardin bizga xabar beringlar, raislari kimlar, 
askar soni qancha?» — deb so‘radilar. Anda suvchilar: «Biz Quraysh askarlarini anavi 
ko‘ringan egiz qumtepa ortida qo‘ndirib keldik. Ammo askar soni qancha ekanini 
bilmaymiz», dedilar. «Andoq bo‘lsa, har kuni askarning ovqatiga necha tuya so‘yiladi?», 
dedilar. «Bir kun o‘n, bir kun to‘qqiz tuya so‘yiladi», deyishdi. «Bu so‘zinglar rost bo‘lsa, 
askar soni to‘qqiz yuz bilan ming oralig‘ida bo‘lg‘ay», dedilar. Ikkinchisi, bu askar ichida 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
93
Quraysh raislaridan bir qancha atoqlik kishilarning borligini bildirdi. Buni eshitganlarida, 
Payg‘ambarimiz sahobalariga qarab: «Makka shahri sizlarga jigarporalarini taqdim 
qilmishdur», deb bu urushda zafar topishga ishorat qildilar. 
Shuning bilan yurib-o‘tirishib, kechga yaqin Badr vodiysining Madina tomon qirg‘og‘iga 
kelib tushdilar. Biroq bu tushgan yerlari sho‘rlik, suvdan yiroq cho‘l yer edi. Ichishga suv 
topolmay, chanqoqlik bularga g‘alaba qildi. Buning ustiga shu kecha bir necha 
sahobalarga junublik yetgan edi. Ertalab uyqudin turgan vaqtlarida ba’zilari junub, 
ba’zilari tahoratsiz edilar. G‘usl, tahorat qilishga yetarlik suvlari ham yo‘q edi. Shuning 
uchun ularning ko‘ngillarida turlik vasvasalar paydo bo‘ldi. Dushmanni ko‘rmasdan 
ilgariyoq: «Chanqoqlik bizni halok qilgudek ko‘rinur, shuning ustiga agar dushman 
hujumiga uchrar bo‘lsak, holimiz nechuk bo‘lur?» — degan so‘zlar tarqalib, askar ichiga 
qo‘rqunish tushdi. 
Mana shu chog‘da Allohning fazli karami bilan havo o‘zgarib, yomg‘ir yog‘a boshladi, 
ko‘p vaqt o‘tmay soylar to‘la suv bilan silkinib oqqali turdi. Barchalari g‘usl tahorat 
oldilar, O‘zlari ichib, qonishib, ot-ulovlarini sug‘orib, suv idishlarini to‘lg‘azdilar. 
Ko‘ngillarida g‘am bo‘lib turgan vasvasalarining barisi ko‘tarildi. Changib, to‘zib turgan 
tuproqlar bosilib, oyoq osti toptaldi. Urush maydoniga kirganda bahodir yigitlarning 
oyoqlari toyilmas bo‘ldi. Bu yomg‘ir yog‘ishi musulmonlarga naqadar foydalik bo‘ldi esa, 
kofirlarga shul qadar ziyonlik edi. Chunki alarning maqsadlari, shul kuniyoq ul joydin 
ko‘chganlaricha, Budrning suv quduqlariga ega bo‘lish edi. Yurar yo‘llari loy, botqoq 
bo‘lganlikdan, yo‘lda bir kun kechikib qoldilar. Oldingi o‘ylagan maqsadlari qo‘lga kirmay 
qoldi. 
Payg‘ambarimiz bo‘lsalar shu kechani toat-ibodat bilan o‘tkazdilar. Butun askarlarga 
zafar belgisi bo‘lib, tun bo‘yi alarni rohat uyqusi bosdi. Shuning uchun: «Iymoni kuchlik 
kishilarga urush ustida uyqu kelur, namoz ichida uxlaganlar, dilida nifoq borligidan 
bo‘lur», dedilar. Shuning bilan Rasululloh, tong yorishi bilan: «Mo‘minlar, namozga, 
namozga», deb qichqirdilar. YOmg‘irdan daldalanib, har yerda yotgan sahobalar 
yig‘ilishib kelib, Rasululloh orqasida namoz o‘qidilar. Namozdan keyin sahobalarga 
qarab, urush haqida qisqacha bo‘lsa ham, o‘tkir va’z so‘zladilar. Shundoqkim, Allohga 
hamdu sano aytgandin so‘ngra: 
— Ey mo‘minlar, Alloh taolo hoziru nozir, doim sizlarga qarab turadur. Urush maydonida 
bahodirlik ko‘rsatib, dushmanga qarshi chidamlik bilan turishinglarni Alloh suyadur, 
urush ustida qilich ostida Allohni yod qilib, sabr bilan turish har mo‘minning tutgan po‘lat 
qalqonidur. Bundan ajralmagan kishilar dushman ustidan albatta zafar topadilar. Bu 
o‘rinda bir necha soat sabr qilguvchilar, dunyo sharafiga ega bo‘lib, umr bo‘yicha 
qayg‘u-hasratdin o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqarg‘aylar. Shuni bilinglarkim, Allohning 
yordami sabr qiluvchilar bilandur, — deb so‘zlarini tamomladilar. 
So‘ngra Rasululloh Badrdagi suv quduqlarini dushmandin ilgariroq egallash uchun 
ildamlab yo‘lga tushdilar. Aytganlaridek, Qurayshdan ilgariroq manzilga yetib, Madina 
tomonidin borishdagi birinchi quduq boshiga tushdilar. Anda ansor sahobalaridin Hubob 
ibn Munzir: 
— YO Rasulalloh, bu joyga agar sizni Alloh tushirgan bo‘lsa, bu yerdan ilgari-keyin 
ketmagimiz yo‘qdur. Agar bu joyga o‘z fikringizcha tushgan bo‘lib, urushda hiyla kerak, 
desangiz, bu o‘rin bizga qulay emas, — dedilar. 
Anda Payg‘ambarimiz: 
— Bu haqda menga Allohdin vahiy kelmadi, o‘z xohishimcha bu joyga tushdim, urush 
demak, makr-hiyla bilan bo‘lur. Agar biz uchun biror foydalik ish topgan bo‘lsang, qani 
so‘zla, uni qabul qilurmiz, — dedilar. 
Anda Hubob ibn Munzir: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
94
— Andoq ersa, Makka tomonidagi eng oldingi birinchi quduqqa ega bo‘lmog‘imiz 
kerakdur. Men bilurman, yo Rasulalloh, bu joydagi borliq quduqlardan uning suvi 
mo‘ldur. U quduqning yonidan ko‘l qazib, uni suv bilan to‘ldirib olaylik, qolmish 
quduqlarning boriga tosh-tuproqlar tashlab, suvlarini quritaylik, dushmanlarimiz kelsa, 
suvsiz qolsunlar, — dedi. 
Rasululloh bu kengashni to‘g‘ri topib, bu quduq aylanasida (atrofida) askarga o‘rin 
oldilar. Boshqa quduqlarning barini ko‘mdirib, o‘z quduqlari oldida bir qo‘l qazib, suvga 
to‘ldirdilar. Bu o‘ringa dushman kelib yetmasdin ilgariroq bu ishlar bajarilgan edi. Anda 
madinalik ansor sahobalar raisi Sa’d ibn Mu’oz: 
— YO Rasulalloh, siz uchun bu tepa ustida soyalik bir o‘rin qilaylik, bizning ishlarimizni 
tekshirib, siz unda o‘ltiring, yelmayon yugurik tuyalardin bir nechasini oldingizga keltirib 
qo‘yaylik, so‘ngra biz dushmanlarimiz bilan savashaylik. Tangri bizga yordam berib 
g‘animlarimizni yengar bo‘lsak, kutgan tilagimizni topgan bo‘lurmiz. Agan bundoq 
bo‘lmay, ish boshqa tarafga aylansa, tayyor turgan tuyaga minib, o‘zingizni Madinaga 
yetkuring. Anda qoldirmish yor-yo‘ldoshlaringiz sizni jonlari ila saqlagaylar. Oldingizda 
siz uchun mol-jonlarini qurbon qilgaylar. Bu ishda ularning bizdan hech kamchiliklari 
yo‘qdur, — dedi. Rasululloh uning bu so‘ziga rahmat aytib... 
— Ey Sa’d, ish o‘zgarmas, inshaalloh, biz dushmanlarimizni yengamiz, — dedilar. 
Shuning bilan urush maydoni ustida qarab turgudek bir egiz tepa ustiga xurmo yog‘ochi 
shohlaridan soyabon yasadilar. Rasululloh ul joyga chiqib o‘ltirdilar. Abu Bakr Siddiq 
qilich yalang‘ochlab, boshlari ustida qorovullik qildi. Shu orada Quraysh qo‘shinlari ham 
yetishib keldi. Rasululloh ko‘rdilarkim, alarning urush asboblari tugal, ot-arg‘umoqlari 
mukammal. Bayroqlar ko‘tarishgan holda g‘ururlik va takabburlik bilan kelishar edilar. 
O‘z yoronlari, mo‘minlarga qarasalar, bularda har tomondan yetishmaslik ko‘p ko‘rindi. 
Sonlari uch yuzdan ortiq bo‘laturib, borliq ko‘luklari yetmish tuya, ikki otdan boshqa yo‘q 
edi. Buni ko‘rib, Rasulullohning ko‘ngillari ma’yus bo‘ldi. So‘ngra Quraysh askarlariga 
qarab turib, Xudoga munojat qildilar: 
— Ey bor Xudoyo, butun dunyo xalqiga meni haq payg‘ambar qilib yubording, haq yo‘lni 
alarga o‘rgatgil, deb qo‘limga Qur’ondek ulug‘ kitob berding. Endi bular o‘zingga qarshilik 
ko‘rsatib, payg‘ambaringni yolg‘onchi qildilar. O‘zing tushirgan Qur’oni karimga 
ishonmadilar, qonimizga tashna bo‘lib, qarshimizga keldilar. Ey bor Xudoyo, bu urushda 
bizlarga zafar berib, dushmanlarimizni haloq qilgil, chunki urushda sabr etgan mo‘min 
qullaringga, yordam berurman, deb o‘zing va’da qilding. Sening bu va’dang albatta 
haqdur,— deb duo qildilar. 
Shu orada Quraysh qo‘shini ikkiga bo‘linib, o‘z ichlaridan ola chiqdi. Askar raislaridan 
Utba ibn Rabia degan kishi xalqni bu urushdan qaytargali turdi. Ul aytur edikim: «Bu 
urushda Muhammadni yengar bo‘lsak ham, yana bu urushdan biz uchun foyda 
chiqmaydur. Chunki uning yoru yo‘ldoshlari eng oz deganda o‘z barobarlaricha kishi 
o‘ldirmay qolmaslar. Agar bu urushda Qurayshdan shu qadar odam o‘ldirilur bo‘lsa, 
qolganlarimizga bu tiriklikdan nima lazzat bo‘lur? Yana urushning oxiri qandoq chiqishi 
bizga ma’lum emasdur. Muhammad askarining bir qismi o‘z qabilamiz bo‘lganlikdan bu 
urush o‘z qonimizga — o‘zimiz qasd qilish, demakdur. Muhammad bilan bizning 
oramizda qon-mol chiqimlarimiz bo‘lsa, barini o‘z ustimga oldim, qonga xun to‘larman, 
moliga tovon berurman, endi bu urushni qo‘yaylik, Muhammadni boshqa qabila arablari 
bilan qoldirib, o‘zimiz esonlik bilan qaytaylik, ul boshqalarni yengsin, yoki ulardin 
yengilsin. Biz uchun bu ish foydalik bo‘lib chiqar» dedi. 
Bu so‘zlar askarlar ichida tarqalib, Abu Jahlga yetdi. U ersa butun qo‘shinning bosh 
qo‘mondoni edi. Bu so‘zning to‘g‘riligiga qongan bo‘lsa ham, ko‘nglidagi saqlagan gina-
adovatining qattiqligidan bu maslahatni qabul qilmadi. Qayta ul kishini qo‘rqoqlik bilan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
95
aybladi. Va bundin ilgariroq karvon xabarini bilish uchun Rasululloh sahobalardin sakkiz 
kishini Abdulloh ibn Jahshni bosh qilib yuborgan edilar. Naxla degan joyga kelganlarida 
kichikroq karvonga uchrashib, karvon boshlig‘i Amr ibn Hazramiy degan kishini 
o‘ldirdilar. Butun karvon molini ikki kishi bilan olib, Madinaga qaytdilar. Buning voqeasi 
oldiroqda o‘tdi. O‘ldirilgan Amr ibn Hazramiyning akasi Omir ibn Hazramiy ukasining 
qasosini olaman deb Quraysh qo‘shini bilan birga chiqqan edi. Abu Jahl unga darhol kishi 
yuborib, oldirib kelib: «Ko‘rdingmi Utbani, ukangni o‘ldirgan Muhammad bilan 
urushmaymiz, deb askarni urushdan qaytarmoqchi bo‘ladi. Endi sen butun askar yig‘ilib 
turgan chog‘da o‘rningdan turib, o‘lgan ukangni qattiq talab qilib, o‘ch olishga askarni 
qo‘zg‘agil», dedi. So‘ngra u askar o‘rtasiga kelib, ketini ochdi, arab odaticha boshiga 
tuproq sochib «Vo Amro, vo Amro», deb qattiq qichqirib, yig‘lagani turdi. Buni ko‘rib o‘z 
qabilasi, qarindosh-urug‘lari ham yig‘ladilar. Butun askar o‘ch olamiz deb qichqirishdilar. 
Shuning bilan ikki oradagi so‘zlar to‘xtalib, urush boshlanmoqchi bo‘ldi. Har ikki 
tomondagi askarlar o‘z saflarini tuzdilar. Sarvari olam aytdilar: «Ikki o‘rinda safni to‘g‘ri 
tutmoqni Alloh suyadur. Biri — namozi jamoatda, ikkinchisi — so‘qish maydonida». 
Rasululloh ham qo‘llaridagi tayoqchalari bilan ishorat qilib, ilgari-keyin turgan 
kishilarning saflarini to‘g‘rilamoqda edilar. Shu orada ansor sahobalardan Savod nomlik 
bir kishi safdan tashqari chiqib qoldi. Unga ishorat qilsalar, o‘zini o‘nglay olmadi. So‘ngra 
Payg‘ambarimiz tutib turgan tayoqchalari bilan ul kishini, safda to‘g‘ri tur, deb biqiniga 
qattiqroq nuqib qo‘ydilar. Ul kishi aytdi: «Yo Rasulalloh, sizni Alloh taolo xalq ichiga 
haqlik, adolatlik qilishga yuborgandur, mening biqinimga turtib, og‘ritdingiz. Shuning 
uchun qasos qaytarishingizni talab qilaman», dedi. Anda Rasululloh qornilarini ochib, 
qasos olmoqqa ruxsat qildilar, buni ko‘rib u sahoba, muborak qorinlariga yuz-ko‘zlarini 
surtib o‘pdi. «Nega bundoq qilursan?», deb Rasululloh andin so‘radilar. Ul kishi: «YO 
Rasulalloh, ko‘rib turasiz, barchamiz o‘lim oldida, ajal safida tururmiz. Agar bu urushda 
o‘lib ketar bo‘lsam, oxir chog‘imda muborak jasadingizga biror joyimni surtgan 
bo‘lurman. Bu esa Alloh oldida mening uchun ulug‘ sharafdur», dedi. 
«Xasoisi sug‘ro» degan kitobda keltirubdur: «Rasulullohning muborak jasadlariga jonlik-
jonsiz nima narsa tekkan bo‘lsa, ul narsani Alloh taolo do‘zax o‘tiga harom qilgay». 
Shundoq bo‘lib, har ikki taraf askarlari saf bog‘ladilar. Bahodirlar maydonga ko‘z tikdilar. 
Shu chog‘da yana Payg‘ambarimiz askar ustiga kelib, urush boshlanishi oldida ikkinchi 
bir va’z so‘zladilarkim, mazmuni bu edi: 
— Ey mo‘minlar, Alloh taolo sizlarga nusrat berurman, deb o‘zi va’da qildi. Alloh 
va’dasining haqligiga hech shak yo‘qdur. G‘animlar ustidan g‘alaba qozonmoq uchun 
urush maydonida chidamlik kerakdur. Dushmanlar qarshisida bahodirlik bilan sabot 
qilguvchi mo‘minlarni Alloh do‘st tutgay. Farishtalar alarning yordamida bo‘lg‘aylar. 
Bundoq o‘rinda sabr qilib, shijoat ko‘rsatuvchilarni Alloh taolo doimiy davlatga 
yetkazgay, kelguvchi kunlarning qayg‘u hasratlaridan ko‘ngillarini qutqazgay. 
Bu so‘zga chuqur fikr qiling, Payg‘ambarimiz aytgan bu va’zlarida ummatlarining doimiy 
davlatga yetmakliklari uchun, dunyo turmushida g‘amu qayg‘udan ozod bo‘lmoqlari 
uchun, birinchi darajada dushmandan g‘alaba qozonmoq kerak ekanligini ochiq 
ko‘rsatdilar. Chunki mag‘lubiyatga uchrab, dushmanlaridan yengilgan millatlar doimiy 
qayg‘u-hasratda qolib, xoru zorlik birla yashamoqqa majburdirlar. Har bir kimsaga 
ma’lumdurki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi 
bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘larlar. 
Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmoqdur. O‘zida 
erki, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bordur. 
Ikkinchisi shulki, shar’iy yoki qonuniy kasblar orqalik topgan molu dunyosi, qilgan 
mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lib, aning xos mulkidur. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
96
Uchinchisi, har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-bobosidan 
meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — Vatan 
avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur. 
To‘rtinchisi, har mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur. 
Endi bu yuqorida yozilmish to‘rt narsaga ega bo‘lmoq uchun har millatning butun 
huquqlari shu millatning o‘z qo‘lida bo‘lishi shartdur. Bu ish esa hayot olamining kurash 
maydonlarida dushmanlari uzra g‘alaba qozonmoq bilan qo‘lga kelur. Shuning natijasida 
u millatning hokimiyati o‘z qo‘lida saqlanur. Ana shundagina butun huquqlarini o‘zlari 
himoya qila olgaylar. Agar bundog‘ bo‘lmay, ish teskarisiga aylanib, mag‘lubiyat balosiga 
qolsalar, asorat va mahkumiyat zanjiri bilan band bo‘lib, dushman qo‘lida qolsalar, ul 
chog‘da insoniyat huquqlaridan butunlay ajrab, yuqorida aytilmush to‘rt qimmatlik 
narsaning biriga ham ega bo‘lolmaydilar. Balki hayvonlar qatoridan ham tubanroq 
darajaga tushadilar. Boshimizdan o‘tayotgan tarixiy voqealar, ustimizda bo‘layotgan 
hozirga hodisalar bu ishga jonlik shohiddir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan 
bu va’zlarining sirlari ozroqqina o‘ylab qaragan har qandoq kishiga ochiq ma’lumdur. 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Kofir, musulmon ikki taraf bo‘lib, saf bog‘ladilar. O‘shal 
zamonning urush odatlari bo‘yicha, Quraysh kofirlaridan uch odam maydonga kirdi. 
Birinchi — Utba, ikkinchisi — uning inisi Shayba, uchinchisi — o‘g‘li Valid erdi. Bular 
turib, muboraza ko‘rsatdilar. Ya’ni, musulmonlardin maydonga chiqsun, deb o‘zlariga 
bahodir chaqirdilar. Musulmonlardin uch kishi alarga qarshi maydonga tushdi. Birinchi, 
Muiz, ikkinchisi, Mu’oz, uchinchisi, Avf erdi. Bular ansoriy sahobalardin bo‘lib, uchovlari 
bir tug‘ishgan qarindosh edilar. Alar bilan qarshi kelishib, ko‘rishganlarida: «Qaysi 
qabiladan bo‘lasiz», deb so‘roqladilar. «Bizlar ansoriylardin bo‘lamiz», deb javob 
berdilar. Anda ular: «Cizlar yaxshi tengdoshlar ekansiz, lekin biz o‘z urug‘imiz — 
Hoshimiylar bilan maydon tutmoqqa xumormiz. Bizga shulardin chiqsun», deyishdi. Buni 
anglab, uchovlari Rasululloh qoshlariga kelishdi. Payg‘ambarimiz Xoshimiylarga qarab 
aytdilar: 
— Meni sizlarga payg‘ambar qilib yuborgan Allohning yo‘lida jihod qilinglar. Islom dini — 
Allohning yoqib qo‘ygan chirog‘idir. Bu kofirlarning maqsadlari shu chiroqni o‘chirishdur. 
Ey Ubayda, ey Hamza, ey Ali, uchovinglar turinglar», deb farmon berdilar. Bular ham 
javlon urib, darhol maydonga otilishdi. Qarshi-qarshiga kelib qarasalar ham, bir-birlarini 
tanisha olmadilar. Chunki u zamondagi urush odaticha, sovut, dubulg‘a kiygan 
kishilarning ko‘zlaridan boshqasi ko‘rinmas edi. Nasab so‘rashib, tanishgan so‘ngida, har 
ikki tarafdin olti bahodir qarshiladilar. Ubayda — Utbaga, Hamza — Shaybaga, Ali — 
Validga to‘g‘ri kelishdilar. Bular ichida barchadin hazrati Ubaydaning yoshi ulug‘roq 
bo‘lib, Payg‘ambarimizdan o‘n yosh cho‘ng edi. Endi, bu bahodirlar ikki taraf 
qo‘shinlarining ko‘z oldilarida bir-birlariga hamla qilishdilar. Eng avval qilich solib, 
qarshidagi dushmanni yenggan hazrati Ali edi. Bir qilich urib erdi, oyog‘i kesildi, ikkinchi 
qilich solib o‘ldirdi. Amiri Hamza hech qancha hayal o‘tkazmay, Shaybaga g‘alaba 
qozondi. Ammo hazrati Ubayda bilan Utba bir-birlariga qilich solishib, har ikkovlari ham 
og‘ir yaralandilar. Shu orada arslondek aning ikki yo‘ldoshi yordamga yetishib, Utbani 
pora-pora qildilar. 
Urush boshlanishi musulmonlarning yengishi bilan bo‘lganidan Islom ruhi ko‘tarildi. Uch 
bahodirlari maydonda o‘ldirilib, dushman ruhi tushdi. Darhol hazrati Ubaydani 
orqalashib, Rasululloh oldilariga keltirdilar. Oyoqlari qilich zarbidan kesilib, iliklari oqib 
turmoqda edi. Rasulullohning muborak qadamlariga yuzini qo‘yib: «YO Rasulalloh, shu 
jarohatim bilan o‘lsam, shahidlik darajasini topgaymanmu?» deb so‘radi. Anda 
Rasululloh: «Guvohlik berurman, Alloh taolo shahidlik darajasini albatta senga ato 
qilgay», deb bashorat berdilar. Urush tugab, Madinaga qaytishlarida, Sug‘ro degan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
97
qishloqqa kelganda, vafot topib, shunda dafn qilindi. Bu kishi Xudo uchun muborazat 
maydonida jon berib, Raziyallohu anhu, (Xudo undan rozi bo‘lsin) shahodat topgan 
Islom bahodirlarining birinchisi edi. So‘ngra Rasululloh tepa ustiga qurilgan joylaridan 
tushib, askarlarga qarab aytdilarkim: 
— Mendin buyruqsiz dushmanga hujum qilmagaysiz. Agar sizlardin ilgari ular hujumga 
o‘tsalar, yaqinlashib kelgunlaricha alarni o‘qqa tutinglar. Bu ish dushman kuchini 
sindirib, orqaga chekintirgay. Agar ustingizga yetib kelsalar, u holda qilich sug‘urib, 
qarshi hujumga o‘tinglar, har kim urushda chidamlik qilur ersa, zafar uning bilan bo‘lur. 
Urush safida sabr qilguvchilarga Alloh yordam berur. 
Bu so‘zdin so‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq bilan o‘z o‘rinlariga yondilar. Bu orada urush 
ham qizigali turdi. Anda Payg‘ambarimiz shu duoni o‘qidilar: 
«Allohumma unshiduka ahdaka va va’daka, Allohumma in zaharuv ala hazihil isobati 
zaharash shirku vala yaquvmu laka din». 
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, mo‘minlarga nusrat berurman, deb o‘zing va’da qilgan eding. 
Endi shu va’daga vafo qilmoqni sendin talab qilurman. Agar shu kungi urushda kofirlar 
g‘alaba qilib, musulmonlar yengilsalar, kufr rivoj topgay. Yer ustida haq din bosh ko‘tara 
olmagay», demakdur. 
Bu duodin so‘ngra biror soat o‘tmasdanoq, dushman askari buzilib, orqa o‘girib qochgali 
turdilar. Alloh taolo mo‘minlarga farishtalar orqalik yordam yetkazdi. Quraysh va 
boshqalardin bo‘lib, dushman tarafidin yetmish kishi o‘ldirildi. Yana shu barobarinda 
yetmish kishi asir olindi. Musulmonlarda har to‘g‘rilik kamchiliklar bor edi. Shunga 
qaramasdan Allohning yordami bilan, o‘zlaridan uch barobar ortiq dushmanlarini 
yengdilar. Bu g‘azotda hozir bo‘lgan sahobalar uch yuz o‘n uch kishi edi. O‘rtalarida ikki 
ot, yetmish tuyadan boshqa minarlik narsa yo‘q edi. Urush qizib kelgan chog‘da 
Payg‘ambarimiz chayladin chiqib, baland ovoz bilan shu oyatni o‘qidilar. Musulmonlarga 
nusrat berish haqida Allohdin shu oyat vahiy bo‘lgan edi: 
«Sayuhzamul jam’u va yuvallunaddubur», ya’ni, «Kufr qo‘shini endi albatta yengilgaylar 
va orqa o‘girib qochgaylar», demakdur. 
Bu oyatda aytilgandek, alarning ko‘ngillari qo‘rqinchlikka to‘ldi. Jonlari bo‘g‘izlariga keldi. 
Hech yerda qayrilib qaray olmay, o‘lgandin, asir berilgandin qolganlari qochib, arang jon 
tutqondilar. Bu urushda Abu Jahl boshliq Quraysh raislaridin bir necha atoqlik kishilar 
o‘ldirildi. Ko‘plari tutqin olindi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «xaza masra’u 
fulan», ya’ni, «falonchi shu yerga yiqilib o‘lar, falonchi bu yerda yiqilib o‘lar», deb 
ularning o‘ladigan joylarini sahobalarga ko‘rsatgan edilar. Payg‘ambarimiz qaysi joyni 
ko‘rsatgan bo‘lsalar, naq shu o‘rinda o‘ldirildilar. Bu ham Rasulullohning mo’jizalaridur. 
So‘ngra o‘liklarni oralab qarasalar, Abu Jahl ko‘rinmadi. Uning holi nechuk bo‘ldi, 
bilmadik, dedilar. Rasulullohdin bu so‘zni onglab bir necha sahobalar ani izlagani 
turdilar. U bo‘lsa, o‘liklar ichida ramaqijon (chalajon) bo‘lib yotgan ekan. Ibn Ma’sud 
ko‘rib, aning kallasini kesayotganda: «Kim bo‘lsang ham, bo‘ynim bilan qo‘shib, kallamni 
kattaroq qilib kesgin, Muhammad oldiga tashlaganingda, aning ko‘ziga haybatlik 
ko‘rinsun», dedi. So‘ngra boshni kesib, Rasululloh oldilariga keltirib tashladi. Buni ko‘rib, 
Rasululloh Allohga hamd-sano aytgandin so‘ngra: 
— Har ummatning o‘z ichidan chiqqan bir fir’avni bo‘lur. Bu ummatning fir’avni Abu Jahl 
edi, buning haloki bilan Islom dini rivoj topar, — dedilar. 
So‘ngra buyurdilar, borib maydonda yotgan o‘liklar yig‘dirilib, shu joydagi quduqlarga 
ko‘mildi. Rasulullohning odatlari qaysi yerda odam o‘ligi ko‘rsalar, uning kim ekanligini 
so‘ramasdan, darrov ko‘mishga buyurar edilar. Mushriklar o‘liklarini quduqqa 
tashlanayotgan chog‘da, ulug‘ sahobalardin Abu Huzayfa qarab turgan edi. Ukasi Valid, 
amakisi Shayba tashlangan vaqtda uncha o‘zgarmagan bo‘lsa ham, otasi Utbaning 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling