Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet55/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
353
bo‘ldi. Juma kuni Arafot bo‘lishi musulmonlar uchun ulug‘ bayram edi». 
Yahudiylar, nasorolar, majusiylarning bayramlari ham shu kunga to‘g‘ri kelib qoldi. Ilgari 
bunday ish ko‘rilmagan ekan. Bu oyat tushgandan so‘ngra buni o‘qib, Hazrati Umar 
yig‘ladi. 
— Nega shunday yig‘laysan? — deb Rasululloh Hazrati Umardan so‘radilar. 
— Yo Rasulalloh, har kuni o‘smoqda edik. Endi o‘sish kamoliga yetdi ersa, aning so‘ngida 
eksilish boshlang‘usidur, — dedi hazrati Umar. 
— To‘g‘ri aytadursan, — dedilar Rasululloh. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arafotda quyosh botguncha to‘xtab, so‘ngra 
Muzdalifaga qarab qaytdilar. Usoma ibn Zayd Rasulullohning orqalariga mingashgan edi. 
Muzdalifa esa Arafot bilan Mino orasidagi bir mashhur joydur. Qur’onda uni Mash’arul 
harom deb aytilur. Arafotdan qaytganda hojilar shu joyda Xudoni yod qilib, bir kecha 
yotishlari vojibdur. 
Minoga kelganda shaytonga otadirgan toshlarni shu joydan olish sunnatdur. Arafotda 
peshin namoziga asr namozini qo‘shib o‘qilgandek, Muzdalifaga kelganda shom namozini 
xufton namoziga qo‘shib o‘qiladi. Rasululloh Arafotda turganlarida shu yerda hozir 
bo‘lgan ummatlarining gunohlarini Xudodan so‘radilar. 
— Kishi haqqidan boshqasini kechdim, — dab vahiy keldi. 
Arafotdan Muzdalifaga kelganlarida qolgan gunohlarini ham kechishlikka yana talab 
qildilar ersa, shu Arafotda o‘zlari bilan birga haj qilgan ummatlaridan kishi haqqi ham 
kechirildi. Iblis mal’un bunga chidayolmay boshiga tuproq sochib yig‘lagani turdi. Buni 
ko‘rib Rasululloh Tangriga shukr qilib kuldilar. 
So‘ngra u joydan Minoga kelib, shaytonga tosh otdilar. Rasulullohning tuyalarini hazrati 
Bilol yetaklab, hazrati Usoma boshlariga soyabon ko‘targan edi. Rasululloh Minoga 
kelganlaridan keyin birinchi va ikkinchi kunlarida tuya ustida turib xalqqa va’z aytdilar. 
Bu va’zlarida zinoning ziyonlariyu, uning eng qattiq haromligini bayon qilgandan so‘ngra: 
— Insonning qonini to‘kish qanday harom bo‘lsa, aning moliga zo‘rlik qilish, obro‘yini 
tushirish ham o‘shanday haromdur — dedilar. 
So‘ngra boshlarini yuqori ko‘tarib: 
— Ey bor Xudoyo, buyrug‘ingni bandalaringga yetkazdim, — deb uch marta aytdilar. 
So‘ngra ularga qarab: 
— Haj qilishning odoblarini mendan o‘rganib qolinglar. Bu yildan keyin haj qilish-
qilmasligimni Xudo biladur. Yana mendan keyin haq yo‘ldan adashib o‘zaro urush qilib, 
bir-biringlarni o‘ldirmanglar. Bu so‘zlarimni hozirlar g‘oyiblarga, uqqanlar uqmaganlarga 
yetkazsin, — dedilar. 
So‘ngra qurbonlik qiladigan joyga keldilar. Madinadan chiqishlarida yuz tuya qurbonlikka 
atab haydagan edilar. Shulardan oltmishtasini o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izladilar. 
Qolganlariga Hazrati Alini o‘z tomonlaridan vakil qilib so‘yishga buyurdilar. Minoda ikki 
kun turib, uchinchi kuni tushdan keyin Makkaga qaytdilar. Rasulullohning chodirlari ersa 
Mino tog‘ida Muhassab degan joyga tiklangan edi. Xufton namozi o‘qilguncha shu yerda 
turib, bir ozgina uxlagandan keyin kechalab Makkaga kirdilar. Sahar vaqtida vido’ 
tavofini qilgandan so‘ng Madinaga qarab yo‘lga tushdilar. 
Endi har bir musulmon kishiga shuni bilmak kerakkim, haj qilishning uch farzi bordur. 
Birinchisi, ehrom bog‘lagan chog‘da «Labbayka»ni oxirigacha aytib turib, «Hajni ado 
qilurman» deb ko‘nglida niyat qilish kerakdur. 
Ikkinchisi, Arafotda eng ozi biror soat bo‘lsa ham turish farzdur. 
Uchinchisi, Arafotdan qaytgandan keyin Baytullohni tavof qilishdur. 
Agar shu uchovidan birortasi bo‘lmay qolsa, qilgan haji hisobga o‘tmaydi. Bulardan 
boshqa haj ibodatlari bo‘lsa, yo vojib, yo sunnat bo‘lur. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
354
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib dengiz qirg‘og‘idagi Rubug‘ 
qishlog‘i yaqinidagi G‘adirxom degan joyga yetdilar. Shu yerda sahobalarga qarata 
ushbu va’zni aytdilar: 
— Ey odamlar! Men ham insondan tug‘ilgan, sizlarga o‘xshash bir insondurman. Mundan 
keyin ko‘p uzoqlamay Allohdan elchi kelib, meni chaqirib qolurmu, deb o‘ylayman. Agar 
chaqirilsam, bormasga chora yo‘qdur, albatta, shunday bo‘lgach, bir kuni Xudo oldiga 
boramiz. Men ham so‘ralurman, sizlardan ham bu ishni so‘raydilar. Anda nima javob 
bergaysiz? — dedilar. 
Sahobalar: 
Yo Rasululloh, biz guvohlik berurmizkim, siz Allohning amrini bizlarga yetkuzdingiz, 
bu to‘g‘rida ko‘p mehnatlar ko‘rib, (bu yerda mehnat — arab tilidan qiyinchilik 
mashaqqat ma’nosidadir) mashaqqatlar chekdingiz. Har (qanday) holda bizga yaxshilik 
qildingiz, Alloh ajrini bersin. Bu ulug‘ xizmatingiz shukrini ado qilishdan ojizdurmiz, — 
dedilar. 
Anda Rasululloh: 
— Barcha olamni yaratgan bir Allohdur, Muhammad uning haq payg‘ambaridur. Qiyomat 
bo‘lishi haqdur, jannat haq, do‘zax haqdur. O‘lim haq, yana tirilish haqdur. Endi shu 
narsalarga iymoningiz bordur! — dedilar.  
Sahobalar: 
— Yo Rasulalloh, bu narsalarga iymonimiz komil,— deb guvohlik berdilar. 
Men sizlarga ikki ulug‘ narsani qoldirdim. Birinchisi, Xudoning kitobi Qur’ondur. 
Ikkinchisi, mening avlodlarimdur. Qur’on bilan avlodlarim qiyomatgacha bir-biridan 
ajrashmaydi, — deb marhamat qildilar.  
Yana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Alini Yaman viloyatiga yuborib, 
u yerdagi arab qabilalarini Islomga da’vat qilishga buyurgan edilar. Butun xalqqa qarata 
yozgan nomalari ham bor edi. Rasulullohning nomalarini ko‘rishib, bir qancha qabilalar 
urushsiz dinga kirmish edilar. Shundog‘ bo‘lsa ham, insonchilik, Hazrati Alining adolat 
bilan qilgan ishlari ba’zi bir kishilarga yoqmasdan Rasulullohga shikoyat tushgan edi. Ish 
tekshirilib ko‘rilgandan so‘ng shikoyat nohaq bo‘lib chiqdi. Haqiqatda esa, Hazrati Ali 
karamallohu vajha Rasululloh nimani buyurgan bo‘lsalar, shuni bajargan edilar. 
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shikoyat qiluvchilarning so‘zini xalq 
ichida rad qilib, Hazrati Alining fazllarini bayon qildilar. So‘ng hazrat Alining qo‘lini ushlab 
turib: 
— Har kim meni yaxshi ko‘rsa, Alini ham yaxshi ko‘rsin. Ey bor Xudoyo, kim muni do‘st 
tutsa, sen ham uni do‘st tutgil. Uni dushman ko‘rganlarni sen ham dushman ko‘rgil. 
Munga yordam berganlarga yordam ber, uni yordamsiz tashlaganlarni yordamsiz qoldir, 
undan haqlikni ajratma, — dedilar. 
Bu so‘zlarni eshitgandan so‘ngra Rasululloh oldida Hazrati Alining qanchalik ulug‘ 
martabaga ega ekani hammaga ma’lum bo‘ldi. Shuning bilan bir necha kunlab yo‘l yurib, 
Madinaga yarim kunlik yo‘l qolganda, Zulhulayfa degan manzilga kelib tushdilar. Kechasi 
shu yerda yotib, ertasi Madinaga qarab yurdilar. Rasululloh safardan qaytsalar shaharga 
kunduzi kirish odatlari edi. Tog‘ ichidan chiqib kelib, yiroqdan Madina ko‘ringanda uch 
marta takbir aytdilar. So‘ngra Allohga hamdu sano aytib, Madinaga kirdilar. Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallamning so‘ngi safarlari shul edi. Shu bilan uch oydin so‘ngra 
umrlari ham oxiriga yetdi. 
 
 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
355
PAYG‘AMBARIMIZNING O‘G‘ILLARI IBROHIMNING VAFOTI  
Shu o‘ninchi yili ro‘za hayitining yigirma to‘qqizinchisida Payg‘ambarimiz o‘g‘illari 
Ibrohim vafot topdi. Yoshi bir rivoyatda o‘n olti oy sakkiz kunlik, ikkinchi rivoyatda o‘n 
sakkiz oylik edi. Bu o‘g‘illari tug‘ilganida Rasululloh bek suyungan edilar. Vafot 
bo‘lganida qattiq qayg‘urib: 
— Ey Ibrohim, sening firoqingdan ko‘nglimiz g‘amga to‘ldi, — deb muborak ko‘zlaridan 
yosh to‘kdilar. Buni ko‘rib Hazrati Umar: 
— Yo Rasulalloh, o‘lganga yig‘lashdan bizni qaytargan edingiz, nega endi o‘zingiz 
yig‘laysiz? — dedilar.  
Anda Rasululloh: 
— Qachon sizlarni ko‘z yoshidan qaytardim? Musibat yangidur, ko‘nglimiz yumshaydi, 
ko‘zimiz yig‘laydi. Xudo rozi bo‘lmagan so‘zlarni aytmagaymiz. Yoqa yirtib, soch yulib 
yig‘lashdan, dod-voy qilib, nohaq so‘zlar aytishdan qaytardim, — dedilar. 
Bu o‘g‘illari Moriya ismlik cho‘rilaridan tug‘ilgan edi. U Misr podshohi Muqovqisdan 
Rasulullohga hadya bo‘lib kelmish edi. Mundan boshqa Rasulullohning barcha bolalari 
onamiz hazrati Xadichadan tug‘ilmish edilar. 
O‘g‘illari yoshligida vafot bo‘lishib, Fotimadan boshqa qizlari ham o‘zlaridan ilgari vafot 
topgan edi. Fotima ersa Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi. Boshqa onalarimizdan 
bola bo‘lmagan edi. Shu uchun Ibrohim tug‘ilganda barchalarning rashklari qo‘zg‘almish 
edi. Ibrohimning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qidilar. Yana shu kuni quyosh tutilib, 
olamni qorong‘ulik bosdi. Xalq bu voqeani Rasululloh o‘g‘li Ibrohimning motami uchun 
bo‘ldi, deb o‘yladilar. Muni anglab Rasululloh minbarga chiqib: 
— Ey odamlar! Bu oy-kun ersa Allohning ulug‘ qudratini bildirishga ikki alomatdur. 
Birovning o‘lishi yoki tug‘ilish uchun kun kuyib, oy tutilish degan ish yo‘qdur, — deb 
mundoq o‘rinsiz e’tiqod qilishdan saqlanish kerakligini ularga bildirdilar. 
Yana shu yili, ya’ni hijratning o‘n birinchi yili, safar oyining avvallarida Rasulullohning 
buyruqlari bilan to‘rt ming kishilik askar qo‘shini tuzildi. Muning ustiga Usoma ibn Zaydni 
bosh qo‘mondon qilib qo‘ydilar. Undan ikki yil ilgari Usomaning otasi — 
Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisani to‘rt ming askarga bosh qilib 
Shom yerida Mo‘ta g‘azotiga yuborgan edilar. Buning bayoni ersa yuqorida o‘tdi. Bu 
askarni ham yana shu joyga borib g‘azot qilishga buyurdilar. 
Sahobalarning kattalaridan bu askar ichida Abu Bakr Siddiq, Umar, Abu Ubayda, Sa’d 
kabi bir qancha kishilar ham bor edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usomaga tug‘ 
topshirgan chog‘da: 
— Ey Usoma, Alloh yordami bilan aning yo‘lida g‘azot qilg‘aysan. Xudo rizoligi uchun 
so‘zidan tongan kofirlarga qarshi savashursan, — dedilar. 
Yoshi o‘n sakkizdan o‘tmagan o‘spirin yigitni bunday ulug‘ g‘azot qo‘shini ustiga, 
ayniqsa, Hazrat Ali, Hazrat Abu Bakr, Hazrati Umar kabi katta sahobalar oldida amir qilib 
qo‘yganlarini yoqtirmasdan o‘zaro so‘z qilishganlar ham bor edi. 
Bu so‘z tarqalib Rasulullohga yetdi ersa, qattiq g‘azablari kelib: 
— Ey odamlar! Usomaning amirligiga rozi emas kishilar bor deb angladim. Bu qandoq 
ishdur? Munga rozi bo‘lmagan kishilar ersa, bundan ilgari otasi Zayd bin Horisani Mo‘ta 
askariga qo‘mondon qilganimda, unga ham rozi bo‘lmagang edilar. Alloh haqqi, Zayd, 
Usoma — ota-o‘g‘il har ikkovi ham amirlikka loyiq kishilardur. Ayniqsa, Usoma menga 
hammadan yaqin, hammadan suyuklik kishidur. Har yaxshilik bulardan kelgusidur. Bu 
to‘g‘rida qilgan topshiriqlarimni qabul qilinglar, — dedilar. 
Shu bilan boshqa so‘zlar bosilib, bu tayyorlangan qo‘shin yurish ustida turganda 
Rasulullohning betobliklari boshlanib qoldi.  

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
356
RASULULLOHNING BETOB BO‘LISHLARI  
Endi butun olamga, ayniqsa, musulmonlar boshiga tushgan bu ulug‘ qayg‘ulik, munglig‘ 
musibatni ko‘z yoshimiz, ko‘ngil dardimiz bilan chor-nochor bayon qilib o‘tamiz. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozod qilgan qullaridan Muvayha degan kishi bor edi. 
Bir kuni yarim kechada uni chaqirib: 
Men bilan yurgil, Baqi’ go‘ristoniga borib, o‘lganlarga duo qilib kelaylik. Alloh meni 
shunga buyurdi, — dedilar. 
So‘ngra Rasululloh u bilan Baqi’ qabristoniga chiqib, aning ichiga kirgach: 
— Assalomu alaykum, ey qabrda yotganlar! Bu yotish sizlarga muborak bo‘lsin. Alloh 
sizlarni qanday yomon fitnalardan qutqardi. Koshki muni bilgan bo‘lsanglar edi, tun 
qorong‘usi qoplagandek butun xalqni qoplaguvchi, uzilmasdan ketma-ket kelguvchi 
fitna-balolar kelishga yuzlandi. Bu fitnalarning keyingilari oldingilaridan yomonroqdur.  
Ey Muvayha! Dunyoda abadiy yashab butun yer usti xazinalariga ega bo‘lish, yo 
jannatga kirib Xudo diydorini ko‘rish — bu ikkovidan qaysi birini xohlashlik ixtiyorini 
Xudo menga berdi. Men jannatga kirib Xudo diydorini ko‘rishni ixtiyor qildim, dunyoda 
mangu qolib, uning xazinalariga ega bo‘lishni xohlamadim, — dedilar. 
Yana bir rivoyatda Uhud tog‘ida o‘ldirilgan shahidlarga ham borib ularga yana duo 
qildilar. Shu yerdin qaytishlarida muborak bag‘rilariga og‘riq paydo bo‘ldi. Betoblikning 
boshlanishi shul edi. So‘ngra uyga keldilar ersa, onamiz Oishaning ham boshi og‘rib 
yotib ekandur.  
— Ey Oisha, agar men tirikligimda senga ajal kelsa, sen uchun ulug‘ ne’matdur. Chunki 
o‘zim janozangni o‘qiyman, o‘zim go‘rga qo‘yaman, — dedilar. 
Bu so‘zni onamiz Oisha og‘ir olib:  
— Mening o‘lishimni yaxshi ko‘rar ekansiz. Agar men o‘lsam xotinlaringiz uylarida kecha-
kunlab yotib kuyov bo‘lmoqchiga o‘xshaysiz, — dedilar. 
Rasululloh bu so‘zga javob aytmay, kulimsirab qo‘ydilar. Rasulullohning betobliklari ersa 
hijratning o‘n birinchi yili safar oyi boshlarida boshlanmish edi. Kasalliklari o‘n uch kun 
davom etib kundan-kunga kuchaygali turdi. Shunday bo‘lsa ham, onalarimizdan qaysi 
birlarining navbati kelgan bo‘lsa shuning uyida bo‘ldilar. 
Onamiz Maymunaning navbati kelgan kunda Rasulullohning betobliklari og‘irlashdi. Shu 
kuni onalarimizni chaqirtirib, qolmish kunlari onamiz Oishaning uyida bo‘lish uchun 
ulardan ruxsat oldilar. Betob bo‘lmasdan bir-ikki kun ilgari minbarga chiqib shu va’zni 
aytgan edilar: «Alloh bir bandasini dunyoda abadiy yashab, uning nozu ne’matlarini 
ko‘rish bilan Alloh oldiga borish orasida ixtiyorlik qilib erdi, ul bandasi dunyoda qolib 
uning nozu ne’matlarini ko‘rishini ixtiyor qilmay, Alloh oldiga borishni xohladi». Hazrati 
Abu Bakr bu so‘zni anglagach:  
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, — deb yig‘ladilar.  
Anda Rasululloh: 
— Ey Abu Bakr! Yig‘lamagin, yolg‘iz tirikligimda emas, o‘lganimda ham sizlarga 
yaxshiligim yetadi. Chunki har vaqt ummatlarimni qilgan ishlarini ko‘rsatib turadilar 
menga. Agar yaxshilik bo‘lsa, Allohga shukr qilurman, agar yomon ish qilgan bo‘lsalar, 
Allohdan gunohlarini so‘rayman. 
Ey odamlar! Hamma kishilardan ko‘ra Abu Bakrning menga qilgan xizmati ko‘pdur. U 
mendan hech narsani ayamadi, Xudo yo‘lida butun mol-dunyosini sarf qildi. Abu Bakr 
Siddiqdan boshqa kimning eshigi masjid ichidan ochilgan bo‘lsa, hammasini berkitinglar, 
— dedilar. 
Shu bilan masjid tarafidan qo‘yilgan hammaning eshigi berkitildi. Muni ko‘rib ba’zi 
sahobalar «Rasululloh bizlarning eshigimizni berkitdirgach, nega Abu Bakr Siddiq 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
357
eshigini ochiq qo‘yadilar», deb so‘z qildilar.  
Anda Rasululloh:  
— Men Abu Bakr eshigida nur chiqib turganini ko‘rurman. Bu nurni sizlarning 
eshigingizda ko‘rmadim. Yana men dastlab chiqib xalqni dinga da’vat qilganimda 
odamlar meni yolg‘onchi qildilar. Abu Bakr meni rost aytadur, deb darhol iymon keltirdi. 
Boshqalar mendan mol-dunyolarini ayadilar, u ersa mendan hech narsasini ayamadi» — 
dedilar.  
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansor sahobalari haqida vasiyat qilib, ularni 
muhojir sahobalarga topshirib shunday marhamat qildilar: 
— Ey muhojir sahobalar! Ansorlar haqida sizlarga qilgan vasiyatlarimni o‘rniga 
qo‘yinglar. Qattiqchilik kunlarda ular menga boshpana bo‘lganlar. Men uchun mol-
jonlarini qurbon qilganlar. Bularning yaxshiliklarini hurmat qilinglar, yomonliklarini avf 
qilinglar. 
Bu so‘zlarni aytgach, Rasululloh onamiz Oisha hujrasiga kirib yotdilar. Isitmalari eng 
yuqori darajaga ko‘tarilgan edi. Shu orada hazrati Bilol xufton namoziga azon aytdilar. 
Azon eshitilgach, ustlaridan sovuq suv quyishga buyurdilar. Onalarimiz Rasulullohni dos 
idishga o‘tkazib cho‘miltirdilar. Biroz sergigandek bo‘lib, namozga borish uchun turib 
edilar, yana ko‘ngillari ketib o‘zlarini bilmay qoldilar. Bir ozdan so‘ngra o‘zlariga kelgach:  
— Namoz o‘qildimi? — deb so‘radilar.  
— Yo‘q, hali o‘qilmadi, yo Rasululloh, sizga qarab turamiz, — dedilar sahobalar. 
Namozga chiqmoqchi bo‘lib g‘usl qilib edilar, yana hushlari ketdi. Shundoq bo‘lib, uch 
qayta g‘usl qilib, uch qayta hushsiz bo‘ldilar. 
Jamoat namoziga chiqolmagach, hazrati Bilolga:  
— Abu Bakr Siddiqqa aytgil, namozga imom bo‘lib, o‘qib bersun, — dedilar. 
Anda onamiz Oisha: 
— Yo Rasululloh, otam Abu Bakr Siddiq ko‘ngli yumshoq, ko‘zi yoshlik kishidur. Sizning 
o‘rningizda turib imom bo‘lmoqqa toqat qila olmag‘ay, u kishini yig‘i bosib o‘qigan 
qiroatini orqada turgan jamoat eshita olmag‘aylar, — dedi. 
Shu xilda so‘zni onamiz Oisha ikki-uch qaytarib aytgan bo‘lsalar ham so‘zlarini rad qilib, 
hazrati Abu Bakr Siddiqni imom bo‘lishga buyurdilar. 
Hazrati Bilol Rasulullohning hollari og‘irlashib namozga chiqa olmay qolganlarini 
ko‘rgach, yig‘laganlaricha masjidga chiqdilar. Sahobalar Rasulullohga muntazir bo‘lib 
o‘ltirgan edilar. Hazrati Bilolning so‘zini anglab, masjid yig‘iga to‘ldi. 
So‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq nochor xufton namoziga imom bo‘lib o‘tdi. 
Rasulullohning bunday og‘ir holda yotganlari hammaga ma’lum bo‘lib, sahobalarga 
tashvish tushdi. 
Ayniqsa, Ansor sahobalari boshqalardan ko‘proq qo‘rqishib, uylariga qaytmasdan, 
masjiddan chiqmasdan o‘ltirishdilar. Hazrati Ali boshliq uch-to‘rt kishi ketma-ket kirishi 
bu ishdan Rasulullohga xabar berdilar ersa, bularga tasalli berish uchun boshlarini 
bog‘lab, hazrati Ali bilan Abbos o‘g‘li Fazlning o‘rtasida oyoqlari sudralib, yer chizgan 
holda masjidga chiqdilar. 
Masjidning ichi va tashqarisi odamga liq to‘la edi. Sekinlik bilan kelib, minbarning pastki 
poyasida o‘ltirdilar. Hammaning yuzlaridan g‘am-qayg‘u sezilmoqda edi. Allohga hamdu 
sano aytganlaridan keyin: 
— Ey odamlar! Mening o‘lishimdan nega muncha qo‘rqdinglar! Mendan ilgarigi o‘tgan 
payg‘ambarlardan o‘lmay qolgan biror kishi bormu? Agar ulardan birortasi o‘z ummati 
ichida o‘lmasdan qolgan bo‘lsa, men ham sizlarning oranglarda o‘lmasdan turishim 
mumkin bo‘lur edi. Munday bo‘lishi mumkin emasdur. Sergak bo‘linglarkim, men Alloh 
oldiga borurman. Sizlar ham bir kuni ul dargohga borishinglar aniqdur. Dastlabda men 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
358
bilan birga Xudo uchun hijrat qilib Madinaga kelgan muhojir sahobalarimni sizlarga 
topshirdim. Ularni hurmat qilib, haqlarini saqlanglar, ular ham o‘zaro bir-birlariga yaxshi 
tilakdosh bo‘lsinlar. Alloh shunga buyurmishdur, — deb bu so‘zga dalil keltirib Val-asr 
surasini oxirigacha o‘qidilar. So‘ngra va’zlarida davom etib: 
— Har ish dunyoda Alloh izni bilan bo‘lur. Agar bir ishning bo‘lishi kechikib ketsa, nimaga 
oldinroq bo‘lmadi, deb unga shoshilmanglar. Negakim, kishi shoshilganiga qarab, Xudo 
shoshilmaydi. Xudo bilan aytishgan yengilmay qolmaydi. Xudoni aldayman deganlar 
o‘zlari aldanadi. 
Yana ansor sahobalar haqida yaxshilik qilishni sizlarga buyuraman. Sizlar uchun ular joy 
tayyorladilar. Kelmasinglardan ilgari iymon keltirib, din qarindoshi bo‘ldilar. Bu to‘g‘rilik 
o‘z do‘stlariga yuklangan og‘ir vazifalarni ado qildilar. Endi sizlar uchun bularga yaxshilik 
qilishning vaqti keldi. Yangidan Madinaga kelganinglardan mol-dunyolariga sizlarni 
sherik qildilar. Bog‘ hosiloti mevalarini bo‘lib berdilar. O‘zlari muhtojlikda tursalar ham, 
sizlarni ortiq ko‘rdilar. Endi sizlardan bular ustiga kim voliy bo‘lsa, yaxshiliklarining 
so‘zlarini qabul qilsin, yomonlarning gunohlarini kechirsin, boshqalarni ulardan ortiq 
ko‘rmasin. 
Ogoh bo‘linglarkim, men oldinroq borib sizlar uchun joy rostlab tururman. Mening 
ortimdan ketma-ket sizlar ham yetishib borgaysiz. Hushyor bo‘linglarkim, hammamiz 
Kavsar hovuzi ustida topishurmiz. Har kim men bilan Kavsar hovuzi ustida ko‘rishmoqni 
istar ekan, o‘ziga zarur bo‘lmaguncha gapirmasin, qo‘lidan, tilidan hech kimga ozor 
bermasin. 
Ey odamlar! Ne’matning ofati ko‘pdir. Bandaning yozuqlari ko‘paysa, ne’matlardan 
ajraydi. Odamlar yaxshi bo‘lsalar, podshohlar ham yaxshi bo‘lur, insoflik bo‘lur. Agar 
odamlar yomonlik yo‘liga kirsalar, rahmsiz, zolim podshohlarga yo‘liqadilar, — dedilar. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida aytgan va’zlarining eng oxirgisi 
shul edi. Mundan so‘ngra betobliklari kundan-kunga og‘irlashgani turdi. Shu betob 
yotganlarida bir kuni Rasululloh qizlari Fotimani oldilariga chaqirib olib, qulog‘iga 
shivirlab edilar, hazrati Fotima yig‘lay boshladi. Muni ko‘rgach, yaqinroq kel, deb ishora 
qilib, yana qulog‘iga gapirib edilar, kulimsirab suyungandek bo‘ldi. 
Avvalgi yig‘laganida Rasululloh shu betoblikda vafot bo‘lishlarini aytgan edilar. Keyingi 
gapirganlarida: — «Ko‘p xafa bo‘lma, uzoq o‘tmay hammadan ilgari sen menga 
erishursan», demish edilar. Muni anglab, suyunganlaridan kulgan edilar. Rasululloh 
deganlaridek, o‘zlaridan keyin olti oygina umr ko‘rib vafot topdilar. 
Rasulullohning betobliklarida Abu Bakr Siddiq imom bo‘lib o‘n yetti vaqt namoz o‘qidilar. 
Bu zotni imomlikka o‘tkazishlari ersa, o‘zlaridan keyin shu kishining xalifa bo‘lishiga 
ishorat bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar:  
— Rasulalloh dinimizga ishonib imom qilgan kishini nechuk biz u dunyoyimiz uchun 
ishonib xalifa qilmaylik, — dedilar. 
Imom Vohidiy Rasulullohning xodimlari Abdulloh ibn Ma’suddan rivoyat qilur:  
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan bir oy burun bizga xabar berdilar. 
Judolik yaqinlashganda hammamiz hazrati Oisha uylarida Rasulullohning ustlarida 
yig‘ildik.  
Anda Rasululloh: 
— Sizlarni Alloh ofatlardan omon saqlasin. Alloh nusrat berib, din dushmanlari ustiga 
g‘alaba qilsin. Sizlardan Alloh rozi bo‘lib, o‘zining oldidan o‘rin bersin. Endi sizlarga 
vasiyatim shuldurkim, taqvo yo‘lini tutib, gunoh ishlardan saqlaninglar. Men sizlarga 
Xudo tomonidan kelgan xabarchi erurman. Yer ustida yurib hech kimga takabburlik, 
buzuqchilik qilmanglar, bu ishni qiluvchilarni joyi jahannamdur. Munday kishilarga 
jannat yuzi haromdur, oxirat davlatiga, jannatning nozu ne’matlariga taqvolik kishilar 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
359
ega bo‘lgaylar. Judolik kunlari yaqinlashdi. Xudo dargohiga borishning vaqti yetdi. O‘z 
oilalarimizdan kimlar menga yaqinroq bo‘lsalar, meni shular yuvsinlar. o‘z liboslarim yoki 
misr, Yaman bo‘zlari bilan uch qavat kafan qilsinlar, — dedilar. 
Sahobalar: 
— Yo Rasulalloh, sizga kim janoza o‘qiydi? — deb so‘radilar.  
Anda Rasululloh: 
— Har qachon meni yuvib kafanga olsalar, shu yotgan saririmga solib qabr ustiga eltib 
qo‘ysinlar. So‘ngra meni biror soat yolg‘iz qoldirib, boshqalar ustimda turmay chiqib 
ketsinlar. Eng avval to‘rt farishta — Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroil har qaysilari o‘z to‘plari 
bilan kelishib janozamni o‘qiydilar. Bulardan keyin sizlar o‘qiysizlar. Shundoqki, to‘p-to‘p 
bo‘lishib, janozam ustiga kirishsin. Takbir aytib duo qilib, salom berib chiqisha bersin. 
Bulardan eng avval o‘z xonadonimning er kishilari, so‘ngra xotinlari, so‘ngra boshqalar 
kirsinlar. Meni ko‘rolmay qolgan sahobalarimga salom aytinglar. Qiyomatgacha menim 
dinimga kirgan ummatlarimga salom, — dedilar». 
Onamiz hazrati Oisha rivoyat qiladilar: 
«Bir kuni Rasululloh betobliklaridan bir oz yengillashgandek bo‘ldilar. Shu chog‘da otam 
Abu Bakr imom bo‘lib peshin namozini o‘qimoqda edi. Hazrati Abbos va hazrati Ali 
ikkovlarining yelkalariga osilib jamoat namoziga chiqdilar. Rasulullohning chiqqanlarini 
bilgach, otam Abu Bakr mehrobdan qaytmoqchi bo‘lganlarida «Joyingda tur», deb 
ishorat qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chap tomonda o‘ltirib iqtido 
qildilar. Shu betob kunlari vafot bo‘lgunlaricha hazrati Abu Bakr Siddiqqa iqtido qilib, uch 
yo‘l namoz o‘qidilar. Eng oxirgi o‘qiganlarida dushanba kuni edi».  
Dushanba oqshomi isitmalari to‘xtab, ertalab bir oz yengillik paydo bo‘ldi. Fazl bilan 
Savbonga suyanib ertalabki jamoat namoziga chiqdilar. Namozda bir rakat o‘qilgan edi. 
Rasulullohning kelganlarini bilib, hazrat Abu Bakr Siddiq orqaga chekindilar. Anda Abu 
Bakr Siddiqni Rasululloh mehrobga surib qo‘ydilar. Salomdan so‘ngra qolgan bir rakat 
namozni o‘qib, masjid ustuniga suyanib o‘ltirdilar. Buni ko‘rib sahobalar salom berishib 
atroflariga yig‘ilishdi. Bir oz o‘ltirgandan so‘ngra o‘z hujralariga kirdilar. Orqalaridan 
hazrati Abu Bakr Siddiq: 
— Alhamdulilloh, bu kun Rasulullohning chehralari ochiq, dardlari yengillashdi. Bu 
betoblikdan shifo topgaylar, — deb hammaga tasalli berdi.  
O‘zi ersa Sanax degan mahalladagi joyiga ketdi. Bugun yaxshilik, deb Rasululloh o‘zlari 
ham ruxsat bergan edilar. Onalarimiz ham har qaysilari o‘z uylariga qaytdilar. 
Rasululloh masjiddan kirgandan keyin bir oz vaqt o‘tiboq hollari o‘zgarib, isitmalari 
qaytadan kuchaya boshladi. Lekin bu o‘zgarish o‘tgan kunlaridagidan qattiqroq edi. 
Uylariga qaytishgan onalarimiz xabar topishib qaytadin yig‘ildilar. Hushlari gohi ketib, 
gohi kelib turar edi. 
Qarasalar, jon harakati boshlanib qoldi. Ko‘zlarini osmonga tikkancha qarab turib:  
— «Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarimga yetkur,» der edilar. Jon achchig‘i qattiqlashganda 
oldilariga qo‘yilgan kosadagi suvga qo‘llarini solib yuzlarini silab: 
— Yo rabbiy, jon achchig‘ini oson qil, o‘lim mashaqqatlariga yordam ber, — der edilar. 
Shuning uchunkim, Rasulullohning jon taslim qilishlari bek qattiq bo‘lgan edi. Muning 
hikmatlari ko‘pdur. Ulardan biri shulki, agar ummatlaridan biror odam jon berishda ko‘p 
qiynalsa, uni ko‘rgan kishi yomon xayolga ketmasinlar. Chunki bu ish Rasulullohga ham 
bo‘lmishdur. Agar sakarotning og‘irligi ziyonlik bo‘lsa edi, muni Xudo Rasulullohga 
bermas edi. Shunga o‘xshash uning ziyoni mo‘minlarga yo‘qdur. Balki foydasi ko‘p bo‘lib, 
kechirilmay qolgan gunohlarga kafforat bo‘lur. Shuning uchun hazrati Oisha onamiz: 
«Rasulullohning jon berishlaridagi qiyinlikni ko‘rganimdan keyin buni boshqalarda 
ko‘rsam, yomon ko‘rmaydigan bo‘ldim», dedilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling