Tarixiy obidalar ma'naviyatimiz ko'zgusi
Download 24.59 Kb.
|
Tarixiy obidalar ma\'naviyatimiz ko\'zgusi-fayllar.org
Tarixiy obidalar ma'naviyatimiz ko'zgusi Tarixiy obidalar – ma'naviyatimiz ko'zgusi O'zbekiston mustaqillikka erishgach, ajdodlarimizdan qolgan madaniy tarixiy merosga e'tibor kuchaydi, tarixiy yodgorliklar davlat nazorati ostiga olindi. Istiqlol yillarida Buxoro, Samarqand, Termiz, Xiva, Toshkent. Qo'qon. Shahrisabz kabi shaharlarda ulug' ajdodlarimizning yuksak iste'dodi bilan bunyod etilgan obidalar o'zining haqiqiy qadr-qimmatini topdi, ularni ta'mirlash va asl qiyofasini tiklash davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Toptalgan tariximiz, qutlug' qadamjolar, hatto nomlari ham unutilayozgan obidalar ta'mirlandi, qayta tiklandi. Imom al Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Mansur al-Moturudiy, Ahmad al-Farg'oniy, Burhoniddin al-Marg'inoniy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi ulug' allomalarimizning sha'nlariga munosib yodgorlik majmualar yaratildi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda Sohibqiron Amir Temur, Toshkentda Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Urganchda Jaloliddin Manguberdi, Termizda Alpomish haykallari qad ko'tardi. Bugungi kunda mamlakatimizda etti mingdan ortiq yodgorlik, shu jumladan, 2500 ta me'moriy obida, 2700 tadan ortiq monumental san'at asari davlat muhofazasiga olingan. 1991 yildan Xivadagi Ichonqal'a qo'riqxonasidagi, 1993 yildan Buxoro shahri markazidagi, 2000 yildan Shahrisabz shahri markazidagi yodgorliklar Yuneskoning “Umumjahon madaniy merosi” ro'yxatiga kiritildi. Mustaqillik yillarida qayta tiklangan muqaddas qadamjolardan biri bo'lgan Oqmasjid Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan. Bu masjidni ulug' zotlardan biri Sayyid ota bunyod etganlar. Qariyalarning aytishiga ko'ra, 1380-1390 yillarda bunyod etilgan Oqmasjid istiqlol davrida xalqimizning muqaddas ziyoratgohiga aylanib, yaxshilik va ezgulikka, tinchlik va osoyishtalikka. O'zaro ahil va hamjihat bo'lishga xizmat qilmoqda. >Masjid 1920 yillargacha musulmonlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Bu masjidda Buxoro madrasalarini tamomlab kelgan mudarrislar, ulamolar dars berganlar, namozxonlarga shariat va tariqat yo'llaridan sabok berganlar, ularni halollik va poklikka, tinchlik va osoyishtalikka da'vat etganlar. Birok, o'sha mustabid sovet tuzumi boshlangandan keyin mullalar, namozxonlar qatagon kilindi. Masjidlar yopib qo'yildi. Biri "quloq", biri "Xalq dushmani", biri "Ruxoniy", biri "Bosmachi", deb ayblangan xalqimiz masjidlarga borishdan uzoqlashdilar. Urush yillarida esa boshqa masjidlar kabi Oqmasjid xam omborxonaga aylantirildi. Sayyid ota qabrlari xam, masjid xam qarovsiz qolib, ko'rimsiz bir joyga aylanib qolgan edi. 1980 yillar atrofida xam namozxonlar kommunistik mafkura siyosatchilaridan qo'rqa-pisa masjidga kelib-ketar edilar. 1981 yil 1 sentyabrda tuman markazidagi Shayx Gadoy Selkin masjidining faoliyat ko'rsatishiga ruxsat berildi. Shu jumladan, Oqmasjidga xam. Shundan so'ng din peshvolari, namozxonlar hashar uyushtirib, darhol obodonlashtrish ishlarini boshlab yuborishdi. 2003 yil 5 sentyabr kuni Oqmasjidning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Masjid yana faoliyat yurita boshladi. Bugungi kunda Xatirchi tumanini o'zining mahobatli ko'rinishi bilan bezab turgan bu masjid kishilarni ezgulikka chorlab, namozxonlarga sharoit yaratib bermoqda. O'tmishimizni avaylash, tarixiy obidalarni e'zozlash, asori-atiqalarni, qolaversa, xalqimizning buyuk o'tmishi, yashayotgan ijtimoiy hayoti va kelajagi bilan bevosita bog'liqdir. Bu xususiyatlar millatimiz va xalqimizning milliy qadriyati bo'lib, azaldan ularning qon-qoniga singib ketgan. Samarqand Samarqand — jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri, Rim, Afina, Vavilonlarning tengdoshidir. O’tmishning shoirlari va tarixchilari uni chinakam «Sharq jannatmakon bog’i», «Yer yuzi», «Sharq olamining bebaho durdonasi», «Jahon mamlakatlarning bezagi», «Sharqning Rim kabi shahri»… va hokazolar kabi go’zal o’xshatishlarni bejiz bag’ishlamagan edilar. Samarqand vujudga kelgan Zarafshon daryosi vodiysining tabiiy mo’l-ko’lligi «Avesto» ning muqaddas she’rlarida maqtalgan edi. Eramizdan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalarida yunon manbalari Samarqand shahri haqida nomini Marokand shaklida aytib o’tganlar, o’rta asrlar davrida qadimiy Samarqandning xarobalari Afrosiyob deb nomlanadigan bo’ldi. Samarqand shahri haqida eng birinchi yozma fikr eramizdan avvalgi 329 yilga oid, u paytda Iskandar Zulqarnayn boshchiligidagi yunon-makedon lashkarlari uni ishg’ol qilgan. Eramizning birinchi asrlarida shahar qudratli Kangyuy davlati hukmronligiga tushib qolgan edi. VI—VII asrlarda Samarqandda turk hoqonligi bilan yaqin aloqada harakat qilgan ishxiy hukmdorlari taxtga chiqqan. VII asr oxirida – VIII asr boshida arab istilochilariing lashkarlari paydo bo’ldi. 1220 yil bahorida shaharni Chingisxonning qo’shinlari qo’lga olib, uning qadimgi zaminigacha buzib tashlaganlar. XIV asr — XV asrning o’rtalarida Samarqandning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining yangi beqiyos yuksalishi yuz beradi. Aynan shu davrda Temur tomonidan yaratilgan, Volgadan Gang daryosigacha, Tyan-Shan tizmasidan Bosforgacha yastanib yotgan ulkan davlatning poytaxti sifatida Samarqand jahonda mashhur bo’ladi. Amir Temur poytaxti Samarqandni go’zal shaharga aylantirishni orzu qilar edi. Hindiston, Afg’oniston, Eron, Suriya, Kavkaz orti davlatlari, Turkiyaga qilgan har bir harbiy yurishdan u Samarqandga eng mohir me’morlar, zargarlar va allomalarni olib kelar edi. O’z davlati ichida Temur yaratuvchi ijodkor edi. U rassomlar va shoiralr, mutafakkir va olimlarni saxiylar bilan qo’llab-quvvatlar edi. Bu fe’l-atvor keyinchalik uning nevarasi – Mirzo Ulug’bekka ham o’tadi, uning besh asr avval yaratilgan yulduzlar katalogi va xaritasi butun dunyoni hozir ham hayratda qoldiradi. Aynan Temuriylarnig hukmronligi davrida Samarqand o’zinnig eng yuksak kamolotiga yetgan edi. Evropa davlatlarining hukmdorlari bu shaharni ziyorat qilishni o’zlari uchun sharaf deb bilganlar. Samarqand — afsonaviy shahar. Bu yerda har bir tosh, jarlik yoki suv havzasi - o’tmishdan so’ylovchi tirik bir ertak, shaharning har bir dahasi (guzari yoki mahallasi) o’z afsonalarini go’yoki shajarasi kabi saqlab keladi. Ba’zan har bir samarqandlikning qalbiga aziz bo’lgan biror bir tarixiy voqea yoki joy xam afsonalarga ko’miladi. Zamonaviy Samarqand - holisining soni va hududining kattaligi, sanoat ahamiyatiga ko’ra O’zbekistonning Toshkentdan keyingi ikkinchi o’rinda turuvchi shahri bo’lib, jahon turizmining markazidir. U Zarafshon daryosining o’rta oqimi chap qirg’og’ining adirli qismida joylashgan. Tabiatning o’zi Samarqandga go’zal iqlim va toza suv in’om etgan – u o’zbek zaminining jannatmakon yerida qad ko’targan. Samarqandning iqlimi kontinental-subtropik iqlim. Bulutsiz kunlarning soni yiliga 155 ta, quyosh charaqlagan soatlar yig’indisi 2916, yilning o’rtacha harorati +13,4, yanvar oyi – 0, iyul oyi +26. Absolyut minimum –27, absolyut maksimum +45. Aholisi 364,3 ming kishi. Shaharning asosiy suv manbai Zarafshon daryosi, Dargom, Siyob, Shaudar ariqlaridir. Buxoro Buxoroga borib, shu qadimiy shaharni ko’rgan kishilarning barchasi minoralarning tepalaridagi g’alati ko’rinishdagi «qalpoqlarga» e’tibor bergan bo’lsalar kerak. Bular laylak uyalaridir. Umidning timsoli bo’lgan bu oppoq qushlar shaharning ramzi, uning barqarorligi va sadoqatining ham ramzi bo’la oladi. Boy go’zal shahar juda ko’p marta turli-tuman dushmanlarning bosqinchilik hujumlarining maqsadi bo’lgan, mo’g’ul-tatarlarning bosqini eng og’ir, yer bilan yakson qiluvchi darajada bo’lgan edi. Lekin Buxoro har gal qaytadan aynan o’sha joyda tiklanib, o’z zamini-yu a’analariga sodiq bo’lib qaytadan barpo bo’lar edi Buxoroga asos solinishi qadim-qadimgi asrlar tubiga borib taqaladi. 1997 yilda YuNESKO ning qaroriga ko’ra butun madaniy dunyo uning 2500-yilligini nishonlagan edi. Afsonalar shaharning paydo bo’lishini tarixiy shaxs obrazi bilan bog’liq Zardo’shtiylik xudolaridan biri – Siyovush bilan bog’laydi. Buxoroning eng qadimiy qismi uning qal’asi – Ark hisoblanadi, bu yerda arxeologlar eramizdan avvalgi IV - III asrlarga oid bo’lgan ba’zi topilmalar borligini aniqlashdi. Bu balandligi 20 metr bo’lgan katta tepalik bo’lib, u yerda ilgari Buxoro amirining saroyi, uning harami, xazinasi, qurol-yarog’ saqlanadigan xonalari, o’ta xavfli jinoyatchilar uchun zindon bo’lgan edi. Hozirgi paytda ular tiklanmoqda. Buxoroning eng qadimiy yodgorliklaridan biri X asrning boshida Somoniylar sulolasining asoschisi tomonidan qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasidir. Maqbara usti yarim sfera shaklidagi gumbaz bilan yopilgan kub shaklidagi binodir. Somoniylar maqbarasi O’rta Osiyoning me’morchiligida bizgacha yetib kelgan, pishiq g’ishtdan qurilgan birinchi bino bo’lib, bunda g’ishtlar ham qurilish uchun, ham bezatish uchun ishlatilgan. Shaharning asosiy va eng baland ko’tarilgan inshooti – 1127 yilda qurilgan Kalon minorasidir. Bu har tomonlama komil muhandislik inshooti, Buxoroning sathidan 47 metrga ko’tarilib turgan ulkan minoradir. O’zbekistonda eng baland bo’lgan ushbu minora tepaga chiqqan sari sal ingichkalashib boradi, uning dumaloq aylanasidan o’rab turgan halqalar turli rangdagi sirlangan g’ishtchalar bilan bezatilgan. Shu bilan birga minoradagi naqshlarning turli-tumanligi va takrorlanib kelishi sodda va komil me’morchilik shakllarini boyitadi. Buxorodagi o’rta asrlar me’morchiligining alohida xususiyati – ko’cha yoki maydon bilan bir-biridan ajralib turgan va old yuzasi, darvozalari bilan bir-biriga qarab turgan ikkita ulkan inshootdan iborat bo’lgan majmualarning barpo etilishi edi. Shu asosda shaharning markaziy me’morchilik majmuasi yaratilgan – Poi Kalon («Ulkan inshoot osti») maydoni. Uning minorasi gumbazli o’tish yo’li bilan benihoya ulkan juma masjidi – Masjidi Kalon bilan bog’langan. Uning qarshisida XVI asrning boshida hatto bizning davrimizda ham ishlayotgan Mir-Arab madrasasi barpo etilgan. Chashma-Ayub mozorining barpo etilishi ham XII asrlarga oid, deb hisoblanadi. Afsonalarga qaraganda, Injildagi payg’ambarlardan biri – Ayub (Iov) Buxoroning bu suvsiz qismidan o’tayotganda hassasi bilan yerga urgan – natijada bu yerda top-toza, shifobaxsh suvli buloq paydo bo’lgan. XIV asrda Amir Temur o’zining yurishlaridan birida olib kelgan xorazmlik ustalar buloq va quduq ustidan bino barpo etganlar hamda quduqdagi baland tortish qurilmasi ustidagi konus shaklidagi gumbazga Xorazm uchun xos bo’lgan shakl berganlar. Ularga qaraganda mashhur Chor-Minor masjidi esa yangi qurilgan bino, deb atalishi mumkin – u XIX asrda qurilgan. Bu masjidda to’rtta uncha baland bo’lmagan minoralar hamda gumbazlar zangori rangda bo’lib, masjidga o’ziga xos qiyofa bag’ishlaydi. Sharq me’morchiligi uchun sun’iy suv havzalari bo’lgan hovuzlardan nafaqat amaliy maqsadlarda, balki shaharni yanada har tomonlama bezatish uchun ham foydalanish odatdagi holdir. Buxoroda saksontadan ortiq bunday obodonlashtirilgan hovuzlar bo’lib, shaharni ta’minlab turar edi. Ulardan eng mashhur bo’lgan hovuz Labi-hovuzdir. Yirik poytaxt-markaz bo’lgan Buxoro shahri nafaqat o’zining masjidu madrasalari, maqbarayu-mozorlari bilan, balki saroylari, hashamatli uylar, karvon-saroylar, hammomlari va ko’p gumbazli savdo majmualari bilan ham mashhur edi. Shaharda ko’chalarning kesishuvida – guzarlarda qurilgan Toqi-Zargaron («Zargarlarning gumbazi»), Telpak-Furushon («Telpaklar sotuvchilarining gumbazi») va Toqi-Sarrofon («Pul almashtiruvchi sarroflarning gumbazi») saklangan, ular hozirgacha savdo rastalari sifatida ishlatilmoqda. Ularning birinchi qurilishi va ishlatilishidan nomlari ham dalolat bermoqda. O’rta asrlarda Buxoro Markaziy Osiyodagi barcha musulmonlarning muqaddas shahri bo’lgan edi, bunda nafaqat diniy hurmat-e’tibor, balki estetik tuyg’ular ham ifodalanar edi. Buxoro shon-sharaf mujassam bo’lgan shahar deb hisoblanar edi, u yerda eng mashhur kishilar yig’ilar edi. Islomda Qur’ondan keyin ikkinchi o’rinda turgan diniy kitob – eng haqqoniy hadislarning to’plami bo’lgan «Al-jami as-sahih» ning muallifi Imom Al-Buxoriy edi. Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) shaharga yaqin bo’lgan qishloqdan kelib chiqqan edi, u shaharda o’z faoliyatini boshlagan. Islomda eng muqaddas shaxslardan biri shayx Bahovaddin Naqshband, so’filar ta’limotining asoschisi, buxorolik misgar edi. Shayxning go’rini ziyorat qilish Makkaga borib bajarilgan haj marosimiga tenglashtirilar edi. Bahovaddin Naqshbandning maqbarasi hozir ham shaharning eng muqaddas joyi deb hisoblanadi. Buxorodan dunyoga taniqli bo’lgan tarixchi olim Narshaxiy, yirik shoirlar Rudakiy va Daqiqiylar kelib chiqqan. Lekin ayni shu shaharda, odamlarning gap-so’zlariga qaraganda xalqning sevimli namoyandasi, o’tkir so’zli «tinchlikni buzuvchi» latifago’y Xo’ja Nasriddin Afandi ham yashagan. Hazilkash donishmand Afandining latifalari va teran fikrlari son-sanoqsizdir. Musulmon allomalari, mutafakkirlarining, me’morlarning va shoirlarning ko’p asrlik ijodiyoti tufayli shahar «Islom cho’qqisi», «Buxoroi Sharif», «Muqaddas shahar» faxrli unvonlariga musharraf bo’lgan. O’ylaymizki, Buxoro shahri haqiqatan ham bu unvonlarning barchasiga loyiq. Shu bilan birga shahar zamonaviy sanoat va madaniyat markazidir. Unda zamonaviy qurilgan aeroport, oliy o’quv yurtlari, kollejlar, litseylar. Teatrlar, sport-sog’lomlashtirish inshootlari va markazlari ham mavjud. Xiva Xiva — muzey-shahar, lekin Rim shahri kabi aholi yashaydigan shahardir. Sharqning ko’pgina shaharlari kabi Xiva Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Xeyvak nomli suv havzasi yonida barpo etilgan bo’lib, Xorazm vohasining sug’oriladigan yerlarida rivojlanib kelgan. Arxeologik tadqiqoitlarning ko’rsatishicha, shahar kamida 2500 yoshga kirgan. Bularning hammasi YuNESKO tashkilotiga Xivani qo’riqxona ahamiyatidagi shahar deb e’lon qilishga, shaharning ichki qismi bo’lgan Ichan-qal’ani esa jahon ahamiyatidagi tarixiy yodgorlik deb e’tirof etishga asos bergan. «Avesto» kitobi Xorazm to’g’risida tarixiy ma’lumotlar beradi. «Tarixning otasi» deb sanalgan Gerodot Xorazm va xorazmliklar to’g’risida gapirib o’tgan edi. Beruniy esa Xorazmdagi qadimiy dehkonchilik to’g’risida hikoya qilgan. Xiva — tarixiy qurilish, butunligicha bino va inshootlar, aslida ochiq havodagi butun bir shahar amalda tarixiy holida saqlanib qolgan dunyoning bir nechtagina shaharlaridan biridir. XVIII asr oxiri — XIX asr o’rtasidagi Xiva shahrining monumental inshootlari go’yoki qaytadan barpo etilgan shaharni hosil qilgan bo’lib, u bizni bor-yo’g’i ikki-uch avlod ustalarning hayoti davomida qurilishi tezligi bilan hayratda qoldiradi. Lekin boshqa sharoitlarda halokatli bo’ladigan holatlar – kichik yer bo’laklaridagi tasodifiy qurilishlar, o’ta siqiq sharoitlar va yer kamligi bu yerda me’morchilik inshootlarining benihoya go’zalligi, nafisligi va turli-tumanligiga sabab bo’ldi. Xivaning eng ko’p va siqiq holda inshootlar qurilgan qismi bo’lgan aynan shu Ichan-qal’a taqdir taqozosi bilan me’morchilik muzeyiga aylandi, uning yodgorliklarida bizga xalq ustalarining eng go’zal asarlari namoyon bo’ladi. An’anaga ko’ra, shaharning ma’naviy markazi uning katta, yoki juma masjidi sanalar edi. Masjidni rejalashtirish zamirida X—XII asrlarda yaratilgan konstruktsiyalar yotgan, deb hisoblashadi. Ichan-qal’adagi Juma masjidi ham XVIII asrinng oxirida qayta qurilgan, lekin u Sharqning klassik inshootlarining qator xususiyatlarini o’zida saqlab qolgan. Bu o’ziga xos bir qavatli binoning old kirish portallari, gumbazlari va dumaloq arkalari yo’q, u eramizning X- XVII asrlarida yaratilgan 213 dona yog’och naqshinkor ustunlarga tayanadigan yassi tomli ulkan zaldir. Ularning o’lchamlari, shakllari va bezaklari turlicha bo’lib, aynan ular masjidning yuksak badiiy qiymatini namoyon etadi. Olimlarning fikricha, ushbu xususiyatlaring barchasi bu masjidni Arabistondagi qadimiy masjidlarga yaqinlashtiradi. Madrasalardan eng yirigi — Muhammad Aminxon madrasasidir. Uning o’ziga xos xususiyatlari – ikkitalik hujralardir. Old devorlarning naqshli bezatilishida rangli g’ishtin termalarning qatlamlari hamda o’simlik tusidagi naqshlar bo’lgan mayolika bilan qoplangan bezaklar kiritilgan. Eshiklar va panjaralar ajoyib o’yma naqshlar bilan bezatilgan. O’rta asrlar shaharlarini tashqi devorlar va minoralarsiz, shahar ichidagi ark qal’asisiz tasavuur qilish qiyin. Xiva shahri ham shunday. Ichan-kala avvaldan uni himoya qiladigan ulkan qal’a devorlari bilan o’ralgan edi. XIX asr o’rtasida esa Xivaning atrofida o’nta darvozasi bo’lgan yangi qal’a devorlari bunyod etilgan. Shundan e’tiboran shaharning ushbu kattaroq halqasi Dishan-qal’a, yoki «tashqi qal’a» deb nomlanadigan bo’ldi. Xivaning ma’naviy hayotida muqaddas joylar — mozorlar va maqbaralar alohida o’rin tutgan. Ayniqsa e’tiborli sajdagohlardan biri – kasbi ko’nchi bo’lgan, jismi pahlavon, ruhi faylasuf, ko’ngli shoir bo’lgan Pahlavon Mahmud ismli ulug’vor zotning maqbara majmuasidir. Vafot etganidan keyin xalq uni pir – Xiva shahrining muborak homiysi sifatida e’tirof etgan. Asta-sekin Pahlavon Mahmudning go’ri atrofida xonlar urug’iga daxldor kishilarning go’rlari joylashgan mozor yuzaga keldi, keyin esa maqbaraga tegishli inshootlarning yirik majmuasi barpo etildi, ular yozgi va qish mavsumidagi masjidlarni, ma’rakalar uchun mo’ljallangan inshootni va Qur’on o’qish xonalarini o’z ichiga oladi. O’rta asrlarda Xiva allomalarning shahri bo’lgan. Bu yerda yirik fan markazlari faoliyat yuritgan – astronomiya, matematika, tibbiyot rivojlangan, buyuk olimlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) yashagan va ijod qilgan. Shoh Ma’mun ibn Muhammad huzurida o’rta asrlarning eng yirik Sharq olimlari ishlagan, ular «Ma’mun Akademiyasi» ni tashkil qilganlar. Sharqda mashhur bo’lgan XIX asr shoirlari Shermuhammad Munis va Ogahiylar bu yerda o’z asarlarini yaratganlar. Shahar «Xorazm vohasining durdonasi» nomiga sazovor bo’lgani bejiz emas. O’zining gullab-yashnagan davrida Xorazm davlati xalqaro savdoning eng yirik markazi, Buyuk Ipak yo’lining asosiy ahamiyatga ega bo’lgan qismi edi. Bu yerga Volgabo’yidan, Hindiston, Eron davlatlaridan savdogarlar kelar edi, savdo karvonlari bu yerdan Yaqin Sharqqa, Sharqiy Turkiston va Xitoyga ketar edi. Xivadan turli-tuman savdo yo’llari Mo’g’ulistonga, Qozog’iston dashtlari orqali Volga irmog’idagi skvdo shahri bo’lgan Saksin shahriga, undan rus knyazliklari va Yevropaga olib borar edi. Arxeologlar qadimiy karvon yo’llarining yangi-yangi yo’nalishlarini, jumladan, Xorazmdan Mang’ishloq tomonga va u yerdan dengiz orqali Quyi Volgabo’yiga yo’nalishlarni ochmoqdalar. Bu xivalik savdogarlar Markaziy Osiyo davlatlarining Sharqiy Yevropa bilan olib borgan savdosining katta qismini o’z qo’llariga olganligidan dalolat beradi. Kechqurun qorong’i tushganda va oy – musulmonlarning muqaddas ramzi minoralarning tepalarini, masjidlar gumbazlari va madrasa darvozalarini jozibali nuri bilan yoritganda xuddi sehrli shaharga kelib tushgandek ko’rinadi. Xiva shunday afsonaviy shahardir. Shaxrisabz Shahrisabz — Amir Temur shahri, bu yerda hamma narsa u yoki bu tarzda uning nomi bilan bog’liq. Bu yerda uning otasi Muhammad Tarag’ay va ma’naviy ustozi Shamsiddin Kulol ko’milganlar, bu yerda uning katta o’g’illari Jahongir Mirzo va Umarshayx Mirzolar go’ri joylashgan. Ulug’ Sohibqironning o’zi ham uning joni shu yerda arshi a’loga uchib ketadi, deb o’ylagan edi. Hattoki maqbarani ham tayyorlab qo’ydi. Lekin taqdir buni boshqacha hal etdi… Ulkan Movarounnahr davlatini yaratgan va uning cheklanmagan hukmroni - amiri bo’lgan Temur Samarqandni o’z poytaxti sifatida tanladi. Lekin o’zining tug’ilib o’sgan kichik vatanini ham hech qachon unutmay, doimo unga g’amxo’rlik qildi. Aslida Shahrisabz davlatning ikkinchi poytaxti edi. Temurning avlodi, Buyuk Mo’g’ullar sulolasining asoschisi Bobur yozishicha: «Kesh shahri Temurbekning tug’ilgan joyi bo’lgani uchun, u shaharni taxt zainia aylantirish uchun ko’p gamhurlik qilgan edi». Amirning buyrug’i bilan bu yerga eng yaxshi me’morlar quruvchilar, me’morchilik bezaklarining ustalari yuborilgan, mahalliy ustalar bilan birgalikda ular turli mamlakatlarning tajribasi va an’analarini uyg’unlashtirib, ulug’vor binolarni barpo etganlar. Ularning ijodi bilimlar, tajriba, an’analar va yaratuvchilik urinishlarining yaxlitlashuvi tufayli ajoyib mevalar berdi, ular XIV asr oxiri – XV asr boshi O`rta Osiyo me’morchiligning xususiyatlarini belgilab bergan monumental uslubning asoslarini yaratdilar. Oqsaroy saroyi bayramona hukumat binosi – rezidentsiyaning namunasi bo’lishi mumkin. Saroyning qurilishi 1380 yilda boshlangan, lekin 1404 yilda ham unda pardoz ishlari tugatilayotgan edi. Bu ulug’vor inshootning o’qsimon gumbazi oralig’i 22 metrdan ortiq bo’lib, temuriylar barpo etgan barcha inshootar orasida eng antiqadir. Temur va temuriylarning davrida shahrlarning ansambllar bilan – majmuiy qurilishi keng tarqalgan. Bu Shahrisabzda ham yaqqol ko’rinadi, bu yerda Dorus-Tilovat va Dorus-Saodat ansambllari ajralib turadi. Dorus-Tilovatni sobiq mahalliy xodagonlar maqbarasida saqlanib qolgan uchta inshoot tashkil etadi. Bu Shamsiddin Kulol va Gumbazi Seyidon maqbaralari hamda Ko’k-Gumbaz jome’ masjidi inshootlaridir. Shamsiddin Kulol maqbarasi eng birinchi qurilgan. Shayx 1370 yilda vafot etgan bo’lib, uning go’ri izzat-ehtirom qilingan edi. Uning yonida Gumbazi Seyidon – Sayidlar gumbazi nomli Ulug’bek avlodlarining maqbarasi qurilgan. Bu kichik bino o’zining nafis mutanosibligi va chuqur o’ymakor naqshlar bilan qoplangan, ajoyib ishlangan kirish eshigi bilan insonni mahliyo qiladi. Me’morchilik ansamblini mo’g’ullargacha bo’lgan qurilish poydevorida qad ko’targan Ko’k-Gumbaz jome’ masjidi tugallaydi. Dorus-Saodat ansambli ham uchta qismidan iborat: Jahongir mirzoning go’ri, Hazrati Imom masjidi va Temurnig maqbarasi. 1376 yilda sohibqironning sevimli o’g’li Jahongir mirzo o’lganidan keyin Amir Temur shunday qayg’uga cho’mdiki, «sohibqironning qalbi hamdardlik uchun 30 yil yopiq edi». «Adolatli shahzoda, jasur jangchi, yer yuzida atirguldek ir ko’rinib yo’qolgan» shahzodaning jasadi ajdodlariing vataniga keltirildi, bu yerda uning uchun maqbara qurildi. Keyinroq maqbara oilaviy katta maqbara ichiga kiritilgan edi. Xona ohaktosh bilan qoplangan bo’lib, arkali o’yma tokchalar bo’ylab Qur’ondan olinagn foniy dunyoning bekorligi va boqiy dunyoning g’olibligi to’g’risidagi oyatlar o’yib ishlangan. Masjid va Jahongirning maqbarasiga yaqin joyda faqat Temur uchun mo’ljallangan go’r saqlanib qolgan maqbara bo’lgan, lekin uning o’zi, ma’lumki, Samarqandda dafn etilgan. Lekin Shahrisabz faqatgina buyuk amirning «taxt zamini» bo’lmagan. Temurning tug’ilishidan ancha ilgari u o’z tarixiga ega edi. Avvalo bu jahonnig eng qadimgi shaharlaridan biri. Olimlarning fikricha, Shahrisabz 2700 yoshda, bu esa «Boqiy shahar» Rimning yoshidir. YuNESKO qaroriga ko’ra aynan shu sana 2002 yilda butun madaniy dunyoda nishonlangan. Eramizdan avvalgi IV asrda iskandar Zulqarnayn lashkarlari dam olish uchun Kesh vohasida to’xtagan, Baqtriyaning satrapi bo’lgan Bess Doro III in o’ldirib, o’zini «osiyo podshohi» deb e’lon Kilgan, lekin uning o’zi aynan shu yerda asirga olingan. VII asrda shaharni arablar qamal qilgan, bir asr keyin esa Kesh shahri Muqanna rahbarligi ostida arablarga qarshi kuchli qo’zg’olonning markazi bo’ldi. Tinch davrda shahar hech qanday to’sqinliksiz o’sib rivojlanar edi, bunga uning gavjum Buyuk Ipak yo’lidagi nihoyatda qulay joylashuvi sabab bo’lgan. O’rta asrlar shoiri Mahmud ibn Vali shunday yozgan: «Kesh — Movarounnahr shaharlaridan… uni jahonning eng go’zal joylaridan biri, juda yaxshi va yoqimli iqlim bo’lgan joy deb hisoblashadi. Uning dalalari va bog’-rog’lari juda jozibali va zavqli». Hurmatli muallif so’zlariga rozi bo’lmay iloji yo’q. Haqiqatan ham Shahrisabz o’zining «Yashil shahar» ismiga juda mosdir. http://fayllar.org Download 24.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling