Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
chetidan qo‘yib yubordi? Yo‘q, yo‘q, hech bo‘lishi mumkin emas.
-Nima qilamiz? – dedi Ahmad. -Kutamizmi? Yo‘q. Chiqamiz. Mirshab bir o‘zi. U ham odam. Tushuntiramiz. Tushunmasa boshga kelganini ko‘ramiz. Kutish esa vahima. -Yaxshilab o‘ylab ko‘raylik. -O‘n marta o‘ylasak ham, devorni teshib chiqib ketish imkoniyati yo‘q. Eshik esa bitta. Baribir shu eshikdan chiqamiz. Qancha tez chiqsak, shuncha yaxshi. Mirtemir apal-tapal kiyindi-da yo‘talgancha “Biz uyg‘oq” ishorasini berdi. Militsioner eshitmadi shekilli borib kelaverdi. -To‘xtang, – dedi Ahmad eshik tomon yurgan Mirtemirga. – Xom ish qilib qo‘ymaylik. Balki militsionerning xabari yo‘qdir? Balki uning kampirda biror ishi bordir? Mirtemir turgan joyida qotib qoldi. Nega bu tomonini o‘ylamadiykin? Darvoqe, kampir yer o‘lchovchilar keladi degandi. Biror gap chiqqan bo‘lsa-chi? Masalan, kampir ularni yaqinlashtirmay quvgan bo‘lishi mumkin! -Demak, demak, ikkinchi eshik ham bor ekan. -Izlasalar uchinchisi ham topiladi, – dedi jilmayib Ahmad. Shu payt tashqaridan ovoz keldi. -Hov, Iskandar, kiraver, guldur-guldur ovoz kelayapti. Uyg‘onga o‘xshashadi. Turishsin, osh tayyor. -Ena noqulay bo‘larmikan, o‘zingiz kiraqoling…, – dedi mirshab -Biz o‘zimiz chiqayapmiz, – dedi yengil ovozda Mirtemir. -Chiqmang, chiqmang, men o‘zim ichkariga kiraman, – deya mayor ostonani hatlab uyga kirdi. – Assalomu alaykum, xavotir olmanglar, hammasidan xabarim bor. Hatto rasmingiz ham keldi. Katta mukofot qo‘yilgan. Mirtemir mayor bilan ko‘risharkan: -Qancha mukofot qo‘yishibdi? – dedi kulimsirab. -Yigirma milyon so‘m va bitta yengil mashina, bunga qo‘shimcha unvon… -Demak, sizni tabriklasa bo‘ladi, oling shu pulni, mashinani va unvonni. Evaziga mana shu uyning tomini shifer qilib berasiz. -Mirtemir aka, biz bunday yolg‘onlarga ishonsak yoki sotilsak, eng kamida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lardik. Tomga kelsak, enam istamaydilar. Yangi uy qurib qo‘yibman, bormaydilar. -Rostdan ham o‘g‘illarimisiz? -Aks holda bu yerda nima qilaman? Ikki o‘g‘ilmiz. Ukam sovxozda, traktorchi. Men suv olib kelay, qo‘lni yuvinglar, osh tayyor. -Yo‘q, uzimiz tashqariga chiqamiz. -Yarim soatda butunlay qorong‘u bo‘ladi, keyin chiqasiz. Shunday ham sizni bolalar ko‘rishibdi. -Yo‘g‘e, qayerda ko‘rishibdi? – suhbatga aralashdi Ahmad. -Qabristonning yonida. -Qabriston? -Ha, yuqorida eski qabriston bor. Sizlar e‘tibor bermagan bo‘lishlaringiz mumkin. Xarobaga aylangan. Ammo tepalikdan hamma joy ko‘rinadi. Bolalar mol boqib yurishgan ekan, uzoqdan sizni ko‘rishibdi. -Tanishibdimi? -Xudoga shukurki yo‘q. Ammo momoyning uyiga o‘g‘ri keldi, deb aytishibdi. -Siz shuning uchun keldingizmi? -Shu kunlarda posyolkaga o‘g‘ri oralagan. Ikki-uch kishining qoramolini olib ketishdi. Shu sabab hamma hushyor. Xayriyatki, bo‘limga xabar kelgach, o‘zim yo‘lga chiqdim. Yigitlarni yubormaganim yaxshi bo‘libdi. Enam yer o‘lchovchilar keladi, degandilar, bolalar balki adashtirgandir, deb o‘yladim. Ammo ko‘nglim tinchimadi. Bir xabar olayin, dedim. -Iskandar, o‘g‘lim, mendan ham ko‘p gapirasan-a? – oshxonadan kampirning ovozi keldi.-Men oshni suzdim. Mehmonlarni katta uyga boshla, o‘sha yerda gaplashasizlar. -Kechirasiz, enamning ismlari nima? – deb so‘radi Mirtemir mirshabdan. -Anbar… -Yo‘g‘e… -Nega ajablandingiz? -Buvimning ismlari ham Anbar edi. Boya “Buvimga o‘xsharkanlar” deya o‘ylagandim, shuning uchun. -Buvingiz emas, enangiz bu kishi. Sizni shu qadar yaxshi ko‘rdilarki, televizorda chiqqan kuningiz bayram. Men ba‘zi ko‘rsatuvlaringizni videokasetaga yozib olganman. Biznikiga faqat shuning uchun boradilar. -Rahmat. Ko‘nglim uchun gapirayapsizu, ammo… -Ammo-pammosi yo‘q, televizor bilan videomagnitofonni olib kelaman, istasangiz uyga boramiz. Qorong‘uda hech kim tanimaydi. -Ishondim, ishondim… -Bo‘lmasa, marhamat, qarshidagi uyga. Bu xonaning ikki eshigi bor. Biri oshxonaga ochiladi biri bu tomonga! – dedi mayor. Oshdan keyin: -Ertaga ham shu yerda qoling, – dedi mayor. – Men vaziyatni o‘rganaman. Shunga qarab plan qilamiz. Xudo xohlasa eson-omon chiqib ketasiz. -Siz ham “vatan xoini”ga sherik bo‘layapsiz, – hazil qildi Mirtemir. -O‘sha bitta odam vatan bo‘lsa, men xoinman. Ammo biz tushungan Vatan boshqa. Biz tushungan Vatan Sizni sevadi. -Rahmat. Ammo biz yo‘lni davom ettirishimiz kerak, – dedi Ahmad. – Men ham ko‘p qolib ketsam qidirishadi. Qolaversa kundan-kunga bosqi kuchaymoqda. Qarindoshlaridan yaqini, keyin do‘sti bo‘laman. Qidirishlari aniq. -Bizga ham buyruq uch marta takror keldi. Hozir posyolkada rasmingiz osiqlik. Demakki, hamma joyda shu hol. Biror qishloq yo shaharga kirmasdan, tog‘u toshdan yurmoq kerak. Mashina, avtobuslar ham xavfli. Chunki haydovchilarga ham topshiriq berilgan. Xullas, Karimov sizni chiqarib yubormoqchi emas. -Unda biz ertaroq yo‘lga chiqaylik. Kechasi yurib, kunduz dam olamiz. Mayor uzoq o‘ylab turdi- da: -Ukamni chaqiray. Traktori yangi. Baxmalga qadar olib borsin. Traktorni birov to‘xtatmaydi. Qolaversa uning ukamligini ham bilishadi. Baxmaldan keyin qo‘shni jumhuriyatga yaqin qoladi. O‘tib ketasizlar. Mayor chiqib ketdi-da tez qaytdi. Oradan yarim soat o‘tmasdan traktor ovozi eshitildi. Mirtemirlar ko‘zg‘alisharkan, Anbar xola to‘n va do‘ppi olib chiqdi. -O‘g‘lim, senga ataganman buni. To‘nni o‘zim tikkanman. Do‘ppi esa vodiydan kelgan. -Enajon, bizni uyaltirayapsiz… -Ana ular uyalsin, seni shu ko‘yga tushirib. Ha, ularga ham Xudoning atagani bor hali… To‘nni kiyib olsang birov tanimaydi, ham issiq, ham sovqotmaysan… Ular xayrlasharkanlar Anbar xola ko‘ziga yosh oldi: -Enangni qayta ko‘ra olmaysan… Qayda bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin, – dedi va Mirtemerni quchoqlab yig‘ladi. -Enajon sekin, birov eshitib qolmasin… -He, o‘sha biror-mirorni ham… Anbar xola jahli chiqqan bo‘lsa-da, so‘nggi so‘zlarini pichirlab gapirdi: -Sen ketgandan keyin hamma gapni haloyiqqa aytaman, bilib qo‘yishsin. -Enajon, Iskandar akaga ziyoni tegadi. Iltimos, oramizda qolsin, – dedi Mirtemir. Ammo kampir indamadi… Traktor “sakray-sakray” ilgarilab borardi. Uch kishi kichik kabinaga arang sig‘ishib o‘tirishgani uchun bir zayilda “sakrardilar”. Traktorchi yigit kamgap ekan, ikki soatda bir og‘iz gapirmadi. Mirtemir buni oqshom chog‘i bezovta qilishgani, kun bo‘yi charchaganidan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi va xijolat chekdi. Bir joyga borib traktor to‘xtadi. -Akam shu yerga qadar degandilar… -Bu yer qayer?-so‘radi Mirtemir. -Yo‘l bo‘ylab ketaverasizlar, bu yog‘i tinch. Ikki-uch soatda qo‘shni jumhuriyatga o‘tasizlar. Chegaraga yaqin qolganda adrdan yuringlar. U yerda ko‘zga ko‘rinmagan yaxshi. Mana bu ikki tayoqni olinglar, it degan narsa ko‘p bu yerlarda, – dedi u, – keyin xayrlashish uchun ikki qo‘lini uzatdi. Qo‘lida bir nima bor edi. -Bu nima? – so‘radi Mirtemir. -Aka, enam berdilar, olmasangiz bo‘lmaydi, momoy niyat qilganlar, iltimos, men kelgunga qadar shuni o‘yladim. Olmasangiz nima qilaman, deb o‘yladim. Siz enamni bilmaysiz, gaplari ikki bo‘ldimi, tamom, olam omonat bo‘ladi. -Ammo bizga pul kerak emas. Qolaversa shunday ham boshga qadar qarzga botdik, enangiz, akangiz oldida… Endi… -Aka, ko‘p emas, besh yuz so‘m. O‘nta non bermaydi bu pulga, qadri yo‘qoldi pulning. Ammo enam nafaqa pulidan yiqqanlar. Mayda so‘mliklar bo‘lgani uchun ko‘p ko‘rinayapti.. Men ham enamga buni tushuntirdim. Lekin “Mayli, o‘nta bo‘lsa ham non oladi, o‘zim berardimu xafa bo‘lishadi deb akang qo‘ymadi”, dedilar. Traktorchi o‘jar chiqib qoldi. Oxiri Mirtemir: -Ilgarigi sharoitda olsak pora bo‘lardi, hozirgi holimizda gunohi bo‘lmasa kerak, – dedi-da pulni oldi. – Mayli, ishqilib bu yaxshiliklarni, bu qarzni qaytarish imkonini bersin. -Ilohi omin, – dedi traktorchi va yugurib kabinaga chiqdi. U jo‘nab ketgandan keyin Ahmad: -Pul o‘ziniki. Ammo… -Qayerdan bildingiz? -Uyda kampirdan “Ena pulingiz bormi?” deb so‘raganini eshitib qoldim. Yo‘lga chiqayotgani uchun cho‘ntagim quruq bo‘lmasin, deb o‘ylayapti shekilli deya tushundim. -Balki kampir unga ham bergandir?.. -Yo‘q, besh yuz deganini ham eshitdim. – Lokator bo‘ling-e… Lekin nega berdi pulni? -Yana qaytib kelishingizga umid bog‘ladi. -Ha, bu xonadonga albatta kelaman, ammo ismini ham so‘ramabmiz. -Hechqisi yo‘q. Iskandarning ukasi, Tursunboy…, – dedi Ahmad. -Qayerdan bildingiz? -Lokatordan!.. Ular tayoqlarini yelkaga qo‘yib qorong‘ulik qo‘yniga sho‘ng‘idilar. Osmonning olis nuqtalarida ko‘rinayotgan yulduzlar ham ular bilan yo‘lchilikka chiqqan kabi “yurib borardi”. Ammo oy ko‘rinmasdi. Har holda qaysi bir bulut to‘dasining ortida qolgan bo‘lsa kerak. Darvoqe, tun uzoq. Oyning esa chiqishi, ko‘rinishi muqarrar. K A R I M O V N I N G K E C H I N M A L A R I [ 2 1 ] Karimov majlislar binosiga kirib kelganida boshining og‘rig‘i tinmagandi. Go‘yo boshi shishib, arining uyasiga aylangan, son-sanoqsiz arilar g‘uvillagancha tashqariga chiqishga uringandek bosh devorlarini tirmalayotganga o‘xshardi. U yordamchisidan ikkita pantalgin dorisi olib ichdi. Keyin majlislar zaliga qarab yurdi. Minbarda Oliy kengash raisi va uning uchun maxsus joy ajratilgandi. Har doim majlisga kirib kelganda oyoqda turib qarshilagan millatvakillari bu safar unga parvo ham qilmadilar. Avvaliga “majlis boshlangani uchun shunday bo‘ldi”, deb o‘zini ovutmoqchi bo‘ldi, keyin yuragi orqaga tortdi. Majlis zalidagi sovuq ruh uning vujudini qisib olgandek bo‘ldi. Sovuqda qolgan odam kabi etlari junjikdi. Vujudida allanarsalar “jimir-jimir” yura boshladi. So‘ngra ko‘ksida bir qurt o‘rmalayotganini his qildi. Bu qurt ko‘ksida emas, yuragining ichida ekan… Oyoqlari ham o‘ziga bo‘ysinmayotgandi. O‘ng oyog‘i o‘ng tarafga, chap oyog‘i chap tarafga tortayotgandi. Minbarda o‘zi uchun ajratilgan joyga qadar bo‘lgan o‘n qadam masofani bosib o‘tish unga bir necha chaqirimdek tuyuldi. Joyiga yetib borganda, stulni orqaga tortish uchun qo‘li qovushmadi. Hatto qo‘llarim ham menga bo‘ysunmayapti. Nahotki, bu millatvakillariga qo‘shilib qo‘llarim, vujudim menga isyon qilsa?! Yo‘q, hali bunday isyonlar ko‘p bo‘ladi. Bu isyonlarni yengishim, yengishga o‘rganishim kerak, deb o‘yladi. Karimov o‘z xayollari bilan olisharkan, zalda o‘tirganlarga qarash uchun bosh ko‘tarishga majoli yo‘q edi. -Majlisni olib borish tartibi haqida qanday taklif bor? Bu Oliy kengash raisining tovushi. Karimov kirib kelarkan hatto u ham o‘rnidan turmadi. Nahotki, kechagi voqealardan boshqacha xulosa chiqargan bo‘lsa?! Yo‘q, bu qo‘rqoq, isyon qiladigan jasorati yo‘q. Bu kabi insonlar qul kabi tug‘ilib, qul kabi o‘lib ketadilar. Isyon qilish ular uchun o‘lim demakdir. O‘rnidan turmagani esa befarosatligidan. Unga kim ham “Ho‘kiz” deb laqab qo‘ygan bo‘lsa, uzukka ko‘z qo‘yguvchi, zargar ekan. Aslida bu uzuk ham bo‘lolmaydi. Qo‘lni yo qisadi, yo kattaligi uchun barmoqdan tushib qoladi. Karimov falsafiy mushohadalar qilayapman, deya biroz yengil tortgandek bo‘ldi va ko‘z qiri bilan asta zalga qaradi. Alijon Qo‘chqorov degan millatvakili dehqonchasiga katta-katta qadam tashlab minbar tomon kelayotgandi. Alijonni Karimov uzoq yillardan beri taniydi. Bir vaqtlar Komfirqaning mafkura bo‘limida ishlardi. Nimadir bo‘ldi-yu uni haydashdi. U paytlarda bundaylar ko‘chada qolmasdilar. Yo ular uchun bir lavozim ochilardi yoki maoshlar haqidagi hujjatdan boshqa qog‘ozga qo‘l qo‘yilmaydigan bir idoraga rahbar etib tayinlashardi. Alijonni ham dinga qarshi ish olib boradigan idoraga rahbar qilib qo‘yishdi. Zamonning charxi aylanib, bugun u ham millatvakili. Saylov arafasida ro‘yxatlarni nazardan o‘tkazganda bu eski kommunist, og‘zidan chiqqanini biladi, har qadamini o‘ylab bosadi, qayoqqa boshlasak, o‘sha yoqqa yuradi, deb ismi-sharifini chizib tashlamagandi. Mana endi isyonchilar safida. Aslida buning dardi boshqa. U parlament qo‘mitalaridan biriga boshliq bo‘lishi kerak edi. Hatto suhbatlardan ham o‘tgandi. Lekin taniqli olimlardan biri shu qo‘mita raisligini istab qoldi. Alijon esa o‘rinbosarlikka tushdi. Alami ana shunda. Mendan qasd olmoqchi… -Oliy kengash majlisini olib borish yuzasidan bir qator jiddiy takliflarni ilgari surmoqchiman, – deya oldindan yozilgan nutqini o‘qiyotgandi Alijon. Kecha kechqurun Alijonning nima haqda gapirishini unga aytishgandi, nutqining nusxasini ham ko‘rgandi. Shu sababdanmi yoki quloqlari shang‘illayotgani uchunmi Alijonning ovozini eshitmayotgandi. Ammo uning bugunga qadar mavjud tartiblarni buzish haqida takliflar kiritayotganini bilardi. Karimovni qiziqtirayotgan narsa bunga millatvakillarining qanday munosabatda bo‘lishlari. Bir qismi, ya‘ni isyonchilar uni qo‘llashlari aniq. Ammo qolganlari-chi? Uning o‘zi bir-bir suhbatdan o‘tkazgan, so‘ngra ro‘yxatga kiritib saylagan va “Mening komandamdan yer olasan” degan odamlari-chi? Ular nima deydilar? Karimov zalning oldingi qatorlarida o‘tirganlarga nazar tashladi. Ularning birortasi ham unga qaramasdi. Ba‘zilarining yuzida xavotir, ayrimlari esa mamnun, yana bir qismi bo‘lsa og‘zi ochilib qolgancha hang-mang bo‘lib o‘tirardi. Har doim Karimovning ko‘zlariga tikilib o‘tiradigan, “men shu yerdaman, nima xizmatingiz bor?” degandek kiprik qoqmay qarab turadiganlar ham undan yuz o‘girishgandi. Bu sinov deya o‘ylardi Karimov. Agar Alijonning takliflari o‘tsa, demak, isyon jiddiy. O‘tmasa bularning qanotini sindirib tashlayman. Ko‘p narsaga Ichki ishlar vaziri Kamolov ham aybdor. U ilgari xavfsizlik qo‘mitasida ishlardi. Ba‘zi millatvakillari unga qarshi bo‘ldilar. Shundan keyin Ichki ishlar vaziri etib tayinladim. Lekin topshiriqlarimni doim yetim qildi. Bir kuni “Mirtemirning tilini kesib kelasan” dedim, ammo ertasiga Mirtemir bir majlisda “Shunaqa gap tarqalgan, sizning bunday deganingizga ishonmayman”, deb suvning oldini oldi. Kecha esa Alijonni majlisga kelmaydigan qilib qo‘y, degandim. Nima emish, otilgan tosh boshining yonidan o‘tib ketganmish. Shu ham bahona bo‘ldimi? Agar shu majlisdan omon chiqsam, onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman! Karimov lablari qovjirab qolganini his qildi. Esnagan kishi kabi qo‘li bilan og‘zini yopdi-da tilini aylantirib, labini ho‘lladi. Ammo labi qurib ketaverdi. Stol ustidagi bardoq esa bo‘sh. Grafindan suv quyish uchun qo‘lini ko‘tarmoqchi bo‘ldi-yu qo‘rqdi: suv to‘kilib ketsa-chi yoki grafin bardoqqa urilsa-chi? Zalda o‘tirganlar Karimovning qo‘li qaltirayapti, deb o‘ylamaydilarmi? Karimovning ko‘zi Alijonga tushdi. U joyida o‘tirardi. Rais esa uning taklifini ovozga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Zalda g‘alag‘ovur boshlandi. Hozir isyonchilarning planiga ko‘ra Erkin Vohidov so‘zga chiqishi kerak, deb o‘yladi va zaldan Vohidovni qidirdi. U Karimovga qarab “Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, men so‘zga chiqmayman” deyayotgandek bamaylixotir o‘tirardi. Undan keyin Ahmadali Asqarov so‘z olishi kerak. Uning qayerda o‘tirishini ham Karimov yaxshi biladi. Oldingi qatorlardan o‘rtada o‘tirgani uchun doim joyidan gapiradi. Minbarga chiqish uchun o‘n- o‘n besh kishi o‘rnidan turib unga yo‘l berishi kerak. Shu bois joyidan gapirishni afzal ko‘rardi. Karimov o‘sha tomonga qaradi, lekin Asqarovni ko‘rmadi. Demak, kelmabdi, deb o‘yladi. Bu ham qo‘rqoqlik. Sodiqligingni ko‘rsatmoqchi bo‘lsang, kelib o‘tirmaysanmi? Ammo shu payt Karimov noxosdan Asqarovni ko‘rib qoldi. U birinchi qatorda o‘tirardi. Demak, so‘zga chiqmoqchi! Demak, kechagi va‘dasi yolg‘on! Ha, bu odamga ishonib bo‘lmaydi. O‘zining qat‘iy bir fikri yo‘q. Karimov endi ishga kelgan paytlari edi, rus tiliga qarshi harakatlar boshlandi. O‘shanda Asqarovni televideniyega yubordi, kechqurun u bir soat rus tilining ahamiyati haqida gapirdi. “Men Namangandagi bir qishloqdan chiqqan bola edim. Kambag‘alning bolasi kiyimga pul topsa, bir burda noniga yetmasdi, ovqatiga pul topsa oyoqyalang qolardi. Ammo rus tili tufayli men odam bo‘ldim. Rus tili bo‘lmaganda olim bo‘larmidim?” deya gapirarkan, ko‘zlari namlangandi. O‘shanda Karimov uning samimiyatidan quvongandi. Ammo milliy harakat kuchayib ketdi. Karimov chiqish yo‘li yana harakatni bo‘g‘ish, bayroqni qo‘lga olish ekanini angladi, tashabbusni qo‘liga oldi. Boshqa olimlar qatori Asqarovni ham yana televideniyega yubordi. O‘shanda u “Men ona tilimni unutish darajasiga keldim. Rus tili mening na qornimni, na tafakkurimni to‘ydirdi. Ona tilimni unutsam, bobo merosdan mahrum qolaman. Bu esa tafakkur ochligi! Bu esa manqurtlik!” deya yana nam kipriklarini silaganida Karimov uning mahoratiga qoyil qolgan edi. Agar bu odam san‘atkorlikni tanlaganda, eng mashhur artist bo‘lardi, deb o‘yladi. Zalda g‘alag‘ovur avjga chiqdi. Shu payt Mirtemir o‘rnidan turib, minbar tomon kela boshladi. Demak, Asqarov so‘zga chiqmadi. Ha, u o‘zining so‘zga chiqmaganini ko‘rsatish uchun birinchi qatorga o‘tirgan. Ammo bu kelayotgan jo‘jaxo‘rozning nima deyishi noma‘lum, deb o‘yladi Karimov. Erkin Vohidov bilan Asqarovning so‘zga chiqmagani katta g‘alaba. Qolganlar gapirsa gapiraversin. Bir hamla bilan yanchib tashlayman! Mirtemir zaldagilarga qarab emas, unga qarab gapirardi. Bu bolani ilk bor qayerda ko‘rgan edim? Ha, ha, saylovlardan oldin Kattaqo‘rg‘onga borganimda ko‘rganman. U noxosdan so‘zga chiqib zaldagilarning olqishini oldi. O‘shanda shoirona gaplar gapirib, hammaning diqqatini o‘ziga tortgandi. Keyin Oliy Kengash binosida ko‘rishdik. Yigitlarimiz boshqa o‘lkalarda xizmat qilishi masalasini rayosatda muhokama etayotgandik. Shart-shurt gapirib, butun rejalarimizni buzib yubordi. Majlisdan keyin olib qolib gaplashdim “-Uka, bu millatvakillik uzoqqa cho‘zilmaydi. Sen biz bilan birga qolmoqchi bo‘lsang, Oliy kengashda bo‘layotgan voqealardan meni xabardor qilib turasan, ya‘ni mening komandamga kirasan. -Mayliku-ya, lekin men hali yoshman, yana qancha Karimovlar bilan ishlashim mumkin. Sotqinlik qilib uzoq yashash mumkin emas-da. -Siz sotqinlik bilan davlatga xizmat qilishning farqini hali bilib olmabsiz. Boshingizni devorlarga urasiz hali… Karimov esa bu joyda uzoq, juda uzoq turadi, bildingizmi?” Shu suhbatdan keyin ko‘p o‘tmay Mirtemirning nomzodini jurnalistlar uyushmasi raisligiga ko‘rsatishganini aytishdi. O‘shanda Oliy kengashdan ketsa yaxshi bo‘lardi, deya o‘yladim, ammo eng to‘polonchi xalq – qalamkashlar. Arining uyasi buzilsa tuzatish mumkin, lekin qalamkashlar g‘avg‘o boshlasa, qiyin bo‘ladi, deya boshqa nomzodni saylatib yubordim. Undan keyin yangi ochiladigan gazeta muharrirligiga nomzodi ko‘rsatildi. Bo‘pti, yo tarbiyalayman yo quvaman, deb rozi bo‘ldim. Lekin oxirgi kun rayosat majlisida o‘z nomzodini olib, men istamagan odamning nomzodi o‘tib ketishiga sababchi bo‘ldi. Uning qalamkashlar yig‘ilishidagi gaplarini kechirgandim. Hatto rayosatdagi bu hunariga ham qo‘l siltadim. Keyin ham boshimga ko‘p ishlar ochdi. Hammasini kechirish mumkinu Oliy kengashda maktublarni o‘qirkanman noxosdan og‘zimdan chiqib ketgan gapni xalqqa yetkazganini kechirish mumkin emas. Bularning ko‘pchiligini sotib oldim, ba‘zilarini qo‘rqitdim. Qarmoqqa ilinmaganlari boshqalarini ham buzayapti. Nazarimda eng katta xato saylovdan keyin bular olti oy mehmonxonada birga qolishgani bo‘ldi. Darhol poytaxtning har yeridan uy topib, bo‘lib yuborish kerak edi. Ammo mehmonxonada birlashdilar. Mirtemirning To‘lqin degan hamshahari bor. Juda ham mahmadona, birinchi majlisda yuzing demay, ko‘zing demay gapirgandi. Mehmonxonaga karatechi bolalarni yuborib, urdirgandim ish berdi, aqli joyiga tushdi. Hatto bugungi majlisda tarqatilgan o‘n sahifali bayonotni Mirtemir tayyorlaganini u xabar qildi. Kecha uni chaqirib gaplashish kerak ekan. Bugun Mirtemirga qarshi uni bayroq qilardim. O‘zidan bilib himoyaga chiqmaydi. Karimov bir zum xayollaridan ayrilib, yana zalga qaradi. Ko‘zlari olma terayotgan kishining ko‘zlaridek, qatorlar orasida “yugurib” ketdi. To‘lqinni topdi. U hamshaharining gaplariga boshini siltagancha noroziligini ko‘rsatayotgandi. Karimov unga uzoq termuldi, lekin u qaramadi. Agar qaraganda “Chiq, javobini ber!” ishorasini tashlamoqchi edi. Mirtemir esa hamon uni so‘roqqa tutayotgandi go‘yo. Shu payt Karimovning xayolidan bundan bir necha lahza oldin qabul qilingan qaror o‘tdi. Nega qarshilik qilmadim, deb o‘yladi. Hozir butun mamlakat bu tamoshani ko‘rmoqda. Sharmanda bo‘ldim! Jonli ko‘rsatuv haqidagi qarorga nima bo‘lganda ham ruxsat bermasligim kerak edi. Matbuotni qo‘ldan chiqargan rahbar-o‘lgan rahbardir, nega bunga izn berdim? Nahotki, jilovni qo‘yib yubordim. Yo‘q, qo‘yib yuborish mumkin emas. Xalqning podadan farqi yo‘q. Tayoq bilan boshiga urib, yo‘lini ko‘rsatib turmasang, hatto ozuqasini topib yeya olmaydi. Darvoqe, ozuqami, ovqatmi? Ozuqa deb gapirishimni ham mazax qilishibdi-ya, mana bular. Nima emish, millat ovqat yermish, hayvonlar esa ozuqa. Ha, endi bitta-ikkita so‘zda xato qilsak ham, ota go‘ri qozixonami? Ichimda gapirsam hamma so‘zlarni to‘g‘ri aytaman, ammo minbarga chiqqanda qiynalib qolaman. Odam qaysi tilda fikrlashga o‘rgansa, bir umr shu yo‘lda qolarkan. Nima qilay, boshqa tilda fikrlab, boshqa tilda gapiraman. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z so‘zimni tarjima qilaman. Bu oson ish emas. Mana bu tirranchalar esa bitta tildan boshqasini bilishmaydi. Mirtemir boshqa millatvakillarini ham jovdirab qarab o‘tirmasdan minbarga chiqishga da‘vat etdi. Zalda turgan mikrofonlarning yonida navbat boshlandi. Shu payt hokimlardan biri yugurib Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling