Tayanch tushunchalar


Download 60 Kb.
Sana24.05.2020
Hajmi60 Kb.
#109631
Bog'liq
Adabiyotshunoslik - fan


Adabiyotshunoslik - fan
Reja:
1. Fan, san’at, adabiyot

2. Adabiyot – so’z san’ati

3. Adabiyot “Insonshunoslik”dir, ruhshunoslikdir

4. Adabiyot - tuyg’ular tarbiyachisi

Tayanch tushunchalar: Fan, san’at, adabiyot. Adabiyot – so’z san’ati. Adabiyot insonshunoslikdir. Adabiyot tuyg’ular tarbiyachisidir.
Inson o’z hayoti davomida hayotni-tabiat, jamiyat, insonni bilishga intiladi, ularning mohiyati, qonuniyatlari va xususiyatlarini tadqiq qiladi. Ayni paytda inson dunyoni va o’zini bilish bilan cheklanmaydi, balki to’plagan bilimlariga suyanib u jamiyatni, o’zining ruhiy-ma’naviy dunyosini boyitib, o’zgartirib boradi. Ong-borliqning inson miyasidagi oliy in’ikos (aks etish) shakli ekan, u ijtimoiylik kasb etadi. Inson ongi (ruhiy va aqliy qobiliyati) jamiyatdagi hayoti davomida tarkib topadi, ijtimoiy muhit ta’sirida reallashadi, faollashadi, ijod qiladi.

Ijtimoiy ong shakllari (siyosat, huquq, ahloq, din, fan, san’at, falsafa, riyoziyot, tibbiyot va h.)ning barchasi-hayotni o’rganadi, biroq har biri o’ziga xos predmetiga asosan ob’ektiv borliqni in’ikos etadi, o’rganadi va o’rgatadi.

Jumladan, ilmiy ijod-insonning tabiat, jamiyat va o’z tafakkurida amal qiladigan qonun va qonuniyatlarni kashf etish, bilish va o’rganish bilan shug’ullansa, badiiy ijod-tabiat, jamiyat va insonning nafosat qonunlari va tamoyillari asosida badiiy ifodalash sirlarini ochadi. Boshqacha aytsak, ilmiy tafakkur barcha fanlarni, badiiy tafakkur san’at va uning shakllarini o’zida birlashtiradi. Ikkalasi ham real borliq (hayot)ni, bizdan tashqaridagi olamni o’rganadi. Biri-hayot (tabiat, jamiyat, inson tafakkuri)ning ob’ektiv qonunlarini ochish, tushuntirish bilan shug’ullansa, ikkinchisi-hayot(tabiat, jamiyat, inson)ning badiiy (obrazli) kashfini tahlil va tadqiq qiladi. Ilmiy tafakkur borliqni ilmiy tushunchalar, g’oyalar, kategoriyalar, prinsiplar, muammolar, gipotezalar, hukmlar, xulosalar, nazariyalar, qonunlarda ifodalasa, badiiy tafakkur borliqni obrazlarda aks ettiradi. Ha, shuning uchun ham, “Agar fanlar va san’atlar bo’lmaganda, inson va inson hayoti ham bo’lmasdi” (L.N.Tolstoy).

“Filosof sillogizmlar orqali fikr yuritsa, shoir-obrazlar va kartinalar vositasida gapiradi va ularning ikkalasi ham ayni bir narsani aytadi. Siyosiy iqtisodchi statistik raqamlar bilan qurollanib, o’z o’quvchi yoxud tinglovchilarining zehniga ta’sir etib, jamiyatdagi falon sinfning ahvoli falon-falon sabablarga ko’ra ko’p yaxshilangani yoxud ko’p yomonlashganini isbotlaydi. Shoir voqyelikning jonli va yorqin tasviri bilan qurollanib, o’z o’quvchilarining fantaziyasiga ta’sir etib jamiyatdagi falon sinfning ahvoli falon-falon sabablarga binoan haqiqatdan ham ko’p yaxshilangani yoxud yomonlashganini haqiqiy kartinalarda ko’rsatadi. Biri isbotlaydi, ikkinchisi ko’rsatadi-ikkalasi ham ishontiradi, bunga faqat ularnnng biri mantiqli asoslash, boshqasi kartinalarda namoyon etish bilan erishadi” (V.Belinskiy; Ta’kidlar bizniki-H.U).

Yuqoridagi “Humoyunnoma” (Gulbadan begim) asaridan keltirilgan parchaga e’tibor qilsangiz, unda mantiqiy fikrlash, mushohada, xabar ustunlik qiladi; hamma so’zlar aniqlik, ob’ektivlik, “quruq qayd” etishga bo’ysindiriladi va haqiqatan bo’lgan voqea haqida tushuncha beradi.

“Yulduzli tunlar” romanidan keltirilgan lavha esa Bobur, Mohim begim, Shayxulislom (Ko’hinur olmosi ham) jonli gavdalanadi, ularning o’zaro muloqotlaridan har birining qalbidagi tuyg’u va hislarni (jumladan, Mohim begim “yum-yum yig’laydi”, “Boburga qo’rquv aralash hayrat bilan tikiladi”. “Bobur suyukli o’g’lini hadeb o’tga-suvga solib, shu kasallikka o’zi ham sababchi bo’lganday o’rtanadi”, Humoyunga “Sening shu og’ir dardingni xudo sendan olib menga bersin!”-deya iltijo qiladi. Munkaygan Shayxulislom qiymati ulkan oltin xazinalariga barobar keladigan Ko’hinur olmosini sandig’iga tushirishga yo’l topganday-Humoyun betobligidan foydalanishga intiladi, “ota-bolaga baqrayib qaraydi”, sarosimaga tushadi...) to’laligicha aniq nuqtalari bilan ko’ramiz, jonli his etamiz. Shunday bo’lishi mumkin bo’lgan voqea bilan tanishamiz. Xotirada voqea aniq va “quruq” bayon etiladi, lavhada esa tasvirlanadi. Birida mantiqiy mushohada, ikkinchisida ko’rsatish ustunlik qiladi.

San’at (arxitektura, haykaltaroshlik, rassomlik, musiqa, teatr, xoreografiya, kino va sh.k.) fanlar (ilmiy tafakkur)ning yutuqlariga suyangan holda hayotni obrazlar vositasida ifoda etadi. Obrazlilik-san’atning hamma ko’rinishlarini birlashtiradigan, umumiyligini, o’xshashligini ta’minlaydigan universal vositadir.

“Obrazli formadan tashqarida san’at yo’q” (Oybek).

Lekin ravshanlik, ta’sirdorlik, nozikliik, go’zallik kabi obrazlilikning atributlari (ajralmas belgilari, xususiyatlari) san’atning har bir shaklida o’ziga xos bo’ladi:

“Skulptura... inson tanasi shakllarining go’zalligini ifodalaydi, inson yuzidagi fikrning bir paytini, tanadagi (attitude) bir vaziyatnigina tutib oladi. Shu bilan birga skulpturaning ijodiy faoliyati insonning butun siymosini qamray olmaydi, balki inson tanasining tashqi shakllari bilangina chegaralanadi, erkak kishilarda faqat mardlik, ulug’vorlik va kuchni, xotinlarda go’zallik va noziklikni ifoda qiladi. Rassomlik san’ati butun insonni, hatto uning ichki ruhiy dunyosini ham o’z ichiga oladi; ammo rassomlik ham hodisaning faqat bir paytini qamrash bilan chegaralanadi. Muzika esa, eng ko’p, ruhning ichki dunyosini ifoda etuvchidir; lekin muzika ifoda qilgan g’oyalar tovushlar (sadolar)dan ayrilmaydi, tovushlar ruhga ko’p narsa bersa ham, aqlga hyech nimani ochiq va aniq qilib aytmaydi. Poeziya erkin inson so’zida ifodalanadi, so’z esa-ham tovush, ham kartina, ham aniq va ravshan aytilgan tasavvurdir...”1

Tinib-tinchimas rus tanqidchisi V.G.Belinskiy tomonidan “Poeziyaning xil va turlarga bo’linishi” maqolasida aytilgan bu nozik kuzatish va xulosalar san’atning har bir ko’rinishi “o’z tili”ga, “o’z uslubi”ga-“o’zligi”ga ega ekanligini ravshan isbotlaydi.

San’atning ba’zi ko’rinishi (masalan, V.Belinskiy aytgan skulptura) muayyan cheklangan jihatlari bo’lishidan qat’i – nazar, dilni quvontiradigan, his – hayajonlarni yondiradigan jonliligi va go’zalligi bilan, latofati va nafisligi bilan beadad quvonch baxsh etadi:

“Haykaltarosh Skopas marmardan Vakx qizini yaratdi: qiz jonli ko’rinadi, tosh o’sha toshligicha qolgani holda, go’yo jonsiz tabiat qonunlarini buzganday edi... O’z tabiatiga ko’ra qattiq bo’lgan tosh ayol nafisligiga taqlid qilib, go’yo o’zi ham nafis bo’lib qolganday, ayollik tabiatiga ko’ra keskin, nozik harakatlar qilayotgan ayol qiyofasiga kirgan edi. Tabiatan harakatdan mahrum bo’lgan tosh san’atkor qo’lining sehri, qudrati bilan Vakx qizlari raqsida charx urib aylanayotganday edi. Garchi ehtiros toshga xos bo’lmasa ham, Vakx qizining yuzida es – hushidan ayrilgan ayol shavqi ravshan sezilardi... Uning sochlarini shabada yulqilar, toshning o’zi ham nozik va mayin, durkin soch tolalariga aylangan edi. Bu holni tushunishga, tasavvur etishga aql bovar qilmas edi, tosh bo’la turib, bu marmar obrazda ayolning bor mayinligi, nafisligi ko’rinar edi”2

Bu tasvirning o’ziyoq, garchi marmardan yasalgan Vakx qizini ko’rmasangiz ham, Sizda Skopasning mohirligi, tosh ayoldagi uyg’unlik va jonlilik ajib tuyg’ular ato qiladi, ayolning go’zalligi ko’ngilni olijanoblikka o’raydi, o’ziga maftun etadi.

Adabiyot “boshqa san’atlarning barcha unsurlarini o’z ichiga oladi, bo’lak san’atlarning har biriga ayrim ravishda berilgan hamma vositalardan birvarakay va to’la suratda foydalanadi” (V.Belinskiy). Shu sababdan ham adabiyotning maydonidan chiqib ketadigan bironta hodisa, voqea, ruhiy holat, xatti – harakat, kechinma bo’lmaydi va ularning hammasi so’z vositasida ta’riflanadi, ochiladi, jonlantiriladi. Alloh so’z qudrati bilan borliqni yaratganki, uning qudratidan boshqa buyukroq mo’jiza yo’q. Hadisi sharifda “So’zda sehr bor...” deb ta’kidlansa, xalqimiz “So’z qilichdan o’tkir”, “So’z – kishining o’zagi, Odob uning bezagi”, deydi. Bobomiz Alisher Navoiy “Chin so’z – mo’tabar, yaxshi so’z qisqa - muxtasar” desalar, Mashrab Boboyev “So’z aytgani kelar dunyoga inson”, deydi. Rus shoiri Aleksandr Tvardovskiy “So’z – bu mening oshi halolim, so’z – men uchun muqaddas”,- deb kuylaydi. Ha, so’z – aqlimizning toji, yuragimizning otashi, insoniyligimizning belgisidir. Ana endi bu so’z badiiylashganda, adib Oybek aytganidek, har bir so’z, uzukka qo’yilgan qimmatli tosh kabi porlaydi, har bir misrada katta mazmun barq urib turadi. So’z chertib olinadi, ohangi, ifoda kuchi, bo’yog’i va boshqa xislatlari bilan hissiy qudratga ham ega bo’ladi (Oybek. Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985, 32-33-betlar).

Shu asosga ko’ra, adabiyotning “tili”, birdan – bir quroli – so’zdir, so’z san’atidir. Uning tasvir imkoniyatlari nihoyasizdir. Adabiyot so’z san’ati ila hayotni o’rganadi va tasvirlaydi (uning mag’zini chaqadi), hayotni tadqiqi jarayonida undan muayyan xulosa va saboqlar chiqaradi (hukmga keladi), hayotdan dars oladi(“hayot darsligi” vazifasini o’taydi), hayotni qayta (umid va orzular asosida) yaratadi.

Demak, so’z san’atining ob’ekti – tabiat, jamiyat, insonni birlashtiruvchi, bizdan tashqarida yashovchi cheksiz – chegarasiz olamdir.

Inson san’at va adabiyotning bosh predmetidir. Yozuvchi Maksim Gorkiyning ta’biricha, “O’zining intilishlari, ishlariing butun xilma – xilligi bilan, o’zining o’sishi va tanazzulga ketishi jarayoni bilan odam badiiy adabiyotning materiali bo’lib xizmat qiladi”.

Aristotel (“Poetika”), V.Belinskiy (“Poeziyaning xil va turlarga bo’linishi”)larning fikriga ko’ra, qadimgi yunon (Homerning “Iliada”, “Odessiya” asarlari, Esxil, Sofokl tragediyalari) san’atidan boshlab, inson san’at asarining bosh predmetiga aylangan. Hamon u adabiyot va san’atning kashflarini, yutuq va kamchiliklarini sarhisob qiluvchi asosiy o’lchov bo’lib kelmoqda. Shu sababdan inson tasviri yo’q joydan san’atni izlash noo’rindir. To’g’ri, badiiy asarni varaqlasangiz, inson obrazidan tashqari, uni o’rab olgan tabiat (peyzaj) ham, hayvonu o’simliklar ham, jamiyat ham, buyumlar, predmetlar ham tasvirlanadi. Yuqorida ta’kid etganimizdek, adabiyot va san’atda borliqning hamma atributlari o’z aksini topadi, faqat ular bitta shartga bo’ysinadilar, ya’ni ular inson xarakteri va ruhiy holatining u yoki bu qirrasini ochishga xizmat qilishlari, demakki, insoniylashlari lozim.

Qo’shiqchi shoirlar sardori Muhammad Yusufning “Erka kiyik” asarida ham shu haqiqatning ifodasini ko’ramiz:

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,



Majnun bo’lib sahrolarga yetalasam,

Bu dunyoda birday g’arib men ham, sen ham, Erka kiyik maylimi bir erkalasam?..
Sening ko’zing qora, mening ko’zim qora,

Sening bag’ring yara, mening bag’rim yara,

Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..
Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,

Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.

Sening joning, mening jonim – omonat jon,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..
Kel yig’laymiz birgalashib yantoqlarga,

Sahrolarda qurimagan buloqlarga.

Ikkalamiz yaralganmiz qiynoqlarga,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam.
Umrimizning barcha yo’li, so’qmog’i cho’g’,

Cho’g’dan qo’rqma, beyuz qo’ygan qopqondan qo’rq.

Bu dunyoda senga do’st yo’q, menga do’st yo’q,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?
Soch oqardi, dildosh kutib ko’zim toldi, Yuragimdan to’kilmay ne so’zim qoldi.

Yo’l so’ngida, hyech bo’lmasa o’lim oldi

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..1

Mungli, iztiroblarga to’la qo’shiqni tinglar ekansiz, undagi lirik qahramon armonlariga, g’aribligiga, bechoraligiga, qiynoqlariga, cho’g’li so’qmoqlariga dildosh “erka kiyik” - mahbubaning uyg’unligini yaqqol sezasiz. Qahramon qalbidagi kechinma va tuyg’ulari “erka kiyik” (eng yaqin do’st, taqdirdosh inson) vositasidagina barq urib ochiladi: iltijo orqali erka kiyikka majnun bo’lib yolvoradi, hamdam do’stga zorligini, uning ko’nglini olishga judayam ishtiyoqmandligini - dilining izhorini to’kadi. Erka kiyik – fikr va hissiyotlar ifodasi uchun ramziy vosita, insoniylashgan obrazga aylangani uchun ham - u eng zarur unsurdir.

Inson va inson tafakkurini o’rganmagan fanning o’zi yo’q, chunki fanlar tabiat, jamiyat va insonni ilmiy bilish jarayonida yuzaga kelgan ilmlar tizimidir. Lekin hyech bir fan predmet, hodisa, insonni “o’z harakatida”, “jonli” holatda, birbutunlikda, yaxlitlikda o’rganmaydi. Bunday vazifani adabiyot va san’atgina bajaradi, xolos.

Jumladan, psixologiya (gr. “psyuxe” - “ruh”, “logos” - fan) – ruhshunoslik fani miyaning ob’ektiv voqyelikni aks ettirish jarayonidagi holatlarini o’rgansa, falsafa (yunoncha “filio” (sevmoq), “sofos” (donishmandlik) – “donishmandlikni sevish” fani insonning mohiyati haqidagi eng muhim bilimlarni, eng umumiy muammolarni o’rganadi.



Adabiyot esa insonni yaxlit va jonli tarzda o’rganadi, tahlil va tadqiq qiladi, tasvirlaydi: kitobxon ko’z o’ngida u fikrlovchi, harakat qiluvchi, his qiluvchi, o’z atrofidagi olamlar bilan jonli munosabatda bo’luvchi odam tarzida gavdalanadi. Shu sabab ham adabiyotda qayta yartilgan olam-insoniylashgan olam mukammalligi, ezgulikni uyg’otadigan go’zalligi bilan inson ong-shuuriga qattiq ta’sir etadi; uni komil insoniylikka yetaklaydi. Shu fazilati bilan adabiyot – “insonshunoslik” (M.Gorkiy)dir; inson ruhiyatini poklovchi, boyituvchi, “kir-chir”lardan xalos etuvchi mo’jizadir. Insonin ulug’lab, e’zozlab, hurmatlab, ardoqlab, sevib kuylovchi va xuddi shunday ruhni boshqalarga ato etuvchi qiyosi yo’q ne’matdir. Shuning uchun ham hazrat Navoiy bugun ham xitob qiladilar:
Jondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!

Sondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!

Har neniki sevmoq ondin ortiq bo’lmas,

Ondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Xulosa: adabiyotning tasvir ob’ekti – hayot, tasvir predmeti - inson, vazifasi - inson tuyg’ularini tarbiyalashdir. Demak, adabiyot hayotning so’z san’ati orqali insoniylashgan ifodasidir.


Adabiyotlar

1. Falsafa. T., “Sharq”, 1999, 401-445-betlar.

2. V.G.Belinskiy. Tanlangan asarlar. T., O’zbekiston SSR davlat nashriyoti, 1955, 131-134-betlar.

3. Oybek. Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985.

4. Muhammad Yusuf. Yolg’onchi yor, T., G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994.

5. T.Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1979, 24-33-betlar.

6. Hotam Umurov. Adabiyot nazariyasi, o’quv qo’llanma, S., SamDU nashri, 2001, 14-30-betlar.


1 В.Г.Белинский. Танланган асарлар, Т., Ўзбекистон ССР давлат нашриёти, 1955, 132-133-бетлар.

2 Қаранг: Н.Шукуров ва бошқалар. Адабиётшуносликка кириш, Т., “Ўқитувчи”, 1979, 48-бет.

1 Муҳаммад Юсуф. “Ёлғончи ёр”, Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1994, 144-бет.

Download 60 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling