Terapevtik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda hamshiralik parvarishi
Download 213.43 Kb.
|
1 курс 2 лекция
Klinik holat va simptomlar. So‘rab-surishtirish. Yurak tomirlar tizimi kasallangan bemorlar yurak sohasi va to‘sh orqasida og‘riq borligi, yurak o‘ynashi va yurak ishida to‘xtalishlar bo‘lib turishi, hansirash, shishlar kelib turishi, o‘ng qovurg‘alar ostida og‘irlik sezilishi, dispeptik o‘zgarishlar, bosh og‘riqlaridan noliydi.
Yurak sohasidagi og‘riqlar jiddiy shikoyat bo‘lib hisoblanadi. Yurak nevrozida, odatda yurak uchi sohasida og‘riqlar sezilib, uzoqroq davom etib boradi, odam hayajonlanganida zo‘rayadi, tinchlantiruvchi dorilar (valokordin) bilan bosilib qoladi. Stenokardiya (ko‘krak qisishi)da og‘riqlar odam yurganida, jismonan zo‘riqqanda, issiq xonadan sovuqqa chiqqanida paydo bo‘ladi, ular odatda to‘sh orqasidan joy oladi, atigi bir necha minut davom etib, validol yoki nitroglitserin ichilganida tez o‘tib ketadi. Miokard infarktidagi og‘riqlar stenokardiyada bo‘ladigan og‘riqlardan tabiatan farq qiladi. Bular ancha zo‘rroq bo‘lib, bir necha soat va hatto kun davom etib boradi, validol va nitroglitserin ichilganidan keyin o‘tib ketmaydigan bo‘ladi. Hansirash qon aylanishi yetishmasligida ko‘p uchraydigan shikoyatlardan biridir. Yurak kasalliklari bor bemorlarda hansirash avvaliga jismoniy zo‘riqish vaqtida, zinadan chiqilayotganida paydo bo‘ladi va bir necha vaqtdan keyin o‘tib ketadi. Yurak kasalliklarida hansirash paydo bo‘lishining sababi gazlar almashinuvining buzilib, chala oksidlangan mahsulotlarning qonda to‘planib qolishi, ya’ni karbonat kislota to‘planib qolishi nafas markazini ta’sirlantirib, nafasning tezlashib va chuqurlashib qolishiga olib keladi. Hansirash keyinchalik tinch turgan mahalda ham yuzaga keladi. Bo‘g‘ilish xurujlari odatda to‘satdan, aksari kechasi tutib qoladi. Bo‘g‘ilish xuruji tutgan mahalda bemor birdan havo yetishmay qolganini sezadi, ko‘kragida g‘arg‘araga o‘xshagan xirillashlar paydo bo‘ladi, qon aralash balg‘am tushadi. Ana shunday xuruj yurak astmasi deyiladi. Yurak o‘ynashida bemorga yurak qisqarishlari tezlashib ketgandek bo‘ladi. Normada yurak qisqarishlari bir minutda 60–80 marotabaga teng. Taxikardiya – yurak urishining tezlashishi, bir daqiqada 80 marotabadan ko‘p. Bradikardiya – yurak urishining sekinlashuvi, bir daqiqada 60 maro tabadan kam. Sog‘lom odamlarda yurak o‘ynashi jismonan ko‘p zo‘r berilganidan keyin kuzatiladi. Gohida bemorlar yurak ishining to‘xtab-to‘xtab qolishidan noliydi, bu – yurak ekstrasistolasining oqibatidir. Yurak kasalliklarida shish paydo bo‘lishi, ya’ni to‘qimalar orasidagi suyuqlik miqdorining patologik oshishi kuzatiladi. Avvaliga shishlar kechga yaqin borib paydo bo‘ladi, tuni bilan esa yo‘qolib ketadi. Shishlarning paydo bo‘lishi birinchi galda venalar va kapillarlarda bosim ortib ketishiga bog‘liqdir. Qon yurishuvining sekinlashib qolishi va kapillarlar o‘tkazuvchanligining kuchayishi qondan to‘qimalarga suyuqlik o‘tishiga sabab bo‘ladi. Arterial bosimning oshishi gipertoniya kasalligining asosiy simptomidir. Arterial bosimning qisqa muddatga oshishi jismoniy va emotsional zo‘riqishlarda yuzaga keladi. Agar arterial bosim doimo va uzoq muddat oshsa, bu har xil a’zo va tizimlarda o‘zgarishlarga olib keladi. sianoz – lablar, burun uchi, barmoqlar, tirnoqlar ko‘karishi bo‘lib, yurak yetishmovchiligining belgilari bo‘ladi. Hozir aytib o‘tilgan asosiy simptomlardan tashqari, bemorlar uyqusi buzilib ko‘ngil aynishi, qayt qilishi, qorni dam bo‘lib, ichi yaxshi yurishmasligiga shikoyat qilishi mumkin. Bemorlarda markaziy nerv tizimiga aloqador funksional o‘zgarishlar kuzatiladi, bular darmonsizlik, tez charchash, uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi ko‘rinishida bo‘ladi. Bemorlarni so‘rab-surishtirganda kasallik tarixi (anamnezi)ga to‘xtalish zarur. Kasallikning qachon paydo bo‘lganini, ayrim simptomlarining tabiatini, kasallik sabablarini, kasallik dinamikasi, olib borilgan davo choralarini bilib olish zarur. Bemorning turmush tarixidagi zarur voqealar ham aniqlab olinadi. Ilgari boshidan kechirgan kasalliklar, mehnat va turmush sharoitlari, zararli odat va o‘rganishlari, nasldan naslga beriluvchanligi, asab- ruhiy zo‘riqishlari haqida ma’lumot olinadi. Ayollarda homiladorlik va tug‘uruqlarning qanday o‘tganligini aniqlab olish lozim, chunki qon aylanish tizimi kasalliklarining belgilari ana shunday davrda paydo bo‘ladi. Download 213.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling