Qisqacha xulosalar
«Korxona iqtisodiyoti» - iqtisodiy fanlarning tarkibiy qismi bo’lib, bozor strukturalari faoliyatining amaliy shakllari va nazariy asoslari hamda iqtisodiy faoliyat sub’ektlarining o’zaro aloqalari mexanizmini o’rganishga qaratilgan.
Korxona - iqtisodiyotning asosiy bo’g’ini. Bozor munosabatlari sharoitlarida iqtisodiy faoliyatning asosiy og’irligi turli xil mahsulot ishlab chiqaruvchi, xizmat ko’rsatuvchi hamda malakali kadrlar mujassamlanib, resurslarning turli xillaridan foydalaniluvchi korxonalar zimmasiga yuklatilgan.
«Korxona iqtisodiyoti» fan sifatida zamonaviy mutaxassisga o’z sohasining bilimdoni bo’lishga, ishlab chiqarishdagi ahvolning o’zgarishiga tez moslashishi, qat’iy belgilangan maqsadga ega bo’lishi va eng asosiysi, zamonaviy korxonalarning xo’jalik mexanizmini bilishiga ko’maklashadi.
«Korxona iqtisodiyoti» kichik, o’rta va yirik korxonalar o’rtasidagi farqlarni, kichik va o’rta korxonalarning yirik korxonalarga nisbatan moslashuvchanligi va raqobatbardoshligini hamda ularning bozor talablariga tezroq javob berishlarini ko’rsatadi.
«Korxona iqtisodiyoti» maqsadli vazifa sifatida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning ta’lim darajasini oshirishni ko’zda tutsada, muayyan korxonalarda yuzaga kelayotgan ahvol uchun javobgarlikni o’z zimmasiga olmaydi. Mazkur o’quv kursi korxona hayotida ro’y berishi mumkin bo’lgan iqtisodiy hodisa va jarayonlarni umumlashtiradi va ochib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |