Tilga inson tarbiya ko‘rganligining, ma’naviyatining ko‘zgusi sifatida qaraladi. Nutq madaniyati mumtoz adabiyotimizda alohida e’tiborda turganligini ta’kidlash joiz


Download 17.5 Kb.
Sana21.04.2020
Hajmi17.5 Kb.
#100646

Nutq odobi

Tilga inson tarbiya ko‘rganligining, ma’naviyatining ko‘zgusi sifatida qaraladi. Nutq madaniyati mumtoz adabiyotimizda alohida e’tiborda turganligini ta’kidlash joiz.

O‘rta asr sharoitida notiqlik san’ati tarmoq­la­nib rivojlangan. Alisher Navoiyning fikricha nutq so‘zlayotgan kishi shunday bo‘lishi kerakki, uning majlisiga bo‘sh kirgan kishi to‘lib chiqsin, to‘la kirgan kishi esa yengil tortib qaytsin. Bu borada Navoiy haq edi. Nutq mahoratining asosida ikkita omil bor. Biri nutq xususiyati bo‘lsa, ikkinchisi uning texnikasiga amal qilishdir. Ayrim hollarda esa tafakkurning tiniqligi talaffuzning aniqligini ham bildiradi. Inson nimani yaxshi tasavvur qilsa, aqlan idrok etsa shuni aniq va ravshan ifodalay oladi. Shunday ekan, nutq mahoratini oshirish bo‘yicha nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlar yetarli bo‘lishi kerak.

Nutq orqali fikr berish, maqsadni aniqlashtirish birlamchi vazifa bo‘lishi lozim. Ma’lumki, yaxshi natijaning 99 foizi mehnat orqalidir. Ayni damda o‘qituvchilar orasida ham, o‘quvchilar orasida ham shevada gaplashish holatlari ko‘p kuzatiladi. O‘z nutqimiz ustida ishlash, dars o‘tish jarayonida yangi uslubda yondashish holatlari kuchaytirilsa, izlanish va mashqlar orqali ichki ilohiy tuyg‘ularni namoyon etgan bo‘lar edik.

Nutq madaniyatini o‘zlashtirishga ilmiy yondashar ekanmiz, maktabgacha ta’lim muassalarida bolalarning nutqi o‘sishiga alohida e’tibor berish zarur. Ayni paytda badiiy kitob o‘qish, nutq madaniyatiga e’tibor berish, o‘z nutqi ustida ishlash, nutqni aniq va tiniq yetkazib berish uchun mashq qilish zarur nazarimda.

Til bilgan el biladi, degan naql bor xalqimizda. O‘z tilida aniq va tiniq so‘zlashish esa tilga hurmat, e’tibor, madaniyatni bildiradi. Ammo hozirda bu narsaga e’tibor qaratilmayotgandek. Hamma o‘zi xohlagandek so‘zlashadi. Ayniqsa yoshlar orasida talaffuzning o‘zgarib ketgani achinarli hol, nimaga yoshlarda bunchalik talaffuz aniqligi o‘zgarib ketdi, bunga aynan nima ta’sir qildi va qilyapti? Balki ba’zi bir ma’no va mantig‘i yo‘q qo‘shiqlarimizdir. Yoki zamonaviy tarzda ishlanayotgan ko‘chirma, ya’ni chet el filmlariga taqlid qilib olinib, ularda meyoridan ortiq sheva, ko‘cha so‘zlaridan, hattoki odob doirasidan chiqib ketayotgan gaplardan ham foydalanish, tomoshabinga ma’no-mantig‘ini tushunib bo‘lmas tarzda ishlanayotgan kinofilmlarimizdir. Aslida kinolarimiz bizning ma’naviy binolarimiz emasmi? Ba’zi bir filmlarimizda millatimizning o‘zigagina xos bo‘lgan soddaligi, an’analari, fazilatlari ko‘rinmay ketayotgandek. Bugungi kinolarimiz o‘zbekning yuzi bo‘lishga haqlimi? Kelajakda farzandlarga, xalqqa bular bizning kino deb ayta olamizmi?

Yoshlarimizga bu kinolar virusday ta’sirini ko‘r­satayotgani ham ayni haqiqat. Oxirgi paytda ishlanayotgan ba’zi kinolarimiz umuman ko‘rishga arzigulik emas.

Kinofilmlarimiz soni tobora ortib bormoqda, kinolarimiz orasida sifatli, ko‘rishga arziguliklari ham yo‘q emas, film ijodkorlari o‘z filmlarida talaffuz, nutq aniqligiga e’tibor berishsa film sifati yana yaxshilanarmidi? Yoshlarimiz orasida ham o‘z adabiy tilimizga e’tibor ko‘proq qaratilardi. Ko‘zimiz oq va qora rangdan tashkil topganligi sabablimi, atrofimizdagi borliqqa salbiy yoki ijobiy nazar bilan qarashga odatlanib qolganmiz. Ammo nimanidir tanqid qilish uchun yetarli sabab bo‘lmog‘i kerak. Men bu bilan qaysidir filmni maqtash, boshqasini yerga urish fikridan yiroqmann.

Aksariyat filmlarimizda so‘zlashuvning o‘zgarib ketganligi atrofdagilarga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmayapti, eng achinarlisi ham shu bo‘lsa kerak.

Bugungi kunimizning mavzulari ham aynan kinolarimizda aks etadi. Tarbiyaviy ahamiyati kam, har tomonlama mukammal ssenariyning yozilmayotgani bunga sababdir, balki rejissiyorlarning o‘ta sayoz fikrlashi kinolarimizning saviyasini tushirib yuborayotgandir. Tomoshabin vaqt ajratib kinoteatrga boradi yoki kino tushirilgan tasmani olib tomosha qiladi, biror filmni ko‘rishdan inson madaniy hordiq chiqaradi hamda tomosha qilayotgan filmidan qandaydir foydali jihat axtarishi tabiiy hol. Filmlarda foydali jihat bo‘lmasa-chi? Unda u film faqat ermak uchun ko‘rilgan kino bo‘ladi. Bundan kimga foyda?

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani asosida ishlangan filmini ko‘ring. Bugun ko‘rsangiz ertaga yana ko‘rish istagi paydo bo‘ladi sizda. «To‘ylar muborak», «Mahallada duv-duv gap», «Sen yetim emassan», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» va yana bir qator o‘zbek filmlarini eng sara filmlar sirasiga kiritish mumkin, ularni ko‘rib tomoshabin madaniy hordiq chiqarish bilan birga tegishli xulosa ham chiqara oladi.

Biz nima sababdan Bollivud filmlarini yoki koreys seriallarini yaxshi ko‘rib, qiziqib tomosha qilamiz? Kimgadir ularning kuy-qo‘shiqlari, raqsi manzur bo‘lsa, yana kimnidir film qahramonlari tomonidan aytiladigan falsafiy jumlalar hayratga soladi, qalbni to‘lqinlantiradi. Koreys seriallarida romantikaga boy, biz uchun yangi bir ijodiy kashfiyot bo‘lgan kichik lavhalar ham kishi xotirasida o‘chmas iz qoldiradi.



Muhimi, kino va sahna asarlarida shevada emas, sof badiiy tilda so‘zlamoq kerak. Axir, bizning shakllangan boy adabiy tilimiz mavjud-ku. Nega endi ekranga chiqib olib mahalliy sheva, lahjada so‘zlab adabiy tilni g‘ariblashtirishimiz, suiste’mol qilishimiz kerak?
Download 17.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling