II - BO’LIM.
GEOGRAFIK TERMINSHUNOSLIK
Geografik terminlar va ularning turlari
Ba'zan atama bilan termin so'zlarini chalkashtirib yuborishadi. Aslida atama narsa – hodisa, belgi va harakat kabilarning nomi, atovchi so'z, ya'ni umumiy nomdir. Atama terminni ham, geografik nomni ham o'z ichiga oladi. Masalan, momaqaldiroq, sharshara, girdob, chaqmoq, uchqun, olma, hovuz, buloq, tutun, yaproq, Jumabozor, Yangiqo'rg'on va h.k. Geografiyada atamalar ikki tur otlarga bo'linadi; termin va geografik nom. Termin lotincha so'z bo'lib, fan, texnika, kasb - hunarning biror sohasiga, shu jumladan geografiyaga ham xos bo'lgan muayyan bir tushunchaning aniq va barqaror ifodasi bo'lgan so'z yoki so'zlar birikmasidan iboratdir. Termin–turdosh ot, ism, nom - atoqli ot. Har ikkisi ham atama.
Geografik terminlarga quyidagi talablar qo'yiladi;
1. Terminlar ilmiy va etimologik jihatdan to'g'ri bo'lishi kerak. Bunga fanning nomini misol qilib keltirish mumkin; geografiya deb atalgani ma'qulmi, jo'g'rofiya deyilganimi? Geografiya termini asli yunoncha bo'lib, “ge” - yer, “grafo” - tasvirlayman so'zlaridan iborat. Jo'g'rofiya bizga ingliz va turklar orqali kirib kelgan bo'lib, geografiyaning buzilgan shaklidir. Ge – yer so'zi bilan boshlanadigan bir qancha fanlar bor; geografiya, geologiya, geomorfologiya, geofizika, geotektonika va boshqalar. Hammasi o'zgarmay qolgan. Faqat geografiyani o'zgartirsak ham ilmiy, ham etimologik xatoga yo'l qo'ygan bo'lamiz. Chunki jo'g'rofiya deganda asl ma'nosi o'zgarib ketadi, bema'ni so'zga aylanib qoladi.
2. Terminlar ko'pchilikka tushunarli, aytishga oson, ixcham, tugal ma'noli bo'lishi kerak. Keyingi vaqtda taklif qilingan muvoziy, mador, bahr, jo'g'rofiyun kabi terminlar arabchadan kirib kelgan bo'lib, hozirgi vaqtda muomaladan chiqib ketgan, ularga ko'pchilik tushunmaydi. Binobarin, ularni qo'llansh maqsadga muvofiq emas. Ular o'rniga parallel, tropik, dengiz (okean), geograf terminlari paydo bo'lgan, hamma tushunadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |