Toshkent arxitektura va qurilish instituti bino va inshootlar qurilishi fakulteti


Download 46.75 Kb.
Sana08.01.2022
Hajmi46.75 Kb.
#242710
Bog'liq
xalq qabulxonalari


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

TOSHKENT ARXITEKTURA VA QURILISH INSTITUTI

BINO VA INSHOOTLAR QURILISHI FAKULTETI


202-19 guruh talabasi Iriisbekova Irodaning

O`zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati fanidan

Xalq qabulxonalari ijtimoiy nistitut sifatida mavzusidagi

Mustaqil ishi

TOSHKENT – 2020

Xalq qabulxonalari ijtimoiy instituti sifatida

Reja:


1.Xalq qabulxonalari faoliyatining tashkil etilishi

2.Xalq qabulxonalari – inson huquqlarini himoya qilish yo'lida



3.Xalq qabulxonalari faoliyati bilan bog‘liq nizomlar

1. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solgan yangi tizim – Xalq qabulxonalari instituti ijtimoiy adolatni ta’minlash borasida o’zbekona hayot falsafasi va milliy davlatchilik maktabiga xos barhayot an’analarning yangi taraqqiyot bosqichi bo’lish bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo’lidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylanmoqda. Kengashli to’y tarqamas, Xalqimizda ezgu bir an’ana bor: har qanday ishni boshlashdan avval maslahat qilinadi. Bunda kayvoni-yu keksalardan, yoshlardan ham fikr so’raladi. Turli mulohazalar tinglanadi, munosabatlar hisobga olinadi. Har bir qarash, taklif chuqur muhokama qilinadi – do’ppini boshdan olib qo’yib, atroflicha kengashiladi. Aql – tarozi, ko’ngil qozi bo’ladi: ko’riladigan tadbirning foydasi va zarari taroziga qo’yilib, obdon tortiladi. Bunday hayot tarzi, tabiiyki, o’zaro muloqotga, muloqot esa qizg’in muhokama – kengashga, har bir masalada adolatli va oqilona hukmga yo’l ochadi. Xalqimiz bunday qadriyatlarga asoslanib, avvalo, ijtimoiy adolatga intilib kelgan. Albatta, har qanday jamiyatda bo’ldi-bo’lmadi ishga darrov shikoyat yozadiganlar topiladi. Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati– O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdidagi «Demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, munosib hayot darajasini yaratish – barqaror taraqqiyot kafolatidir» nomli ma’ruzasida «xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi. Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular boshqarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o’zi baho beradi», deb ta’kidladi. Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda 2017-yilni yurtimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilarkan, «davlat organlarining fuqarolar bilan o’zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko’rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor», deb uqtirib o’tdi. Mana, ko’p o’tmay, xalqimiz bu g’oya va tashabbuslarning amaliy natijalarini o’z hayotida ko’rmoqda.Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to’g’risida»gi farmoniga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Prezident devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida Prezidentning Xalq qabulxonasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, har bir tuman va shaharda Prezidentning Xalq qabulxonalari, Prezidentning virtual qabulxonasi tashkil etildi.Mazkur tuzilmalar bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda ishlaydi.Bunda Virtual qabulxonaning ishlash shakli va uslubi o‘zgarmagan: murojaatlarni 0-800-210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlariga qo’ng’iroq qilish, pm.gov.uz manzilidagi maxsus murojaat shaklini to’ldirish orqali yuborish mumkin. Mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida Xalq qabulxonalari haftada besh kun 9.00 dan 18.00 gacha tanaffussiz faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda Xalq qabulxonalari joylardagi eng zamonaviy binolarda ish boshladi. Bu yerda jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, Ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Qabulxonalar huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan..

Murojaatlarga oid ma’lumotlar «O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi» axborot tizimiga kiritiladi. Xalq qabulxonalarida murojaatlar og’zaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta orqali qabul qilinadi.



Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan turib, xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashni global maqsad sifatida belgilab, mamlakatimiz barcha hududida Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilganini hamda hozirgi kungacha bir milliondan ortiq fuqarolarimiz bu qabulxonalar orqali o'zlarining dolzarb muammolarini hal qilganini ta`kidlab o'tdi. Xalq hokimiyatchiligi to'g'ridan-to'g'ri muloqot, ya`ni «fuqaro — davlat» g'oyasida mujassam bo'lgan eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Bu so'nggi paytlarda mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan islohotlarni o'zaro uzviy bog'lab turadigan asosiy negiz sifatida ko'zga tashlanmoqda. Bu borada yurtdoshlarimiz hamjihatlikda mamlakatimizning yaqin istiqboldagi «yo'l xaritasi»ni ishlab chiqqani hamda u jamoatchilik muhokamasidan so'ng tasdiqlanganini eslashning o'zi kifoya. Aytish joizki, yurtdoshlarimizni, ochig'i, ko'p o'ylatgan, ko'nglini bir qadar bezovta qilgan, o'ziga xos nozik muammo ham yechimini topdi. Aniqroq aytadigan bo'lsak, ko'p sonli murojaatlar asosida o'rganilib, maktablarda 10-sinf qayta tiklandi. Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbuslarida inson manfaatlari yurtimizda kechayotgan yangilanishlarning asosiy maqsadi sifatida aks etadi.«Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan o'tkazilgan tahlillarga ko'ra, «xalq» va «mamlakat»— Prezidentimizning ma`ruzalari, nutqlarida eng ko'p uchraydigan so'zlar ekan. Yurtboshimizning 12 ta ma`ruzasida ushbu so'zlar uch yuz martalab yangragan.Bu o'zbekistonliklarning davlat rahbari hamda yangi institutga bo'lgan yuksak ishonchini ko'rsatmoqda. Binobarin, Virtual qabulxona allaqachon aholi muammolarini amalda hal qilishga qodir bo'lgan mexanizmga aylanib ulgurdi. Fidoyi va jonkuyarlar davri keldi. Xorijiy ommaviy axborot vositalarida e`tirof etilganidek, Shavkat Mirziyoyev ko'plab amaldorlarni aylanib o'tib, fuqarolarning shikoyatlarini to'g'ridan-to'g'ri qabul qiladigan va Prezident devoniga yetkazadigan Virtual qabulxonani tashkil etish orqali shu paytga qadar xalqdan uzoqlashib ketgan o'zbek siyosiy modelini ijobiy ma`noda larzaga keltirdi. «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyilini hayotga tatbiq etishga, ishni soat mexanizmidek tashkil qilishga qodirlargina qoldi. Bu tamoyil odamlarning hokimiyat bilan to'siqsiz muloqot o'rnatishiga keng maydon hamda imkon beradi. 2016 yilning oxiriga kelib, ushbu ezgu ishlar ko'lami yanada ortdi. Prezident Farmoni bilan har bir tumanda, shaharda davlat rahbarining Xalq qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi. Bu davlat va fuqaro o'rtasidagi muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, jamiyatda adolat ildizlarini yanada chuqurroq mustahkamlashga, turli bo'g'indagi rahbarlar, amaldorlarni aholi bilan yaqinlashtirishga, murojaatlarning imkon qadar tezroq hal qilinishiga zamin yaratdi. Qabulxonaga iqtisodiyot hamda tadbirkorlik, ijtimoiy rivojlanish, yoshlar siyosati, fuqarolar yig'inlari va jamoat tashkilotlari, sud-huquq masalalari, kommunal xo'jaligi hamda qurilish sohalari bo'yicha kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan rasmiylashtirilib, taalluqliligi bo'yicha onlayn tarzda yuborilmoqda. Jamiyatdagi o'zgarishlar barometri. O'tgan davr mobaynida Virtual hamda Xalq qabulxonalari mamlakatni yangilashning amaliy mexanizmiga aylandi. Prezidentimiz tomonidan o'tkazilayotgan ko'plab selektor yig'ilishlari fuqarolarning kundalik hayotiga doir murojaatlarni ko'rib chiqishga qaratilgan ishlarning borishi muhokamasidan boshlanadi.Aholining haqli talablariga mas`uliyatsiz munosabatda bo'lgan ayrim rahbarlar faoliyati tanqid qilinadi. Vaholonki, murojaatlarning katta qismini o'z vaqtida tezkorlik bilan hal etish mumkinligi kundek ravshan. Statistik ma`lumotlarga ko'ra, -shikoyatlarning 70 foizga yaqini bevosita mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakolatiga kiradigan masalalardir. Yurtdoshlarimizning murojaatlari ayni paytda butun boshli sohalarda haqiqiy ahvolni ko'rsatadigan indikator, jamiyat kayfiyatini o'rganish barometri, tahlil, asosiy dasturilamal hujjatlar uchun noyob material hamdir. Masalan, sudlar va sudyalar faoliyati bo'yicha qabulxonalarga kelib tushgan ko'p sonli murojaatlar natijasida tizimda tub o'zgarishlarga qo’l urildi. Bunday yangilanishlarni sog'liqni saqlash, ichki ishlar organlari, uy-joy kommunal xo'jalik faoliyatida ham kuzatish mumkin. Virtual hamda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan elektron, yozma va og'zaki murojaatlar, taklif hamda shikoyatlarga faqatgina javob qaytarilmasdan, ularda ko'tarilgan muammolarni hal etish tizimli tahlil jarayonida umumlashtirilmoqda. 2017 yilning boshida kelib tushgan 7 mingta murojaatda fuqarolarimiz pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar ularning roziligisiz plastik kartochkaga to'liq o'tkazib yuborilayotganiga e`tiroz bildirishgan. Ushbu muammoning tizimli yechimi sifatida davlatimiz rahbarining «Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Fevral oyidan barcha turdagi pensiyalar naqd pulda berila boshlandi, talabalar stipendiyalarining kamida 50 foizi naqd shaklga o'tkazildi. Fuqarolarimiz ko'chmas mulk bo'yicha bitimlarni tuzishda ma`lumotnoma olish uchun qimmatli vaqtlarini yo'qotib idorama-idora yurishardi. Fuqarolardan kelib tushgan ko'p sonli murojaatlar tahlil etilib, hukumat qarori ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Sir emas, fuqarolarning shikoyatlari orasida mavzu bo'yicha uy-joy masalasi yetakchilik qiladi. Shu mavzuda birgina Virtual qabulxonaning o'ziga 110 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Muammolar umumdavlat va mahalliy kesimlarda hal etib kelinmoqda. Shunga qaramay, masalani o'zi mustaqil yechishga qiynaladigan toifa ham mavjud. Albatta, so'z jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar haqida bormoqda. Ulardan ayrimlarining davlatimiz insonparvarligidan umid qilishdan boshqa iloji yo'q. Xatlar hamda telefon qo'ng'iroqlari va Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan viloyatlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullari asosida nogironlarni uy-joy bilan ta`minlashning adolatli hamda shaffof tizimi yaratildi. Ayni chog'da yangilangan loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar ularga juda qulay shartlarda ajratilayapti. Qolgani esa imtiyozli ipoteka krediti-orqali 15 yil davomida qoplanadi. Bundan tashqari, nogiron ayollarga tikuv mashinalari sovg'a qilinmoqda. Paxta va g'allani qayta ishlovchi korxonalar, temir yo'l tizimi tashkilotlari ularga buyurtmalar berib, xom ashyoni ham o'zlari yetkazib berishayapti. Davlatimiz rahbarining topshirig'iga muvofiq, mas`ul idoralar fuqarolikka qabul qilishga doir tegishli hujjatlarni ko'rib chiqishni tezlashtirishdi. Bu borada o'tgan yil dekabridan bugungi kungacha Prezident yettita Farmonni imzoladi. Besh, o'n, hatto yigirma yillab kutgan 1000dan ziyod kishi nihoyat fuqarolik pasportini qo'liga oldi. Bu esa 1991 yildan 2007 yilgacha fuqarolikka qabul qilinganlar sonidan ikki baravar ziyoddir.Shu yil avgust oyida qabul qilingan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qaror xalq bilan muloqotning mantiqiy davomi bo'ldi. Har bir hudud «mahalla— tuman(shahar)— viloyat— respublika» tamoyili asosida ishlovchi sektorlarga bo'lindi. Mazkur islohotning bosh maqsadi — kerakli chorani oldindan ko'rish. Davlat endi muammolar to'planib qolishini kutib o'tirmaydi, ularni odamlar tegishli idoraga murojaat qilgunicha hal etib qo'yishga intiladi. Masalan, yuqorida aytilganidek, o'nta muammodan yettitasi mahalliy xarakterga ega.Ilgari bunday dasturlar kabinetda o'tirib tuzilardi. Lekin vaqti-vaqti bilan poytaxtdagi keng hamda ravon shohko'chaga derazadan qarab qo'yish, aytaylik, Kegeyli yoki Sho'rchi yo'llarini ta`mirlashning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olishga imkon bermasdi. Xo'sh, shunga o'xshash manzilli dasturlar qanday bo'lishi kerak? Bu savolga javob tariqasida davlatimiz rahbarining aprel oyida qabul qilgan qarorini keltirish mumkin. U Navoiy viloyatining olis cho'l zonasida yashovchi aholining turmush tarzini -yaxshilashga qaratilgan ko'plab murojaatlar asosida ishlab chiqildi. Lekin bir necha oydayoq vaziyat ijobiy tomonga o'zgara boshladi. Buni, eng avvalo, yigit-qizlar his etishdi. Joriy qilingan imtiyozlarga asosan, cho'l zonasidan kelgan abituriyentlar testda 68 balldan yuqori ball to'plagan holda, uchta viloyatdagi oliy ta`lim muassasalariga qabul qilinib, o'qishni bitirganidan so'ng o'z tumanining byudjyet tashkilotlarida kamida to'rt yil ishlab berish sharti bilan bepul ta`lim oladigan bo'lishdi.Ta’lim sifatini ko'tarish, ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida chetdan mutaxassislar taklif etildi. Ta`kidlash kerakki, xalq bilan ochiq muloqot ko'p narsani, avvalo, odamlar dunyoqarashini o'zgartirmoqda. Joylardagi Xalq qabulxonalari xodimlarining e`tirof etishicha, murojaatlarning xarakteri ham o'zgarayapti. Agar bir necha oy avval ular, asosan, shaxsiy masalada bo'lgan bo'lsa, endi ko'proq jamiyat manfaatini ko'zlab yo'llanayapti. Murojaatlarda «Kelinglar, mahallamizni obodonlashtiraylik, maktab ochaylik yoki ishlab chiqarishni yo'lga qo'yaylik» kabi takliflar borligi har qanday kishini quvontiradi.Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan ham qiziqish bilan kutib olingani bejiz emas. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning delegatsiyalari tashrifi dasturida Xalq qabulxonalarida bo'lish alohida manzilga aylandi.Shu yilning may oyida mamlakatimizga kelgan BMTning Inson huquqlari bo'yicha boshqarmasi Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn ham Xalq qabulxonasi faoliyati bilan qiziqib, obdan tanishgandi. Mazkur nufuzli tashkilot boshqarmasining rasmiy saytida uning quyidagi xulosalari keltirilgan:— Qadimiy Samarqand shahrida, Prezidentning Xalq qabulxonasida bo'lib, ro'y berayotgan o'zgarishlarning yana bir tasdig'iga guvoh bo'ldim. Bunday qabulxona davlat rahbarining tashabbusi bilan xalqning dardini tinglash maqsadida butun mamlakat bo'ylab tashkil etilibdi. O'tgan yili bu ish boshlanganidan buyon 800 mingga yaqin murojaat kelib tushibdi. Shikoyatlar ko'plab yangi islohotlarni boshlashga, shuningdek, mavjud muammolarni mahalliy darajada amaliy hal qilishga turtki bergan. Buni men Samarqandda ko'rdim: kishilarga maslahat beruvchi ma`lumotxonalar ochilgan, ayrim hollarda, uy-joy, ish bilan ta`minlash, sog'liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va bank xizmatlari ko'rsatish, huquqiy yordam berish kabi masalalar tezkorlik bilan hal etilayapti. Mamlakatimizga tashrif buyurgan boshqa mehmonlar hamda ekspertlar ham ushbu institutning noyobligini e`tirof etishmoqda. Har qaysi davlat ham bunday majburiyatlarni o'z zimmasiga ololmasligini, boshqa biror mamlakatda Virtual va Xalq qabulxonalari, uning tarkibiga kiruvchi davlat organlari tizimi ta`sis qilinmaganligini aytishmoqda. Demak, bir yil davomida o'zining samaradorligini isbotlagan tajriba, Prezidentimizning boshqa tashabbuslari qatori, o'rganish hamda ommalashtirishga munosib. Bunyod etilgan bu yo'l esa xalqparvarlik, adolatparvarlik, barqarorlik, ta`bir joiz bo'lsa, yuksak ishonch, ezgu orzu va umidlar yo'lidir1.Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniO‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi qisqa davrdagi faoliyati davomida aholining eng dolzarb muammolarini hal etish imkonini beruvchi, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha darajadagi hokimiyatlar bilan fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi2. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning aksariyat qismi tadbirkorlik subyektlarining rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siqva g‘ovlarni bartaraf etish, qonunchilikka zid bo‘lgan idoraviy qarorlarni bekor qilish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joy-kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati yuzasidan kelib tushmoqda. 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan hamda aholining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi ishi to‘g‘risidagi ko‘plab ijobiy fikrlarini e’tiborga olib, barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida: Quyidagilar tuzilsin: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida tuzilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari (bundan buyon–Xalq qabulxonalari)–Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek har bir tuman va shaharda(tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari); O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi (bundan buyon – Virtual qabulxona). Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon–murojaatlar) bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi faoliyatini ta’minlash; fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlisga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, Hukumatga, davlat boshqaruvi organlariga, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, boshqa davlat tashkilotlariga (bundan buyon – davlat organlari) va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish; Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qat’iy amal qilgan holda, to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini tashkil etish; Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan hamda tegishliligi bo‘yicha davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuborilgan murojaatlar ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish; jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali o‘tkazish; Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushayotgan murojaatlarning qayd etilishi, umumlashtirilishi, tizimlashtirilishi va ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat qilinishi bo‘yicha yagona elektron axborot tizimini joriy etish va yuritish yo‘li bilan murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tarkibiy tuzilmasida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati(bundan buyon–Xizmat) tuzilsin. Xizmat zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin: murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish va shu kabilarni o'z ichiga oladi.

2.O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan mamlakatimizning barcha shahar hamda tumanlarida, chekka-chekka qishloqlarda, mahallalarda ommaviy qabullar, xalq bilan yuzma-yuz suhbatlar tashkil etildi. Qisqacha qilib aytganda, xalq ichiga kirib borildi. Odamlarning yuraklarida yig’ilib qolgan dardlari, allaqachon hal qilinishi mumkin bo’lgan-u, lekin to’rachilik, o’zibo’larchilik, sansolarlik oqibatida yillar davomida yechilmay kelgan muammolar yuzaga chiqa boshladi. Eng muhimi, odamlar dardlarini aytishi, kattayu kichik idoralar rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashishi, muammolariga qisqa fursatda yechim topishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi. Nafaqat muammolar, ularning talab va takliflariga ham quloq tutildi, bu takliflar yig’ilib, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi yo’lga qo’yildi. Prezidentimizning “Rahbarlar xalqning xizmatkori bo’lishi zarur”, “Asosiy maqsadimiz – xalq roziligi, xalq bizdan rozi bo’lsa, ishimizda unum va baraka bo’ladi”, degan qat’iy talablari amalda o’z ifodasini ko’rsatdi.

2017 yil 12 dekabrda Prezidentimizning “Aholiga davlat xizmatlari ko’rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to’g’risidagi Farmoni qabul qilindi va ushbu hujjat asosida O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Bu ham, albatta, aholiga barcha sohalarda qulay imkoniyatlar yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish yo’lida tashlangan yana bir muhim qadamdir. Ilgari “Yagona darcha” tizimi faqatgina tadbirkorlarga xizmat ko’rsatib kelgan bo’lsa, endilikda oddiy fuqarolarga ham davlat idoralari bilan bog’liq ishlarda ushbu tizim orqali xizmat ko’rsatish maqsad qilindi. Natijada aholiga eng zarur va talab yuqori bo’lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko’rsatish uchun mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari tarmog’i vujudga keldi.

Mazkur tizimning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va amalda munosib samara bergan Xalq qabulxonalari negizida barpo etilgani ayniqsa ahamiyatlidir. Chunki shu jamiyatda yashayotgan har bir fuqaro hayoti davomida turli ehtiyojlar bilan davlat idoralariga duch kelishi tabiiy hol. Xalqning davlat idoralari bilan munosabatlarida yengillik yaratish, mushkulini oson qilish esa bugungi kunda davlatimizning asosiy e’tibor markaziga ko’tarilgan. Davlat xizmatlari ko’rsatishning yangi, zamonaviy konsepsiyasida fuqarolarning navbat kutib turishlarini keskin kamaytirish, hujjatlarni elektron tarzda yuritish hisobiga qog’ozbozlikni qisqartirish, turli xil buyruqbozlik va sansolarliklarga chek qo’yish ko’zda tutilgan. Eng muhimi, davlat xizmatlari markazlarining ish prinsipi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyilga asoslangan.

Avvalo, shuni chuqur anglashimiz zarurki, bugun mamlakatimizda ro’y berayotgan o’zgarish va islohotlarning zamirida “Nima qilsak odamlarimizning tashvishi kamayadi, ularga tejamli va qulay bo’ladi?” degan jiddiy savol turadi. Ana shu yangilik va islohotlarning barchasi odamlarni ko’pdan beri qiynab kelgan muammolarni bartaraf etish, ularni bugungi hayotdan mamnun etib, ertangi kunga bo’lgan ishonchini amalda mustahkamlashga xizmat qilishi kerak. Shu ma’noda yurtimiz hayotida yangilik bo’lgan mazkur tizim faoliyatini boshlashda ham puxta o’ylab qadam tashlandi. Bu borada davlat xizmatlari ko’rsatish sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini muntazam ravishda o’rganib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar Angliya, Germaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Ozarbayjon, Litva, Singapur, Qozog’iston va boshqa davlatlar qonunchiligi o’rganilib, Avstraliya va Kanadaning davlat xizmatlari elektron tizimi atroflicha tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko’ra ma’lumotnomalar tayyorlanib, ularning ijobiy tajribasidan kerakli o’rinlarda foydalanish imkoniyatlari ko’rib chiqildi.

Shundan so’ng Namangan shahar davlat xizmatlari markazi misolida “Namangan tajribasi” loyihasi amalga oshirildi. Bu yerda barcha ishlar namunaviy tarzda tashkil etilib, muammo va kamchiliklar o’rganildi, shundan so’ng shakllangan tajriba respublikaning hamma hududlariga tatbiq etildi.

3.Prezident qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari to’g’risidagi hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari to’g’risidagi nizomlar tasdiqlandi.

Nizomga ko’ra, Xalq qabulxonasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo’yicha maslahatchisi bo’linmalari tuzilmasi tarkibiga kiradi va yuridik shaxs hisoblanmaydi. Xalq qabulxonasi o’z mulkida, xo’jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo’lmaydi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda o’z nomidan boshqa shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish huquqiga ega emas.Nizomda belgilanishicha, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasining Qonuni tatbiq etilmaydigan, shu jumladan ko’rib chiqish tartibi ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarni Xalq qabulxonasi ko’rib chiqmaydi.

Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

-aholi bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to’laqonli himoya qilishga qaratilgan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganish orqali muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi amal qilishini ta'minlash;

-fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga, shuningdek davlat va xo’jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so’zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;

-Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning qonun hujjatlari talablariga qat'iy amal qilgan holda, to’liq, xolis, o’z vaqtida ko’rib chiqilishi, shuningdek uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganishda aniqlangan muammolarning hal etilishini tashkil etish va nazorat qilish;

- uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganishda aniqlangan muammolar hamda Xalq qabulxonasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan, tegishliligi bo’yicha davlat organlariga yuborilgan murojaatlarning ko’rib chiqilishi va hal etilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;

-jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali o’tkazish;

-uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganishda aniqlangan muammolar va murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;

-hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha sektorlar, davlat organlarining uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;

-viloyat (Qoraqalpog’iston Respublikasi va Toshkent shahri) miqyosida Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari ro’yxatini ko‘rib chiqish va kelishib berish;

-tuman (shahar) Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari a'zolaridan iborat ishchi guruhlarning hududlarni mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va o’rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantirish faoliyatini muvofiqlashtirish;

-qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari (“yo’l xaritalari”) ijrosini nazorat qilish;

-sektorlar faoliyatini hamda mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularning ijrosini nazorat qilish;

-har chorakda sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun axborot kiritish, ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisobotini eshitishda ishtirok etish;

-davlat organlarining nogironligi bo’lgan shaxslar, kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish bilan bog’liq ishlarini muvofiqlashtirish;

-davlat xizmatlari ko’rsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;

-hududlarda murojaatlar bilan ishlash, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o’tkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

-jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda hududlardagi ijtimoiy muhitni o’rganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta'minlash choralarini ko’rish;

-tuman (shahar) Xalq qabulxonalari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish, ularni uslubiy va axborot-tahliliy materiallari bilan, shuningdek hududiy davlat organlari bilan hamkorligini ta'minlash.

Nizomda belgilanishicha, Xalq qabulxonasi quyidagilarga majburdir:

-uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganishda bevosita ishtirok etish;

-sektorlar faoliyati, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganish natijalari, tegishli hududdagi aholi kayfiyati to’grisida har chorakda kamida bir marta Bo’linmalarga axborot kiritish;

-uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o’rganish natijalari, murojaatlarda ko’tarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlash hamda ularni muntazam ravishda Bo’linmalarga kiritib borish;

-o’z faoliyatida qonun hujjatlari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo’yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlar talablari va qoidalariga qat'iy amal qilish;

-mavjud axborot tizimlaridan samarali foydalanish, o’z dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash hamda axborot talablariga rioya etish;

s-belgilangan tartibda sektorlar va davlat organlari bilan o’zaro hamkorlik qilish.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:

1.WWW.KUN.UZ sayti

2.my.gov.uz davlat interaktiv xizmatlari portali



3."Fuqarolik jamiyati asoslari" o'quv uslubiy qo'llanmasi

4. "Qonun va qaror" sahifasi Facebook ijtimoiy tarmog'i ma'lumotlari
Download 46.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling