Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «sotsiologiya»
– mavzu. Sotsial aloqalar, sotsial munosabatlar va sotsial nazorat
Download 0.98 Mb.
|
Sotsiologiya darslik
- Bu sahifa navigatsiya:
- Elementar sotsial aloqalarning turlari va shakllari (sotsial aloqalar, sotsial harakat, sotsial o‘zaro harakat)
4– mavzu. Sotsial aloqalar, sotsial munosabatlar va sotsial nazorat
Reja: Elementar sotsial aloqalarning turlari va shakllari (sotsial aloqalar, sotsial harakat, sotsial o‘zaro harakat) Sotsial munosabatlar va E.Dyurkgeymning sotsial birdamlik nazariyasi Sotsial nazorat va sotsial sanksiyalar Elementar sotsial aloqalarning turlari va shakllari (sotsial aloqalar, sotsial harakat, sotsial o‘zaro harakat) Sotsial dramaturgiya vakili bo‘lgan Ervin Goffman insonlarning kundalik hayotdagi real harakatlarini teatrdagiga qiyoslagan. Mazkur yondashuvda muammolar talaygina bo‘lsada, olim inson xulq-atvor mexanizmidagi ko‘p holatlarni aniqlashga erishgan. Unga ko‘ra, har bir inson aktyor bo‘lib, o‘ziga rejissyor tomonidan belgilab qo‘yilgan rolni bajaradi. “Dunyo go‘yo teatrga o‘xshaydi. Biz esa o‘zimizga ajratilgan vaqt oralig‘ida tuyg‘ularimiz va fikrlarimiz boshchiligida harakat qilamiz”. Jamiyat faoliyati uni tashkil etuvchi elementlarining o‘zaro aloqalari bilan belgilanadi. Sotsial aloqalar – bu sotsial sub'ektlarning o‘zaro bajargan anglangan yoki anglanmagan, rejalashtirilgan yoki tasodifiy, takroriy yoki bir marotabali aloqadorligidir74. Qator omillar yig‘indisi ta'sirida sotsial aloqalar individlarning sotsial birliklardagi o‘zaro faoliyatini ta'minlab, ularning birgalikdagi harakatlarining davomiyligini ta'minlaydi va rivojlantiradi. Insonlar orasida turli xil aloqalar mavjud. Ular sotsial harakat, sotsial o‘zaro harakat, sotsial munosabatlar, sotsial nazorat, sotsial tashkilot va sotsial institutlar. Ular bir tomondan sotsial aloqalarning tarkibiy komponentlari sifatida namoyon bo‘lsa, boshqa tomondan sotsial aloqalarning rivojlanish bosqichlari sanaladi. Umuman olganda jamiyatdagi aloqalar quyidagi turlarga ajratiladi: hayotiy kenglikdagi, psixologik va sotsial aloqalar. Hayotiy kenglikdagi aloqalar deyilganida, insonlarning o‘zaro aloqalarga kirishishdan oldin bir-birini vositali yoki vositasiz tarzda kuzatishi, o‘rganishi va o‘rganilayotgan sub'ekt unga qay darajada yoqishi (xususiyatlarining muvoffiqligi) to‘g‘risida xulosaga kelishi holati tushuniladi. Hayotiy kenglikdagi vositasiz aloqalarda ikki individ bevosita bir-birini kuzatadi va o‘rganadi. Vositali aloqalarda esa individ biror vosita orqali ob'ekt yoki sub'ektga baho beradi. Misol uchun ish qidirayotgan inson gazetadagi e'lon orqali yangi ishi to‘g‘risida xulosaga keladi. Insonlar har kuni avtobus, metro, magazin kabi jamoat joylarida bir-biriga duch keladi. Bu holat individlarni bir-birini kuzatish va o‘rganish imkonini yaratadi. Hayotiy kenglikdagi mana shunday aloqalar natijasida ijobiy xulosaga kelingan paytda individlar o‘rtasida sotsial aloqalar va uning keyingi bosqichi sanalgan sotsial munosabatlar paydo bo‘ladi. Ammo har doim ham emas. Psixologik aloqalarning birinchi elementi qiziqish va manfaatdorlikdir. Mazkur qiziqish va manfaatdorlik kuzatayotgan insonda avvalboshdan mavjud bo‘ladi, u kuzatish jarayonida qay darajada kuzatilayotgan ob'yekt ularga muvoffiq ekanligini baholaydi, xolos. Individ o‘zining biologik, iqtisodiy, madaniy yoki boshqa turdagi ehtiyojlarini kuzatilayotgan ob'yekt tomonidan qondirilish imkoniyatining mavjudligini his etsa, aloqaga kirishishga shaylanadi. Shu o‘rinda manfaatdorlik ikki tomonlama yoki bir tomonlama bo‘lishi mumkin. Misol uchun bir yigit metroda o‘zining barcha talablariga javob beruvchi qizni ko‘rib qoldi, qiz ham yigit uning talablariga javob berishini anglasa, ular o‘rtasidagi o‘zaro qiziqish hissi psixologik aloqa uchun asos bo‘lishi mumkin. Psixologik aloqaning o‘zi xali o‘z xolicha sotsial aloqa sanalmaydi. U sotsial aloqa va munosabatlarning shakllanishidagi bosqichlardan biridir. Sotsial aloqa – bu o‘ziga xos tizim bo‘lib, u eng kamida ikki kishi, aloqaning asosini tashkil etuvchi qandaydir bir qadriyat va mazkur qadriyat yuzasidan amalga oshirilgan o‘zaro harakatlardan tashkil topgan. Agar ikki individ uchrashib, ikkalasi uchun ham qadrli bo‘lgan qadriyat tufayli o‘zaro harakatlarga kirishib, o‘zaro fikr almashsa, bu sotsial aloqaga misol bo‘la oladi. Sotsial aloqaning eng sodda ko‘rinishi do‘konda kitob, gazeta yoki jurnal sotib olishdir. Avvaliga hayotiy kenglikdagi aloqa sodir bo‘ladi, ya'ni siz do‘konga kirib sizni qiziqtirayotgan gazeta, jurnal yoki kitobning borligiga ishonch hosil qilasiz, so‘ng psixologik aloqaga kirishasiz, ya'ni bu gazeta, jurnal yoki kitobning sotuvchi tomonidan sotilishini aniqlaysiz (sotuvchi qay darajada sizni xaridor sifatida qabul qilishini kuzatasiz), shular asosida siz sotuvchi bilan sotsial aloqaga kirishib gazeta, jurnal yoki kitobni sotib olasiz. Aloqalarning davomiyligi va miqdoriga ko‘ra, vaqtinchalik (tasodifiy, bir martali) va doimiy aloqalarga ajratish mumkin. Aloqaga kirishayotgan tomonlarning statusiga ko‘ra, aloqalar formal va noformal turlarga ajraladi. Agar aloqaga sabab bo‘lgan manfaatlar guruhga tegishli bo‘lib, intitutlashtirilgan qiziqishlarni amalga oshirish davomida vujudga kelgan bo‘lsa, formal (rasimy) hisoblanadi. Noformal aloqalar esa yakka shaxslarning qiziqishlari asosida vujudga keladi. Aloqalarni shaxsiy va predmetli aloqa turlariga ajratish mumkin. Shaxsiy aloqalar individdagi shaxsiy xususiyatlarga qiziqish asosida paydo bo‘ladi. Predmetli aloqalar esa individ yoki guruhga tegishli bo‘lgan biror buyumga qiziqish bo‘lganida vujudga keladi. Sotsial aloqalar ularda ishtirok etuvchi tomonlarning aloqa shakliga ko‘ra, bevosita va bilvosita bo‘lishi mumkin. Bevosita sotsial aloqalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yuzma-yuz amalga oshiriladi. Bunda tomonlar bir – birini ko‘rib turishlari kerak. Bilvosita sotsial aloqalar esa turli kommunikatsiya aloqalari asosida amalga oshadi. Misol uchun xat yoki radio. Yuqorida keltirilgan aloqa turlari birgalikda turli shakllarda amalga oshishi mumkin. Misol uchun bevosita predmetli doimiy aloqa sifatida har kuni gazetani bitta sotuvchidan sotib olish holati namoyon bo‘ladi. Aytib o‘tish kerakki, shaxsiy aloqalar jamiyat hayotining muhim omili sanaladi. Agarda bevosita doimiy shaxsiy aloqalar sodir bo‘lmasa, bu holat shaxsni yolg‘izlikka va jamiyatdan begonalashuviga olib keladi. Yolg‘izlik va sotsial aloqalarning faqat predmetli ko‘rinishining zamonaviy jamiyatda ko‘p uchrashi shaxs psixikasidagi salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Sotsial harakat Sotsial harakat – bu individ yoki guruhning boshqa individ yoki guruh harakatlarini, qarashlarini, fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan xatti-harakat, metod va vositalar tizimi. Sotsial harakatning asosini sotsial aloqalar tashkil etadi. Chunki sotsial aloqalar davomida individ yoki guruhda boshqa individ yoki guruhning harakatlarini, fikrini va qarashlarini o‘zgartirish mayli paydo bo‘ladi. Shunday qilib, sotsial harakat harakatning shunday turiki, ularning maqsadi biror individ yoki guruhning xatti-harakati, qarashlari va fikrini o‘zgartirishdir. Mashhur sotsiolog M.Veber ham inson tomonidan bajarilgan ayrim harakatlargina sotsial harakat maqomini olishi mumkin, degan fikrni bildirgan. Chunki inson tomonidan amalga oshirilgan barcha harakatlarning ham maqsadi biror guruh yoki individdagi holatni o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lmaydi. Shuning uchun olim o‘zining “Asosiy sotsiologik tushunchalar” asarida shunday yozgan: “sotsial harakat “boshqalar”ning o‘tmish, hozir va kelajakdagi xatti-harakatiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. U o‘tmishdagi adovat uchun qasos, hozirda mavjud bo‘lgan tahdiddan himoyalanish yoki kutilayotgan tahdiddan himoyalanish chora-tadbirlari sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. “Boshqalar” sifatida ma'lum bir inson, tanishlar yoki umuman noma'lum bo‘lgan notanish insonlar namoyon bo‘lishi mumkin75. Demak, Veberning nazariyasiga ko‘ra, sotsial harakat ikki muhim holatni o‘zida mujassamlashtirishi lozim: guruh yoki individ harakatlarining sub'ektiv motivatsiyasi; o‘tish, hozir yoki kelajakdagi harakatga yo‘naltirilganlik. Har qanday sotsial harakat tizim sifatida quyidagi elementlardan tashkil topadi: Harakat sub'ekti – harakatni amalga oshiruvchi ta'sir etuvchi individ yoki guruh Harakat ob'ekti – harakat yo‘naltirilgan individ yoki guruh Harakat vositalari va metodlari. Ular vositasida o‘zgartirishlar amalga oshiriladi Harakat natijasi – harakat yo‘naltirilgan guruh yoki individning javob reaksiyasi. Shu o‘rinda harakat va xulq-atvor tushunchalarini farqlash lozim. Xulq-atvor organizmning ichki yoki atrof muhitga tegishli bo‘lgan omillariga nisbatan javob reaksiyasi bo‘lib, u refleksli, anglanmagan yoki rejali, anglangan bo‘lishi mumkin. Sotsial harakat har doim aniq tanlangan vositalar va anglangan, oldindan rejalashtirilgan harakatlar to‘plami sifatida ma'lum maqsadga yetishishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Veberning fikricha, sotsial harakat sotsiololgiya fanining markaziy muammolaridan biri sanaladi. “Sotsiologiya – yozadi Veber – bu sotsial harakatlarni tushunishga harakat qiluvchi fan bo‘lib, u sotsial harakat jarayonini va o‘zaro ta'sirini kauzal76 tushuntirishga intiladi77”. Olim sotsial harakatning anglanganlik va ratsionallik darajasiga ko’ra ularni maqsadli-ratsional, qadriyatli-ratsional, affektiv va an'anaviy harakatlarga ajratgan78. Maqsadli-ratsional harakatda harakatni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan uning har bir harakati aniq anglangan bo‘ladi, uning maqsadi aniq qo‘yilgan, maqsadiga yetishtiruvchi eng samarali vositalar tanlangan bo‘ladi. “Xulq-atvori maqsad, vositalar va harakatining mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlariga yo‘naltirilgan, vositalarning maqsadga va uning oqibatlariga bo‘lgan munosabatlarini ratsional baholaydigan individning harakati maqsadli-ratsional sanaladi79”. Boshqacha qilib aytpanda, individning harakati an'ana yoki o‘rganish asosida vujudga kelmagan bo‘lishi kerak. Jamiyatda odatda qadriyatli-ratsional harakatlar ko‘p uchraydi. Bunday harakatlar davomida harakat yo‘naltirilgan ob'ekt o‘zining qadriyatlaridan kelib chiqqan holda xulq-atvorini o‘zgartiradi, ya'ni burch tufayli harakat qiladi. Misol uchun ota-onalar oldidagi burch, vatan oldidagi burch, farzand oldidagi ota-onalik burchi va h.k. Veberning fikricha, qadriyatli-ratsional harakatlarning “majburiyatlar”ga bo‘ysunadi. Bunda individ jamiyatda o‘rnatilgan qadriyatlar tizimiga butkul ishonadi va ularga amal qilishga intiladi. Ba'zan bu harakatlar individning o‘zi uchun salbiy oqibatlarga yoki noqulayliklarga olib kelsa ham o‘rnatilgan normalardan tashqariga chiqa olmaydi. An'anaviy harakat – individning o‘rganib qolgan, ko‘nikmaga aylanib qolgan odatiy harakatlari to‘plami. Ushbu harakatlar insonning jamiyatda qabul qilgan va o‘zlashtirgan norma hamda qadriyatlari asosida shakllangan bo‘lib, an'ana sifatida idrok etiladi. Affektiv harakat – affekt holatida sodir etilgan harakat, qisqa muddatli jadal emotsional holat oqibatida unga ta'sir etgan tomonga nisbatan qilingan harakatlar to‘plamidan iborat. Misol uchun g‘azab yoki qattiq qo‘rquv paytida affekt harakat sodir bo‘lishi mumkin. Bunday harakatning asosini individning zudlik bilan qondirilishi kerak bo‘lgan qasos, ehtiros yoki intilish kabi tuyg‘ulari yotadi. Veberning fikricha, an'anaviy va affektiv harakatlar odatda anglanmagan holatda individ tomonidan amalga oshiriladi. Chunki ularda anglanganlik elementlari va ratsional qarorlar xos bo‘lmaydi. Shuning uchun bunday harakatlarni to‘la ravishda sotsial harakat toifasiga kiritib bo‘lmaydi. Harakat o’zining tarkibiga ko‘ra uch toifaga ajratiladi: reproduktiv harakat, sotsial inkor etish va sotsial ijodkorlik80. Reproduktiv harakatlar – ma'lum sotsial institutning faoliyatini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladigan harakatlar. Misol uchun sotsial nazorat, an'analarga amal qilish, mehnat intizomini mustahkamlash va h.k. Sotsial inkor etish – jamiyat hayotining ma'lum elementlarini soddalashirishga, mo‘tadillashtirishga qaratilgan harakatlar. Misol uchun mavjud bo‘lgan kamchiliklarni tanqid qilish, deviant xulq-atvorning turli shakllariga qarshi kurash va h.k. Sotsial ijodkorlik – sotsial munosabatlarning yangi shakllarini yaratish va shu orqali jamiyat tafakkurini rivojlantirishni maqsad qilgan harakatlar. Misol uchun ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati, mehnat guruhlaridagi ahloqiy-psixologik holatni yaxshilash va h.k. Ko‘zlangan maqsadiga yetishish yo‘liga ko‘ra, barcha sotsial harakatlarni salbiy majburlov va ijobiy ishontirish turlariga ajratish mumkin. Salbiy majburlov – odatda buyruq va ta'qiqlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ijobiy ishontirish esa guruh yoki individning ma'lum harakatlarni o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshishini ta'minlovchi ishontirish, iltimos, tushuntirish kabi vositalar asosida amalga oshirilib, tahdid va repressiyalarsiz bo’ladi. Sotsial harakatlarning boshqa turdagi tasniflari ham mavjud. Misol uchun F.Znanetskiy81 barcha sotsial harakatlarni ikki guruhga ajratgan: moslashish va oppozitsiya (qarshilik). Birinchi guruhga olim tahdid va tazyiqlarsiz individ tomonidan kutilgan harakatlarning bajarilishi holatlarini kiritadi. Ikkinchi guruhga esa, aksincha, tahdid va tazyiqlar oqibatida amalga oshadigan harakatlarni kiritadi. Olimning fikricha, mazkur ikki turga ham taalluqli bo‘lgan ayrim kam sonli sotsial harakatlar mavjud. Birinchi holatda individning harakati iltimos, taklif, qadriyatga yo‘naltirilganlik hamda bo‘ysundirish kabilar orqali amalga oshiriladi. Bu barcha jamiyatlarda kuzatiladigan va qo‘llaniladigan holatlar sanaladi. Tahdid asosida individ yoki guruhning harakatini o‘zgartirish uchun F.Znanetskiy quyidagi holatlar qo‘llanilishini ta'kidlagan: o‘zini boshqalarga nisbatan taqqoslash; repressiya va qo‘zg‘olon; turli shakllarda namoyon bo‘luvchi dushmanlik; hamkorlik qilishni istamaslik hissidan qarshilikkacha. Olimning fikricha, akkomodatsiya (moslashish, ko‘nish, tolerant bo‘lish) va oppozitsiya oralig‘ida jamiyatda individlar tomonidan egoistik kompromiss holati vujudga keladi. Sotsial harakatlarni tadqiq qilish sotsiologiyaning asosiy vazifalaridan biri. Shu bilan birgalikda sotsial harakat va sotsial o‘zaro harakatlarni bir – biridan farqlash lozim. Download 0.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling