Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Fuqarolik huquqlarini himoya qilish


Download 1.75 Mb.
bet23/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Fuqarolik huquqlarini himoya qilish

Odatda normal fuqarolik muomalasi nafaqat fuqarolik-huquqiy munosabat subyektlarining subyektiv huquqlarini amalga oshirish balki, ularni ishonchli himoyasi orqali ham namoyon bo’ladi. Fuqarolik huquqlarni amalga oshirish va himoya qilish faqatgina huquqiy choralarni qo’llash bilan cheklanmaydi. Uning uchun zaruriy sharoitlarni yaratishga yo’naltirilgan siyosiy, iqtisodiy, tashkiliy va boshqa xarakterdagi choralar ham mavjud.


Fuqarolik huquqlarini himoya qilish fuqarolik huquqi nazariyasining asosiy kategoriyalaridan biri sanaladi.
Fuqarolik huquqlarini himoya qilish qonunda belgilangan doirada ya’ni himoyaning ma’lum bir shakl, usul va vositalarini qo’llagan holda amalga oshiriladi. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish shakli deganda, fuqarolik huquqlar hamda qonuniy manfaatlarni himoya qilishdagi tashkiliy chora-tadbirlar majmui tushuniladi. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning ikki – yurisdiksiyaviy (sud orqali) va noyurisdiksiyaviy (sudsiz) shakllari mavjud.
Himoyaning yurisdiksiyaviy shakli buzilgan yoki nizoli huquqlarni himoya qilishda vakolatli davlat organlarining faoliyatida namoyon bo’ladi. Uning mohiyati shundaki, huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxs o’z huquqlarini tiklash uchun vakolatli davlat organiga murojaat etadi.
Asosan buzilgan fuqarolik huquqlari protsessual qonunlarda yoki shartnomada belgilab qo’yilganidek, ishlar qaysi sudlovga taalluqli bo’lishiga qarab, sud, xo’jalik sudi yoki hakamlik sudi tomonidan himoya qilinadi. Zero O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o’ninchi bobida ko’rsatilishicha, “davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi. Har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”.
Yurisdiksiyaviy shakl o’z navbatida buzilgan huquqlarni himoya qilishning umumiy va maxsus tartiblariga ega. Umumiy qoidaga ko’ra fuqarolik huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Fuqarolik-huquqiy nizolarning asosiy qismi fuqarolik sudlariga to’g’ri keladi. FPKning 31-moddasiga muvofiq fuqarolik sudlarga taraflardan hech bo’lmaganda bittasi fuqaro bo’lgan nizolarga doir ishlar (qonunda bunday nizolarni hal qilish xo’jalik sudi yoki boshqa organlarga topshirilgan hollar bundan mustasno) FPKning 279-moddasida sanab o’tilgan alohida tartibda ko’riladigan yuridik ahamiyatga ega bo’lgan faktlarni aniqlash to’g’risidagi ishlar, fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topish va fuqaroni o’lgan deb e’lon qilish to’g’risidagi ishlar, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to’g’risidagi ishlar, mol-mulkni (ashyoni) egasiz deb topish to’g’risidagi ishlar, taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo’qolgan taqdirda, ular bo’yicha huquqlarni tiklash to’g’risidagi ishlar (chaqirib ish yuritish) hamda qonun bilan sudlarning vakolatiga berilgan boshqa ishlar taalluqli bo’ladi.
Xo’jalik sudlari tomonidan XPKning 23-moddasi talablariga muvofiq, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir, tashkilotlar va yakka tadbirkorlarning huquqlari vujudga kelishi, o’zgarishi yoki bekor bo’lishi uchun ahamiyatga ega bo’lgan faktlarni aniqlash, bankrotlik va boshqa ishlar ko’riladi.
O’zaro bog’liq bo’lib, ba’zilari xo’jalik sudiga, boshqalari esa umumiy yurisdiksiya sudiga taalluqli bo’lgan bir necha talab birlashtirilgan taqdirda, hamma talablar umumiy yurisdiksiya sudida ko’rilishi kerak.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari o’rtasida vujudga keluvchi xo’jalik nizolarini hal etishda agar taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvi – hakamlik bitimi mavjud bo’lsa nodavlat organ hisoblangan hakamlik sudlari ishni ko’rib hal qiladi.
Sud himoyasining asosiy vositasi da’vo hisoblanadi. Da’vo deb huquqni yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatning himoya qilinishi to’g’risida sudga yoki boshqa vakolatli tashkilotga murojaat etishga aytiladi. Ba’zi bir holatlarda sud himoyasining vositasi ariza va shikoyatlar ham hisoblanadi.
Fuqarolik huquqlari va qonuniy manfaatlarni himoya qilishning maxsus tartibi ma’muriy tartibdagi himoya hisoblanadi. Bu umumiy qoidadan istisno sifatida ya’ni qonunda bevosita ko’rsatilgan hollardagina qo’llaniladi. Ma’muriy tartibdagi fuqarolik huquqlari va qonuniy manfaatlarni himoya qilishning vositasi bu shikoyatdir. U huquqi buzilgan shaxs tomonidan tegishli vakolatli davlat organiga beriladi. Ba’zi bir holatlarda qonunga muvofiq holda aralash ya’ni ma’muriy – sud tartibidagi himoya usullari ham qo’llaniladi. Bunda sudga da’vo bilan chiqishdan oldin huquqi buzilgan shaxs sudga shikoyat bilan murojaat qilishdan oldin davlat boshqaruv organiga chiqishi lozim bo’ladi. Bularga patent bilan bog’liq nizolar, boshqaruv doirasidagi huquqbuzarliklarni hal qilish kabilar kiradi.
Fuqarolik huquqlari va qonuniy manfaatlarni himoya qilishning noyuridik shakli davlat va boshqa vakolatli organga murojaat etmasdan huquqi buzilgan shaxsning o’zi mustaqil, o’z xohishi bilan harakat qilishi tushuniladi.
Biroq bunda himoya ma’lum shartlar asosida amalga oshirilmog’i lozim. Ular FKning 13-moddasida nazarda tutilgan. Unga asosan shaxsning o’zi tomonidan fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari huquqni buzish darajasi bilan baravar bo’lishi hamda huquqni buzishga yo’l qo’yish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi lozim. Masalan, iste’molchi o’ziga sotilgan nuqsonli tovarni ushlab qolib, yetkazilgan zarar va neustoyka to’lanmaguncha qaytarib bermaslikka haqli1.
Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari deganda qonun tomonidan mustahkamlangan majburiy tusdagi moddiy-huquqiy choralar tushuniladi. Ushbu choralar yordamida buzilgan (nizolashayotgan) huquqlarni tiklash va huquqbuzarga muayyan ta’sir o’tkazish amalga oshiriladi. Ularning umumiy ro’yxati FKning 11-moddasida mustahkamlab qo’yilgan. Ular quyidagilardan iborat:
1) huquqni tan olish (masalan, asarning, birov tomonidan o’zlashtirilib nashr etilgani to’g’risida nizo bo’lgani holda, shu asarga nisbatan mualliflikni tan olish);
2) huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug’diradigan harakatlarning oldini olish (masalan, mulk egasi o’z mulkidan foydalanish huquqining har qanday ravishda buzilishini bartaraf etish va kelgusida mulkdan foydalanishda xalaqit bermaslik majburiyatini huquqni buzuvchi shaxsga yuklash);
3) bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo’llash (FKning 116-125-moddalari talabiga asosan, bitim haqiqiy emas deb topiladi. Haqiqiy bo’lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog’liq bo’lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir. Bitim haqiqiy bo’lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo’yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko’rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo’lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo’lmasa, uning qiymatini pul bilan to’lashi shart);
4) davlat organining yoki fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish (Bu himoya usuli fuqarolik qonun hujjatlariga yangi kiritilgan usullardan biri bo’lib hisoblanadi. Fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzadigan, fuqaroning o’z huquqlari va erkinliklarini ro’yobga chiqarishiga monelik tug’diradigan hamda fuqaro zimmasiga qonunga xilof ravishda qandaydir majburiyat yuklatilishiga sabab bo’lgan turli hujjatlari (qarorlari) shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqini vujudga keltiradi. Bunday hujjatlarni haqiqiy emas deb topish sud tartibida amalga oshiriladi);
5) shaxsning o’z huquqlarini o’zi himoya qilishi (mazkur usul noyurisdiksiyaviy usul hisoblanib, o’z huquqini himoya qilayotgan shaxsdan himoyaviy chora-tadbirlarni qonun talablariga muvofiq amalga oshirishni talab etadi. Bu holatda oxirgi zarurat va zaruriy mudofaa chegaralaridan chetga chiqmaslik, uchinchi shaxslarning huquq va manfaatlariga putur yetkazmaslik shart, ya’ni FKning 13-moddasi talablariga muvofiq, fuqarolik huquqlarini shaxsning o’zi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib bo’lishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak);
6) burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish (masalan, sotilgan ashyo sotuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilmaganida uning oluvchisiga majburiy tarzda olib berish);
7) zararni to’lash (shaxs huquqi buzilganligi tufayli ko’rgan zararini to’la qoplanishini talab qilishi qonun bilan kafolatlanadi. Zararlarni qoplash buzilgan huquq va manfaatlarni uni buzishda aybdor bo’lgan shaxs hisobiga tiklashdir. Majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda kreditorga yetkazilgan zararni to’lash majburiy hisoblanadi);
8) neustoyka undirish (neustoyka (jarima va penya) majburiyatlarni o’z vaqtida, lozim darajada bajarilishini ta’minlaydigan muhim usullardan biridir. U qonunda yoki shartnomada oldindan belgilangan taraflarga ma’lum bo’lgan va majburiyatlar bajarilmay qolganda to’lanishi lozim bo’lgan huquqiy chora sifatida namoyon bo’ladi);
9) ma’naviy ziyonni qoplash (huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida jabrlanuvchining boshidan kechirgan ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og’riq, zarar ko’rish, noqulaylik va boshqa) azoblar ma’naviy ziyon hisoblanib, bu azoblarning xususiyati ziyon yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi hamda pul bilan qoplanadi);
10) huquqiy munosabatni bekor qilish yoki o’zgartirish;
11) davlat organining yoki fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qo’llamasligi;
12) qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar.
Shaxs o’z buzilgan huquqi yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida vakolatli organga murojaat qilganda yuqoridagi usullardan biri yoki bir nechasini qo’llashni so’rab murojaat etadi.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling