Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati


Download 1.75 Mb.
bet25/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati

Fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqlidir (FK ning 24-moddasi). Tadbirkorlik faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat bo‘lib hisoblanadi (Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasi). Yakka tartibdagi tadbirkor – bu fuqaro tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi. Fuqaro yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda turli shartnomaviy munosabatlarga kirishadi, ushbu shartnomalarni bajarish bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarish uchun turli yuridik harakatlarni sodir etadi (masalan, da’vo bildirish va talabnoma qo‘yish uchun). Tadbirkor fuqaro barcha yuridik harakatlarni o‘z nomidan va tavakkal qilgan holda amalga oshiradi.


Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun fuqaro belgilangan tartibda yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart. Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonun hujjatlarida yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, Fuqarolik kodeksi normalari qo‘llaniladi.
Yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda (ya’ni, FKning 24-modda birinchi qismi talablarini buzgan holda) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro tuzgan bitimlar xususida o‘zining tadbirkor emasligini vaj qilib ko‘rsatishiga haqli emas. Sud bunday bitimlarga FKning, shuningdek, boshqa qonunlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq majburiyatlar to‘g‘risidagi qoidalarini qo‘llashi mumkin. Bunday qoida muhim ahamiyatga ega, chunki FKning tadbirkorlar ishtirokidagi bitimlarda ular zimmasiga oshirilgan mas’uliyat yuklaydi. Masalan, FKning 333-moddasiga asosan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs bunga fors-major sabab bo‘lganini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi. FKning 425-moddasida chakana oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha sotuvchi tadbirkorlik subyekti bo‘lishi nazarda tutiladi. Bu esa uning zimmasiga qator majburiyatlar yuklaydi va h.k.
Tadbirkorlik faoliyati tavakkalchilikka asoslangan faoliyat bo‘lgani sababli tadbirkor kutilgan natijaga erishmasligi, oxir-oqibatida bankrot (nochor) bo‘lishi mumkin. FKning 26-moddasiga asosan yakka tadbirkor kreditorlarning o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lgan talablarini qanoatlantirishga qodir bo‘lmasa, bunday tadbirkor belgilangan tartibda bankrot deb topilishi mumkin.
Odatda, tadbirkor bankrot deb topilgandan keyin uning kreditorlari uning mavjud mol-mulkiga nisbatan o‘z talablarini qaratishga haqli bo‘ladilar. Yakka tadbirkorni bankrot deb topish rasm-rusumlarini amalga oshirish jarayonida uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan majburiyatlari bo‘yicha kreditorlari ham o‘z talablarini qo‘yishga haqli. Mazkur kreditorlarning ushbu tartibda qo‘yilmagan talablari yakka tadbirkorni bankrot deb topish rasm-rusumlari tamom bo‘lganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi (FKning 26-moddasi birinchi qismi). Yakka tadbirkorning majburiyatlari tadbirkorlik bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi bu o‘rinda muhim prinsipial ahamiyatga ega. Masalan, fuqaro A. 2001-yil iyun oyida S. dan o‘z qizini turmushga chiqarish munosabati bilan to‘y xarajatlari uchun 100 ming so‘m qarz oladi. 2001 yil 1 oktyabrda u tuman hokimligida yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. 2001 yil 1 noyabrda “Turonbank”dan 3 million so‘mli kredit oladi (3 oy muddatga). Lekin bozor konyukturasini o‘zgarishi oqibatida to‘lovga layoqatsiz bo‘lib qoladi, kredit o‘z muddatida qaytarilmaydi. 2002 yil avgustida shahar xo‘jalik sudi A. ni bankrot deb e’lon qiladi. Uning kim oshdi savdosida sotilgan mol-mulki 500 ming so‘m deb baholanib, S. ning talabi bo‘yicha 50 ming so‘m, “Turonbank” talabi bo‘yicha 450 ming undiriladi. Tadbirkorlik rasm-rusumlari bo‘yicha tadbirkor bankrot deb topilgach uning mol-mulki bo‘lmasa, uning tadbirkorlik bilan bog‘liq majburiyatlari bekor bo‘ladi, lekin boshqa majburiyatlari saqlanib qoladi. Demak, A. ning S. dan yana 50 ming so‘m qarzi saqlanib qolgan holda, “Turonbank”dan olgan kreditlarining qoplanmagan 2 million 555 ming so‘mlik kreditini qaytarish bo‘yicha majburiyatlari bekor bo‘ladi.
Sud tomonidan yakka tadbirkorni bankrot deb topishning yoki yakka tadbirkor o‘zini bankrot deb e’lon qilishining asoslari va tartibi qonun bilan belgilanadi (FKning 26-moddasi to‘rtinchi qism).
Shunday qilib, qonunda bankrot deb topilgan fuqaroning tadbirkorlik bilan bog‘liq majburiyatlaridan ozod bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bu esa mulkiy talofatlar ko‘rgan shaxsni ruhiy-psixologik larzalardan saqlashga va hayotni yangidan boshlashiga imkon beradi. Shu sababli ham fuqaroning bankrotlik instituti vaziyat taqozosiga ko‘ra moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolgan shaxsni samarali himoya qilish usullaridan hisoblanadi.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling