Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Zararni qoplash fuqarolik-huquqiy javobgarlik shakli sifatida


Download 1.75 Mb.
bet109/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   105   106   107   108   109   110   111   112   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Zararni qoplash fuqarolik-huquqiy javobgarlik shakli sifatida

Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning asosiy shakli bo’lgan zararni qoplashni uchta turi bor. Birinchisi zarar (real va boy berilgan foyda)ni qoplash (FKning 14-moddasi) bo’lib, bu umumiy xususiyatga ega. Bundan tashqari zararni qoplash maxsus usuli sifatida, agar huquqbuzar huquqbuzarlik orqali ma’lum bir foyda ko’rgan bo’lsa, mazkur foydani zarar ko’rgan shaxs foydasiga undirish ham qo’llaniladi. Va nihoyat mualliflik huquqi va turdosh huquqiy munosabatlarda zararlar yetkazilishidan qat’i nazar, huquqbuzarlik xususiyati va huquqbuzar aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zararni o’rnini qoplash evaziga to’lanishi lozim bo’lgan tovonni to’lanishi (Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risidagi qonunning 65-moddasi) ham mavjud.


Moddiy zararni qoplashdan tashqari ma’naviy zararni qoplash ham fuqarolik-huquqiy javobgarlikning o’ziga xos shakli hisoblanadi.
Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning alohida turlari bo’lgan majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik va zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni qo’llash masalalari ushbu darslikning tegishli qismlarida bayon etilgan.


Fuqarolik-huquqiy javobgarlikdan ozod qilish

Umumiy qoida bo’yicha fuqarolik javobgarlikdan ozod qilish asoslaridan biri sifatida yengib bo’lmaydigan kuch va favqulodda vaziyatlar ya’ni fors-major holatlari e’tirof etiladi. Fors-major holatlari shartnomaviy majburiyatlari bo’yicha ham (FKning 333-moddasi 3-qismi) va muayyan holatlar bo’yicha delikt majburiyatlar bo’yicha ham (999-moddaning 1-qismi) javobgarlikdan ozod qilish asosi sifatida qo’llaniladi. Fors-major holatlari ro’y bergan deb hisoblash uchun ushbu holatlar quyidagi ikki belgiga ega bo’lishlari lozim.


Birinchidan, fuqarolik huquqiy munosabatning tegishli ishtirokchisi insofli va jonkuyarlik bilan harakat qilganda ham ushbu holatni oldini olishga, uni oqibatlarini bartaraf qilishga imkoniyati bo’lmasligi shart. Boshqacha aytganda fuqarolik huquqi munosabatlari subyekti uchun u yengib bo’lmaydigan, qarshi turib bo’lmaydigan kuch hisoblanadi. Ba’zi holatlarda esa ushbu kuch ta’sirida ro’y bergan vaziyat hisoblanadi. To’g’ri, muayyan holatlarda subyekt bunday kuchga qarshi turishi, oqibatlarini bartaraf etishi mumkin bo’ladi. Biroq, bu inson hayotini qurbon berish yoxud juda katta moddiy talafotlar yoki xarajatlar evaziga amalga oshirishi mumkin. Ham ahloqiy, ham huquqiy nuqtai nazardan olganda kuchni bartaraf etish say-harakatlari va xarajatlari hajmi bilan buning evaziga erishiladigan natija (majburiyatni ijro etilishi) o’rtasida juda kuchli nomutanosiblik ro’y berishi mumkin. Shu sababli ham subyektni bunday holatda yengib bo’lmas kuchga qarshi turishi maqsadga nomuvofiq hisoblanadi.
Ikkinchidan, bunday holat kutilmaganda, to’satdan ro’y beradi. Fuqarolik munosabat ishtirokchilari bunday holat ro’y berishini oldindan ko’ra bilmagan, hisobga olmagan bo’ladilar.
Kundalik turmushda tavakkalchilik xavf-xatari bilan fors-major holatlari o’rtasida tafovutlar har doim ham hisobga olinavermaydi. Fors-major holatlari har doim umumiy normal holat doirasidan tashqarida bo’ladi. Tavakkalchilik xavf-hatari esa umumiy normal holat doirasida bo’ladi.
Biroq shuni ta’kidlash o’rinliki, fors-major holatlari FK 333-modda mazmuniga ko’ra javobgarlikdan ozod qilishning dispozitiv asosi hisoblanadi. Qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan holdagina fors-major holati qo’llanilishi mumkin. Taraflar shartnoma asosida o’z majburiyatlarini belgilashganda taraflardan biriga tavakkalchilik burchini kengaytirgan holda fors-major holatlari oqibatlari uchun mas’ul sifatida belgilashlari mumkin. Masalan, eksport-import kontrakti tuzilganda muayyan taraf uni davlat ro’yxatidan o’tkazdirish, bojxona taomillari va shu kabi masalalar bo’yicha tavakkalchilik burchini o’z zimmasiga olishi mumkin. Bunday holatda kontraktni davlat ro’yxatidan o’tkazdirmaslik, tovarni bojxonada ushlab qolish, garchi ular davlat hokimiyati idoralarining harakatlari orqali ro’y bergan bo’lsa ham fors-major holatlari hisoblanmaydi. Odatda investorda, kreditorda mustahkam ishonch uyg’otish uchun muayyan holatlarda shartnomalarda fors-major oqibatlarini manfaatdor taraf o’z zimmasiga olishi mumkin.
Xalqaro tajriba bo’yicha fors-major holatlari sifatida quyidagilar tan olinadi:
- xarbiy harakatlar shu jumladan e’lon qilingan va e’lon qilinmagan urushlar, fuqarolar urushlari, va shu kabilar natijasida majburiyatni ijro etilmasligi;
- tabiiy ofatlar shu jumladan, zilzila, suv toshqini, sunami, ko’chkilar, qurg’oqchilik, do’l urushi va shu kabilar. Bu o’rinda shuni unutmaslik lozimki, ba’zi tabiiy ofatlar hozirgi zamon fan-texnikasi yutuqlari asosida bashorat qilinishi, qarshi turilishi mumkin. Yoxud bir holat muayyan vaziyatda fors-major holati, boshqa vaziyatda esa qarzdorni mas’uliyatsizligi sifatida qaralishi mumkin.
Masalan har bir korxonaning ko’chmas mulkida yashin qaytargichlar o’rnatilgan bo’lishi shart. Biroq qishloq xo’jaligiga tegishli ekin maydonlari, bog’larda yashin qaytargichlar o’rnatilishi talab etilmaydi. Binobarin korxonani yashin urib vayron qilishi fors-major holati hisoblanmaydi, biroq bog’ni yashin urib yonib ketishi fors-major holatlari hisoblanadi.
Shu jumladan:
-ish beruvchi va xodimlar o’rtasidagi nizolar, shu jumladan ish tashlashlar, lokautlar, ishlab chiqarishni sekinlashtirishlar va shu kabilar oqibatida majburiyatni bajarilmasligi;
-davlat hokimiyati organlarini qonuniy yoki g’ayriqonuniy harakatlari sababli majburiyatni ijro etilmasligi (agarda taraflardan biri ushbu holatlar bo’yicha o’ziga tegishli majburiyat yoki tavakkalchilik burchini zimmasiga olmagan bo’lsa).
Mamlakatimizda fors-major holatlarini qo’llash bo’yicha muayyan amaliyot vujudga kelgan. Masalan. Qishloq xo’jalik ekinlarini qurg’oqchilik, do’l urushi yoki suv toshqini oqibatida majburiyatni bajarmasligi tegishli mahalliy meteokuzatuv stansiyalari ma’lumotlari asosida tasdiqlanadi.
Tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasi hududida boshlangan yengib bo’lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi mavjud. Mazkur tartib nizom asosida ya’ni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan “Yengib bo’lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi to’g’risida”gi Nizom asosida tartibga solinadi.
Mazkur nizomga ko’ra yengib bo’lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari - bu tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog’liq bo’lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko’chki, bo’ron, qurg’oqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, davlat manfaatlarini ko’zlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo’lmaydigan va kutilmagan holatlardir.



Yengib bo’lmaydigan kuchlar oqibatida shartnoma tomoni majburiyatlarni bajarishi uchun imkoniyat bo’lmaganda shartnoma tomoni yengib bo’lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari tasdig’ini olish uchun O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga murojaat qilishi mumkin.
Yengib bo’lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash manfaatdor tomonning yengib bo’lmaydigan kuchlar holatlari ko’rsatilgan yozma arizasi asosida vazirlik tomonidan tegishli sertifikat berish yo’li bilan amalga oshiriladi.

Fors-major holatlari ro’y berganda qarzdor darhol kreditorni bu haqda xabardor qilishi va taraflar fors-major holatlari oqibatlarini yumshatish bo’yicha hamkorlik qilishlari shart. Fors-major holatlari oqibatida ro’y bergan moddiy zararlarga nisbatan status-kvo (qanday bo’lsa shunday qolsin) holati joriy etiladi, ya’ni kreditor qarzdordan majburiyatni ijro etilmasligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplanishini talab eta olmaydi.


Majburiyatni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish (zarar yetkazganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish) asoslaridan biri bo’lib kreditorni (jabrlanuvchi)ning aybini mavjud emasligi hisoblanadi. Ularni qo’llash asoslari ushbu darslikning keyingi qismlarida batafsil ko’rib chiqilgan.
Mantiqan olganda majburiyatlarni ijro etilmasdan bekor bo’lish asoslari FKning 346, 348, 349, 350, 351, 352-moddalarida nazarda tutilgan bo’lib, ular shuningdek tadbirkorlik subyektining bankrotligi va belgilangan tartibda umidsiz qarz majburiyatlari bo’yicha ham javobgarlikdan ozod qilish holatlari mavjud. Bu haqda batafsil keyingi paragraflarda bayon etiladi.

Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   105   106   107   108   109   110   111   112   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling