Toshkent davlat yuridik universiteti soliq huquqi
Download 0.77 Mb.
|
Солиқ ҳуқуқи дарслик2 Ф Исаева new
Soliqlarning tasnifi. Yuridik mohiyatiga ko‘ra soliqlar o‘zlarining bir-biriga o‘xshash va o‘zaro farq qiladigan umumiy (muhim) belgilariga qarab bir qancha mezonlar bo‘yicha tasniflanishi mumkin. Iqtisodiy va yuridik adabiyotlarda soliqlarni tasniflash bo‘yicha eng ko‘p tarqalgan mezonlar ularni undirib olish uslubi, qo‘llaniladigan stavkalar xususiyati, soliqlarni belgilash, bekor qilish va joriy etish bo‘yicha davlat organlari vakolatlarining hajmi, subyektlar (soliq to‘lovchilar) turlari va h.k. belgilar bo‘yicha guruhlarga ajratish hisoblanadi. Soliqlarni undirib olish uslubi mezoni bo‘yicha ular to‘g‘ri va egri soliqlarga ajratiladi. To‘g‘ri soliqlar soliq to‘lovchining daromadi yoki mulkidan bevosita undirib olinadigan soliqlar bo‘lib, bu soliq solishning boshlang‘ich shakllaridan hisoblanadi. To‘g‘ri soliqlardan dastlab yer solig‘i, uy solig‘i kabi soliqlar paydo bo‘lgan. Hozirgi vaqtda bizning mamlakatimizda to‘g‘ri soliqlarga yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslarga ham, jismoniy shaxslarga ham solinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i kiradi. O‘z navbatida, to‘g‘ri soliqlar shaxsiy soliqlar va aniq (real) soliqlarga bo‘linadi. Bu soliqlar o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, birinchi holda amalda olingan daromad yoki mulk, ikkinchi holda esa muayyan iqtisodiy, ba’zan esa tabiiy sharoitlarga qarab taxminiy o‘rtacha daromad soliqqa tortiladi. Jahon amaliyotida shaxsiy soliqlarga daromad solig‘i, korporatsiyalar foydasiga solinadigan soliq, pul kapitallaridan tushgan daromadlardan olinadigan soliq, meros va hadyalardan olinadigan soliq va h.k. misol bo‘la oladi. Bizning respublikamizda to‘g‘ri soliq obyekti, masalan, yuridik shaxslardan olindigan foydasi va jismoniy shaxslarning daromadlari (ularga berilgan imtiyozlar hisobga olingan holda), amaldagi daromad hisoblanadi. Masalan, aniq (real) soliqlarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i kiradi. Bunda aniq (real) soliq belgilari yer uchastkalariga soliq solishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Yer solig‘i stavkalari soliq solish obyekti (1 ga yer)dan olinadigan taxminiy o‘rtacha daromad hisoblanib, tuproqning sinfi va tabiiy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi. Egri soliqlar tovarlar, ishlar va xizmatlarga narx yoki tarifga qo‘shimcha shaklida belgilanadigan soliqlardir. Ular to‘g‘ri soliqlardan shunisi bilan farqlanadiki, soliq to‘lovchining daromadi yoki mulki bilan bevosita bog‘lanmagan. Egri soliq solinishi kerak bo‘lgan tovarlar ishlab chiqaruvchi, ish bajaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar soliq summasini sotiladigan tovarlar, ko‘rsatiladigan ishlar, xizmatlar qiymatiga kiritadi, ya’ni o‘z mohiyati bilan ular soliq yig‘uvchilar bo‘ladi. So‘nggi soliq to‘lovchi yoki soliq egasi bo‘lib tovarlarni yoki xizmatlarni u yoki bu turdagi egri soliqni o‘z ichiga olgan, oshirilgan narxlar yoki tariflar bo‘yicha oluvchi iste’molchi qatnashadi. Ko‘pgina davlatlarning hozirgi zamon soliq tizimlarida egri soliqlarning aksizlar, qo‘shilgan qiymat solig‘i, bojxona boji kabi turlari qo‘llanadi. Masalan, uyali aloqa kompaniyalari iste’molchilarga xizmat ko‘rsatayotganda xizmat haqqini ichiga o‘zlari to‘laydigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini ham qo‘shib undirib oladilar. Bu yerda soliq egasi iste’molchi bo‘ladi. Soliq stavkasi va soliq solish obyekti o‘rtasidagi o‘zaro aloqaga qarab mutanosib va o‘zgaruvchan soliqlar ajratiladi. Mutanosib soliqlarda soliq stavkasi daromad miqdoridan qat’i nazar, o‘zgarmasdan qoladi. O‘zgaruvchan soliqlarda daromad ortishi bilan soliq stavkasi ham o‘sib boradi: daromad qancha ko‘p bo‘lsa, undan ushlab qolish foizi ham shuncha ko‘p bo‘ladi. O‘zgaruvchan soliqlarni qo‘llash uchun murakkab progressiyadan foydalaniladi, unga asosan soliq to‘lovchining daromadi qismlarga bo‘linadi va ularning har biri uchun soliqning o‘z stavkasi belgilanadi. Soliq to‘lovchilar doirasidan kelib chiqqan holda soliqlar uch guruhga bo‘linishi mumkin: yuridik shaxslardan olinadigan soliqlar. (Masalan, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i); jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar. (Masalan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i); yuridik va jismoniy shaxslarga umumiy bo‘lgan soliqlar. (Masalan, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va h.k.lar). Soliqlarni boshqa asoslarga ko‘ra ham tasniflash mumkin: soliqlarning kelib tushish manbasiga ko‘ra: a) Davlat budjetiga o‘tkaziladigan davlat soliqlari; b) mahalliy budjetlarga o‘tkaziladigan mahalliy soliqlar; foydalanish xususiyatiga ko‘ra: a) umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan soliqlar; budjet darajasiga ko‘ra: a) mustahkamlangan soliqlar; b) tartibga solinadigan soliqlar. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling