Qurg‘oshin birikmalaridan zaharlanish.
Qurg‘oshin birikmalari nafas va me’da-ichak yo‘llari, teri orqali tanaga tushishi mumkin. Bemor og‘zida shirin ta’m, so‘lak oqishi, ko‘ngil aynish, qusish, qorinda kuchli og‘riq, spastik qabziyat kuzatiladi. Bemor qo‘zg‘algan, qorni dam bo‘lib, terlaydi, arterial bosim va harorati ko‘tariladi. Ajralayotgan peshob miqdori kamayib ketadi, hattoki to‘xtashi mumkin. Jigar etishmovchiligi va sarg‘ayish rivojlanadi.
BTYO.
Birinchi navbatda me’dani magniy yoki natriy sulfat eritmasi bilan yuviladi va tuzli surgilar beriladi. Atropin (0, 1 % 1 ml kuniga 2-3 marta), promedol (2 ml 2 % eritmasi) teri ostiga, 0, 25 % novokain eritmasi 200 ml gacha, 20 % mannitni glyukozadagi eritmasi 1-2 g/kg hisobida venaga yuboriladi. Davolashda paranefral novokain blokadalari, qorin sohasiga diatermiya, magniy sulfat klizmalaridan foydalanish mumkin. Maxsus davo sifatida tetatsin-kalsiy ishlatiladi, uni 20 ml 10 % eritma holida 500-1000 ml 5 % glyukoza bilan venaga tomchilab kuniga 1-2 mahal yuboriladi, surunkali zaharlanishda esa 0, 5 g dan 4 marta kun oralab ichga beriladi.
Bundan tashqari vitaminlar, spazmolitiklar, sut va o‘simlik mahsulotlariga boy parhez buyuriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |