Tovlamachilik jinoyati tushunchasi va uning yuridik tasnifi


Download 32.57 Kb.
Sana30.04.2023
Hajmi32.57 Kb.
#1415649

    1. Tovlamachilik jinoyati tushunchasi va uning yuridik tasnifi

Tovlamachilikning bevosita asosiy obyekti talon-toroj qilinayotgan mol-mulkni tartibga solishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Bevosita qo‘shimcha obyekti tovlamachilik natijasida tajovuz qaratilgan jabrlanuvchining qonun bilan qo‘riqlanadigan shaxsiy huquqlari hisoblanadi. Tovlamachilikning qo‘shimcha obyekti aybdor tomonidan qo‘llaniladigan ruhiy zo‘rlikning xarakteri bilan tavsiflanadi. Masalan, zo‘rlik ishlatishda qo‘llaniladigan tahdidda fuqaroning sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgan, jabrlanuvchi sir saqlanishini xohlaydigan shaxsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmatini tahqirlaydigan ma’lumotlarni oshkor etish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar namoyon bo‘lishi mumkin. Tovlamachilikning predmeti bo‘lib, nafaqat mol-mulklar, balki unga bo‘lgan mulkiy huquqlar (tovlamachining yoki boshqa aybdor deb ko‘rsatilgan shaxsning qarzi borligini tasdiqlovchi tilxat, shartnoma yoki boshqa hujjat yoxud muayyan mulkiy huquqlar tovlamachiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga o‘tishiga asos bo‘ladigan boshqa hujjat), boshqa turdagi mulkiy harakatlar (ishni bajarish, xizmatlar taklif etish va tovarni past narxda yoxud tekinga berish va boshqalar) va mulkiy ko‘rinishdagi foydalar ham bo‘lishi mumkin1.
Aybdor tovlamachilikni sodir etayotib mulkka bo‘lgan huquqni talab qilmay, o‘zganing mol-mulkidan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini talab qilishi ham mumkin.
Mulk — muayyan jismoniy shaklga ega, sezish mumkin bo‘lgan moddiy dunyo predmetlaridir. Tovlamachilik tarkibida mulk deganda ko‘char va ko‘chmas mulk tushuniladi.
Mol-mulkka bo‘lgan huquq — shaxsning o‘ziga tegishli mol-mulkka egalik qilish, undan o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab foydalanishi va uni tasarruf etishi, shuningdek, o‘zining mulkiy huquqi kim tomonidan buzilishidan qat’i nazar, o‘z mulkiy huquqlari buzilishini bartaraf etilishini talab qilish huquqidir.
Tovlamachilikning predmeti bo‘lib ko‘char va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq namoyon bo‘ladi. Mulkiy yo‘sindagi harakatlar deganda, haqi to‘lanishi lozim bo‘lgan har qanday ishlarni tekinga bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish (imoratlar qurish, ularni ta’mirlash, avtomobillarni ta’mirlash, tovar-moddiy boyliklarni tashib berish va h.k.) tushuniladi. Bundan tashqari, mulkiy yo‘sindagi harakatlar jumlasiga aybdorga mulkiy manfaatlar keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni (umumiy ulush, merosdan voz kechish va boshqa) ham kiritish mumkin.
Tovlamachilikning predmeti bo‘lib, faqatgina o‘zganing mulki yoki mulkiy huquqi namoyon bo‘ladi. Jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatib, uning mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi sir saqlanishini xohlagan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib yoxud jabrlanuvchining manfaatlariga xavf soladigan sharoitni yaratish yo‘li bilan jabrlanuvchi shaxsni unda turgan (masalan, qarzga, kreditga olgan, jinoyat sodir etishi natijasida vaqtincha saqlanib turgan va hokazo) o‘zining mol-mulkini berishga majbur etganida, u o‘zganing mulkini tovlamachilik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Bunday qilmish, qonunda nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo‘lsa, o‘zboshimchalik deb hisoblanadi. Qarzdordan qarzni talab qilish Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas, lekin ayrim hollarda o‘zboshimchalik (JK 229-moddasi) tariqasida baholanishi lozim2.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida quyidagilar alohida ta’kidlab o‘tilgan: «...qarzdordan qarzni talab qilish Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin emas, lekin ayrim hollarda o‘zboshimchalik (JKning 229-moddasi) tariqasida baholanishi lozim. Qarzdor va qarz beruvchi o‘rtasida foizlar to‘lash bo‘yicha oldindan kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi”3.
Obyektiv tomondan tovlamachilik jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yishda ifodalanadi.
JK 165-moddasi 1-qismida ko‘rib o‘tilganidek, tovlamachilik murakkab tarkibli jinoyat bo‘lib, bir tomondan aybdor mulkdordan bila turib, g‘ayriqonuniy ravishda o‘ziga yoki u ko‘rsatgan shaxslarga muayyan mulkni, mulkka bo‘lgan huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud ular foydasiga muayyan mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilsa, boshqa tomondan tahdidga asoslangan ruhiy zo‘rlik ishlatadi4.
Mulkni berish talabi tovlamachining jabrlanuvchidan ko‘char va ko‘chmas mulkni yoki mulkdan o‘z mulkidek foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishini talab qilishni anglatadi. Talab rad etilsa, o‘ch olish bilan qo‘rqitishda ifodalangan bo‘lishi kerak. Qo‘rqitish bilan mustahkamlanmagan talablar tovlamachilikni hosil qilmaydi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, fuqarolik muomalasidan chiqarilgan molmulk (predmet)larni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilish maxsus jinoyat tarkibi bo‘lgan JKning 247-moddasi (O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash), 251-moddasi (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash), 271-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) bilan kvalifikatsiya qilishga olib keladi. Tovlamachining talabi, albatta, jabrlanuvchining mulkiga zarar yetkazish yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish yoxud ular uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish tarzidagi qo‘rqitish bilan birgalikda sodir qilinishi lozim. Qo‘rqitish bilan amalga oshirilmagan talablar jinoyatning tovlamachilik tarkibini vujudga keltirmaydi. Mulk huquqini talab qilishda aybdor mazkur mulkni unga mulk sifatida butunligicha berishni talab qilmaydan bir vaqtning o‘zida unga bir yoki bir necha mulk huquqi vakolatlarini (egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish) berishni talab qilishi mumkin.
Mulkiy yo‘sindagi harakatlar qilish yoki mulkiy manfaatlar berishni talab qilish deganda, aybdor foydasiga yoki u ko‘rstgan shaxs foydasiga mulkiy yo‘sindagi moddiy manfaatlar berish yoki aniq moddiy xizmatlar qilish «taklifi» nazarda tutiladi. Barcha holatlarda talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybdor tomonidan amalga oshirilishi bilan birga, vositachi orqali, shuningdek, og‘zaki, telefon, faks, xat orqali va boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin. Tovlamachi tomonidan qo‘yiladigan talablar ruhiy zo‘rlik — qo‘rqitish bilan doimo bog‘liq bo‘lishi kerak. Ko‘rqitish bilan amalga oshirilmagan talab tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil etmaydi5.
Tovlamachilikdagi qo‘rqitishga quyidagi belgilar xos:
1) o‘z mazmuniga ko‘ra unda jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud ular sir saqlashi lozim deb topgan ma’lumotlarni oshkor qilish niyati bildirilgan bo‘lishi, ya’ni jabrlanuvchini qo‘rqitish, irodasini so‘ndirish vositasi bo‘lishi kerak;
2) qo‘rqitish real, ya’ni agar jabrlanuvchi tovlamachining talablarini bajarmasa, tahdid amalga oshirilishi mumkinligidan xavotir bo‘lishi lozim. Qo‘rqitishning xususiyati, usuli, joyi va vaqti, tovlamachining shaxsi, uning oldingi xulq-atvori qo‘rqitishning realligidan dalolat beradi. Jinoyat tarkibining mavjudligini aniqlash uchun qo‘rqitishni kim amalga oshirganligi: bevosita tovlamachining o‘zimi yoki uning ishtirokchilarimi, bu ahamiyat kasb etmaydi;
3) qo‘rqitish kelajakda (darhol yoki talabni bajarishdan bosh tortganlik uchun) amalga oshirilishga qaratilgan bo‘ladi. Shuning uchun ham ushbu jinoyatning tarkibi uchun aybdorning haqiqatdan ham o‘z niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan bo‘lmaganligi ahamiyat kasb etmaydi6.
Tovlamachilikni kvalifikatsiya qilishda tahdidning bevosita mol-mulk egasiga yo‘naltirilganligi yoki uning yaqin qarindoshlariga qaratilganligining ahamiyati yo‘q. Jabrlanuvchi tomonidan qo‘rqitishning xususiyati va jadalligi, qanday qabul qilinganligi jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Jadalligi bir xil bo‘lgan tahdid, jabrlanuvchilarning ruhiy holati, tarbiyasi, fe’l-atvori, jismoniy xususiyatlaridagi farqlar tufayli, ular tomonidan turlicha qabul qilinadi. Jabrlanuvchi qanday qabul qilganligidan qat’i nazar, tahdidning kuchi oshmaydi va kamaymaydi, uning o‘zi qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi. Agar aybdorning aytganlari obyektiv tomondan tahdidni o‘z ichiga olmagan bo‘lsa, qilmish tovlamachilik deb baholanishi mumkin emas. Sud-tergov amaliyotida tovlamachilikni bosqinchilik (JK 164-moddasi) va talonchilikdan (JK 166-moddasi) farqlashda ko‘p muammolar mavjud. Shuni nazarda tutish kerakki, bosqinchilik va talonchilikda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish mulkni egallab olish yoki talon-toroj qilinganidan so‘ng uni ushlab qolish vositasi bo‘lib xizmat qilsa, tovlamachilikda ushbu qo‘rqitish jabrlanuvchining irodasini so‘ndirish va uni tovlamachining talablarini bajarishga majbur etish vositasi bo‘lib xizmat qiladi7.
Shuni ham nazarda tutish kerakki, bosqinchilik va talonchilikda o‘zganing mulkini egallab olish qo‘rqitish bilan bir vaqtda sodir bo‘ladi, tovlamachilikda esa, aybdor jabrlanuvchining mulkini kelajakda qo‘lga kiritadi. Agar tovlamachilikni sodir etishda qo‘rqitish jabrlanuvchiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lib, tovlamachi o‘sha vaqtdayoq o‘zganing mulkini talon-toroj qilgan bo‘lsa, uning harakatlari o‘zganing mulkini tovlamachilik (JK 165-moddasi) qilish va qo‘rqitishning xususiyatiga qarab, bosqinchilik (JK 164-moddasi) yoki talonchilik (JK 166-moddasi) sifatida jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi kerak. Tovlamachilikni sodir etishda zo‘rlik ishlatish bilan qurqitish deganda, urish, zarba berish, badanga yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir shikast yetkazish tahdidi bilan qo‘rqitish, agar aybdorning talabi bajarilmasa, shunday zo‘rlik ishlatish xavfi mavjud bo‘lishi tushunilishi kerak. JK 165-moddasining dispozitsiyasida ularning hammasi ko‘rsatilgan va bunday qilmish sodir etilganida shaxsga qarshi jinoyatlar bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya talab qilinmaydi. Tovlamachilikni sodir etishda o‘ldirish bilan qo‘rqitishni ham JK 165-moddasi o‘z ichiga oladi.
Mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish bilan qo‘rqitish harakatlari moddiy qimmatliklarga zarar yetkazishga qaratilgandir.
Mulkka shikast yetkazish deganda, mulkka zarar yetkazilishi tufayli, ashyoning o‘z sifatini shunchalik yo‘qotishi, ya’ni undan o‘z vazifasiga ko‘ra foydalanish uchun vaqtincha yoki qisman yaroqsiz bo‘lib qolishi va uni tiklashga muayyan mehnat yoki mablag‘ sarflanganidan keyin avvalgi qimmatiga ega bo‘lishi tushuniladi8.
Mulkni nobud qilish deganda, uni qayta tiklab bo‘lmaydigan va undan vazifasiga ko‘ra foydalanib bo‘lmaydigan holatga keltirilganligi tushuniladi.
Shaxs yoki uning yaqin qarindoshlari sir saqlashni xohlayotgan ma’lumotlarni oshkor etish bilan qo‘rqitish shantaj ham deb ataladi.
Shaxs uchun sir saqlanishi lozim bulgan (shaxs sir saqlanishini xohlayotgan) ma’lumotlar deganda, o‘zining shaxsiy hayoti, ish faoliyati, yaqin kishilari, qarindosh-urug‘lari haqidagi va shu kabi har qanday axborotlar tushunilishi kerak. Shaxsning ma’lumotlarni sir saqlashni xohlagan yoki xohlamaganligi har bir alohida holda sud tomonidan aniqlanadi. Odatda, sud bunday shantaj jabrlanuvchining irodasiga ta’sir qilgan yoki qilmaganligiga qarab, jabrlanuvchining ma’lumotlarini sir saqlanishini xohlagan yoki xohlamaganligini aniqlaydi. Agar jabrlanuvchi ma’lumotlar oshkor kilinishidan qo‘rqib tovlamachining talablarini bajargan bo‘lsa, demak jabrlanuvchi ushbu ma’lumotlarning sir saqlanishini xohlagan bo‘ladi. Ma’lumotlarni oshkor qilish deganda, jabrlanuvchining fikricha, oshkor qilinishi noma’qul bo‘lgan (masalan, farzandlikka olish, kasallik, sudlanganlik to‘g‘risidagi va h.k.) axborotlarni boshqa shaxslarga ma’lum qilish tushuniladi. Aybdor shaxs ma’lumotlarni og‘zaki, xat, telefon, faks orqali va boshqa tarzda oshkor qilishi mumkin. Ma’lumotlarni oshkor qilish usuli tovlamachilikning kvalifikatsiyasiga ta’sir qilmaydi9.
Jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish deganda, aybdorning jabrlanuvchini noilojlik tufayli, o‘z xohishiga qarshi tovlamachining talablarini bajarish (masalan, elektr energiyasini uzib qo‘yish, gazni o‘chirib qo‘yish, transport vositasini bermaslik, neft mahsulotlari bilan ta’minlamaslik va h.k.)ga majbur qiladigan har qanday harakatlarni sodir etishi tushunilishi lozim. Tovlamachilik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini topshirish, mulkiy manfaatlar berish yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlarni sodir etish talab qilingan paytdan e’tiboran tugallangan jinoyat deb hisoblanadi. Tovlamachilikni bosqinchilik va talonchilikdan farqlashda tovlamachilikda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish mulkni zo‘rlik ishlatayotgan vaqtda emas, balki kelajakda qo‘lga kiritishga qaratilishiga e’tibor berish lozim. Agar qo‘rqitish amalga oshirilsa, qilmish JKning tovlamachilik uchun javobgarlik belgilangan moddasi va asoslar bo‘lganda, qo‘rqitish amalga oshirilayotganda sodir etilgan harakat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan ham tavsiflanishi lozim10.
Tovlamachilikni tugallangan deb topish uchun aybdorga mulk yoki mulkka bo‘lgan huquqning topshirilganligi ahamiyatga ega emas. Tovlamachilik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini topshirish, mulkiy manfaatlar berish yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlarni sodir etishni talab qilingan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanadi. Bunda ushbu talablarning bajarilganligi ahamiyat kasb etmaydi. Ammo, tovlamachiga mulk yoki mulkiy huquqni bergan jabrlanuvchi mulkning mulkdori, egasi bo‘lmay, unga mazkur mulk ishonib topshirilgan (sotuvchi, kassir) yoki uning muhofazasida (qorovul, maxsus qo‘riqlov xizmati) bo‘lsa, bu holda tovlamachi talabini qondirishga qaratilgan harakatlar bilan qonunga xilof ravishda o‘zganing mulkini egallash o‘rtasida bog‘liklik, aloqadorlik mavjud bo‘ladi. Talon-toroj qilingan mulkka nisbatan jabrlanuvchi vakolatlarining mavjudligi yoki mavjud emasligiga ko‘ra uning qilmishi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (agar mulk shaxsga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lsa) yoki o‘g‘rilik (agar mulk shaxsga ishonib topshirilmagan yoki uning ixtiyorida bo‘lmagan bo‘lsa) jinoyati tarkibini beradi. Bu holda jabrlanuvchining harakatlarida ham jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkin. Ammo, shaxs oxirgi zarurat holatida harakat qilgan bo‘lsa (tovlamachi jismoniy zo‘rlik ishlatgan bo‘lsa), mulk ishonib topshirilgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi11.
Subyektiv tomondan tovlamachilik to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Bunda aybdor jabrlanuvchidan mol-mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquqni o‘ziga yoki boshqa shaxsga berishni qo‘rqitish bilan talab qilishi asoslanmaganligini va g‘ayriqonuniyligini biladi. Aybdor g‘arazli motivlarga amal qiladi va ashyoni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlaydi. Jinoyatni sodir etishdan maqsad — g‘arazdir.
Jinoyatning subyekti 14 yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxsdir.
Og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan tovlamachilik JK 165-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan hamda u quyidagi kvalifikatsiya qilish belgilarini qamrab oladi:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan tovlamachilik sodir etilishi;
b) ko‘p miqdorda sodir etilishi;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi.
Ushbu belgilar JK 164-moddasining sharhida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, tovlamachilik boshqa hech qanday alohida xususiyatlarga ega emas. Faqatgina shuni ta’kidlash o‘rinliki, qilmishni JK 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, tahdidni amalga oshirgan shaxsgina tovlamachilikning bajaruvchisi hisoblanadi12.
Tovlamachilikning maxsus kvalifikatsiya qilingan turi JK 165-moddasi 3-qismida o‘z aksini topgan va quyidagi belgilardan loaqal bittasining mavjud bo‘lishi bilan tavsiflanadi:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan jinoyat13.
Ko‘rsatilgan belgilar bosqinchilik jinoyatining tarkibi tahlil qilinganida ko‘rib chiqilgan edi va tovlamachilikka nisbatan ortiqcha farqlarga ega emas.


1 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 41 bet.

2 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 41 bet.

3 Ўзбекистон Республикаси Олий суди... // Тўплам, 1-жилд, — 119 б

4 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 42 bet.

5 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 43 bet.

6 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 44 bet.

7 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 45 bet.

8 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 46 bet.

9 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 47 bet.

10 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 47 bet.

11 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 47 bet.

12 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 48 bet.

13 Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar. Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan – T.: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. – 49 bet.

Download 32.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling