38-modda. Ish stajiga imtiyozli tarzda qo‘shib hisoblanadigan faoliyat davrlari
Stajga quyidagilar imtiyozli tarzda qo‘shib hisoblanadi:
a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish — uch hissa barobarida;
b) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va ushbu moddaning “a” bandida nazarda tutilgan xizmatdan tashqari harbiy xizmat — ikki hissa barobarida;
v) ushbu Qonun 10-moddasining “a” va “b” bandlariga hamda 11-moddasining “a” bandiga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan — erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir to‘liq yil ikki hissa barobarida;
g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunodefitsit virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash — ikki hissa barobarida;
d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi — bir yarim hissa barobarida;
e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatag‘on qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda bo‘lish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti — bir yarim hissa barobarida.
39-modda. Ayrim toifadagi fuqarolar stajini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari
Sanoatning mavsumiy tarmoqlariga oid korxonalar va tashkilotlarda band bo‘lgan xodimlarning to‘liq mavsum mobaynidagi ishi bir yil ishlagan deb, to‘liq mavsum davomida ishlamagan bo‘lsa, haqiqiy ishlagan davri hisobga olinadi.
Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan erosti ishlari stajini hisoblab chiqishda (10-moddaning “a” — “b” bandlari va 11-moddaning “a” bandi) ana shu ishda orttirilgan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida nogironlikda bo‘lgan vaqti ushbu Qonun 38-moddasining “v” bandida belgilangan qoidalar qo‘llanmasdan ko‘rsatib o‘tilgan stajga qo‘shiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |