40-modda. Chet elda ishlash vaqtini stajga qo‘shish shartlari
Chet elda ishlangan davrlar quyidagi shartlarga ko‘ra mehnat stajiga qo‘shiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno:
2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda;
2020-yil 1-yanvardan — ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yollanma (bitim) asosda chet elda ishlaganligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar mehnat daftarchasiga kiritgan qaydnomalarga qarab aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning chet elda ishlagan davrini mehnat stajiga kiritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga chet eldagi ishi O‘zbekiston Respublikasida ishlanganiga to‘g‘ri keladigan stajning 1/3 hissasidan oshmagan miqdorda, stajga qo‘shiladi.
41-modda. Imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashda ish stajini o‘zaro hisobga olish xususiyatlari
Imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashda, basharti, hisobga o‘tadigan ishlar ayni shunday yoki nisbatan imtiyozliroq shartlarda pensiya olish huquqini bergan taqdirda, 1, 2 va 3-sonli ro‘yxatlarda nazarda tutilgan ish davrlari o‘zaro hisobga olinadi.
42-modda. Ish stajini tasdiqlash tartibi
Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanadi.
Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) yoki unda tegishli yozuvlar mavjud bo‘lmagan taqdirda ish stajini tasdiqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
[OKOZ:
1.06.00.00.00 Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.06.00.00 Pensiyalar / 06.06.16.00 Pensiyalarni tayinlash va to‘lash]
Do'stlaringiz bilan baham: |