357-modda. Xodimni ishga qabul qilish va boshqa ishga o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish huquqi kafolatlari
Xodimni sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan ishga qabul qilish va boshqa ishga o‘tkazish taqiqlanadi.
Xodimni uning hayotiga va sog‘lig‘iga yuqori darajadagi xavf ehtimoli oldindan ma’lum bo‘lgan ishga qabul qilayotganda hamda o‘tkazayotganda ish beruvchi uni bu haqda ogohlantirishi shart.
358-modda. Xodimning o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan ishni bajarishni rad etish huquqi
Xodim ish jarayonida o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga tahdid soladigan holatlar yuzaga kelganligi to‘g‘risida ish beruvchini darhol xabardor qilib, o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilguniga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Agar xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga xavf soladigan holatlar yuzaga kelmaganligi aniqlansa, ish beruvchi ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida belgilangan tartibda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
359-modda. Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir normalarga, qoidalarga hamda yo‘riqnomalarga rioya etilishini talab qilish;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining og‘ir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida bo‘lgan-bo‘lmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish;
Do'stlaringiz bilan baham: |