Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Kasanachi bilan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
447-modda. Mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishda kasanachi oila a’zolarining ishtirok etishi (yordamlashishi)
Kasanachi tomonidan ishlarni bajarish ish beruvchining roziligi olinmagan holda kasanachining oila a’zolari ishtirokida (yordamida) amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachining oila a’zolari va ish beruvchi o‘rtasida yakka tartibdagi mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Kasanachi o‘ziga yordam beradigan oila a’zolari tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) sifati uchun ish beruvchi oldida javobgardir.
448-modda. Kasanachining ish vaqti
Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirig‘ini belgilashda butun ishlar majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi normal yoki qisqartirilgan ish vaqti davomiyligidan oshib ketmasligi uchun ishlarning ayrim turlarini bajarishga doir vaqt normativlarini hisobga olishi kerak.
Kasanachi ishlab chiqarish topshirig‘i hajmidan hamda mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda o‘zi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Kasanachi ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun bir hissa miqdorda haq to‘lanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilmaydi.
449-modda. Kasanachining yillik mehnat ta’tili
Kasanachining yillik mehnat ta’tili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi ko‘proq bo‘lgan yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega bo‘lmasa, yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |