248-modda. Ish haqining tuzilishi
Ish haqi asosiy (bazaviy) va qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismlardan iborat bo‘ladi.
Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi ushbu ish beruvchida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash tizimi asosida belgilanadi va qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi uning doimiy tarkibiy qismi bo‘lib, xodimga belgilangan mehnat normalariga (tarif stavkalariga, maoshlarga) ko‘ra haqiqatda ishlab berilgan vaqt yoki haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblanadi.
Ish haqining qo‘shimcha (o‘zgaruvchan) qismini qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki rag‘batlantirish xususiyatiga ega boshqa to‘lovlar tashkil etadi.
249-modda. Mehnatga haq to‘lash tizimi va uni belgilash tartibi
Mehnatga haq to‘lash tizimi xodimlar ish haqi miqdorining mehnatning miqdori va sifatiga, ularning shaxsiy va jamoaviy natijalariga bog‘liqligini belgilash usulidir.
Xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi, bundan ushbu Kodeksda ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashkilotda ayrim toifadagi xodimlarga yoki tarkibiy bo‘linmalarga nisbatan mehnatga haq to‘lashning bir nechta tizimi qo‘llanilishi mumkin.
Xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga ko‘ra haq to‘lanadi.
Faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga va muayyan iqtisodiy sharoitlarga qarab mehnatga haq to‘lanishini tashkil etish uchun xodimlar mehnatiga haq to‘lashning tarifli va (yoki) tarifsiz tizimlari qo‘llanilishi mumkin.
Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimlari va turlari qonunchilikda belgilanadi.
250-modda. Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi
Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi turli toifadagi xodimlarning ish haqini differensiyalashning tarifli tizimiga asoslangan mehnatga haq to‘lash tizimidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |