246-modda. Mehnatga haq to‘lash shartlarini va miqdorini belgilash
Mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdori ish beruvchi hamda xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bajariladigan ishning murakkabligi va shartlari, xodimning kasbiy-malakaviy va ishchanlik sifatlari, uning mehnati hamda tashkilotning xo‘jalik faoliyati natijalari hisobga olingan holda ushbu ish beruvchida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash tizimlariga muvofiq belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lash tizimlari, shu jumladan tarif stavkalari, maoshlar, kompensatsiya xususiyatiga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, shu jumladan normal sharoitlardan chetga chiquvchi sharoitlardagi ish uchun shunday qo‘shimcha to‘lovlar hamda ustamalar miqdorlari, rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar tizimlari hamda mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lash miqdori biror-bir eng ko‘p miqdor bilan cheklanmaydi.
247-modda. Mehnatga haq to‘lash shartlarini o‘zgartirish
Mehnatga haq to‘lash shartlari qanday tartibda belgilangan bo‘lsa, xuddi shunday tartibda o‘zgartiriladi.
Mehnatga haq to‘lash shartlarini xodim uchun noqulay tomonga o‘zgartirishga xodimning roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi. Istisno tariqasida:
texnologiyada, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishda o‘zgarishlar yuz berganda, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmi qisqarganda, basharti mehnatga haq to‘lashning avvalgi shartlarini saqlab qolish mumkin bo‘lmasa;
qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda shunday o‘zgartirish mumkin.
Ish beruvchi mehnatga haq to‘lashga doir amaldagi shartlarning yomonlashtirish tomonga qaratilgan yangi yoki kelgusidagi o‘zgarishlari haqida xodimni ular kiritilishidan kamida ikki oy oldin imzo qo‘ydirib ogohlantirishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |