277-modda. Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlarni aniqlash
Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq to‘lash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga ko‘paytirish yo‘li bilan ham aniqlanishi mumkin.
Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq to‘lashning razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
278-modda. Normalashtirilgan topshiriqlarni va xizmat ko‘rsatish normalarini belgilash
Mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida normalashtirilgan topshiriqlarni, shu jumladan alohida vazifalarni va ish hajmini bajarish maqsadida xodimlarga nisbatan xizmat ko‘rsatish normasi va xodimlar soni normasi belgilanishi mumkin.
Muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida normalashtirilgan topshiriqlar va xizmat ko‘rsatish normalarini belgilashda mahsulot birligiga qilingan mehnat sarflari normalaridan, xodimlar soni normalaridan, ish vaqtining rejali fondlaridan va boshqa ma’lumotlardan foydalaniladi.
Budjet tashkilotlarida xizmat ko‘rsatish normalarini va lavozimlarni joriy etish normalarini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek tegishli tarmoq kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.
17-bob. Kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari
1-§. Kafolatli to‘lovlar va kafolatli qo‘shimcha to‘lovlar
Do'stlaringiz bilan baham: |