Xodim ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga hollarda ham ishlarni yoki harakatlarni bajarishni o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida rad etish huquqiga ega.
532-modda. Xodimlar o‘zini o‘zi himoya qilishiga ish beruvchining monelik qilmaslik majburiyati
Ish beruvchi, ish beruvchining vakillari xodimlarning o‘zini o‘zi himoya qilishiga monelik qilish huquqiga ega emas.
Xodimlarni qonunda yo‘l qo‘yiladigan o‘zini o‘zi himoya qilish usullaridan foydalanganlik uchun ta’qib etish taqiqlanadi.
533-modda. O‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilish
Quyidagilar o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilishdir:
ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilmagan hollarda xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishni bila turib rad etishi;
ushbu Kodeks 531-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda xodimning mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishni ish beruvchini bu haqda xabardor qilmasdan rad etishi;
o‘zini o‘zi himoya qilishiga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ham xodim o‘zini o‘zi himoya qilishni to‘xtatishni rad etishi.
O‘zini o‘zi himoya qilish huquqini suiiste’mol qilish xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin. O‘zini o‘zi himoya qilish huquqining suiiste’mol qilinishi ish beruvchiga haqiqatda to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda ushbu zararning o‘rnini qoplash majburiyati xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
33-bob. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat va tekshiruv
1-§. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi
534-modda. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning, shuningdek boshqa qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari o‘z vakolatlari doirasida “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi.
Faoliyatning ayrim sohalarida ishlarni bexatar olib borish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi (davlat energetika nazorati, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, sanoat, yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va hokazolar) vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan idoraviy nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |