111-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi
Agar muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan bo‘lsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir.
Agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bo‘lajak ishning xususiyatini yoki uni bajarish shartlarini hisobga olgan holda nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 112-moddasiga muvofiq muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.
Ushbu Kodeksning 113-moddasida nazarda tutilgan hollarda muddatli mehnat shartnomasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bo‘yicha bo‘lajak ishning xususiyatini va uni bajarish shartlarini hisobga olmasdan tuzilishi mumkin.
Belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud bo‘lmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Muddatli shartnomani tuzish sabablari bo‘lib xizmat qilgan holatlarga o‘rin qolmagan taqdirda, shuningdek yuz berishi mehnat shartnomasi muddatining tugashi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa sodir bo‘lganiga uch yildan oshgan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz belgilangan muddatga qayta tuzilishi mumkin emas.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, muddatli mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin, ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda taraflar uning amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda muddatli mehnat shartnomasining jami muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar muddatli mehnat shartnomasining umumiy muddati u uzaytirilishidan oldin va keyin besh yildan oshgan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
O‘zi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar uchun nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |