Tuproqlar eroziyasi va unga qarshi kurash


Download 19.25 Kb.
Sana06.04.2023
Hajmi19.25 Kb.
#1329938
Bog'liq
Tuproqlar eroziyasi va unga qarshi kurash


TUPROQLAR EROZIYASI VA UNGA QARSHI KURASH
QURBONOV FURQAT CHORI O’G’LI


Tabiiy fanlar fakulteti tuproqshunoslik ta’lim yo’nalishi 2-kurs
Ilmiy rahbar: Almatov B.


Annostatsiya: ushbu maqola tuproqlarni eroziyaga uchrash sabablarini o’rganish va uning oldini olish chora tadbirlarini ishlab chiqish hamda tuproqlaning umumiy xossalarini yaxshilab va ularning unumdorligini oshirib, qishloq xo’jaligi ekinlaridan yuqori va sifatli mahsulotlar olishdir.
Kalit so’zlar: suv eroziyasi, shamol eroziyasi, o’yilish, yuza yuvilish, irrigatsion eroziya, jarliklar, nishablik, agrotexnik tadbirlar.
Eroziya (lotincha eroslo – o’yilish, kemirish) suv va shamol ta’sirida tuproqning yemirilish jarayonidir. Tuproqning suv ta’sirida yemirilishiga suv eroziyasi, shamol natijasida yemirilib, uchirilib ketilishiga esa shamol eroziyasi yoki deflyatsiya deyiladi.
Suv eroziyasi ham ikkiga: yoppasiga yuvilish yoki yuza eroziya va uzunasiga ro’y beradigan yoki jarlik eroziyasiga bo’linadi. Shuningdek, oqar suvlarning ta’siriga qarab suv eroziyasi yuza oqar suvlar (qor, yomg’ir suvlari) ta’sirida ro’y beradigan eroziya va sug’orish suvlari natijasida yuzaga keladigan irrigatsion eroziyaga ajratiladi.
Yoppasiga yuvilish (yuza eroziya) ko’proq tarqlgan bo’lib, tuproqning yuqori gorizontlari yonbag’irlar bo’ylab oqadigan suvlar ta’sirida yuvilib yuzaga keladi. Oqar suvlar ta’sirida tuproq qalinligi kamayadi, tuproqning unumdor qismidagi turli o’lchamdagi zarrachalar bilan birga oziq moddalar ham yuvilib nishabligi kam va tekis maydonlarga olib borib yotqiziladi. Yuvilgan joylarda ekinlar hosili keskin kamayadi, yuvilib keltirilgan yotqiziqli yerlarda esa o’simlik g’ovlab o’sadi va hosil pishib yetilmaydi hamda hosil nisbatan ozroq bo’ladi.
Uzunasiga bo’ladigan yoki jarlanish eroziyasi yonbag’irlarda kelayotgan kuchli suv oqimlari ta’sirida tuproqning chuqurlatib, o’yilib yuvilishi natijasida hosil bo’ladi. Uzunasiga ro’y beradigan eroziya tuproqlarni to’liq rvishda yemirib yuboradi. Jarliklar bo’lgan maydonlar qishloq xo’jaligi uchun mutlaqo yaroqsiz holga o’tadi. Eroziya rivojlanish tezligiga ko’ra geologik (normal) va tezlashgan eroziya turlariga ajratiladi.
Geologik eroziya o’simliklar bilan qoplangan tuproq yuzasidan zarrachalarning asta sekin yuvilish jarayoni bo’lib, bunda tuproq paydo bo’lishi davomida yuvilgan tuproq qatlamlari qayta tiklanadi.
Tezlashgan eroziya insonlarning aktiv faoliyati bilan bog’liq bo’lib, tuproq yuzasidagi o’simliklar yo’qotilib yuborilganda va yerdan noto’g’ri foydalanilganda yuzaga keladi (antropogen eroziya). Bunda eroziya jadalligi keskin kuchayib, yo’qotilgan tuproq qatlamlari qayta tiklanmaydi.
Irrigatsion (sug’orilma) eroziya. Tuproqning irrigatsion eroziyasi asosan nishab yerlarda ekinlarni ko’p suv oqizib sug’orish sababli yuzaga keladi. Maydon nishabligi 2-3o bo’lganda tuproq yuzasini suv yuvib keta boshlaydi. O’zbekiston tuproqshunoslarining ma’lumotlariga ko’ra, qiya maydonlarda bir martta egatlab sug’orilganda suv oqizib ketadigan tuproq gektariga 22-50 tonnaga, o’ta qiyaliklarda esa 690 tonnaga yetadi. Bir yilda har gektardan o’rtacha 100 tonna tuproqning yuvilib ketishi 100 kg azot va 115 kg fosfor yo’qolishi demakdir. Irrigatsion eroziya oqibatida tuproqning suv-fizik, agrokimyoviy va mikrobiologik xossalari keskin yomonlashadi, unumdorligi pasayadi, ekinlarning hosildorligi va sifati pasayib, urug’larining unub chiqishi sekinlashadi.
Shamol eroziyasi (deflyatsiya) nam yetarli bo’lmagan qurg’oqchil hududlarda ayniqsa cho’l va chala cho’llar zonalarida kuzatiladi. Shamol eroziyasi ntijasida qishloq xo’jaligi katta zarar ko’radi. Shamol ta’sirida tuproqning 2,5 sm qatlami uchirib olib ketilganda ham har bir gektar maydondan 100-450 kg azot, 100-200 kg fosfor , 3,5 t ga qadar kaliy va 15 tonnagacha gumus yo’qotiladi.
Tuproqning eroziyalanish jarayonlarini o’rganish va unga qarshi kurashning kompleks tadbirlari ishlab chiqilgan. Bu tadbirlar tashkiliy-xo’jalik, agrotexnika, o’rmon-melioratsiya, va gidrotexnika gruppalariga bo’linadi.
Tashkiliy-xo’jalik tadbirlari eroziyaga qarshi kurashning asoslangan rejalarini tuzish va uni amalda bajarishga qaratilgan. Unda alohida maydonlarning eroziyalanish darajasini aks ettiradigan tuproq karta va kartogrammalari kabi materiallarni tuzush muhim rol o’ynaydi.
Agrotexnika tadbirlari-tuproqlarni eroziyadan himoyalash imkonini beradigan ko’p yillik o’tlar va bir yillik ekinlardan foydalanish, yerni ishlashning maqbul usulini qo’llanish tadbirlaridan foydalanish, shuningdek tuproq unumdorligini oshirishning agrokimyoviy vositalaridan foydalanish singarilaridan tashkil topgan.
Eroziyaning oldini olish va unga qarshi kurashda o’rmon melioratsiya va gidrotexnika tadbirlarining kompleks usullari yaxshi samara beradi.
Xulosa qilib aytganda tuproqlarni eroziyadan saqlashda tuproq tarkibida mahalliy va organic o’g’itlar miqdorini oshirish, agrotexnik tadbirlarni to’g’ri joriy etish, ayniqsa sug’orish tizimiga katta e’tibor berish, dalalar atrofida ixotazorlarni barpo etish va boshqa tadbirlarni amalda joriy etish kerak bo’ladi. Bundan tashqari tuproqni eroziyadan saqlashda o’simliklar qoplami nihoyatta katta ahamiyatga ega. Tuproq yuzasida o’simliklar qanchalik yaxshi rivojlansa, eroziya shuncha kam bo’ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati

  1. M. Bahodirov A. Rasulov Tuproqshunoslik Toshkent 1975-yil

  2. I. Boboxo’jayev, P. Uzoqov Tuproqshunoslik Toshkent 1995-yil

Download 19.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling