Қуйи амударё округи
II.BOB. QUYI AMUDARYO IQLIMI VA SHAROITI
Download 251 Kb.
|
MAVZU QUYI AMUDARYO IQTISODIY-GEOGRAFIK RAYONI.
II.BOB. QUYI AMUDARYO IQLIMI VA SHAROITI.
2.1. Quyi Amudaryoda shamolning kuchi va yo`nalishi. Mustaqil O`zbekiston milliy iqtisodiyotini mustahkamlashda uning geosiyosiy tizimining uzviy qismi bo`lgan har bir mintaqaning o`ziga xos munosib o`rni bor. Shu jihatdan Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni ham respublika miqyosidagi hududiy mehnat taqsimotida sanoat va qishloq xo`jaligining ba`zi tarmoqlariga ixtsoslashuvi asosida alohida ajralib turadi. Mintaqa Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidan tarkib topadi. Maydoni bo`yicha O`zbekiston hududida ajratilgan 6 ta asosiy iqtisodiy rayonning (Soliyev, 1998) eng yirigi hisoblanadi. Uning maydoni 172,6 ming kv. km. yoki respublika hududining 38,4 foizini ishg`ol qiladi. Ammo mintaqaning deografik sig`imi uncha katta emas – bu yerda 3060,5 ming kishi yashaydi (jami mamlakat aholisining atigi 11,5 foizi, 2007 yil). Rayonning geografik o`rni uning ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish yo`nalishini ko`p jihatdan belgilab beradi. Eng avvalo bu o`rinning muhim iqtisodiy geografik xususiyatlarini e`tiborga olish lozim. Birinchidan, Quyi Amudaryo O`zbekiston Respublikasining shimoli – g`arbiy chekkasida, mamlakatimizning asosiy markazlaridan uzoqda joylashgan. Demak, uzoqda, ayni vaqtda respublikamizning chet davlatlarga chiqish va unga xorijdan kirish qismlaridan birida o`rnashgan. Mintaqaning geografik jihatdan uzoqdaligi va, binobarin, transport harajatlarining ko`pligi uning: Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning mumkin qadar kompleks tashkil etilishini, uzoqda joylashganlik esa ma`lum ma`noda iqtisodiy jihatdan mustaqil rivojlanishini; Respublika mehnat taqsimoti doirasida bozorga mo`ljallangan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuvini; Mamlakatimiz uchun muhim, noyob va strategik ahamiyatga ega bo`lgan tarmoqlarning rivojlanishini taqozo etadi. Ikkinchidan, Quyi Amudaryo mintaqasining mamlakatimizning chekkasida, xorijiy davlatlarga chiqish (kirish) nuqtasida joylashganligi: Uning tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanishga; Xalqaro bozorga mo`ljallangan eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqishga; Chegaraning bog`lovchi (kontakt) salohiyatidan foydalanib, erkin iqtisodiy mintaqalarning turli yo`nalishlarini shakllantirishga qulay sharoitlar yaratadi. Shu bilan birga rayon o`z nomi bilan O`rta Osiyoning tarixiy geografik rivojlanishida katta ahamiyat kasb etgan Amudaryo (Oks)-ning quyi qismida joylashganligini ham nazardan qochirmaslik kerak. Bir vaqtlar, ya`ni daryo sivilizatsiya va sug`orma dehqonchilik madaniyatining rivoj topgan davrida bu gidrografik omil hozirgi rayon hududini, xususan qadimiy Xorazmni chindan ham azimu-aziz, mashhur qilgan, uni jahonning savdo va fan taraqqiyotining markazlaridan biriga aylantirgan. Shu o`rinda e`tirof etish joizki, agar Misr o`zining tarixiy olamshumul ahamiyati bilan naqadar Nil daryosiga bog`liq bo`lgan bo`lsa, Xorazm (bu yerda u hozirgi ma`muriy viloyat mao`munida emas, keng, tarixiy-geografik ma`noda) ham shunchalik Oks daryosidan minnatdor bo`lgan. Bir yunon faylasufi Misrni Nilning tuhfasi deb ta`riflagan, biz ham Xorazmni Oksning sovg`asi, deb atashimiz mumkin. Biroq, ko`rilayotgan mintaqa haqiqatdan ham hozirgi kunda Quyi Amudaryo, ya`ni Amudaryoning quyilish qismida ekanligi katta biroz shubhali ko`rinadi. Birinchidan, bu daryo deyarli quyilmayapti, Orol dengizi undan “qochayapti”; ikkinchidan, rayonning katta qismi, xususan Ustyurt va o`ng sohilda joylashgan hududlarga daryoning ta`siri yo`q darajada, ammo ularga qurib, tobora chekinib borayotgan Orolning ekologik ta`siri kuchaymoqda. Shu jihatdan rayonning aynan Orolbo`yida va uning ta`sir doirasida joylashganligi bu hududning rivojlanish strategiyasini aniqlashda, tutash davlatlarning mintaqaviy siyosatini amalga oshirishda, ayniqsa ijtimoiy manfaatlarga yo`naltirilgan iqtisodiyotni rivojlan-tirishda, ekologik infratuzilmani shakllantirishda hisobga olishni zarur qilib qo`yadi. Demak, uzoq tarixiy jarayonda qaralganda, mintaqaning gullab yashnashi ham, uning hozirgi holati ham ko`p jihatdan Amudaryoga bog`liq bo`lgan. Shu bois, uni “Quyi Amudaryo rayoni” deb atash har tomonlama to`g`ridir. Ayni chog`da qo`hna qadimiy Xorazm –Quyi Amudaryo vohasi va unga tutash hududlarning tili, madaniyati, mentalitetining ma`lum darajada saqlanib qolganligi ham qisman uning geografik o`rni bilan izohlanadi. Vohaning bepoyon cho`l hududlari bilan o`ralganligi, boshqa voha va vodiylardan uzoqda, alohida joylashganligi o`tmishda uni harbiy – strategik mazmun kasb etgan. Hozirgi kunda Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega emas: uning hissasiga O`zbekistonda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning 6,3 foizi, sanoat mahsulotining 9,9 foizi to`g`ri keladi (taqqoslash uchun: rayonning mamlakat aholisidagi hissasi 11,5 foizga teng). Quyi Amudaryoning tashqi iqtisodiy faoliyati ham sust: u mamlakat tashqi savdo aylanmasining bor – yo`g`i 2,2 foizini, shu jumladan eksportining 2,9 va importining 1,1 foizini ta`minlaydi, xolos (2006 y.). Bu yerda yerda qulay investitsiya makoni endigina shakllanmoqda. Binobarin, qo`shma korxonalar soni ham uncha ko`p emas, rayonda mustahkam yoqilg`i – energetika va qurilish bazasi ham shakllanmagan va h.k. Jahon mamlakatlarida mintaqalar ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tajribasi nuqtai nazaridan Quyi Amudaryo rayoni sust rivojlangan hudud hisoblanadi. Shu bilan birga uni depressiv va muammoli rayonlar qatoriga qo`shish ham mumkin. Mintaqaning hozirgi depressiv vaziyati uning qachonlardir rivojlanganligi va bugungi sharoitda shunday vaziyatga tushib qolganligini anglatsa, muammolari rayon ekanligi uning o`z muammolarini o`zi hal qilaolmasligi va bu borada davlat tomonidan uning mintaqaviy siyosati doirasida qo`llab – quvvatlanishi va “homiy” (donor) mintaqalarning ko`magini nazarda tutadi. Ta`kidlash lozimki, mintaqaning mavjud holati, ko`p jihatdan sobiq Ittifoq iqtisodiy siyosatining natijasidir. Ijtimoiy va ekologik manfaatlarni e`tiborsiz qoldirib, paxta yakka hokimligini sug`orma dehqonchilik maydonlarini kengaytirish asosida rivojlantirish, suvdan xo`jasizlarcha isrofli foydalanish respublikamizda va, xususan ko`rilayotgan hududda qator muammolarning keskinlashuviga olib keldi. Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so`ng mintaqalar ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga, jumladan Quyi Amudaryo rayonida xo`jalikning turli tarmoqlarini rivojlantirishga katta ahamiyat berdi. Ayniqsa, mamlakatimizning transport havfsizligini ta`minlash maqsadida Quyi Amudaryoni respublikamizning ichki hududlari bilan bevosita temir yo`l orqali bog`lanishi hamda Orolbo`yi mintaqasida ijtimoiy – ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora – tadbirlarning amalga oshirilishi diqqatga sazovordir. Iqtisodiy rayon, umuman olganda, ma`lum darajada o`zining mineral xom – ashyo va mehnat salohiyatiga ega. Biroq, bu imkoniyatlar ichki jihatdan uning turli qismlarida bir xil emas. Eng avvalo mintaqaning ikki, bir – biridan katta farqlanuvchi hududlaridan iborat ekanligini ta`kidlash joiz. Bu borada Qoraqalpog`iston Respublikasi faqat maydoni bo`yicha O`zbekistonda birinchi, qolgan barcha sohalarda eng oxirgi o`rinda yoki oxiridan birinchi. Masalan, jon boshiga hisoblaganda, yalpi ichki mahsulot, sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda, tashqi savdo aylanmasida, chakana savdo va aholiga pulli xizmat ko`rsatishda u respublika o`rtacha ko`rsatkichda 3 – 4 va hatto 7 – 8 marta (tashqi savdo hajmi bo`yicha) orqada. Lekin, Qoraqalpog`iston Xorazm viloyatidan o`zining qazilma boyliklari, xususan tog` – kon, kimyo xom ashyosi hamda kelajakda aniqlanishi kutilayotgan neft – gaz konlariga boy va bu imkoniyatlar uning iqtisodiy rivojlanishining muhim omili bo`lib xizmat qilishi bilan ajralib turadi. Qurilishi tugatilgan Qo`ng`irot soda zavodi, Ustyurt platosida olib borilayotgan geologik qidiruv ishlar, Chimboy – Taxtako`pir hududidagi turli xil tuz konlaridan foydalanish, transport va ijtimoiy infratuzilma tizimini yaratish bu borada katta ahamiyatga ega bo`ladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi ma`mu-riy jihatdan 14 ta qishloq tumanlaridan iborat. Ammo, ularning “zichligi” juda past va tumanlar o`zlarining hudud ko`lami bo`yicha bir – biridan katta farq qiladi. Masalan, eng katta Qo`ng`irot (76,0 ming kv. km) va eng kichik Shumanay (0,63 ming kv. km) tumani o`rtasidagi farq yoki hududning “geografiylik” koeffitsiyenti 120,6 ga teng. Agar Qo`ng`irot, Mo`ynoq (37,0 ming kv. km) va Taxtako`pir (21,1 ming kv. km) tumanlarini birga hisoblasak, unda ana shu 3 tumanga Qoraqalpog`iston hududining 80,2 foizi, butun O`zbekiston Respublikasi maydonining yaqin 30 foizi to`g`ri kelishining guvohi bo`lamiz. Vaholanki, bu yerda mintaqaning 11,5 va mamlakatning 0,7 foiz aholisi to`g`ri keladi, xolos. Demografik salohiyati bo`yicha eng katta Taxtako`pir tumani (167,3 ming kishi), eng kichigi Mo`ynoq (28,4 ming kishi); ular o`rtasidagi farq 5,9 martaga barobar. Qator qishloq tumanlarida, masalan, Mo`ynoq, Qorao`zak, Qonliko`l, Nukus, Taxtako`pir va Shumanay tumanlarinig har birida aholi soni 50 ming kishiga yetmaydi. Qoraqalpog`istonning umumiy urbani-zatsiya darajasi, turli obyektiv va subyektiv sabablarga ko`ra, nisbatan yuqori. Bu yerda mavjud 12 ta shahar va 15 ta shaharchalarda 767,5 ming kishi yoki jami aholining 48,5 foizi yashaydi; o`rtacha har bir shahar tipidagi manzilgohga 28,4 ming kishidan to`g`ri keladi (mamlakat bo`yicha bu ko`rsatkich 41,1 ming kishiga teng, 2007 y.). Aksariyat shahar va shaharchalar tuman ma`muriy markazi vazifasini bajaradi. Ammo ularning bu xususdagi salohiyati turlicha: Xo`jayli, Chimboy va Mo`ynoq tumanlarining markazlarida jami aholining deyarli yarmi, To`rtko`l va Beruniyda taxminan uning 1/3 qismi yashasa, Ellikqa`la tumanining markazi – Bo`stonda mazkur tuman aholisining 11,3 foizi to`g`ri keladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi poytaxti – Nukus shahrida, 2007 yil ma`lumotlariga ko`ra, 259,3 ming, Beruniyda 55,5, To`rtko`lda 52,1 kishi yashaydi. Ayni vaqtda Qubla Ustyurtda va Qo`ng`irot soda zavodi quruvchilarining shaharchasi – Elobodda, 0,8 va 0,6 ming kishidan aholi bor. Qoraqalpog`istonning shaharlar tizimida Nukus aglomeratsiyasi keskin ajralib turadi. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayonida Xorazm viloyati ko`p jihatdan Qoraqalpog`istonning aksi hisoblanadi. Chunonchi, uning maydoni juda kichik (bu borada, u Sirdaryo va Andijon viloyatlaridan oldinda, xolos), aholi esa o`ta zich (1 kv. kmga 242,3 kishi, Qoraqalpog`istonda 9,5 va O`zbekiston Respublikasida o`rtacha – 59,4 kishi). Viloyatda mineral xom ashyo zahiralari yo`q darajada, shu bois bu yerda og`ir sanoat tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatlari juda cheklangan. Biroq, bu yerda mehnat resurslari ko`p bo`lib, ular mehnat sig`imi yuqori bo`lgan yengil va og`ir sanoat hamda sug`orma dehqonchilik tarmoqlarini rivojlantirshga qulay sharoit yaratadi. Xorazm viloyatida “iqtisodiy zichlik” ham ancha yuqori. Masalan, uning hissasi respublika umumiy maydonining 1,3 foizga teng bo`lgan holda, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3,6, shu jumladan qishloq xo`jalik mahsulotining 6,5 foizi shu hududda yaratiladi. Aytish mumkinki, bu yerda intensiv darajada rivojlanayotgan agroiqtisodiyot majmuasi mavjud. Ammo iqtisodiy – demografik taxlil Xorazm viloyatida aholi jon boshiga to`g`ri keladigan nisbiy ko`rsatkichlarning ancha pastligidan dalolat beradi. Chunonchi, qishloq xo`jaligi mahsulotlaridan tashqari, qolgan barcha ko`rsatkichlar respublika o`rtacha darajadan 2 – 4 marta past. Yalpi ichki mahsulot, sanoat ishlab chiqarishi, tashqi savdo kabilarda viloyat O`zbekiston mintaqalari orasida o`rtachaga yaqin mavqeda turadi. Uning hissasiga respublika tashqi savdo aylanmasining 1,4, eksportining 1,9 va importining 0,6 foizi to`g`ri keladi, xolos; investitsiya hajmi bo`yicha esa bu ko`rsatkich 2,9 foizga teng (2006 y.). Xorazm viloyati sanoati ko`p tarmoqli emas; 2006 yil yakunlari bo`yicha jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotining 52,8 foizi .yengil sanoat zimmasiga tushadi. Qoraqalpog`istonda ushbu sanoat tarmog`ining ulushi 34,8 va O`zbekiston Respublikasida o`rtacha 14,6 foiz. Viloyat aholisi boshqa mintaqalarga qaraganda biroz tezroq o`smoqda. Bu asosan tug`ilish koeffitsiyentining nisbatan yuqorilagan (22,4‰, O`zbekiston Respublikasi – 20,7‰, Qoraqalpog`iston Respublikasida – 21,7‰) va ayni vaqtda tashqi migratsiya salbiy qoldig`ining birmuncha kamligi bilan tavsiflanadi. Jumladan, 2006 yilda mamlakatimizda tashqi migratsiya qoldig`i minus 65,5 ming kishi (2005 yilda 101,6 m. K.) bo`lgan holda, ushbu ko`rsatkich Xorazmda minus 2,5 ming kishini tashkil etgan. Qo`shni Qoraqalpog`iston esa bu borada ancha “faol” – u ruspublika salbiy migratsiya qoldig`ining deyarli ¼ qismini ta`minlaydi. Viloyatda, Qoraqalpog`istonda bo`lga-nidek, ekologik omillar ta`sirida nozogeografik vaziyat ham uncha sog`lom emas. Bu yerda aholining kasallanishi (birinchi marta tashxis asosida qayd qilingan bemorlar) har 10 ming kishiga hisoblaganda, Xorazmda 2006 yilda 6009 kishi bo`lgan. Ushbu ko`rsatkich Qoraqalpog`istonda 4448 va mamlakatda o`rtacha 4736 kishini tashkil qiladi. Bir yoshgacha bo`lgan go`daklar o`limi shu yilda Qoraqalpog`istonda 17,1, Xorazm viloyatida 16,9 promille, respublikada o`rtacha 14,5‰ ga teng bo`lgan. Geografik jihatdan Xorazm viloyatining o`ziga xos tomoni shundaki, u ichki tafovutlarga boy emas. Bu ham bo`lsa viloyat maydonining (kichik o`ng sohilini hisobga olmaganda) bir tekis o`zlashtirilganligi bilan bog`liq. Shu bois, mavjud 10 ta qishloq tumanlari o`zlarining maydoni va aholisining soni bo`yicha katta farq qilmaydi. Xazorasp va Xiva tumanlarida, mos holda, 196 va 186 ming kishidan aholi yashaydi, faqat Yangiariq va Yangibozor tumanlari aholisi 100 ming kishidan kam (87,6 va 67,7 ming kishi). Xorazm viloyati umumiy urbanizatsiya darajasi bo`yicha ham Qoraqalpog`is-tonning aksi: bu yerda faqat 3 ta shahar (shaharlar soniga ko`ra O`zbekistonda eng oxirgi o`rinda) va 7 ta shaharcha mavjud bo`lib, ularda 324,6 ming kishi yoki viloyat jami aholisinigg 22foizi yashaydi (O`zbekistonda 35,9 %). Viloyat iqtisodiy geografik makonining asosini Xorazm “ichki xalqasi” Urganch – Xonqa – Xazorasp – Bog`ot – Yangiariq – Xiva – Qo`shko`pir – Shovot – Gurlan – Yangibozor – Urganch tashkil qiladi. Albatta, mintaqaning urbanistik tarkibida Urganch (135,2 ming kishi) va Xiva (52,4 ming kishi) shaharlari birmuncha ajralib turadi. Shunday qilib, Qoraqalpog`iston Res-publikasi va Xorazm viloyati o`zaro qator ko`rsatkichlari bo`yicha ancha farq qilsada, ular ayni vaqtda bir-birini to`ldirishadi. Chunki, hududning yuqoridagi ta`kidlangan geografik o`rnidagi xususiyatlari ham ushbu ma`muriy birliklarni iqtisodiy jihatdan aloqadorlikda rivojlanishini talab qiladi. Yagona iqtisodiy mintaqani shakllantirish imkon doirasida o`zaro ichki integratsiya jarayonlarini rivojlantirishni tabiiy holda taqozo etadi. Ushbu hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy strategik yo`nalishlarini umumiyligi esa ko`p jihatdan uning iqtisodiy geografik va geosiyosiy o`rni hamda demografik va geoekologik vaziyatining xususiyatlariga asoslanadi. Download 251 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling