9-asrda Arab xalifaligi kuchayib, uning poytaxti Bag’dod ulkan iqtisodiy-ijtimoiy markazga aylandi va bu yerga ilm ahli oqib kela boshladi. Al Hajjoj ibn Matar al Kufiy, Abu Zakariyya Yahyo ibn al Bitrik, Huaayn ibn Ishoq, Qusta ibn Luqo al Baalbakiy va boshqa yunon olimlarining asarlarini, Muhammad al Fazariy, Ya’qub ibn Tariq va boshqa olimlar hind tilidagi kitoblarni arab tiliga tarjima qila boshladilar, arab tilida dastlabki sharxlar bitildi. Lekin fan yangi marralarni egallashi uchun uni yangi rivojlanish bosqichiga ko’tarish lozim edi. Fan tarixchisi Adam Mets iborasi bilan „Musulmon renessansi“ deb atalgan fan tarixidagi bu hodisa birinchi navbatda Xorazmiy nomi va ilmiy jasorati bilan bog’liq. Xorazmiy Bag’dodda yunon fanining yutuqlarini o’rganadi, hind va eron manbalari, hatto bevosita Bobildan kelgan ayrim faktlar hamda xitoy manbalari bilan ham tanishadi, ularni o’zining muhim kashfiyotlari bilan boyitadi va fan tarixida abadiy iz qoldirgan fundamental asarlar yaratadi. Shuning uchun Xorazmiy o’zigacha mavjud bo’lgan sivilizatsiya merosini sintez qilib, boyitib jahonga yoygan fan dahosi hisoblanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |