Ulugʻbek Hamdam ijodida shaboda obrazi Muallif: Otaxonova Zubayda Muzaffar qizi Annatatsiya


Download 14.73 Kb.
bet1/2
Sana13.01.2023
Hajmi14.73 Kb.
#1089992
  1   2
Bog'liq
Maqola


Ulugʻbek Hamdam ijodida shaboda obrazi
Muallif: Otaxonova Zubayda Muzaffar qizi


Annatatsiya: Maqolada Ulugʻbek Hamdam ijodidagi peyzaj tasvirlari haqida fikr yuritilib, shaboda obraziga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Shaboda obrazining inson his-tuygʻulariga taʼsiri tahlil qilingan.
Annotation: The article focuses on landscape imagery in the works of Ulugbek Hamdam, with a special emphasis on the image of the wind. The effect of Breeze's image on human emotions is analyzed.


Kalit soʻzlar: shaboda obrazi, shamol, tabiat tasviri, poetik sanʼat, oʻxshatish, kuzgi shaboda.

Haqiqiy sheʼriyatning oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u ajoyib tuygʻular, fikr-mulohazalar rishtasi bilan zamonlarni, qalblarni bir-biriga bogʻlab qoʻyadi.1 Sheʼriyat inson va tabiat oʻrtasida uygʻunlikni, bir butunlikni yuzaga chiqarish xususiyatiga ham ega. Oʻzbek sheʼriyatida XX asrning boshlarida tabiat tasviriga bagʻishlangan sheʼrlar Oybek, Choʻlpon, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi ijodkorlar ijodida salmoqli oʻrinni egallagan boʻlsa, bugungi kun sheʼriyatida ham shoirlar ijodida bu turdagi sheʼrlar koʻpgina uchraydi. Bugungi kun sheʼrlaridagi tabiat tasviri orqali inson va u bilan bogʻliq tuygʻularga ishora qilinishi, tag maʼnoga ega ekanligi bilan ham qimmatli.


"Poetik sanʼatning kelib chiqishiga ochiq-oydin ikkita sabab boʻlib, ikkalasi ham tabiiydir. Birinchidan, taqlid, oʻxshatish insonga bolalikdan xos boʻlgan xususiyatdir. Inson boshqa jonli mavjudotlardan oʻxshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farq qiladi, xatto, ilk bilimlarini u oʻxshatishdan oladi va bu jarayon samaralari hammaga huzur bagʻishlaydi".2 Shoir Ulugʻbek Hamdam ijodida ham ana shunday kishiga huzur bagʻishlaydigan goʻzal oʻxshatishlar vositasida tasvirlangan manzaralarga guvoh boʻlishimiz mumkin.
Adabiyotimizda azaldan tabiat xodisalari, xususan, shamol, shaboda obrazlari juda faol. Biz shaboda obrazini shoir ijodida ham turli ijodiy maqsad yuzasidan, maʼlum kayfiyat va hissiyot tashish uchun foydalanilganini koʻrishimiz mumkin. Shoir bu obrazdan yaxlit bir sheʼr yasaydi. Quyidagi sheʼrda shoirda bahoriy shabodaning xonasiga kirishi, pardalarni tebratib, yuzlarini silashi "qoʻrquv" uygʻotadi. Shoir qoʻrquvining boisi esa bu mayin esgan shamol oshiq dilidagi yor sogʻinchini yana ham alanga oldirishi va yuragi bu sogʻinchni koʻtarolmasligi xavfidir. Shularni oʻylagan shoir derazani yopib qoʻya qoladi:
Men esa... Men asta turaman-u jim,
Yopaman!..
Soʻng darhol ketaman bundan.
Chunki, sevib qolgan xasta yuragim
Koʻtarolmas deya qoʻrqaman juda...3
Shoir yuqoridagi misralar orqali bahor goʻzalligini, bahor shabodaning mayin va oʻynoqi tabiatini mshuqa bilan mohirona tarzda uygʻunlashtiradi. Yana aytish mumkinki, oshiq qoʻrquviga sabab boʻlgan yana bir jihat ham mavjud boʻlishi mumkin. Shamol, shaboda obrazlaridan azaldan adabiyotimizda xabarchi sifatida ham keng foydalaniladi. Demak, oshiq qoʻrqayotgan yana bir jihat shamol yoridan keltirishi mumkin boʻlgan, oshiqning xasta yuragi koʻtarolmaydigan xabar! Umuman olganda, shoir bizga oshiqning yurak iztiroblarini mavhumligicha qoldirib, mulohaza yuritish va xulosa chiqarishni oʻzimizga qoldiradi.
Shoirning shaboda tasviri oʻrin olgan yana bir sheʼrida tasvirlanib, murojaat qilinadigan shaboda– kuzgi shaboda.
Avvalgi oʻrinda shaboda yor sogʻinchini keltirgan boʻlsa, bu safar u "arimas bir gʻamni" olib kelganligini aytiladi. Sheʼrda shoir toʻgʻridan toʻgʻri kuzgi shabodaga murojaat qiladi, uni soʻroqqa tutadi. Bu oʻrinda tasvirlanayotgan gʻam esa umrning oʻtkinchiligini anglash qaygʻusidir. Shoir koʻziga shabboda kuzning tabiatidan kelib chiqqan holda "maʼyus chehrali" boʻlib koʻrinadi va bu chehra unga umr oʻtkinchiligi, vaqt oldida har kimning ojiz ekanini, bu borada hech kimdan ustunligi yoʻqligini eslatadi.
Sening maʼyus chehrang koʻrganda bir qur,
Bildimki, hech kimdan emasman ortiq.4
Kuzning umr oʻtishi, oʻtmishni esga solishini shoir ijodidagi yana bir sheʼrda koʻrishimiz mumkin:
kuz kelyapti
kuz
hali zamon
sarin shabodalar esa boshlaydi.5
Shoir kuzda boʻladigan oʻzgarishlarni bayon qilib, yomgʻir yogʻishini muzlagan keksa olamning ustidan muzdek suv sepilishiga qiyoslaydi. Va sheʼrni shunday tugallaydi:
...hali biz hammamiz soviy boshlaymiz
mushohada qilib qaynoq oʻtmishni.6

"Sheʼr– isteʼdod mahsuli, koʻngil mulki. Olamni shoirona idrok etolmaydigan, uning boshqalarga nomaʼlum jihatlarini koʻra olmaydigan kishi shoir boʻlolmaydi. Oʻqib shoir boʻlish mumkin emas. U– qismat. Shoir boʻlmaslikning uddasidan chiqolmaydiganlar qismati. Shoir hamisha nimadandir norozi, nimadandir hayajonda. Olamni boridan goʻzalroq, odamlarni hozirgisidan komilroq koʻrish istagi shoirni doim bezovta qiladi".7 Ulugʻbek Hamdamning "Shabodalar esadi..." nomli sheʼrida ham ayni shunday asl ijodkorning nigohini koʻramiz. Bu sheʼrda shoir shaboda obraziga yana ham koʻproq yuk yuklay oladi. Uni sheʼr boshlanishidanoq bilishimiz mumkin:


Shabodalar esdi gʻir-gʻir,
Yuragimga ignalar sanchib.8
Shoir shabodalar esishini kunlar, yillar oʻtishi timsolida beradi. Demak, oʻtgan har bir kun, yil uning yuragiga ignalar sanchmoqda. Sheʼrda yana bir hayotiy haqiqatga duch kelamiz:
Oʻtayotgan kunmas, yil emas, doʻstim.
Oʻtayotgan oʻzimman, oʻzim...
Shoirning boshqa sheʼrlarida shaboda shu paytgacha oʻtkinchi umrga, xabarchiga qiyoslanayotgan boʻlsa, "Shabodalar esar..." deb boshlanushchi sheʼrida u ilohiy ishqni qalblarga quvuvchi sifatida namoyon boʻladi:
Shabodalar esar ilohiy
Dunyo ishqin koʻnglimdan quvib...
Yonimga kel, qoʻrqayapman, ey!..
Shoir yuqoridagi misralar orqali shamol bajarishi mumkin boʻlgan vazifalarni yana bir pogʻonaga koʻtaradi. Uninga "ilohiylik" baxsh etadi.
"Milliy adabiyotimiz tarixida lirik turdagi asarlar salmoq jihatidan ham, sifat jihatidan ham katta oʻrin tutadi. Lirik turdagi asarlar uchun asosiy narsa tuygʻu va hissiyotga yoʻgʻrilgan hayotiy hikmat ifodasini berishdir". 9 Bu hodisani shoir Ulugʻbek Hamdam ijodidagi shaboda obrazi kiritilgan sheʼrlar vositasida koʻrib chiqdik.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, shoir har bir sheʼrida shaboda obraziga yangi ruh, yangi maʼno yuklay olgan. Uni oʻz his-tuygʻulari bilan uygʻunlashtirib, goʻzal lirik birliklar yarata olgan!



Download 14.73 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling