95-modda. Ish beruvchining tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda xodim sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas.
Xodim vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilgan davrda unga bajarayotgan ishiga qarab, lekin avvalgi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi.
Boshqa ishga o‘tkazish muddatining chegarasi, mehnatga to‘lanadigan haqning aniq miqdorlari, shuningdek ishlab chiqarish zaruriyati deb hisoblanadigan holatlar jamoa shartnomasida ko‘rsatiladi, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
96-modda. Mehnat shartnomasini o‘zgartirishni rasmiylashtirish
Doimiy boshqa ishga o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Boshqa doimiy ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar asos bo‘ladi.
Doimiy boshqa ishga o‘tkazish haqidagi buyruq mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlarning mazmuniga to‘la muvofiq holda chiqariladi va xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.
Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uning muddati ko‘rsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan hamda xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun uning arizasi, homilador ayollarni va ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun esa, — ularning arizasi va tibbiy xulosa asos bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 94, 226 va 227-moddalari.
Xodimni ish beruvchining tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun ishlab chiqarish zaruriyati yoki ishda bekor turib qolish faktining mavjudligi asos bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 95-moddasi.
Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishlar mehnat shartnomasida aks ettirilmaydi.
Mehnat shartlarini o‘zgartirish, shuningdek ish joyini o‘zgartirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini o‘zgartirish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgartishlar asos bo‘ladi.
Mehnat shartnomasida muayyan ish joyi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan hollarda ish joyini o‘zgartirish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgartishlar asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |