Universiteti iqtisodiyot fakulteti jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar


Download 76.4 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi76.4 Kb.
#1053710
Bog'liq
Hoshimxo`jayev Asadbek O`zb eng yangi tarixi


O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O`RTA MAXSUS TA`LIMI, FARG`ONA DAVLAT
UNIVERSITETI

IQTISODIYOT FAKULTETI
JAHON IQTISODIYOTI VA XALQARO IQTISODIY MUNOSABATLAR. 22.142-GURUH
BAJARDI: HOSHIMXO`JAYEV ASADBEK
QABUL QILDI: ELCHIYEVA SHOHISTA
O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li

Reja:


  1. O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li

  2. O’zbek modeli

  3. Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan ishlar

Shuni ta’kidlash lozimki, mustaqillikka erishish davri haqida, eski tuzum inqirozga duchor bo‘lib, sobiq ittifoq parokandalikka yuz tutgan bir paytda mamlakatimizda tobora keskin tus olgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat, o‘zligimizni anglash va toptalgan milliy g‘ururimizni tiklashga qaratilgan intilish kuchayib borgani, Vatanimiz mustaqilligini qo‘lga kiritish qanday sharoitda kechgani haqida yaxlit, yagona va xolis ko‘z bilan qarab baho beradigan jiddiy tahlil-tadqiqot hozirgacha amalda yo‘qligini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston mana shunday tahlikali va murakkab vaziyatda qanday maqsadlarni ko‘zda tutib, qanday amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirganini, bu harakatlarning ilmiy-tarixiy, mantiqiy va qonuniy zamini va omillari, kerak bo‘lsa, istiqlol o‘zbek xalqiga tuhfa tariqasida berilmagani – bularning barchasi haqida har taraflama chuqur yoritib va isbotlab beradigan izlanish va tahlil bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmaganini qayd etishimiz zarur.

Respublikamizning bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘li va oldimizda turgan vazifalarning ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritganda, bu yo‘lni alohida ikki davrga ajratish to‘g‘ri bo‘ladi. Hech shubhasiz, bu davrlarning har biri mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos va o‘ziga mos muhim o‘rin egallaydi.


Bugun 16 yil mobaynida boshimizdan kechirgan kunlar, haftalar, oylarni ana shu nuqtai nazardan baholar ekanmiz, qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, o‘tish davri va milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish bilan bog‘liq birinchi galdagi islohot va o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan dastlabki bosqich – 1991-2000 yillar mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ulkan iz qoldirgan o‘tish davri tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan davr bo‘ldi.

2001 yildan 2007 yilgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich – faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy-gumanitar sohalarni izchil isloh qilishni ta’minlashda g‘oyat muhim rol o‘ynagan davr bo‘ldi.

Biz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik.
Yangi davlat va jamiyat qurishda amalda o‘zini to‘la oqlagan quyidagi besh tamoyil asos qilib olindi:

birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat;

ikkinchidan – davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchi bo‘lishi, ya’ni uning mamlakatni davlatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda yangilashga qaratilgan islohotlarning tashabbuskori bo‘lish vazifasini o‘z zimmasiga olishi;

uchinchidan – qonun ustuvorligi yoki barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi;

to‘rtinchidan – kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor qatlam va guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishi;

beshinchidan – islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, “shok terapeyasi” deb atalgan turli usullardan voz kechish. Boshqacha aytganda, mamlakat inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy yo‘ldan rivojlanishi kerak. Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday inqilobiy yo‘l hamisha xalqqa zulm va zo‘ravonlik, qon to‘kish va talafotlar keltirgan.

Ushbu tamoyillar avvalambor bizning kommunistik mafkuradan butunlay voz kechganimizning yaqqol ifodasi bo‘lib, yigirmanchi asrning 90- yillari boshidagi real hayotni o‘zida yorqin aks ettirdi va mamlakatimizni isloh etish bo‘yicha aniq prinsipial maqsad va vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.

Biz aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda, yangi davlat, yangi jamiyat poydevorini barpo etishga kirishdik. Aynan ana shu tamoyillarni amalga oshirish zarurati tufayli “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan, bugun ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan hayotiy shiorlar paydo bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni isloh etish va yangilashga qaratilgan dasturiy vazifalarni bajarishda biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni saqlashga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga katta e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanadigan zamonaviy demokratik davlat qurishning o‘zini oqlagan jahon tajribasini chuqur o‘rganish va qabul qilish ham diqqatimiz markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rishni talab etdi.

Aziz do‘stlar, birodarlar, o‘sha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga yetadigan bug‘doy va un zaxirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini o‘zimizga bir tasavvur qilaylik.

Tabiiyki, bunday hol avvalo butun sovet tizimiga xos bo‘lgan markazlashtirilgan usulda rejalashtirish va taqsimlashdek illatlarning ta’siri edi. Lekin, eng yomoni, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan xomashyo tayyorlashga yo‘naltirilgani, biryoqlama rivojlanish hisobidan mo‘rt va nochor holga tushib qolgan bo‘lib, iqtisodiyotga, ekologiya va aholi genofondiga halokatli ta’sir o‘tkazadigan paxta yakkahokimligi yurtimizdagi vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan edi. Buning oqibatida ulkan tabiiy, mineral-xomashyo, mehnat va inson salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, respublikamiz sobiq SSSRda aholi turmush darajasi, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivoji bo‘yicha oxirgi o‘rinlardan birida turar edi. Buni aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha 1989 yilda o‘tkazilgan statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.

Boz ustiga, amaldagi sovet puli o‘z qimmatini yo‘qotib bo‘lgan, yangi milliy valutamiz esa hali joriy etilmagan edi. Bunday sharoitda iqtisodiyotning fojiali ravishda inqirozga yuz tutishi va inflatsiyaning o‘ta keskin, hatto yiliga minglab foizga o‘sib ketishini jilovlash favqulodda muhim ahamiyat kasb etar edi. Birinchi galda ilgari shakllangan xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy aloqalarning butunlay uzilishiga barham berish, ommaviy ishsizlikning oldini olish zarur edi.


Ichki va tashqi xavfsizlikni ta’minlash tizimining parchalanishi natijasida jamiyatda huquqiy bo‘shliq vujudga kelgani, millatlar va dinlararo, hududiy va turli guruhlar, urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning avj olib ketish xavfi, radikal kayfiyatlarning ayniqsa yoshlar o‘rtasida kuchayishi g‘oyat jiddiy xatarga aylangan edi. Qisqacha aytganda, tub ildizlari sovet davlatining so‘nggi yillariga borib taqaladigan ichki va tashqi mojarolardan mamlakatimizni asrab qolish talabi o‘ta keskin bo‘lib turar edi.

Bu o‘rinda avvalambor el-yurtimiz boshidan kechirgan 1984-1989 yillardagi mudhish qora kunlarni eslash kifoya, deb o‘ylayman.O‘sha davrda respublikamizda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy ahvol sababli aholining kuchayib borayotgan noroziligining oldini olish va to‘xtatish uchun KPSS Markaziy komiteti qarori bilan O‘zbekistonga yuborilgan, xalq juda topib, “desantchilar” deb atagan guruh tomonidan sodir etilgan qonunsizlik va zo‘ravonlikni ko‘pchilik yaxshi eslaydi.

Bu haqda gapirganda, Quvasoy, Farg‘ona va Qo‘qon, Namangan, Bo‘ka va Parkent, Guliston, Toshkent va O‘shda ro‘y bergan fojiali voqealar odamlarimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatlarni, yurtimizga chet eldagi markazlar tomonidan moliyaviy ta’minlangan va boshqarilgan terrorchi to‘dalar Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlari orqali suqilib kirgan tahlikali kunlarni ham eslashimiz lozim. Agarki ana shu yovuz niyatli kuchlarning qabih va uzoqni ko‘zlagan buzg‘unchilik maqsadlari amalga oshganida bormi, mamlakatimiz fuqarolar urushi olovi ichida qolib ketgan va uning oqibatlari, hech shubhasiz, butun O‘rta Osiyodagi vaziyatni portlatib yuborgan bo‘lur edi.

Respublikada vujudga kelgan bunday o‘ta murakkab va fojiali sharoitda o‘zini yo‘qotmasdan, bosiqlik, chidam va bardosh bilan ish tutish, qat’iy siyosiy irodani namoyon etish, mamlakatni chuqur tanazzuldan olib chiqishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan edi.

Biz siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot, davlat va jamiyat qurish strategiyasini barpo etishda xalqimizning tarixan shakllangan milliy va madaniy o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan, mamlakatimizning mavjud tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va insoniy salohiyatini xolisona va jiddiy baholagan holda, jahon xo‘jalik aloqalari tizimida o‘zimizga munosib joy egallashni maqsad qilib qo‘yib, bunday marralarga erishishni asosiy vazifamiz sifatida belgilab oldik.

Shu borada mamlakatimizni isloh qilish va milliy davlatchilik poydevorini barpo etish bo‘yicha qabul qilingan ana shu strategiyani amalga oshirishdagi birinchi qadamlarimiz nimalardan iborat bo‘lganini yana bir bor eslash o‘rinlidir.

Avvalo, tarixan juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi ham Konstitutsiyada muhrlab qo‘yildi.

Asosiy qonunimizda hech qanday mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi va ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilab berildi. Ayni paytda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi sharoitida xususiy mulkning ustuvorligi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yildi.

Ana shu tamoyillarni inobatga olib, davlat va iqtisodiyotni boshqarishning mustabid, markazlashgan tizimiga barham berish, mustaqil O‘zbekistonning yangi siyosiy va davlat tuzilishi asoslarini, avvalo qonunchilik tizimini shakllantirish, markazda va joylarda vakolatli hokimiyat organlarining yaxlit tizimini tashkil etishga qaratilgan ishlar aniq maqsadni ko‘zlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Ikkinchidan, murakkab o‘tish davrida qabul qilingan qonunlarning amalda bajarilishini ta’minlay oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan ijro hokimiyatining samarali tizimi va tuzilmalarini yaratish muhim ahamiyatga ega edi. Shu maqsadda tub ma’muriy islohotlar amalga oshirildi: markazlashgan rejalashtirish va taqsimlash tizimining tayanchlari bo‘lgan Davlat plan komiteti, Davlat ta’minot komiteti, Davlat narx komiteti, Davlat agrosanoat komiteti va ko‘plab tarmoq vazirliklari tugatildi, mahalliy hokimiyat organlari qayta tashkil qilindi – viloyat, tuman va shaharlarda hokimlik instituti joriy etildi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi tizimi – mahalla institutini rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Uchinchidan, sudlarni jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi organga aylantirishga qaratilgan yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yildi va muvaffaqiyatli hal etildi. Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari joriy etildi. Jinoyat, jinoyat-protsessual, sud-huquq va boshqa yo‘nalishlarning qonunchilik asosini tashkil etuvchi baza yaratildi.

To‘rtinchidan, qisqa muddatlarda mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, konstitutsiyaviy tuzumni ishonchli himoya qiladigan, jamoat tartibini ta’minlaydigan, xalqaro terrorchilik, ekstremizm va narkoagressiya kabi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashadigan milliy xavfsizlik organlari tizimi shakllantirildi.

Mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, mamlakatimiz xavfsizligiga bo‘lgan bugungi zamonaviy tahdid va xatarlarni chuqur tahlil etish asosida “O‘zbekiston Respublikasining harbiy doktrinasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik Konsepsiyasi to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari qabul qilindi. Shu tariqa yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlashga xizmat qiladigan xavfsizlikni ta’minlashning yaxlit tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Shuningdek, fuqarolik va jamoatchilik institutlari, xususan, parlament Ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa qator tuzilmalarni shakllantirish bilan bog‘liq masalalar ham bizning doimiy diqqat-e’tiborimizda bo‘ldi.

Biz shaxs va oilaning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyati va ongini oshirish vazifasini o‘zimiz uchun maqsad qilib qo‘yish bilan birga, bu masalani tom ma’nodagi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurishning muhim sharti sifatida belgilab oldik.

O‘tgan davr mobaynida milliy iqtisodiyotni shakllantirish va uni tubdan isloh qilish mamlakatimiz mustaqil taraqqiyotining eng muhim omili va asosini tashkil etganini alohida ta’kidlash zarur. Bu borada bizning oldimizda respublika va aholi ehtiyojini, birinchi navbatda yoqilg‘i-energetika resurslari, iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ishonchli tarzda qondirishdek dolzarb hayotiy vazifa turar edi.

Yurtimizda yoqilg‘i-energetika va g‘alla mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Bu o‘rinda avvalo shuni aytish lozimki, O‘zbekiston tabiiy gaz, neft va gaz kondensati bo‘yicha aniqlangan ulkan sanoat zaxiralariga ega bo‘lganiga qaramasdan, ilgari iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojini qondirish uchun yiliga 6-7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirish va buning uchun katta miqdordagi valuta resurslarini sarflashga majbur bo‘lar edi.

Bu jiddiy muammoni hal etish maqsadida qisqa fursat ichida o‘zimizdagi uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Yangi neft-gaz konlarini aniqlash, neft va tabiiy gazni qazib olish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar topildi, jumladan, xorij sarmoyasi jalb etildi. Buxoroda neftni qayta ishlaydigan yangi zamonaviy zavod barpo etildi, Farg‘ona va Oltiariqdagi neftni qayta ishlash zavodlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi, ularning barqaror va ishonchli faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratildi.

Shuningdek, o‘zining ishlab chiqarish va iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra o‘xshashi bo‘lmagan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi kabi noyob inshoot barpo etildi. Ushbu korxonada tayyorlanayotgan suyultirilgan gaz, turli markadagi polietilen va boshqa mahsulotlarga nafaqat mamlakatimiz, balki chet ellarda ham talab katta ekanini qayd etish lozim.

Mustaqillik yillarida ana shunday yirik korxonalarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi natijasida hozirgi vaqtda yurtimizda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1990 yilga nisbatan 3 barobar ortdi. Bugungi kunda O‘zbekiston bu borada mamlakatning va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlash bilan birga, eksport hajmini ham ko‘paytirishga erishdi.

Asaka va Samarqand shaharlarida avtomobil zavodlarini barpo etganimiz tufayli mustaqillik yillarida avtomobillar soni keskin oshdi va har 100 oilaning avtomobil bilan ta’minlanish darajasi 6 barobar o‘sdi. O‘z-o‘zidan ayonki, respublikamizda benzin va yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga bo‘lgan talab ham shunga mos ravishda oshib bormoqda.

Aynan neft va neft mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish hisobiga biz bugun respublikamizning rivojlanayotgan sanoati va aholining keskin o‘sib borayotgan mana shunday talab va ehtiyojlarini ta’minlashga erishmoqdamiz.

Ma’lumki, mustaqillikning dastlabki kunlarida aholini non va non mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ham o‘ta og‘ir qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lgan edi. Bu muammoning sababi avvalo shundaki, O‘zbekiston sobiq SSSR va sotsialistik lagerga mansub mamlakatlar uchun asosan paxta xomashyosi tayyorlar, g‘alla va un mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojimizning 80 foizdan ortig‘i esa chetdan keltirilgan mahsulotlar hisobidan qoplanar edi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, o‘sha yillarda yetishtirilgan paxta xomashyosining 7 foizginasi mamlakatimizning o‘zida qayta ishlanar, qolgan qismi suvtekin narxda chetga chiqarilar edi.
Aholini oziq-ovqat tovarlari, jumladan, go‘sht va sut, yuz foiz chetdan keltiriladigan shakar mahsulotlari bilan ta’minlash borasida ham murakkab vaziyat vujudga kelgan edi. Ayniqsa, aholini kartoshka bilan ta’minlashning ahvoli bunga yaqqol misol bo‘ladi. O‘sha vaqtda yurtimizga har yili Rossiya, Belorussiya, Polsha va boshqa mamlakatlardan qariyb 1 million tonna kartoshka keltirilar edi.

Eng yomoni, bu mahsulot noyabr-dekabr oylarida keltirilgani uchun muzlab, uning katta qismi yaroqsiz holga kelar va chorvaga yem bo‘lardi. Bugun esa xalqimizning kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq o‘zimizda yetishtirilgan hosil hisobidan qoplanmoqda.

Ana shunday murakkab bir davrda biz g‘alla mustaqilligiga erishishdek hayotiy muhim masalani ham o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ydik. Birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilganimiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti va ekologiyasiga katta zarar yetkazgan paxta monopoliyasiga barham berganimiz tufayli bu vazifani ham muvaffaqiyatli hal etishga erishdik. O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining g‘allaga bo‘lgan ehtiyojini qoplabgina qolmasdan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidagi qo‘shni mamlakatlarga, Afg‘oniston, Eron va boshqa davlatlarga g‘alla va un mahsulotlarini eksport qilmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, g‘alla mustaqilligining qo‘lga kiritilishi mamlakatimiz aholisini nafaqat un va non mahsulotlari bilan ta’minlash, ayni paytda uning go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ravishda o‘z hisobimizdan qondirish masalasini ham hal qilish imkonini berdi.

Bunday ulkan yutuqlar zamirida ana shu murakkab vazifalar yechimini o‘z zimmasiga olgan dehqon va fermerlarimiz, qishloq xo‘jaligida, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan millionlab mehnatkash insonlarning fidokorona mehnati mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Iqtisodiy rivojlanish haqida gapirganda, markazdan rejalashtirish va taqsimlash tizimi samarali mehnat, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, tashabbuskorlik va tadbirkorlik yo‘lida asosiy g‘ov-to‘siq bo‘lib kelganini ta’kidlash lozim. Shu sababli o‘zining mutlaqo yaroqsiz ekanini ko‘rsatgan bu tizimning barcha-barcha illatlaridan butunlay voz kechganimiz ayniqsa prinsipial ahamiyatga ega bo‘ldi.

Dastlabki yillardayoq biz uchun yangilik bo‘lgan bozor iqtisodiyotining asoslari yaratildi, bozor infratuzilmasi institutlarini tashkil etish va raqobat muhitini shakllantirish orqali bozor munosabatlarining mexanizmi ishga tushirildi.

Mamlakatimizda xususiy mulkchilik tiklanib, uning rivoji ustuvor ahamiyat kasb etdi. Xususiy mulk konstitutsiyaviy asosda ishonchli kafolatga ega bo‘ldi.

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalarining butunlay davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi natijasida mamlakatimizda amalda ko‘p ukladli iqtisodiyot shakllandi, mulkdorlar va tadbirkorlarning yangi sinfi paydo bo‘ldi va bu sinf yildan-yilga yurtimiz hayotida tobora salmoqli rol o‘ynamoqda.

Ayni paytda biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan moliya va bank tizimini shakllantirish hamda o‘z milliy valutamizni muomalaga kiritish ham ulkan ahamiyat kasb etdi.

Albatta, milliy valutaga o‘tish va uning qat’iy to‘lov qobiliyatini ta’minlash oson kechgani yo‘q, lekin qanchalar qiyin va og‘ir bo‘lmasin, biz 2003 yildayoq uning erkin konvertatsiya qilinishiga erishdik.

Zamonaviy ikki pog‘onali bank tizimini yaratish orqali mustaqil pul-kredit siyosati yuritish, budjet va pul siyosatining mas’uliyat doirasini aniq belgilab qo‘yish, ularning o‘zaro samarali munosabatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning natijasida iqtisodiyotimiz manfaatlarini barqaror va ishonchli tarzda qondirib borishga erishildi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lardan foydalanish borasidagi mustaqilligi sezilarli darajada oshdi.

Ijtimoiy nuqtai nazardan boshlang‘ich bosqichda, iqtisodiyotni va butun jamiyatni isloh qilishning eng murakkab o‘tish davrida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish va aholini himoya qilishning o‘xshashi bo‘lmagan, samarali mexanizmi ishlab chiqilib, muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ko‘makka muhtoj oilalarga moddiy yordam berishda asosan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tuzilmasi bo‘lmish mahalla instituti imkoniyatlaridan foydalanish o‘zini to‘la oqladi.

Bu avvalambor zarur moddiy va ma’naviy yordamni ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida aniq yo‘naltirish – aholining haqiqatan ham nochor qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘tish davrining qiyinchiliklaridan ishonchli himoya qilish imkonini berdi.

Shu tariqa biz yurtimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlabgina qolmasdan, ayni paytda islohotlar va mamlakatni yangilash borasida olib borayotgan siyosatimizning xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishiga ham erishdik.

Bu davrda amalga oshirgan ishlarimiz qatorida mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, uning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda Qurolli Kuchlarimizning shakllantirilishi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etdi.

Sobiq SSSR parchalanganidan keyin yuzaga kelgan sharoitda, qurolli kuchlarda boshqaruv, intizom va tartib amalda yo‘qotilgan, mamlakat xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlar kundan-kunga kuchayib borayotgan bir vaziyatda Mudofaa vazirligini, uning organlari va joylardagi qo‘mondonlik tuzilmalarini shakllantirish o‘z vaqtida qabul qilingan yakkayu yagona to‘g‘ri qaror bo‘ldi.

Kadrlar, eng avvalo, ofitserlar tarkibini saqlab qolish va mustahkamlash, armiya saflarini milliy kadrlar bilan to‘ldirish, ularning tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan o‘tishini ta’minlash, eng muhimi, mamlakatimizdan jangovar texnika va qurollar olib chiqib ketilishining oldini olish o‘ta muhim ahamiyatga ega edi.

Keyinchalik, mintaqamizdagi tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, armiyani isloh qilish bo‘yicha yangi prinsiplar negizida Qurolli Kuchlarni barpo etish va tashkil qilishga asoslangan, xavfsizlikka tahdid soladigan real xavf-xatarlarni nazarda tutadigan uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur shakllantirildi. Ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida milliy armiyamiz tashkiliy jihatdan yangicha tarkibiy tuzilishga ega bo‘ldi, qisqa muddatda harbiy okruglar, chegaraviy mintaqalar tashkil etildi, Qurolli Kuchlarni boshqarishning butun tizimi, birlashma va qismlarning tarkibi va joylashuvi qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, o‘ta muhim jangovar topshiriqlarni bajarishga yo‘naltirilgan Maxsus operatsiyalar bo‘yicha kuchlarning bo‘linmalari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurash korpusi tuzildi. Bu bo‘linmalar ehtimol tutilayotgan dushmanning har qanday tajovuzkorona harakatlariga qarshi munosib zarba berishga qodir qudratli kuch ekani Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlariga suqilib kirgan xalqaro terrorchilarning jangari to‘dalarini yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalarda namoyon bo‘ldi.

Ayni paytda muddatli harbiy xizmatning bir yilgacha qisqartirilgani, qo‘shinlarning sifat tarkibini yaxshilash va ularning safini to‘ldirish tartiblarining takomillashtirilgani, zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlangani, safarbarlik-chaqiruv rezerv xizmatining joriy qilingani, shartnoma-kontrakt asosidagi xizmatga o‘tish jarayoni amalda yakunlangani armiyamizning qiyofasini, uning mazmun-mohiyati va jangovar qobiliyatini tubdan o‘zgartirganini qayd etish zarur.

Serjant va ofitser kadrlarni tayyorlashning axborot va kompyuter texnologiyalariga, zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlariga asoslangan samarali tizimi tashkil etildi.


Foydalanilgan adabiyotlar

1. O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T.: “O`zbekiston”, 2003.

2. Karimov I.A. O`Zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-jild. T.:

“O`zbekiston”, 1996.



3. Karimov I.A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-jild, T.: “O`zbekiston”, 1996.

4. Karimov I.A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. 3-jild. T.: “O`zbekiston”,
Download 76.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling