Chog‘ishtirish va tipologik metod
Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash
chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu
metodda lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli
jihatlari tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik
jihatlariga, taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet
tillarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar
uchun ham xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar,
tillar uchun umumiy grammatikalar, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish texnikasi
va nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar
natijalaridir. Bu metod bir tilda oddiy tasvirlash metodidan foydalanilganda yuzaga
chiqmagan xususiyatlarni ochib berishga yordam beradi.
Bu esa tillarning tarkibini chuqurroq o‘rganish va bilishga imkoniyat yaratadi.
Ikkinchi tomondan, chog‘ishtirish metodi lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratish kabi sof
amaliy maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu metodni qo‘llash usullari quyidagilardir:
so‘z va qo‘shimchalarni farqlash, qo‘shimchalarning birikishini
tavsiflash;
shevalar va tillar orasidagi tovush almashinuvi va mos kelishlikni
aniqlash;
adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ularga o‘rgatish metodikasini
shakllantirish;
bir tilda ifodalangan ma’no yoki vazifa boshqa tilda qanday usul va
vosita bilan berilishini aniqlash;
bir tilli (izohli) va ko‘p tilli tarjima lug‘atlari tuzish.
Hozirgi kunda chet tillarni o‘rganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha
olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, mazkur metod usullarini qo‘llash
vositasida amalga oshirilmoqda, shu bois bugungi kunda uning nazariy va amaliy
ahamiyati yanada ortdi.
246
Do'stlaringiz bilan baham: |