Urganch davlat universiteti filologiya fakulteti


Download 142.5 Kb.
Sana24.10.2020
Hajmi142.5 Kb.
#136440
Bog'liq
zamonaviy. mustaqil talim(1)


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

URGANCH DAVLAT UNIVERSITETI

FILOLOGIYA FAKULTETI

O‘zbek adabiyoti tarixi” fanidan



MUSTAQIL ISHI

MAVZU: “Sharq yulduzi” jurnalida nashr qilingan romanlar tahlili

Bajardi: Narimonova Muhayyo

Qabul qildi: Raximova Bekposhsha

Urganch – 2020

1.”Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan romanlar tahlili.

Asad Dilmurod asar strukturasini loyihalashda bundan 15 yil oldin aytgan quyidagi fikrlariga amal qilgan: “Adabiyot tili – ramziy til, timsoliy til. Majoziy yo‘sin bilan so‘zlaganda, badiiy ijod tanlangan mavzu mohiyatini, aniqrog‘i, ruh dramasini chukurroq ochadi. Adabiyot majoz tili bilan so‘zlay boshlasa, ruhiyat dramasini, inson qalbini teranroq ochish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi”. Odatda, bu usulda hikoya qilingan asarlarda o‘tmish bilan bugun, fano bilan baqo, xayolot va reallik, zamon va makon bir nuqtada – personaj ongida birlashadi va bir paytning o‘zida harakatlanaveradi. “Rang va mehvar” romanida shunday struktural markazni Komron Vali obrazi bajaradi. O‘quvchi uning qalb dramasi orqali ijtimoiy hayotda, ayniqsa, tasviriy san’at sohasida ro‘y berayotgan tartibsizliklar, korchalonlik kabi illatlardan xabardor bo‘ladi.

Menimcha, “Rang va mehvar”ni iste’dodli yozuvchi Asad Dilmurodning jahon adabiyotiga xos ong oqimi an’analarini ijodiy davom ettirish yo‘lida olib borayotgan navbatdagi eksperimenti deb qabul qilish o‘rinlidir.

“Go‘ro‘g‘li” – talay hikoya va qissalari bilan tanilgan Nazar Eshonqulning birinchi romani hisoblanadi. Muallifning izohlashicha, asar o‘tgan asrning 90-yillarida yozib tugallangan. Roman “insonning tirikligi va mavjudligini tan olmagan, insoniylik sha’ni va g‘ururini xo‘rlash va haqoratlash evaziga yashagan o‘sha mustabid tuzum” suratini akslantiradi. “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan epigraf qilib olingan “Aytsam yetgaymikan, enajon, zorim, Yurakda g‘amim ko‘p, ichda zanglarim” satr­lari yozuvchining g‘oyaviy niyatini tushunish uchun kalit vazifasini bajaradi. Arz qiluvchining “enajoni” – mustabid sho‘ro jamiyati allaqachon qarib, kar va ko‘r holiga kelganligi tufayli “bola”sining zorini eshitishga, g‘amiga davo topib, ichidagi zang­larini artishga qurbi yetmay qolganligi uchun arzini hech kim tinglamaydi, tinglashni istamaydi ham. Natijada, yuragida to‘plangan g‘amlar zanglab, Nazar Eshonqulni ham ma’nan, ham jismonan o‘lim sari yetaklaydi. U boshidan kechirgan voqealar “hukmni so‘zsiz bajarish kerak. Topshiriqni bajarish biz uchun qonun” bo‘lgan sho‘ro davri siyosatining badiiy ko‘zgusidir. Shu qonun hukm surgan jamiyatda Nazar Eshonqulning eng katta xatosi – o‘zi uchun “shart bo‘lmagan narsani (ya’ni o‘zining tirik ekanligini – Y.S.) isbotlashga” uringanligidir. Ha, chindan ham “Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun” degan soxta shior bilan xalqini aldagan Sho‘ro hukumati uchun tiriklar emas, “O‘lik jonlar” kerak edi. Nazar Eshonqul bilan qabriston go‘rkovi o‘rtasidagi dialogda romanning yana bir yashirin g‘oyasi yuz ochadi: “Sizning eng katta xatongiz shart bo‘lmagan narsani isbotlamoqchi bo‘lganingizda! – dedi go‘rkov bamaylixotir. – Siz kurashni noto‘g‘ri tanladingiz! Muhimi, siz men tirikman deb da’vo qilgansiz, barcha dalillar sizga qarshi edi, natijada, sizning da’vongiz isbot etilmadi. Siz tirikman deb nimaga erishdingiz?”

Roman tom ma’noda absurd g‘oyasiga – yashashda ma’ni yo‘q degan fikr asosiga qurilgan. Xuddi yumaloq toshni tepalikka olib chiqib, o‘zining haqligini isbotlashga urinayotgan Sizif singari N. ham mahkamalarga tinimsiz qatnab tirikligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Bundan umidvor, biroq u mansub bo‘lgan jamiyat odamning haqligini tan olgisi kelmaydi. Asarni o‘qir ekanmiz, xayolimizga beixtiyor F.Kafkaning “Jarayon” romani keladi. Qahramonlar ismining bosh harf bilan belgilanishidan tortib, ularning yoshigacha, o‘z gunohsizligini isbotlash uchun yugurib-elishlarigacha, ammo haq ekanligini amalda isbotlay olmay, ruhan azoblanib, o‘lib ketishlarigacha bir-biriga o‘xshaydi.

O‘tgan yili ikkita biografik roman yaratildi. Bular N.Karimovning “Mirtemir” va O.Hayitning “Arosatlar oroli” deb atalgan asarlari bo‘lib, ular o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ma’rifiy-biografik roman yaratishda katta tajribaga ega bo‘lgan professor Naim Karimov (olimning Cho‘lpon, H.Olimjon, M.Shayxzoda haqidagi romanlarini eslang) o‘zbek adabiyotining eng sadoqatli, eng xokisor vakili Mirtemirning monumental qiyofasini ham adabiyotshunos, ham tarixchi, ham etnograf, ham psixolog sifatida mukammal chizib bera oladi. Biroq O.Hayitning asari to‘g‘risida iliq fikr bildirishdan ojizmiz. Gap shundaki, yozuvchi yoshligidan ko‘p qiyinchilik, yaxshi va yomon odamlarni ko‘rgan, harbiy xizmatni o‘tab kelgan 24-25 yoshdagi jurnalist Qodirjonning hayot yo‘lini aks ettirishni niyat qilgan. Aslida, u boshidan kechirgan voqealar shu qadar o‘tkinchi, shu qadar nomuhimki, ular oldida dovdirab qolgan Qodirjonning ahvoliga achinib ketasiz. Bu asar shunchaki voqealar bayonidan iborat bo‘lib qolgan.

Ma’lumki, mustaqillikka erishganimizdan keyin tariximizga munosabat tubdan o‘zgardi. Shu paytgacha qora bo‘yoq bilan chaplangan tarix sahifalaridan nur va haqiqatni izlashga e’tibor kuchaydi. Dostonlar, dramalar, qissa va hikoyalardan tashqari har yili tarixiy mavzuda yozilgan talay romanlar dunyoga kelayotganligi ana shu sa’y-harakatning samarasidir. Shunga qaramay, hali xalqimiz tarixida “ochilmagan qo‘riq”lar juda ko‘p va ular o‘zlashtirilishini intizorlik bilan kutib turibdi.

Ana shunday ochilmagan qo‘riqlardan biri – Turkiston o‘lkasining Shayx ul-mashoyixi bo‘lgan ulug‘ zot Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining faoliyati edi. Adib Sa’dulla Siyoev o‘tgan yili chorak asr davomida izlanib, nihoyasiga yetkazgan “Ahmad Yassaviy” nomli roman-dilogiyasini o‘quvchilar hukmiga havola qildi. Aslida, ushbu romanning birinchi kitobi yangi asr boshlarida “Yassaviyning so‘nggi safari” nomi bilan e’lon qilingandi. Shundan so‘ng ikkinchi kitob ustida adib o‘n yildan ortiq ishladi. “Ona yurt shamollari” deb nomlangan ikkinchi kitob haj safariga ketayotgan hazratning yo‘l-yo‘lakay sadoqatli muridi Sulton Sanjar hukmronlik qilayotgan Marv mamlakati aholisini o‘lat balosidan qutqargach, haj savobini olgani haqidagi ilohiy ishora tufayli Turkistonga qaytishidan boshlanadi.

Umuman, ikkinchi kitobda Xoja Ahmad Yassaviyning ma’naviy-ruhiy, ma’rifiy-ijodiy faoliyati doirasini birmuncha kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi sezilib turibdi. Biroq muallif ulardan foydalanishni istamagandek taassurot qoladi.

Taniqli yozuvchi Nurali Qobul so‘nggi yillarda ko‘proq tarixga murojaat qilib, uning shonli sahifalarini badiiy obrazlar vositasida shavq bilan hikoya qilishga kirishdi. Bu borada adib qisqa muddatda ikkita roman yaratdi. Yozuvchining “Taxt tagidagi zindon” romani bundan atigi ikki yil avval e’lon qilingan “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanining mantiqiy davomi bo‘lib, ular bir-birini to‘ldiradi. “Taxt tagidagi zindon”da ulug‘ Amirning xiyonatkor va ikkiyuzlamachi To‘xtamishxon bilan olib borgan muhorabasi ifodalangan. Romanning jurnal sahifalarida e’lon qilingan atigi 4 bobi (2, 3, 4, 5) ga tayanib, muallifning g‘oyaviy niyati haqida tugal xulosa chiqarish qiyin. Bu haqda roman to‘la bosilib chiqqandan so‘ng fikr yuritish o‘rinlidir.

Taniqli adib Komil Avaz “Sozanda” romanida asosiy e’tiborini Xorazm qo‘shiqchiligi tarixi, uning bardavom bo‘lishiga munosib hissa qo‘shgan xalq hofizlarining faoliyatini aks ettirishga qaratadi. Roman ma’nan poklanish vositasi va ruhiyat ozuqasi bo‘lgan soz va ilohiy kasb egasi sozanda haqidadir. Bu niyatini ifodalash uchun adib Xorazm tarixining XX asr boshidan 50-yillargacha bo‘lgan eng murakkab davrini qalamga olgan. Voqealar markazida polvon, sozanda va xonanda, pokiza niyatli Qutlug‘murod, shaxsiy manfaatiga erishish yo‘lida har qanday razillikdan qaytmaydigan Matmurod hofiz (Matti mutrik), qat’iyatli ustoz Abdirim bangi, go‘zal va ishonuvchan qiz Qamarsulton hamda uning ota-onalari obrazlari turadi.

Xuddi shunday tarixnavislikka berilib ketish qusuri H.Sattoriyning “Sog‘inch” romanida ham uchraydi. Roman bayonida axborot haddan ziyod ko‘payib, o‘quvchini zeriktirish darajasiga yetadi. Ayrim o‘rinlarda badiiy tasvirdan ko‘ra ilmiy tafakkur ustun kelganligi sezilib qolgan. Eng muhimi, romanda voqealar rivojiga turtki beruvchi, qahramonlarni harakatga keltiruvchi jiddiy konflikt, ko‘zga yarq etib tashlanadigan xarakter uchramaydi.

B.Xudoyberganovning “Ayol armoni” romani oliy o‘quv yurtini tamomlab, oilasiga qaytgan uch qizning uch xil taqdiri orqali qizlik sha’ni, nomusini asrash baxt va milliy qadriyat degan fikr asosiga qurilgan. Tursunoy bilan Shahlo o‘ylamay bosgan qaltis qadamlari tufayli bir umr armonda yashaydilar. Farangiz esa sabr-toqat bilan “tosh kelsa – kemirib, suv kelsa – simirib”, yomonlarning ham tahsiniga sazovor bo‘ladi. Har uchovining qismatida oiladagi muhit, ayniqsa, ona asosiy rol o‘ynaganligiga alohida urg‘u beriladi.

Xullas, 2012-yilda yaratilgan romanlar voqelikni bayon qilish va obrazlar talqiniga ko‘ra an’anaviy hamda noan’anaviy usullarda bitilgani ularning shak­lan va mazmunan yangilanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, muhim ijtimoiy-ma’naviy muammolarni ko‘tarish, ularni yirik xarakterlar vositasida o‘quvchilar shuuriga singdirish san’atkorlar oldidagi muhim vazifa bo‘lib qolayotganligini unutmasligimiz lozim.

Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

2. “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan qissalar tahlili.

Maʼsuma Ahmedovaning “Mangu kuy” nomli qissasida hozirgi kun yoshlari hayoti yoritiladi. Asar boshlanishidan lirik kayfiyat sezilib, qishloq manzarasi tasvirida koʻtarinkilik kuchayadi. Bosh qahramon Jaʼfarning tugʻilgan qishlogʻi qoʻynida dam olishi, tabiat tovushlaridan ilhomlanib, yangi kuy yaratishidan bastakorligi maʼlum boʻladi. Yigit tabiat nafosatini nozik ilgʻaydi. Azizaning Choʻlpon, Rauf Parfi sheʼriyatiga oshuftaligi oʻqigan sheʼrlaridan anglashiladi. Yigit va qiz muloqotida zamonaviy texnologiya – internet, telefonga urgʻu beriladi. Makon oʻzgarib, konservatoriya, universitet, qishloq, qahvaxona hududida rivojlantiriladi. Yoshlar uchrashganda koʻpincha yomgʻir yogʻishi, tabiatning ularga joʻr boʻlib kuylashi epizodida oʻziga xos shivalagan, shitirlagan ohangni tinglaysiz. Adiba yoshlar orasidagi sof tuygʻularni sanʼatlar uygʻunligida ifodalaydi.



Goʻzaloy Solih qizining “Siz oʻshami?” (“Yoshlik”) qissasi ham muhabbat mavzusida. Sarlavha beixtiyor “Oʻtkan kunlar” asaridagi mashhur iborani yodga soladi. Ochigʻi, bu asarda muhabbatning yangicha talqinini uchratsam kerak, deb oʻylagandim. Afsuski, qissa yigit bilan telefon orqali tanishgan Munisaning bekorchi gaplaridan iborat boʻlib qolgan. Masalan: “Kimsiz, oʻzingiz kimsiz?” yoki “Ismingizni bilsam boʻladimi?” soʻroviga “Oʻzingizning ismingizni bilsam boʻladimi?” tarzidagi quruq, takror jumlalarni oʻqidim. Qizning dugonalarini yigit bilan tanishtirishi, ularning bemalol hazillashishlari bachkana tus oladi. Munisa yigit bilan koʻp tortishadi, voqea takrori kuzatiladi. Taassufki, qissada ortiqcha, maʼnisiz gaplar juda koʻp. Abdulla Qodiriyning soʻz qoʻllashda uzoq andisha kerakligi borasidagi hikmatlari barcha ijodkorga taalluqlidir. Ustoz ijodkorlar soʻzga hassos boʻlgani bois ular yaratgan puxta, mukammal matnlar hozirgacha mutaxassislar eʼtiborida. Shu sabab asar sifatiga masʼullikni yoddan chiqarmaslik darkor.

Shodiqul Hamroning “Qaqnus qanotidagi umr” (“Yoshlik”) qissasi oilada farzand tugʻilgan ondagi xushnudlik lavhasidan boshlanadi. Muallif ism qoʻyish masʼuliyati, uning farzand kelajagiga taʼsiri masalasini yoritishga urgʻu beradi. Bejiz Hadisi shariflarda ota-onaning farzandiga munosib ism qoʻyishda burchdor ekanligi taʼkidlanmagan. Ziyoli qahramon bu borada koʻp oʻylanar ekan, matn tarkibiga qorayimlar haqidagi qissa kiritiladi. Unda oʻtmish avlod ismni ulugʻlashi, haqiqiy ism voyaga yetib, turli sinovga bardosh bergan insonga nasib etishi, noloyiqlar esa qabiladan badargʻa qilinishi uqtirilgan edi. Tilanchi obrazi ham otaga ism oʻz ruhi hamda yuki bilan yaralishini taʼkidlab, uni tanlashda eʼtiborli boʻlishni eslatib, maʼlum vaqt syujet chizigʻidan chetlashadi. Nihoyat, goʻdakka Muayyad (quvvatlangan, madad berilgan) ismi beriladi. Biroq, koʻp oʻtmay bolada gʻayritabiiy holatlar kuzatiladi. Goʻdakning mungli nigohi, bezovtalanishi, dunyodan ne istayotganini anglamay xarxasha qilishi ota-onasini qattiq tashvishlantiradi. Ziyoli doʻsti Hayot xarakterida bolasiga xos telbalik holatini kuzatib, muqoyasa qiladi, kalavaning uchini axtaradi. Koʻp oʻtmay, hovlida paydo boʻlgan tilanchi goʻdakning dardini volidaga anglatib: “Haliyam gumrohlik qilib, bolaga koʻp azob beribsizlar. Ohu nolasi yetti osmonni tutib ketgan. U tugʻilganida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayapti. Unga shuni topib beringlar”, – deydi. Qissada gʻayritabiiy siyratli Tilanchi, Hayot, Muayyad dardmand shaxslar, ular umr mohiyatini, yashash sinoatini oʻzgacha anglaydi. Pok qalbli insonlar muhitdagi nosozlik, nohaqlikni hazm qilolmay iztirob, figʻon chekadi, yoʻl axtarishga intiladi. Goʻdak taxmondagi koʻrpa, koʻrpachalar orasidan (oʻzbek xonadoniga xos jihoz) narsa izlaydi. Faqat beshikda yotib, alla tinglaganda biroz orom oladi. Bola kesilgan kindigi bezovta qilgani bois yerga, qon tomgan maskanga talpinadi. Ziyoli ota anglolmagan haqiqatni oʻqimagan, ammo uqqan donishmand Tilanchi tushunadi. Ota goʻdakni oʻzi tugʻilgan maskanga olib borib, norasida fitratiga sokinlik, xotirjamlik baxsh etishiga ishonadi. Qissada ona Vatan, tugʻilgan yurtga mehr, sadoqat mantiqan dalillanadi. Mumtoz adabiyotdagi Qaqnus qush obraziga murojaat etilib, oʻz dardi koʻyida oʻrtangan jonzotning majoz insonga koʻchishi, shiddatli hayotning oniy lahzasini aks ettirishga eʼtibor beriladi. Qissa boshlanishida bayonchilik kuzatiladi. Onaning Yaratganga iltijo paytida goʻdagidan ayrilsa oʻjarlik bilan taqdirini qargʻab oʻtishini aytishi xatoday, zero, inson bu holatda tavozeda boʻlishi maqsadga muvofiq. Insonni oʻzi yashab turgan muhitdan bir qadar yuksaklikka koʻtarish va tubandagi hayotga bir qur nazar tashlashga undash istagi adabiyotning birlamchi maqsadlaridan biridir. Keyingi yillarda inson ichki holatlarini, kechinmalarini aks ettiruvchi, qalblarni tozalovchi, yuksakka koʻtaruvchi hikoyalar yaratildimi, yaratilgan boʻlsa, ular Gʻ. Gʻulomning “Mening oʻgʻrigina bolam”, A. Qahhorning “Asror bobo”, Sh. Xolmirzayevning “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor” hikoyalari kabi dilga yaqinmi va yoki farqlimi? Umuminsoniy tushunchalar bugungi hikoyalarda ham aks etayaptimi, degan savollar ijodkorlar, adabiyotshunoslar oldiga koʻndalang qoʻyilganda qanday javob olamiz? Oʻtish davrining oʻziga xos qiyinchiliklari, maʼnaviy dunyoqarashda roʻy bergan tub burilishlar, shakllangan estetik ideallarning nurashiyu tamoman yangi qiyofadagi zamondosh obrazining paydo boʻlishi, uning ruhiy iztiroblarini qalamga olinishi kitobxonni biroz gangitgani, yangi adabiyotga yot nazar bilan qarashni paydo qilgani sir emas. Biroq bugungi kun adabiyotini tahlil qilar ekanmiz, oʻzimizga qadrdon boʻlgan, asliy va asriy qadriyatlarimizga qaytilayotganiga ham guvoh boʻlamiz.

3.”Kitob dunyosi” gazetasida e’lon qilingan qissalar tahlili.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” hamda “Kitob dunyosi” gazetalarining 2013-yilgi sonlarida eʼlon qilingan hikoyalarda ana shu masalalarning koʻtarilayotganligi quvonarli holdir. “Kitob dunyosi” gazetasi sahifalarida ijodkorlarimiz asarlarining jahon adabiyotining mashhur namoyandalari ijodi bilan yonma-yon berilishi nafaqat adabiyotshunoslarimizni, balki oʻquvchilarimizni ham asarlarni tanqidiy koʻz bilan kuzatishga ruhlantirayapti.

2013-yil bu ikki gazetada chop etilgan jami hikoyalar soni 80 ga yaqin. Ular adabiyotimizning oʻq tomiriyu tanasiga aylangan ijodkorlardan tortib, badiiy ijod olamiga endi qadam qoʻyayotgan, hali kitobxonu adabiy jamoatchilikka yaxshi tanish boʻlmagan qalamkashlar hikoyalaridan iborat.

Qoʻchqor Norqobilning “Nozi,… Nozigul” (“Kitob dunyosi”), “Oqibat daraxti” (“OʻzAS”) hikoyalari eʼlon qilingan. “Nozi,… Nozigul” hikoyasi bir muhabbat haqidagi anʼanaviy uslubda yozilgan. Mavzu garchand yangi boʻlmasa-da, muallif muhabbatning boqiyligi, koʻngilga tashrif buyurgan ilk tuygʻuning yillar oʻtgani sayin mustahkamalanishi haqida yana bir bor eslatadi. Ammo asarda bugungi ijtimoiy hayotimizning katta muammolari aks etgan, deya olmaymiz. Shunday boʻlsa-da, syujet va kompozitsion qurilish jihatidan ancha mukammal hikoyalar sirasiga kiradi. Adibning ikkinchi hikoyasi “Oqibat daraxti” abadiy mavzulardan biri boqiy qadriyatlarimiz haqida. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish, uni kelajak avlodlarga meros qoldirish asriy anʼanalarimizdan biri. Lekin bu meros haqida har kimning oʻz hayot falsafasi bor. Yozuvchining asl maqsadi ham shu, bu falsafa kimga qanday xizmat qiladi. Oʻtgan yili nashr etilgan hikoyalar orasida Abduqayum Yoʻldoshning “Koʻrinmas farishtalar” (“Kitob dunyosi”) hikoyasi kundalik turmushda uchrab turadigan, ammo eʼtiborimizdan chetda qoldirishimiz mumkin boʻlgan “yaxshilik farishtalari”, aniqrogʻi, insonning oʻzini oʻzi taftish qilishi haqida. Hikoyada muallif qahramonning mulohazalari orqali insonning tizginsiz nafs oqibatida uning quliga aylanib qolishidan oʻquvchini ogohlantiradi. Har bir insonning ichki meni, uning oʻzi bilan oʻzi kurashuvini badiiylashtiradi.

Abdunabi Boyqoʻziyev “Toʻqol kampir” (“Kitob dunyosi”) hikoyasida xalqona qarash va ijtimoiy motivlarga yangicha nigoh bilan yondashib, taʼsirchan syujet yarata olgan. Toʻqol kampirning oʻtmishi misolida bugungi kun muammolarini ham koʻrsatadi. Hikoya chuqur dramatizm bilan yozilgan. Muallif qahramon xarakterini chizishda hech qanday ortiqcha taʼrif tavsiflardan foydalanmaydi. Oddiygina qilib “Nosqovoqni bolam deb ovundi”, deyilishining oʻzi Toʻqol kampirning holatini koʻz oldimizda gavdalantiradi.

Eʼlon qilingan hikoyalarning soni va salmogʻiga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻzbek hikoyachiligi rivojlanishda davom etayotganidan quvonib, adabiyotimizda voqeaga aylanadigan hikoyalar yaratilishi, “adabiyotdagi izlanish, yuksalish ruhi”ning balandlashishidan umidvor boʻlib qolamiz.


5.Isajon Sulton romanlari tahlili.

Zamonaviy oʻzbek nasri tobora globallashib, butun insoniyat taqdiriga daxldor muammolarni badiiy talqin etib bormoqda. Oʻzbek yozuvchisi olam va odamni anglashda, uning maqsad va vazifalarini belgilashda sharqona badiiy-falsafiy konsepsiyani ilgari surmoqda. Shu maʼnoda, zamonaviy oʻzbek nasrini tadqiq etishda jahon adabiyotshunosligining yangicha talqin, tahlil metodlariga tayanish davrning talabidir. Mustaqillik davri oʻzbek romanchiligi haqida soʻz borganda, qariyb oʻttiz yilga teng vaqt oraligʻidagi badiiy tafakkur namunalari nazarda tutiladi. Oʻtgan davr mobaynida turli mavzu va yoʻnalishdagi yuzlab romanlar dunyo yuzini koʻrdi. Ayniqsa, istiqlolning dastlabki oʻn yilligida tarixiy, ijtimoiy mavzusidagi romanlar koʻp yozildi. “Ulugʻ saltanat” (M.Ali), “Bozor” (X.Doʻstmuhammad), “Muvozanat” (U.Hamdam.) kabi romanlar bunga yorqin misol boʻladi. Soʻngi oʻn yillikda esa falsafiy-ramziy romanlarning koʻpayganini koʻrishimiz mumkin. Ayniqsa, “Shovqin” (E.Azam), “Goʻroʻgʻli” (N.Eshonqul), “Yoʻl” (U.Hamdam), “Boqiy darbadar”, “Ozod” (I.Sulton) kabi romanlar alohida eʼtiborga molik. Yozuvchi Isajon Sultonning “Ozod” romani sharqona mumtoz falsafa va bugungi postmoderncha dunyoqarashni oʻzida sintez qilgan asardir. Romanni oʻqir ekansiz, musulmon sharqiga xos dunyoqarashning zamonaviy falsafiy ifodasiga duch kelasiz. Unda bugungi global dunyoda oʻzligini yoʻqota yozgan insoniyatning saodatga erish yoʻli xususida soʻz boradi. Tom maʼnoda, yozuvchi olam va odamning sharqona konsepsiyasini yangicha ifoda yoʻsinida bayon qiladi. “Ozod” romani badiiy-ifodaviy jihatdan ham sharq adabiyoti bilan tutashadi. Zero, asar syujeti Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarlaridagi syujetga mohiyatan yaqin turadi. “Mantiq ut-tayr” asarida Semurgʻni izlab yoʻlga otlangan qushlar 7 vodiyni bosib oʻtadilar. Bu vodiylar tasavvufdagi Haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning ramzidir. “Ozod” romanida ham baxtu saodatga yetkazuvchi sirli lolani izlab yoʻlga otlangan Ozod 7 ta maskanni bosib oʻtadi: “Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas” (1). Birgina shu misoldan anglash mumkinki, yozuvchi odam va olam mohiyatini idrok etish yoʻlida sharq mumtoz adabiyotiga, aniqrogʻi islom taʼlimotiga tayanadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Isajon Sulton Attor va Navoiy anʼanasiga tayanib asar voqealarini muayyan yoʻlda tasvirlaydi. Bu oʻrinda ijodkor uchun qahramon yetib borgan manzil emas, balki bosib oʻtilgan YOʻL badiiy-falsafiy qiymatga ega. Aytish mumkinki, mazkur asarlarni umumlashtiruvchi jihat ham muayyan sinovlari bilan insonni komillik sari eltuvchi YOʻL obrazidir.

Bugun jahon madaniyatiga sharqona dunyoqarash tobora kuchliroq taʼsir etib bormoqda. Mashhur rus olimi Yuriy Borev “Yangi davr – yangi paradigmalar demakdir”- deb yozadi. U insoniyat tarixidagi paradigmalarni tartibi bilan sanarkan, soʻnggi, modernizmdan keyingi (hozirgi) davrni “Sharq modeli” deb ataydi. Unga koʻra: “Sharq madaniyatlari olgʻa surayotgan paradigma jamiyat hayotining ideal va maqsadlarini koʻrsatmaydi, balki donishmandlik va purtadbirlik ila uning yoʻlini belgilab beradi” (3). Uning Sharq falsafasi haqidagi fikrlari Ator va Navoiyning yuqorida eslab oʻtilgan asarlarining (shu jumladan “Ozod” romanining) mazmun-mohiyatiga ham mos keladi. Bu asarlarning voqealarida anglangan manzil (ideal) tasviri emas, balki shu manzilga eltuvchi yoʻl va unga qadar yoʻlovchining toblanib borishi muhimroq.

Yuqoridagi kabi gʻoyalarni ilgari surgan asarlar sirasiga jahonga mashhur yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” romanini ham qoʻshish mumkin. Zero, asar sharqona falsafani oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatli. “Alkimyogar”da ham yoʻlovchi obrazi tasvirlanadi. “Alkimyogar” romanining xazina izlab yoʻlga tushgan Santyago ismli qahramoni oʻz manziliga yaqinlashib borarkan, komillikka erisha boshlaydi. U manzilga yetib kelganda esa, izlagani oʻz yurtida ekanligini tushunib yetadi. Yaʼni xazina oʻzi bilgan xaroba binoning ostiga koʻmilgan edi. Ammo Santyago oʻz hayotining mazmuniga aylangan bu xazinani (aslida, xazina keng maʼnoda baxtni anglatadi) uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtmasdan topa olmagan boʻlar edi. Xuddi shunga oʻxshash voqelik “Ozod” romanida ham aks etadi. Roman qahramoni ham baxtning timsoli lolani qidirib yoʻlga chiqarkan, manzilga qadar turli voqealaru sinovlarni boshdan kechiradi. Ahiyri, manzilga yetgan Ozod lolaning oʻziday nochor, uning oʻziday baxtga orzumand maxluqot ekanligi koʻrib bariga tushunadi: “Baxtu saodat nima ekanini endi-endi anglamoqdaman… yoʻlimda uchragan hamma narsa aslida xulosa chiqarishim va maʼnisini anglashim uchun ataylab yoʻllarimga sochib qoʻyilganini ham tushunyapman.” Shunda Ozod oʻzidagi mislsiz kuchni yurtiga qaytgandagina his qiladi. Ayni shu jihatlar, har roman syujetini Sharq mumtoz adabiyoti namunalariga borib tutashtiradi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun oʻzbek yozuvchisi ilgari surayotgan olam va odam konsepsiyasining asl ildizlari, ijtimoiy, falsafiy va tarixiy asoslarini belgilash zamonaviy adabiyotshunosligimizning dolzarb muammolaridan biridir.



“BOQIY DARBADAR” ROMANI HAQIDA OʻYLAR. Istiqlol davri oʻzbek nasrida Isajon Sulton ijodi alohida oʻrin egallaydi. Ayniqsa, yozuvchining “Boqiy darbadar” nomli romani badiiy-gʻoyaviy, ifodaviy jihatdan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu romanda umuminsoniyatga xos azaliy muammolar yangicha yoʻnalishlarda, Sharq va Gʻarb estetik tafakkuri anʼanalarining sintezi oʻlaroq oʻz badiiy yechimini topadi. Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Yangi asr yuksak texnologik yutuqlarni taqdim etgani holda, insoniyat qarshisiga yana minglab muammolarni ham koʻndalang qoʻymoqda. Global isish natijasida ekologiya yil sayin oʻzgarib hayvonot va nabodot olamiga zarar yetmoqda. Siyosiy-ijtimoiy munosabatlar taranglashgan, demokratiya inqirozga uchragan. Yadroviy qurollarning havfi kundan-kunga ortib bormoqda… Xoʻsh, shunday chigal vaziyatda inson qanday hayot kechirmogʻi lozim? Bu muammolarning muayyan yechimi bormi? Isajon Sulton oʻz romanlari bilan ana shu savollarga javob izlashga urinadi. Bugungi global dunyoda insonga yoʻl koʻrsatishga, uning hayotiy maqsad va vazifalarini eslatib qoʻyishga harakat qiladi. Shu maʼnoda yozuvchi oʻz romanlarida olam va odam munosabatlarining yangi modeli, yangicha konsepsiyasini ilgari suradi. Aslida, Isajon Sulton asarlaridagi oʻziga xoslik ham, uning nasrimizga kiritgan yangiligi ham shunda koʻrinadi. “Boqiy darbadar” romani (“Sharq yulduzi” 2010 yil, 6-son) tom maʼnoda yozuvchining ijodiy salohiyatini, uning oʻziga xos yoʻnalishini belgilab berdi. Mutaxassislar asarni oʻzbek romanchiligidagi yangi hodisa deya baholadi. “Boqiy darbadar” ramziy-falsafiy roman boʻlib, yozuvchi atigi 80 sahifalik asarga bugungi dunyoning global muammolarini, jar yoqalab borayotgan insoniyatning mudhish qismatini sigʻdira olgan. Bu qadar keng qamrovli mavzuni kichik hajmli asarga jo etishda yozuvchiga postmodernizm yoʻnalishi juda qoʻl keladi. Adabiyotshunos D.Quronov bu haqida shunday yozadi: “Boqiy darbadar”da anʼanaviy eposga xos voqeaband syujet oʻrnida sirtdan bir-biriga bogʻlanmay turli makon va zamonda, goh reallik, gohi xayolotda kechuvchi voqealar tasvirlangan, markazida risoladagidek qahramon turmagan boʻlsa-da, ularni bir narsa – hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan muallif shaxsi birlashtiradi, yaxlit butunlikka – romanga aylantiradi…”(1) D.Quronovning mazkur taʼrifidan soʻng aytish mumkinki, romanga postmodernizm yoʻnalishi kuchli taʼsir oʻtkazgan. Zero, olamni uzuq-yuluq turli fragmentlar bilan tasvirlashga urinish postmodernizmning asosiy qonuniyati hisoblandi. Rus faylasufi P.Grechko “Hozirgi kunda “postmodernizm”day ommabop, mavhum va koʻp qirrali termin yoʻq”, deb yozgan edi. Shu maʼnoda oʻzbek adabiyoti namunalarini postmodernizm yoʻnalishi tamoyillari asosida tahlilga tortish baʼzi nazariy chalkashliklaru sunʼiy xulosalarni keltirib chiqarishi mumkinligini inkor etmaymiz. Ammo muammoning ikkinchi bir tarafidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi: glaballashuv, ilm-fan taraqqiyotining yangi bosqichga koʻtarilishi, har qancha taraqqiy topmasin, tabiatning “oddiy” hodisalariga oydinlik kiritolmayotgan, na koinotning va na kichik zarra(molekula)ning cheku chegarasini topolmay tang boʻlayotgan inson salohiyati va uning oʻzgarib borayotgan maqsadlari, hayotiy maʼnosi, umuman, adabiy jarayon shakllanayotgan davr, yangi ijtimoiy munosabatlarning sanʼatga taʼsiri masalasi ham borki, bu milliy adabiyotimizda yaratilayotgan muayyan asarlarga yangicha bir nigoh bilan qarashga undayveradi. “Boqiy darbadar” romanida ham yozuvchi olamning yaxlit modelini turli diniy rivoyatlar, tarixiy maʼlumotlar, zamonaviy ilmiy qarashlar, texnologik yutuqlar, jahon falsafasiga doir yoʻnalishlar va qarashlarning oʻzaro kesishgan nuqtasida yaratishga urinadi. Eʼtiborli jihati, yozuvchi oʻz badiiy konsepsiyasini ilgari surishda Gʻarb adabiy anʼanalaridan toʻliq andaza olmaydi, balki Sharq va Gʻarb anʼanalarini oʻzaro sintez qiladi. Yaʼni muallif postmodernizmning shakliy xususiyatlariga murojaat etadi, xolos. Asarda postmodernizmga xos ifoda shakllari sharqona tafakkur xususiyatlari bilan payvandlanadi va mazmun-mohiyati bilan gʻarbcha dunyoqarashni inkor etadi. Agar Gʻarb postmodernizmi olamni bemaʼni deya hukm chiqarsa, Isajon Sulton romanida shu maʼnisizdek koʻrinayotgan dunyoda darbadarlikdan qochish kerakligi gʻoyasi olgʻa suriladi. Ahamiyatlisi, ijodkor mavjud sharoitning xaotik ifodasidan qochmaydi. Yaʼni roman qahramonlari oʻz mavjudligidagi haqiqatni turli yoʻllardan qidirarkan, muallif aniq bir hukm, Idealni koʻrsatishga ojiz ekanligini yashirmaydi. Lekin uning qahramonlari ana shu Idealni qidirishdan charchamaydi. “Boqiy darbadar” romanida ketar yoʻlidan adashgan bashariyat qismati qalamga olingan boʻlib, unda oʻrgimchak toʻriday chirmashib ketgan oʻnlab yoʻllarda manzilga intilayotgan, hayotdan, yashashdan maʼni qidiriyayotgan qahramonlarni koʻrish mumkin. Tom maʼnoda asar “men kimman?”, “otim nima?” savollari tegrasiga qurilgandek tasavvur uygʻotadi. Zero, asardagi har bir qahramon shu savvollarga javob izlashga urinadi. Yozuvchi insoniyatning tobora tanazzulga yuz tutayotgani sababini oʻz Robbisidan yuz oʻgirayotganida, azaliy qadryat va aqidalariga bepisandlik qilayotganida koʻradi. U bu gʻoyani asarning markaziy qahramonlaridan biri – etikdoʻz misolida berishga urinadi. Asarning badiiy gʻoyasida etikdoʻz tom maʼnoda butun insoniyatning ramzi sanaladi. Zero, ming yillar oldin shu etikdoʻz Yaratganning suyukli bandasiga qoʻl koʻtarib tavqi lanatga uchraydi. Shu kundan boshlab bu lanatlangan inson chigal dunyoning boqiy darbadariga aylanadi. U oʻz manzili haqida biladi, ammo unga olib boruvchi yoʻllarni bilmaydi. Bani bashar esa kundan kunga oʻzi shundoq ham manzili mavhum yoʻllarni yanada koʻpaytirish, chigallashtirish bilan ovora. Bu ketishda u manzilidan butunlay adashadi… Xoʻsh unda yoʻlda adashmaslik uchun, saodat manziliga toʻgʻri borish uchun nima qilmoq kerak? Yozuvchi bu savolga professor Ziyoning oʻgʻli misolida javob axtarishga urinadi. Oʻgʻil barcha jumboqlarning yechimini Allohga imon keltirish, taqdiri azalga tan berishda koʻradi: “Kengligiga aql bovar qilmas ulkan kurrai zaminni muallaq suzdirib qoʻysayu qaynoq suvlarda, daraxt tanasining gʻovaklarida va hatto toshlarning ichida ham oʻzining qudratiga dalolat boʻlsin va inson bolasi koʻrsin uchun jonzotlarni yaratgan boʻlsa… shularni anglasamu oʻzimning haqirligimdan xabardor boʻlsam… qanday qoʻrqmasdan tura olay?” (2) Oʻgʻil inson oʻzligini anglashi uchun tevarak atrofga quloq tutishi kerakligini ham aytadi: “…Tevaragimiz ramzlarga va timsollarga toʻladir. Har bir oʻt-oʻlan aql qulogʻiga, siz nazarda tutgan tafakkur bois, baland ovoz bilan xitob qilib turmoqdadir. Toshlarning va jamiki maxluqlarning ham imon keltirib qichqirishini eshita olish uchun ilm va tafakkur kerak”. Yaʼni professorning oʻgʻli shu ilmlarni egallab abadiy darbadarlikka yuz tutgan odamlar safidan chiqishni orzu qiladi: “Men hozir dunyoning har bir mamlakatida, har bir goʻshasida, halol va imonli kishilar bilan bir qatorda, ana shunday darbadar insonlarni ham koʻrmoqdaman… Shunday darbadarlikka mubtalo boʻlmaslikning yoʻllarini izlamoqdaman”. Oʻgʻilning bu soʻzlarida asarning umumiy xulosasi jo boʻlganday, goʻyo. Chunki darbadarlikka mubtalo boʻlmaslikning yoʻllarini har bir inson izlashi, shu bilan oʻzini va dunyoni jar yoqasidan qaytarishga urinmogʻi lozim.

6.Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romani atrofida munozaralar.

Izzat Sulton yozadi:"Men Qodiriydan: "O'tkan kunlar" romaningiz voqeiy asarmi, deb so'radim". "Yo'q, - dedilar u kishi, - romandagi besh-o'n foiz ayrim tarixiy voqealar, shaxslargina voqeiy. Qolganlari yozg'uvchining mahorati..."

Bu javob mening "O'tkan kunlar"ga bo'lgan e'tiqodimni juda susaytirdi. To'g'risi, shunday deb javob berganlari uchun xafa ham bo'ldim. Chunki o'sha choqqacha men "O'tkan kunlar"ni voqeiy asar deb yurardim..."

Habibullo Qodiriy: Dadamning:

- O'zbek oyim - bu Josiyat bibing, Oftob oyim xonim bibing, Kumush esa - Oykumush opang, - deb kulganlarini xotirlayman.

Garchi Qodiriy bu so'zlarni kulib aytgan bo'lsalar ham o'ylab turib, bunga ishongiz keladi. Chunki Qodiriy ishora qilgan shaxslar nazarimda xuddi roman qahramonlariga o'xshar edi. Josiyat bibim - dumbul, tabiatli, gapdon, bir uy xotinni o'z og'ziga qaratib o'tiruvchi, uncha-munchani pisand qilmovchi, omi bo'lsa ham donolikda hatto dadamdan o'zini yuqori tutuvchi, qiziq fe'lli ayol edi. Bibim hamma to'ylarga ham "kavshim ko'chada qolgan emas", deb boravermas, borsalar ham to'y albatta u kishining ra'iga qarab jo'nashtirilar edi. Bibim bug'doyrang, quralayko'z, cho'ziqa moyil kelishgan yuzli, baland, mutanosib qomatli edilar. U kishi, to'y, mehmonlarga borsalar, qorami, mo'kmi dakana ustidan, dika ro'mol o'rar, ko'zlariga surma qo'yar, egnilariga xonatlas ko'ylak, ustidan mursak, oyoqqa amirkon mahsi kavsh kiyar edilar. Movzin qomatlariga bu kiyimlar shunday yarashib tushardiki, chindan O'zbek oyimga aylanar edilar...

Xonim bibim - oyimning onasi, o'rta bo'y, chiroyli oq yuzli, yumshoqtabiat, mayin so'zli, mulohazali ayol edilar. Ular ba'zan biznikiga mehmon bo'lib kelsalar, uyimiz go'yo to'lib ketganday bo'lardi. Dadam bibini juda hurmat qilar, "oyi" deb atar edilar.

Oykumush opam - qo'ng'iroqdek tovushli, aql-idrok, husnda haqiqatdan Kumushni eslatuvchi edi.

Eshonguzar mahallamizda mulla Alijon ismli dadamning domlasi bo'lardi. Qodiriy bu kishini "ham ustoz, ham yetuk inson" deb nihoyatda hurmat qilardilar. Domlaning yaxshi xislati shundaki, u oqko'ngil, kibrsiz, ta'magir emas, sabr-qanoatli, kamtar, mutolaasi zo'r olim, der edilar otam. Domlaning ichki dunyosi ham nurga to'lgan kabi edi. Gapni o'ylab, bosiq, sodda, yoqimli so'zlardilar. Soz'alrida mantiqsiz ortiqcha iboralar mutlaqo bo'lmas, tinglovchi go'yo huzurlanar, yana-yana tinglasam der edi. Bunday otalar garchi ko'p uchrasa-da, negadir ayniqsa bu kishini Yusufbek hoji obraziga juda-juda o'xshataman.

Asar voqealari asosan ikki shaharda: Toshkent va Marg'ilonda bo'lib o'tadi. Ko'proq bilganim Marg'ilon shahri bo'lgani uchun shunga to'xtalaman. Asar Marg'ilondagi markaziy bozor yaqinidagi musofirlar saroyi tasviri bilan boshlanadi. Bu joy hozirda ham mavjud bo'lib, Marg'ilon shahrining markazidan Go'ravval tarafga ketishdadir. Kumushbibining mahallasi ham shu yerda. Otabek bilan Kumushni uchrashtirgan ariq hali ham bor. (Mana shu ariqqa teskari yo'nalishda ikki mahalla kezilsa, bizning xonadonga boriladi). Shu ko'chadan ozgina yuqoriga yurilsa asarda tasvirlangan jome' masjidi (Xonaqa masjidi) va poyabzal rastasiga chiqiladi. (Ilgari bu yerda juda katta hunarmandlar, kosiblar bozori bo'lgan, hozirda esa ulgurji savdo bozoriga aylangan).

Garchi Marg'ilonning tarixiy darvozalari aslicha saqlanmagan bo'lsa-da, nomlari o'shaligicha qolgan: Toshloq, Qo'qon, Yormozor...

"O'tkan kunlar"da Usta Olimning mahallasi "B..." mahalla deyiladi. Poyabzal rastasidan yuqori tomondagi bu mahalla menimcha Bahrin mahallasidir. Bu mahalla asarda aytilganidek, Marg'ilon shimoliy darvozasiga yaqindir. Hatto bu mahhalladan ancha uzoqda hozirda Usta Olim mahallasi mavjud. Mening ayamlar shu mahallada o'sishgan. Lekin buning asardagi Usta Alimga dahli bormi-yo'qligini aniq bilmayman. "O'tkan kunlar" da Usta Alimning yori Saodatning uyi "Ch..." mahallasida, otasi miltiqsoz bo'lgan deyiladi. Menimcha bu Childuxtaron mahallasi bo'lib (Bu mahhalada Uvaysiy tug'ilgan), Miltiqsoz mahallasi bilan yonma-yondir. Bu mahalla ham hunarmandlar rastasiga yaqindir.

Asarda birnecha marta ta'kidlangan "Ho'ja Ma'oz" mozori hozirda ham mavjud. hali ham ko'hna chinorlar, qabrlar o'sha-o'sha. Aytishlaricha, bu yerga sahobalardan Mu'oz r.a. dafn etilgan ekanlar. Bu mozor ziyoratgoh joy bo'lib, Qodiriyning o'zlari ham bu mozorda tunab qolgan ekanlar.

7.Hamid Olimjon ijodining adabiyotshunoslikdagi talqini.

XX asrning 20–30-yillarida yangi o‘zbek milliy tarjima maktabining shakllanishi va kamol topishida Hamid Olimjonning salmoqli o‘rni bor. U ijod bulog‘i qaynab jo‘sh urgan 30-yillarning o‘rtalarida adabiy bilimi va lug‘at fondini tinimsiz boyitgani va she’riyat “sir”larini mukammal egallaganidan so‘ng mumtoz jahon shoirlarining asarlarini tarjima qilishga kirishdi va badiiy tarjima sohasida ham katta yutuqlarga erishdi. U shu ijodiy jarayonda, Pushkinning ustozi V.A.Jukovskiy aytganidek, asarlari tarjima qilinayotgan shoirlarning “qul”i emas, balki munosib “raqib”i bo‘lishga intildi.


Odatda, adabiyotshunoslar biror shoir yoki yozuvchi adabiy merosini o‘rganganlarida ular ijodini turli tadrijiy davrlarga ajratishni xush ko‘radilar. Bu, ko‘pincha, shoir yoki yozuvchi ijodiy yo‘lining bir-biriga o‘xshab-o‘xshamagan bosqichlarini ilg‘ash va kuzatish imkonini beradi.
Agar Hamid Olimjon ijodining ilk davriga nazar tashlasak, shu davrdagi adabiy maydonda – Rossiyada M.Svetlov, A.Bezimenskiy singari “komsomol shoirlar”ning, Turkiya va Ozarboyjonda Nozim Hikmat singari isyonkor shoirlarning javlon urganlarini ko‘ramiz. Davr Hamid Olimjon singari yosh ijodkorlarni shu shoirlar izidan borishga, ular ijodidagi g‘oya va obrazlardan andoza olishga da’vat etdi. Hamid Olimjon, Mirtemir va Shokir Sulaymonni shu davrda “rus shoirlari”ga qaraganda Nozim Hikmatning Qora dengiz to‘lqinlaridan ham dolg‘ali she’rlari to‘lqinlantirib yubordi. Hamid Olimjon va Mirtemir Nozim Hikmatning 1929 yili Bokuda chop etilgan “Quyosh ichganlar qo‘shig‘i” she’rlar to‘plamini o‘qib, to‘plamdan joy olgan mansuralardan sarxush bo‘lib, ularni o‘zbek tiliga o‘girdilar. Ammo nima uchundir nashriyotga topshirilgan bu to‘plam dunyo yuzini ko‘rmay qoldi. Taxmin qilish mumkinki, shu davrda katta mavqega ega bo‘lgan kuchlar Hamid Olimjonning nigohini Rossiyadagi she’riyat kechalarini gullatayotgan “komsomol shoirlar”ga qaratib, unga shu shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni maslahat bergan.
Hamid Olimjon 1930 yilda M.Svetlovning mashhur “Grenada”, 1931 yilda A.Bezimenskiyning “Shoirning raporti”, “Shu kunning ilhomi” she’rlarini, P.Shiryayevning “Kurashchilar” hikoyasini, shuningdek, M.Gorkiyning “Chelkash” hikoyasi, “Zavod-fabrikalar tarixi” maqolasi va M.Lermontovning “Bela” qissasini tarjima qildi. Shu narsa g‘aroyibki, tarjimon shoir garchand bu asarlarning ruhi va g‘oyaviy mazmunini tarjimada to‘la ifodalashga muvaffaq bo‘lgan esa-da, “Bela” va “Chelkash” o‘lmas asarlar jumlasidan bo‘lganligi tufayli, ularni o‘zbek tiliga shunday zavq-shavq va ilhom bilan tarjima qilganki, bu tarjimalarni hozir ham huzur qilib o‘qiysiz. Shoir sifatida 30-yillarning o‘rtalarida kamolotga erishgan Hamid Olimjonning 30-yillar tongidayoq rus adabiyotining bu ikki mashhur asarini o‘zbek tilida katta mahorat bilan jaranglatib yuborganidan hayratga tushasiz. 1936 yilda Pushkinning “Kavkaz asiri” dostoni va “Suv qizi” (“Rusalka”) dramasini tarjima qilishda bir oz qiynalganligi sezilgan Hamid Olimjon 1931 yilda, ayniqsa, “Bela”ning tarjimasini maromiga yetkazgan.
1937 yilda A.S.Pushkin vafotiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan barcha ittifoqdosh respublikalarda, jumladan, O‘zbekistonda shoir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish masalasiga katta e’tibor berildi. Shu yillarda ko‘zga ko‘ringan shoir va yozuvchilar bu qutlug‘ ishga jon-jon deb kirishdilar. Pushkinning “Kavkaz asiri” va “Suv qizi” asarlarini tarjima qilish, aytib o‘tilganidek, Hamid Olimjonning zimmasiga tushdi. U rus she’riyatining bu durdonalari tarjimasiga katta mas’uliyat bilan yondashdi. Hozir ham bu ikki asar tarjimasini o‘qir ekansiz, ularda tarjimon mahorati porlab turgan sahifalar oz emasligiga guvoh bo‘lasiz. Lekin shu ikki asar tarjimasini Pushkinning ikki lirik durdonasi tarjimasi bilan qiyoslaganda, liro-epik asarlar tarjimasi bizga xiyla og‘irroqdek bo‘lib ko‘rinadi.
Shu narsa ajoyibki, Hamid Olimjon Pushkinning “Sizni sevgan edim…” va “Tikilaman ko‘rganda darhol…” satrlari bilan boshlangan ikki she’rini o‘z dilining amri bilan, o‘zi uchun yayrab-erkalanib o‘girgan. Ular Pushkinning ko‘p jildli “Asarlar”iga kiritilmagan. Lekin bu she’rlar tarjimasi shunday ilohiy ilhom bilan o‘zbek navolariga soz­langanki, Pushkin ularni o‘zbek tilida yozgandek tuyiladi. Bu tarjimaga, tarjimon Hamid Olimjonga berilishi mumkin bo‘lgan eng yuksak bahodir.
Agar shu ikki tarjimani “Kavkaz asiri” va “Suv qizi” asarlari tarjimasi bilan qiyoslasak, birinchi tarjimadagi bizni maftun etgan sabuhiy tarovat va tuyg‘ular zarofati ikkinchi tarjimada sezilmaydi. Shu sababli qalbimiz doston va drama tarjimalariga uzoq vaqtgacha o‘z eshiklarini ochmay turadi.
Pushkin bor-yo‘g‘i o‘ttiz sakkiz yil umr ko‘rganiga qaramay, poetik mahorat sirlarini shu qadar mukammal egalladiki, kitobxon liro-epik asarlari va dramalarida shekspirona ko‘lam, chuqur fikr va mushohadalarning somon yo‘li yulduzlaridek jilvalanib turganini ko‘rib hayratga tushadi. U yuksak fikr va mushohadalarni siqiq va lo‘nda satrlarga shunday ustalik bilan joylashtirdiki, ularni tarjimada ifodalash uchun Pushkin bino etgan she’riy maydon tarjimonga torlik qilib qoladi. Tarjimon yo shu maydon doirasida harakat qilib, fikr olmoslarini yo‘nishi, yoki fikrning barcha olmos qirralarini nurlantirish uchun harakat maydonini kengaytirishi darkor bo‘ladi. Hamid Olimjon ba’zan shunday hollarga duch kelganida, nazarimizda, xiyla dov­dirab qolgandek taassurot uyg‘otadi. Ammo u shu zahotiyoq paydo bo‘lgan jumboqni yechishning eng jo‘yali yo‘lini topadi.
Pushkin garchand “Kavkaz asiri”ning janrini “qissa” deb belgilagan bo‘lsa-da, aksar pushkinshunoslar uni rus shoirining boshqa dostonlari qatorida, doston sifatida tahlil qilib keladilar. Bizning nazarimizda ham, bu asar “qissa”dan ko‘ra “doston” janriga yaqinroq.
8.Oybek lirikasida tabiat va inson tasviri.

Musavvir tomonidan chizilgan manzara rangtasvirga xos badiiy ifoda shakl va usullari vositasida retsipiyentga muayyan tuygʻu-fikrlarni yetkazadi. Zero, musavvir tabiat manzarasini qalbidan oʻtkazib, oʻz his-tuygʻularini boʻyoqlarga qorishtirib ijod qiladi. Ayni damda, u odamlarga tabiatni xuddi oʻzi koʻrganiday, his etganiday koʻrsatishga intiladi. Bu borada rangtasvir sanʼati imkoniyatlari juda keng va muttasil boyib boradi. Uning bu boradagi yutuqlaridan boshqa sanʼat turlarida, xususan, badiiy adabiyotda ham keng foydalanilgan va foydalanilmoqda. Yaʼni adabiyotda ham obʼyektni soʻz vositasida xuddi musavvir chizganiday tasvirlash, fikr-tuygʻularni koʻproq koʻrimli (vizual) obrazlar bilan ifodalashga intilishning kuchaygani buning yaqqol dalilidir.

Mumtoz adabiyot va u bilan parallel ravishda rivojlanib kelgan mumtoz miniatyura sanʼatlaridan farqli holda, zamonaviy oʻzbek adabiyotida ham, tasviriy sanʼatida ham obʼyektni jonli, ayni damda, realistik tasvirlash tamoyili kuchaydi. Endi ijodkor borliqni mumtoz sanʼatlardagi kabi shartli unsurlar asosidagina koʻrmay, balki obʼyektning mavjud holida goʻzallik va hikmat koʻrishga intiladi, yaʼni estetik nigohning moʻljali qayta sozlanadi. Oʻtgan asr avvalida zamonaviy rangtasvir, teatr va kinematografiyaning ifoda shakllari oʻzaro uygʻun holda sanʼatning yangi bir bosqichiga asos soldi desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunki ahamiyati kundan kunga ortib borayotgan vizual sanʼatlarning taʼsiri badiiy adabiyotni, xususan, sheʼriyatni ham chetlab oʻtmaydi. Endi shoir oʻquvchining estetik ehtiyojiga monand sheʼrda tasviriylikka, his-tuygʻularini vizual obrazlar asosida ulashishga intiladi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining rangtasvir bilan sintezidagi dastlabki yorqin namunalarni Oybek ijodida kuzatish mumkin:
Botdi quyosh − qiz,

Yondi uzoqda

Atlas etagi.
Oybek tabiatni shunchaki chizmagan. Bir qarashda bu oʻrinda “chizmoq” soʻzini qoʻllash erish tuyuladi. Boisi, sheʼr misralarida manzara detallashtirilmagan. Shoir yaratgan manzara real hayotdagi koʻrinishidan birmuncha farq qilib, unga ijodkorning real manzaradan olgan taassurotlari yigʻindisi sifatida qarash mumkin. Chunki bu sheʼrni oʻqib ongimizda gavdalanadigan manzara turli tasviriy detallar vositasida emas, balki yaxlit taassurotlar asosida namoyon boʻlayotganini his qilamiz. Sheʼriy parchada goʻzal manzara – kunning botishi lahzalari tasvirlanadi. Keling, oʻsha goʻzal manzarani real hayotdagi koʻrinishini eslaylik: botayotgan quyosh qizgʻish tusga kirgan. Ufq chizigʻi boʻylab uning faqat yarmigina bizga koʻrinadi. Atrofidagi bulutlar esa qizilga moyil, ammo turli ranglarda tovlanadi. Butun ufq boʻylab oʻsha qizil rang, qizillik hukmron… Agar obrazli qilib ifodalashga ehtiyoj tugʻilsa, bu xuddi atlasdan libos kiygan qizil yuzli qizni yodga soladi. Oybek esa manzarani biz kabi detallar asosida chizib oʻtirmaydi. U oʻzida real manzara uygʻotgan ilk taassurotni qalamga oladi va oʻquvchini ham manzarani shunday koʻrishga undaydi. Sheʼrxon manzarini kuzatish asnosida muayyan taassurot hosil qilmaydi, aksincha, taassurotlar asosida yaxlit manzarani koʻradi. Sheʼrni oʻqirkansiz, real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzara koʻz oldingizda namoyon boʻla boshlaydi. Xuddi shunday tasvirni shoirning “Kechqurun”, “Qish kechasi”, “Yalta kechasi”, “Yoz kechasi”, “Dengizda oqshom”, “Naʼmatak” va boshqa koʻplab sheʼrlarida ham kuzatishimiz mumkin:
Suvlarda sekin oʻynar,

Oltin qayiqchalardek,

Quyosh alangalari…

Gʻurub yongʻini qoplar,

Samo yuzi anordek,

Bulutlar atlas kabi…

Ufqlar qulochiga

Sigʻmagan buyuk dengiz

Chayqalar sekingina.

Suvlar quyosh sochiga

Oʻralashib tinimsiz

Oʻpar qirgʻoqni asta…


Oybekning “Dengizda oqshom” sheʼri 1930 yilning oktyabr oylari Sochida yozilgan. Demak, sheʼr bevosita dengiz qarshisida bitilgan boʻlishi mumkin. Bu sheʼr ham shoirning koʻplab asarlari qatori toʻlaligicha manzara tasviriga bagʻishlanadi. Shoirga manzaraning har bir unsuri nimanidir eslatadi: “oltin qayiqcha”, “samo yuzi anordek”, “atlas bulutlar”, “ufqlar qulochi”, “quyosh sochi”, “oʻpar qirgʻoqni” kabi obrazlar ana shu taassurotlarning mahsulidir. Eʼtibor qilsangiz, kichik tashbehlar asosida tabiatning butun koʻrinishi namoyon boʻlmoqda. Bu oʻrinda shoir poetik nigohining oʻtkirligi, tasvirlash mahorati shunchaki goʻzal tashbehlar topa bilganidagina emas, birinchi navbatda, oʻsha tashbehlarning vizual (koʻrimli) ekanidadir. Oybek dengizni shunday tasvirlaydiki, oʻquvchi manzarani xuddi koʻzlari bilan koʻrib turganday zavqlana boshlaydi.
Adabiyot – soʻz sanʼati demak. Uning har qanday ifodaviy imkoniyati soʻz bilan chegaralanadi. Ayni damda, soʻzning ifodaviy imkoniyati cheksiz ekanligini taʼkidlamoq zarur. Yuqorida aytib oʻtganimizday, ijodkor soʻz vositasida ham oʻquvchiga musavvirlarday tasvir asosida taʼsir oʻtkazish imkoniyatiga ega. Yaʼni musiqa va tasviriy sanʼatning ifodaviy imkoniyatlaridan keng foydalanishi mumkin. Shoir badiiy ifodada boshqa sanʼat turlari imkoniyatiga murojaat etarkan, muayyan soʻz, jumlaning badiiy-tasviriy imkoniyatiga jiddiy ahamiyat qaratadi.
Musavvir tomoshabinni lol qoldirish maqsadida ranglarni mahorat bilan tanlasa, Oybek oʻquvchi uchun soʻzlarni marjondek teradi. Agar Oybekning eʼlon qilingan sheʼrlari bilan shu sheʼrlarning qoʻlyozma va boshqa toʻplamlardagi variantlari taqqoslab koʻrilsa, tahrir jarayonida soʻzning leksik xususiyatiga, tasviriy koʻlamiga katta eʼtibor qaratilganini sezish qiyin emas. Shoirning “Ogʻochliklarda” nomli sheʼri uning “Mukammal asarlar toʻplami”da quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Bahor – quyoshning oltin kulgusi

Yashil yaproqlarda yashnab oʻynaydi.


Oybekning mazkur asari koʻlyozmasi bilan tanishganda, shoirning kichik stilistik tahririga, ammo sheʼrdagi katta ifodaviy-tasviriy yangilanishga guvoh boʻlamiz:
Bahor – quyoshining oltin kulgusi

Yashil yaproqlarda sekin oʻynaydi.


Oybek tasvirdagi gʻalizlikni sezgan holda qoʻlyozmadagi “sekin” soʻzini “yashnab”ga alishtiradi. Albatta, bahor yangilanish, yasharish fasli. Oʻquvchi bahoriy yellar hirpiratib turgan yam-yashil yaproqlarda yorqin nurlarning sekin harakatini aslo tasavvur qilolmasdi. Aslida, bunday oʻxshatish kuz fasli tasvirlariga mos kelardi. Sheʼrda “sekin” soʻzining “yashnab”ga oʻzgartirilishi esa tasvirning toʻkis va jonli boʻlishini taʼminlaydi.
Yuqoridagiga yaqinroq misolni Oybekning “Yana kuz” sheʼrida uchratamiz. Bu safargi tahrir tasvirdagi kuzga xos xarakterni kuchaytiradi:
Ogʻochlardan yaproqlar

Shitirlashib toʻkilar…


Ikkinchi misra qoʻlyozmada “Shildirab toʻkilar”… shaklida uchraydi. Avvalo, shildirab soʻzi maʼno nozikliklari bilan koʻproq suvga, yayrab oqayotgan suvga nisbat beradi. Hazonrezgi esa, ongimizda “shitirlash” bilan, shuni ifodalovchi “shitirlamoq” soʻzi bilan muhrlangan.
“Samarqand oqshomi” nomli sheʼrning ilk misralari qoʻlyozmada quyidagicha keladi:
Yotogʻiga bosh qoʻyar

Quyosh uzoqda.


Tahrirdan soʻng u mana bu shaklga kelgan:
Yotogʻiga bosh qoʻyar

Quyosh – oltin qiz.


Qoʻlyozma variantida tasvirdan koʻra oddiy tavsif ustun, yaʼni quyosh botayotgani haqida oddiy xabar berildi (bamisoli quyosh botayotgani haqidagi radioreportaj). Buning oʻzi manzarani jonli koʻrish uchun oʻquvchiga juda kamlik qiladi. Quyoshning oltin qizga mengzalishi esa ufqdagi oltin rang va sirti qizlar yuziday qizil quyosh tasvirini yorqin ifodalaydi. Bu oʻrinda ham shoir taassurot asosida tasavvurimizda manzarani jonlantirish uchun yetarli sharoit yaratgan. Natijada, oʻquvchi manzarani toʻliq, ayni damda, goʻzal badiiy jilolari bilan kashf etishga muyassar boʻladi. Oybek oʻz sheʼrlari bilan tabiatning butun goʻzalligini, shu goʻzallik insonga berishi mumkin boʻlgan zavqni koʻrsatib berishga urinayotganday goʻyo. Uning bu ijodiy niyatini roʻyobga chiqarishga rangtasvirga xos ifoda vositalari yordam beradi. Soʻz vositasida vizual obrazlar yaratishga moyillik shoirning xorijiy adabiyotlardan, rangtasvirdan ilhomlangani bilan izohlanadi. Oybekning bu yoʻldagi tajribalari sheʼriyatimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytirishda gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Foydalanilgan adabiyotlar.

1. Quronov D. Oʻylashgan undovchi asar. Sharq yulduzi / 2010 y, 6-son. B.15.



2. Sulton I. Boqiy darbadar. Sharq yulduzi / 2010 yil, 6-son. B.40.

3. Ziyo.uz internet tarmog’i.
Download 142.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling