Italiya 13—14-asrlardayoq Yevropada iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan mamlakat edi. Italiya madaniyati rivojlanishiga uning antik madaniyatining yirik markazi bo`lganligi, bu yerda qadimgi yodgorliklar boshqa mamlakatlarga qaraganda ko`p saqlanganligi ham ta`sir ko`rsatgan.
San`atshunoslar Italiya Uyg`onish davri arafasi — 13—14-asrlarni (k. Protorenessans) hisobga olmay, Italiya Uyg`onish davrini quyidagicha davrlashtiradilar:
Ilk uyg`onish (tasviriy san`at va arxitekturada — 15- asr, adabiyotda hatto — 14-asr),
Yuksak uyg`onish (15-asr oxiri—16- asrning 1-choragi),
So`nggi uyg`onish (16- asr}.
Hozirgi tadqiqotchilar bunday davrlashtirishni ba`zi hollarda boshqa mamlakatlarga nisbatan ham qo`llaydilar, lekin bunda uyg`onish madaniyati ayrim bosqichlarining xronologik chegarasi Italiyanikidan farq qiladi. Uyg`onish madaniyatining Frantsiya, Niderlandiya, Germaniya, Angliya, Ispaniya va b. Yevropa mamlakatlarida tarqalishi, avvalambor, shu mamlakatlardagi milliy taraqqiyot b-n bog`lik bo`lsa, ayni vaqtda Italiya gumanistik madaniyati yutuqlari ham ta`sir ko`rsatdi.
Italiya Yevropa gumanizmining chinakam «maktabi» bo`lib qoldi. Yevropadagi boshqa mamlakatlarning ilg`or intelligentsiyasi unga intilishar va undan o`rnak olishga harakat qilishardi. Yevropaning ko`p mamlakatlarida uyg`onish madaniyati ziddiyatli bo`lib, antik ta`sir Italiyaga nisbatan sust, milliy traditsiya va feodal madaniyati esa aksincha kuchli edi.
So`nggi Uyg`onish davrida ko`pgina renessans ideallari va normalari Italiyaning o`zida ham, undan tashqarida ham o`zgarishga uchradi. Keskin sinfiy kurash, ayrim mamlakatlardagi feodal-katolik reaktsiyasining, boshqasida protestantizmning g`alabasi sharoitida renessans gumanizmida krizis boshlandi. Gumanistlarning inson erkin rivojlanishi uchun imkon beradigan yangi jamiyat haqidagi optimistik va hayoliy ishonchlari puchga chiqdi.
Uyg`onish davri madaniyatida aristokratok tendentsiya kuchaydi. Bu manerizm va shunga o`xshash boshqa oqimlarning paydo bo`lishiga ta`sir ko`rsatdi. So`nggi uyg`onish gumanizmi yirik vakillari— V. Shekspir, M. Servantes, Mikelanjelo ijodida hayot o`z ziddiyatlari («tragik gumanizm») b-n aks ettirildi; yomonlikka qarshi kurashda fojiaviy motivlar paydo bo`la boshladi. Yangi sharoitda uyg`onish madaniyati o`rniga yangi oqimlar vujudga keldi (sh. Barokko, Klassitsizm).
Do'stlaringiz bilan baham: |