Vasiylik va homiylik to‘g‘risida
Download 259.34 Kb.
|
269 22.09.2014
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qaroriga 3-ILOVA Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlari yig‘majildini yuritish va vasiy yoki homiy tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish tartibi haqida NIZOM I. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini yuritish va vasiy yoki homiy tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish tartibini belgilaydi. 2. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini yuritish, vasiy yoki homiy tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish quyidagilarni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi: vasiylikdagi yoki homiylikdagi hamda vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish; vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning zarur hujjatlarini tayyorlash va ularni joylashtirish; vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar bazasini yuritish; vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi, ularning joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi ma’lumotlarni davlat reyestriga kiritish uchun tuman, shahar hokimligiga taqdim etish; vasiylar va homiylar majburiyatlarining bajarilishini, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning ta’minoti, ularga tarbiya va ta’lim berish sharoitlarini, shuningdek mol-mulki saqlanishini nazorat qilish. II. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini shakllantirish 3. Vasiylik va homiylik organi vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning har biri uchun shaxsiy hujjatlar yig‘majildini shakllantiradi. 4. Vasiylik yoki homiylikdagi voyaga yetmaganlarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar saqlanadi: a) tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki pasport, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan berilgan tug‘ilish to‘g‘risidagi yozuvlar daftaridan ko‘chirma; b) bolaga vasiylik yoki homiylikning belgilanishi haqidagi tuman, shahar hokimining qarori, vasiylik va homiylik organining vasiy yoki homiyning tayinlanishi haqidagi xulosasi yoki yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarga berilgan yo‘llanma nusxasi; v) bolaning ota-ona qaramog‘idan mahrum etilganligini yoki bola tarbiyasida ishtirok etish imkoni yo‘qligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlarning biri: ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ota-onalik huquqini cheklash, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sud qarori; ota-onaning, yolg‘iz ota yoki onaning o‘limi haqidagi guvohnoma; bolaning topib olinganligi (tashlab ketilganligi) haqidagi ichki ishlar organi yoki vasiylik va homiylik organlari tomonidan berilgan hujjat; ota-onaning (yolg‘iz ota yoki onaning) bolaning farzandlikka olinishiga roziligi to‘g‘risida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan arizasi; ota-onaning jinoyat sodir etilganligi bo‘yicha gumon qilinuvchi va ayblanuvchi shaxs sifatida tergov hibsxonasida yoki ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazoni ijro etish muassasalarida ekanligi haqidagi ma’lumotnoma; ota-onaning ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinganligi to‘g‘risida sud qaroridan nusxa; g) tibbiy hujjatlar, shu jumladan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, shuningdek, psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasi (imkoniyati cheklangan shaxslar uchun); d) vasiy yoki homiyning vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini saqlash, foydalanish va ushbu mol-mulkni boshqarish to‘g‘risida vasiylik va homiylik organi rahbari tomonidan tasdiqlangan, ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga muvofiq shakl bo‘yicha yillik hisobotlari. 5. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan fuqarolar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar bo‘ladi: a) pasport nusxasi; b) fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi sudning qarori; v) shaxsga vasiylik yoki homiylikning belgilanishi haqidagi tuman (shahar) hokimining qarori; g) tibbiy hujjatlar, shu jumladan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi; d) vasiy yoki homiyning vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulkini saqlash, undan foydalanish va ushbu mol-mulkni boshqarish to‘g‘risida vasiylik va homiylik organi rahbari tomonidan tasdiqlangan, ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga muvofiq shakl bo‘yicha yillik hisobotlari (muomalaga layoqatsiz fuqarolar uchun). 6. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga quyidagi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha ravishda kiritiladi: a) uy daftaridan ko‘chirma yoki vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning turar joyidan oila a’zolari haqidagi ma’lumotnoma; b) turar joy va boshqa ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (egalik huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma, turar joyni ijaraga berish shartnomasi, orderi); v) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga tegishli mol-mulkining ro‘yxati va mol-mulkning saqlanishi uchun javobgar shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; g) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning turmush sharoitlarini tekshiruvdan o‘tkazish dalolatnomasi; d ) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning nomiga bankda hisob raqamini ochish to‘g‘risidagi shartnoma; e) aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlari va ularning yashash (turar) joylari haqidagi ma’lumotlar; j) sudning alimentlar undirish to‘g‘risidagi qarori, nafaqa oluvchi vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning pensiya guvohnomasi; z) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining nogironlikni belgilash to‘g‘risidagi qarori, nogironning reabilitatsiya dasturi; i) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning daromadlarini taqsimlash haqidagi vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasi; k) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning ehtiyojlari uchun pul mablag‘larining sarflanishi to‘g‘risidagi vasiy yoki homiylarning hisoboti va sarf-xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar; l) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning manfaati uchun tuzilgan shartnomalar; m) merosga ega bo‘lish huquqini tasdiqlovchi hujjat; n) ish (o‘qish) joyidan ma’lumotnoma; o) vasiy yoki homiy bo‘lish yoki bolani oilaga tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslarning vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning tibbiy tashxisidan xabardorligi to‘g‘risida ma’lumotlar; p) o‘n yoshga to‘lgan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning unga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlashga roziligi (arizasi). 7. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida hujjatlarning asl nusxalari, qayta berilgan hujjatlar (dublikatlar), hujjatlarning nusxalari, shuningdek qonunda belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan hujjatlar kiritiladi. 8. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga taalluqli bo‘lgan yangi ma’lumotlar aniqlanganda, tegishli hujjatlar shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga qo‘shiladi va ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. 9. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini yuritish, saqlash va hujjatlarning ro‘yxatini tuzish ishlari vasiylik va homiylik organining mutaxassisi tomonidan amalga oshiriladi. 10. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarga tegishli, ushbu Nizom 4-bandining “a”, “v” kichik bandida, 6-bandining “b”, “v”, “d”, “m” kichik bandlarida qayd etilgan hujjatlar (mavjud bo‘lgan holda) tuman, shahar hokimining vasiylik yoki homiylikni belgilash to‘g‘risidagi qarori chiqqandan so‘ng uch kun mobaynida vasiy yoki homiyga imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Vasiylik va homiylik tugatilgandan so‘ng vasiy yoki homiy tomonidan hisobot va tegishli hujjatlar vasiylik va homiylik organiga topshiriladi. 11. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning turar joyi o‘zgargan taqdirda vasiy yoki homiy tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra mazkur shaxs muqaddam yashagan joyidagi vasiylik va homiylik organi shaxsning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini uch kun mobaynida yangi turar joyidagi vasiylik va homiylik organiga jo‘natadi. Yangi turar joydagi vasiylik va homiylik organi vasiylik va homiylikdagi shaxsning hujjatlarini qabul qilgandan so‘ng bir kun mobaynida mazkur shaxsni belgilangan tartibda ro‘yxatga olishi shart. 12. Voyaga yetmaganni yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasadan shu turdagi boshqa muassasaga o‘tkazishda uning shaxsiy hujjatlar yig‘majildi mazkur muassasa rahbariga imzo qo‘ydirilgan holda topshiriladi. Hujjatlarning nusxalari vasiylik va homiylik organida saqlanadi. 13. Voyaga yetmagan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasadan vasiylik yoki homiylikka berilganda shaxsiy hujjatlar yig‘majildi bolaning yangi yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga yuboriladi. 14. Voyaga yetmagan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasadan chiqarilgandan keyin bolaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildi uning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga yuboriladi. 15. Voyaga yetmagan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasadan chiqarilgandan keyin, shuningdek vasiylik yoki homiylik tugatilganda unga quyidagi hujjatlar topshiriladi: pasport; tibbiy ma’lumotnomalar, shu jumladan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosalari, shuningdek psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasi (imkoniyati cheklangan shaxslar uchun); ta’lim muassasasidan ta’lim olganligi haqida ma’lumotnoma; turar joyi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlarining mavjudligi haqidagi hujjatlar; mol-mulkka, pul mablag‘lariga bo‘lgan huquqi, turar joyga egalik huquqi va ulardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar; yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasada bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumot; pensiya guvohnomasi (mavjud bo‘lganda). 16. Vasiylik yoki homiylikdagi voyaga yetmagan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasaga topshirilganda vasiylik va homiylik organi: a) shaxsiy hujjatlar yig‘majildidagi hujjatlar ro‘yxatini, shuningdek vasiylik va homiylik organining rahbari hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasa tomonidan imzolanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildini topshirish dalolatnomasini tuzadi; b) shaxsiy hujjatlar yig‘majildida saqlanayotgan hujjatlarni yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasa rahbariga ro‘yxat bo‘yicha topshiradi; v) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsni yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasaga yuborish hamda shaxsiy hujjatlar yig‘majildini topshirish dalolatnomasini va hujjatlar ro‘yxatini saqlaydi. 17. Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan hamda vasiylik va homiylik organlari tomonidan hisobga olingan shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar vasiy yoki homiy etib tayinlangandan so‘ng vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildida saqlanadi. III. Vasiy yoki homiy tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishi to‘g‘risidagi hisobot 18. Vasiy va homiy o‘z majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni har yili o‘ninchi yanvargacha vasiylik va homiylik organiga taqdim etadi. 19. Vasiy yoki homiyning hisobotida quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi: vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga tegishli bo‘lgan va saqlash uchun topshirilgan mol-mulkning saqlanayotgan joyi va uning holati haqidagi ma’lumotlar; vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga tegishli mol-mulkning begonalashtirilishi haqidagi ma’lumotlar (shunday holatlar mavjud bo‘lsa); mol-mulk, shu jumladan begonalashtirilgan mol-mulk evaziga sotib olingan mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar; yil davomida vasiylik yoki homiylikdagi shaxs tomonidan olingan daromad to‘g‘risida, daromad manbai, vaqti va miqdori ko‘rsatilgan ma’lumotlar; olingan daromadlar hisobiga vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning ehtiyojlari uchun sarflangan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulki hisobidan qilingan xarajatlar haqidagi ma’lumotlar; vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsni tarbiyalash, unga ta’lim berish, sog‘lig‘ini muhofaza qilish, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumotlar. 20. Vasiy yoki homiyning hisoboti vasiylik va homiylik organining rahbari tomonidan tasdiqlangandan keyin vasiylik va homiylik organi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili ishtirokida vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulki ro‘yxatidan yaroqsiz holatga kelgan mol-mulkning nomlari (ular mavjud bo‘lgan hollarda) chiqariladi va ro‘yxatga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. 21. Vasiylik va homiylik organi vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini saqlashda undagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi. IV. Yakunlovchi qoidalar 22. Vasiylik yoki homiylik tugatilishi bilan shaxsiy hujjatlar yig‘majildi vasiylik va homiylik organining arxiviga saqlash uchun topshiriladi. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildi vasiylik va homiylik organining arxivida 75 yil mobaynida saqlanadi. 23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini yuritish va vasiy yoki homiy tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish tartibi haqidagi nizomga 1-ILOVA |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling