Nima qilish kerak?
— Hozir biz tarbiya bilan shugʻullanyapmiz, deyapmiz. Lekin aslida taʼlim bilan shugʻullanamiz. Shuning uchun taʼlim-tarbiya boʻyicha masʼullar eng qoʻrqadigan savol: “Oʻtgan oʻquv yilida tarbiya boʻyicha qanday natijaga erishdingiz?”. Birorta aqlli odam chiqib, shu savolni berib qolmasinda, deb jon hovuchlab yuradi. Chunki tarbiyaga soat ham, jadval ham, shtat ham ajratilmagan. Shuning uchun oʻtkazilgan tadbirlar soni bor, lekin eng asosiy narsa — natija yoʻq. Chunki uning natijasi nimalarda koʻrinishini va qanday boʻlishi kerakligini bilmaymiz.
Milliy yuksalish davri keldi. Endi bundan toʻxtab, natijasiz, nasiya tarbiyadan natijali — naqd tarbiyaga oʻtishimiz zarur. Tarbiya natijasi fazilatlarda namoyon boʻladi. Shunday ekan, fazilat-kompetensiyalarni oʻrgatishga kirishishimiz kerak. Jumladan, har bir taʼlim muassasasi tarbiyaviy ish rejasiga “Sadoqat tarbiyasi” degan mavzu kirishi kerak. Kiritmadikmi, ertaga hayotda bizni kutib oladigan katta-kichik xiyonatlardan xafa boʻlmaylik. Chunki har bir katta-kichik xiyonat bu — sadoqat tarbiyasi berilmagani uchun olinadigan oʻch. Oʻz vaqtida sadoqat neligini, muqaddasligi tushuntirilmaganining, odatlantirilmaganining oqibati. Yana, yana va yana maʼnaviyat, yana tarbiya. Yana erta profilaktika. Aslida tarbiya bu — erta profilaktika degani.
—
Do'stlaringiz bilan baham: |