Vazirlik yangiliklari


Download 10 Kb.
Sana13.11.2023
Hajmi10 Kb.
#1770712
Bog'liq
AY 1




Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 4-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga koʻra, Toshkent viloyati Boʻka tumani hududida bir qator oʻgʻirlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida 3-iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987-yilda tugʻilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Boʻka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga toʻliq yozib olingan holda soʻroq qilingan.
Gumonlanuvchi U.S. soat 19.00da JPKning 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Boʻka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.
Shu kuni soat 23.30larda gumonlanuvchi U.S.ning sogʻligʻi yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Ya.Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat oʻrganildi, voqea joyi koʻzdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning koʻrsatmalari olindi.
Aniqlanishicha, 3-iyun kuni soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi U.S. Boʻka tumani Jinoyat qidiruv boʻlimining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus soʻrov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi boʻyicha surishtiruv oʻtkazilgan. Jarayonda fuqaroning sogʻligʻi yomonlashib, keyinchalik oʻlimi yuz bergan.
Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga koʻra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va Gʻ.Sh.lar hibsga olingan.
Xolis tergov va tekshiruvni taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Boʻka tumani IIB boshligʻi A.Babaxanov, uning birinchi oʻrinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv boʻlimi rahbari J.Subanov, tergov boʻlimi boshligʻi J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi masʼuli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador boʻlgan tezkor xodimlar J.D. va Gʻ.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan boʻshatildi.
Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB masʼul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga toʻliq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.
Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar oʻz jinoiy qilmishlarini rad etayotgan boʻlsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qoʻshimcha gistologik (ichki organlar va toʻqimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash boʻyicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza maʼlum muddat talab qiladi va uning xulosasi va toʻplangan dalillar boʻyicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqiladi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlaymizki, Ichki ishlar vazirligi insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligini taʼminlanishiga soʻzsiz javobgardir. Shaxsga nisbatan qiynoq qoʻllanilishi, zoʻravonlik yoki boshqa tarzda gʻayriinsoniy munosabatda boʻlishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yoʻl qoʻygan barcha xodimlar qonun oldida qatʼiy javob beradi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bogʻliq vaziyatda fuqaro U.S.ning vafot etganligi munosabati bilan cheksiz taassufda ekanligini bildiradi va marhumning oila aʼzolari hamda yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi.
Hozirda, Ichki ishlar vazirligi va Toshkent viloyati IIBB rahbariyati marhumning yaqinlari bilan hamdard boʻlib, ijtimoiy masalalariga koʻmaklashmoqdalar.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonuniylikka va insoniylikka zid harakatlar jamoatchilik tomonidan keskin eʼtirozlarga sabab boʻlishini toʻliq anglaymiz, lekin shu bilan birga, ichki ishlar organlari shaʼniga dogʻ tushirgan xodimlarning harakatlari ortidan boshqa, oʻz xizmatini vijdonan va sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarni obroʻsizlantirishga yoʻl qoʻyilmasligiga ishonamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi

Download 10 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling