Tarixi - Vengriya hududida dastlabki manzilgohlar paleolit davrida paydo boʻlgan. Bu yerda skif, illiriy, kelt qabilalari yashagan. Mil. av. 1-asr oxiri va mil. 2-asr boshlarida ularni Rim imperiyasi zabt etgan. Keyinchalik, xalqlarning buyuk koʻchishi davrida Vengriya hududida olmon va turkiy elatlar kelib joylashgan. 6-asrda slavyanlar kelgan. Hozrigi vengmojarerlarning ajdodlari mil. davr boshlarida Qora dengiz boʻylarida yashar edi. Koʻchmanchi chorvador mojar qabilalari 9-asr oxirlarida gʻarbga siljib, hozirgi Vengriya hududiga kelib joylashgan. Vengriya davlatining shakllanishida 997 yil xristianlikning qabul qilinishi va knyaz Ishtvan Ining taxtga oʻtirishi muhim rol oʻynadi. U 1000-yilda oʻzini qirol va davlatni qirollik deb eʼlon qildi. 10-asrning ikkinchi yarmidan boshlab dehqonchilik rivoj topdi, yerga xususiy mulkchilik kuchaya bordi. Moʻgʻullarning hujumi (1240—41) Vengriyani vayron qildi. Bu davrda qirol Bela JV (1235—70) Avstriyaga qochdi. 1242-yilda bosqinchilar ketgach, qirol qaytib kelib, mamlakat xoʻjaligini qayta tiklash, mamlakatni mustahkamlash choralarini koʻrdi: mayda va oʻrta dvoryanlarga imtiyozlar berdi, qoʻshni davlatlar bilan aloqa oʻrnatdi. Uning vafotidan keyin feodal tarqoqlik kuchaydi. Karl Robert (1308—42) va uning oʻgʻli Layosh (Lyudovik) (1342—82) davrida hokimiyat markazlashtirilib, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga eʼtibor berildi.
- Xoʻjaligi
- Vengriya — industrial-agrar mamlakat. Sanoati ilgʻor texnika bilan qurollangan, qishloq xoʻjaligi yuksak darajada rivojlangan. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 35,5 %, qishloq va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 12 %.
- Sanoatining yetakchi tarmoklari: mashinasozlik, qora va rangli metalurgiya, elektronika, oziq-ovqat, mebel va yengil sanoat. Yoqilgʻi-energetika balansida koʻmir asosiy oʻrin egallaydi (Tatabanya, Oroslan, Borshod, Mechek va boshqalar konlar). Neft va tabiiy gaz qazib olish rivojlangan. Elektr energiya asosan issiqpik elektr stansiyalarida hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 32,5 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi). Qora metallurgiya asosan chetdan keltiriladigan ruda va koks asosida ishlaydi. Bu tarmoqning asosiy markazlari: Mishkols, Ozd va Dunayvarosh. Boksit-alyuminiy sanoati hal qiluvchi ahamiyatga ega (Almashfyuzit, Ayka, Tatabanya, Inot, Nirad-Deaki va boshqalar). Mashinasozlikning asosiy tarmoqlari — elektr texnika, priborsozlik, aloqa vositalari, hisoblash texnikasi, tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek transport vositalari, ayniqsa kemasozlik, temir yoʻl vagonlari, avtobus ishlab chiqarish („Ikarus“ zavodlari) rivojlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |