Videorolik ssenariysi
Download 41.5 Kb.
|
Bayroq
- Bu sahifa navigatsiya:
- Birinchi talaba
- Ikkinchi talaba
- Xorazmshoh
- Buxoro amirligi
VIDEOROLIK SSENARIYSI Muallif so‘zi: Davlat bayrog‘i – davlatning ramziy belgilaridan biri, mustaqil davlat va unda yashovchi fuqarolar daxlsizligining aniq ifodasidir. Davlat bayrog‘i odatda yakrang yoki ko‘prangli matodan iborat bo‘lib, uning bir tomoni dastaga mahkamlanadi. Matoga ba’zan turli ramz va belgilar tushiriladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda mamlakatning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi. Shu sababli bugun o‘zbek davlatchiligi tarixida baland ko‘tarilgan ba’zi davlat bayroqlari haqida so‘z yuritamiz. (Talabalar muayyan davlatning bayrog‘i haqida so‘zlayotganlarida ekranda shu davlatning bayrog‘i rasmi ko‘rsatiladi. Bayroqlar rasmi internetda mavjud) Birinchi talaba: Rim imperiyasi bilan raqobatda bo‘lgan Kushon imperiyasining bayrog‘i oq rangli bo‘lib, bayroqning old tomonida besh qirrali och sariq tusdagi yulduz tasvirlangan. Eftaliylar bayrog‘i ham shu ko‘rinishda bo‘lgan. Turk xoqonligi o‘zining ramziy ifodasini aks ettirish uchun ma’lum ramziy belgilar qabul qilgan. Bu belgilar davlat bayrog‘ida o‘z ifodasini topgan. Ushbu yashil bayroq o‘rtasiga bo‘ri boshi tasviri tushirilgan. Ikkinchi talaba: Turkiy xalqlar islom dinini qabul qilgandan so‘ng davlat bayroqlarida ayrim o‘zgarishlar yuz bergan. Qoraxoniylarning ramziy ifodasi – bayrog‘i qizg‘ish-qo‘ng‘ir rangli bo‘lgan, bayroqda tug‘ shaklidagi o‘q tasvirlanib, quyidan yuqoriga qarab lotincha «M» harfi kabi uchta shakl ketma-ket aks etgan. G‘aznaviylarning bayrog‘i, ya’ni ramziy belgisi to‘q yashil rangda bo‘lib, uning yuqori qismida och kulrang yarim oy belgisi tasvirlangan, shuningdek, yarim oy ostiga tovus tasviri berilgan. Saljuqiylarning bayrog‘i ham to‘q yashil rangli bo‘lgan, bayroq o‘rtasiga qanotini ikki tomonga yoygan ikki boshli burgut tasviri tushirilgan. Burgut oldida o‘qlangan yoy tasviri ham berilgan. Xorazmshohlarning bayrog‘i esa qora rangli bo‘lib, bayroq ichida boshqa tasvir mavjud emas. Uchinchi talaba: Temuriylar bayrog‘i o‘rtasida Osiyo, Yevropa hamda Afrika qit’alari ramzi bo‘lgan uch doira tasviri berilgan, bayroq moviy rang, doiralar kul rang bo‘lib, biri-biriga yondosh holda tasvirlangan. Bu ramziy ifoda Temuriylar imperiyasi uch qit’ani o‘z ta’siriga olganligi ifodasi edi. Shunga ko‘ra, uch doiraning qo‘shilgan shakli tasvirlangan. Qadimiy an’ana tarzida Xiva xonligi bayrog‘i uchun jigarrang tus qabul qilingan, bayroq bo‘yi ikki metr, eni bir metr, o‘rtasida yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan, bayroq hoshiyasi yupqa yashil yo‘l bilan ifodalangan. Buxoro amirligi bayrog‘i yashil rangli bo‘lib, unda yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan. Qo‘qon xonligi bayrog‘iga an’anaviy sariq-malla rang qabul qilingan, bayroq o‘rtasida yarim oy va besh qirrali yulduz tasviri berilgan. To‘rtinchi talaba: 1917-yili Qo‘qon shahrida Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzilgandan so‘ng, jamoatchilik tomonidan milliy bayroq masalasi ko‘rib chiqilgan. Qadimgi turkiy xalqlarda mamlakatning sharq tomoni — yashil, janubi — qizil, g‘arbi — oq, shimoli esa qora rang orqali ifodalanishiga ko‘ra, bu ranglar milliy bayroqda aks etishi lozim deb hisoblangan. Bayroq to‘rt xil rang bilan, to‘rt cheti ensiz yashil moviy rangda ifodalangan, uning uch tomonidan uch yo‘l birlashtirilib, bu uch yo‘l navbatma-navbat jigar rang bilan berilgan; yana uchta yo‘l tutashtirilgan holda navbatma-navbat oq rangda ifodalangan. Shuningdek, bayroqning sopi bilan birlashtirilgan tomonidan yashil rangli yo‘ldan so‘ng yarmiga qadar qizil rangda tasvirlangan, bu qizil rangli qismida yarim oy yoki hilol tasvirlanib, hilolning bag‘rida besh qirrali yulduz oq rangda ifodalangan. Bayroqning qizil rangli qismidan keyingi bo‘lagi ham besh yo‘ldan iborat. Beshinchi talaba: Yurtimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizning azaliy orzu-istaklari, ezgu intilishlari O‘zbekiston Respublikasining yangi davlat ramzlari, jumladan, Davlat bayrog‘ida o‘zining yorqin ifodasini topdi. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Timsollar tilida bu — yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqdagi oq rang — muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning tim solidir. Yashil rang — tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir. Oltinchi talaba: Navqiron yarimoy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzidir. Yulduzlar barcha xalqlar uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 ta yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida «Nujum ilmi» taraqqiy etganligi bilan izohlanadi. Davlat bayrog‘imizdagi o‘n ikki yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilish ramzi sifatida tushunish lozim. Muallif so‘zi: Xalq idrokida bayroqning yuqori qismi O‘zbekistonning doim moviy osmonini, bayroq o‘rtasi xalqimizning oq ko‘nglini, bayroqning tub qismi esa bizning cheksiz yashil dalalarimiz va tabiatimizni ifoda qiladi. O‘n ikki yulduz — keng va behad O‘zbekistonimiz tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar azaliy tariximizga sodiqligini bildiradi, yarimoy esa yurtimiz islom Sharqi mamlakati ekanligidan darak beradi, bayroqdagi ikki qizil yo‘l – mavjud birlik va buzilmas do‘stlikka erishish uchun yurtimiz farzandlari qon to‘kkanlariga ham ishora qiladi. Download 41.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling