Portal orqali onlayn rejimida huquqiy maslahat olish mumkin
Virtual qabulxonaning yangi dasturiy tizimida fuqarolarga qulay bo‘lgan shaklda turli muammo va masalalar bo‘yicha malakali yuridik yordam berilishini ta’minlovchi «Onlayn maslahatchi» moduli yaratildi. Bu modul «Ko‘p beriladigan savollar» bo‘limi bilan hamohanglikda ishlaydi. Bunda turli tarmoqlar va faoliyat sohalari bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb etilgan malakali mutaxassislar jismoniy va yuridik shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berib borishi va mazkur xizmat shu yil 15-fevraldan boshlab test rejimida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, murojaatlarning salmoqli qismini huquqiy axborot yoki ma’lumot olish maqsadida yuborilgan murojaatlar tashkil etadi. Fuqarolar hayotda uchraydigan turli-tuman masalalarda huquqiy maslahat olish uchun ham virtual qabulxonaga murojaat qilar va murojaat ko‘rib chiqilib, javobi murojaatchiga etib borgunicha anchagina vaqt talab qilinar edi.
«Onlayn maslahatchi» xizmati virtual qabulxona orqali savol yuborib, onlayn rejimda yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislardan tezkor huquqiy maslahat olish imkoniyatini taqdim etmoqda. Endilikda u yoki bu masala bo‘yicha huquqiy axborot olish uchun bir necha kun javob xati kelishini kutish zarurati qolmaydi. Bu o‘z navbatida, portalda ro‘yxatga olinayotgan, faqat huquqiy ma’lumot olish nazarda tutilgan murojaatlar soni qisqarishiga, davlat organlarida boshqa turdagi murojaatlar bilan ishlash sifati oshishiga xizmat qiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqiy ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojlari tezkor ravishda ta’minlanishiga erishiladi. “Onlayn maslahatchi” moduli orqali ko‘p beriladigan savollar muntazam tahlil qilinib, shu asosda “Ko‘p beriladigan savollar” bo‘limi to‘ldirib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |