Xakimov B. J. Tmi professori
Download 49 Kb.
|
lotin
Xakimov B.J. TMI. professori IQTISODIY TАHLIL FАNI METODOLOGIYaSI VА UNI TАKOMILLАShTIRISh YOʼLLАRI Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozni ilmiy tadqiq qilish asosida uning boshlanishiga sabab boʼlgan voqeliklar birma-bir topilib, ularning shakli hamda mazmuni aniqlanib global hodisaga koʼrsatgan taʼsirlari oʼrganilmoqda. Taʼkidlash kerakki, iqtisodiy inqiroz bu muammolar kompleksidir. Uning yechimi ham kompleks chora-tadbirlarni muayyan davr davomida uzluksiz qoʼllanilishini talab qiladi. Xalqaro maydonda moliyaviy-iqtisodiy inqirozning kelib chiqishi va hozirgi kunda ham davom etishi turli qarashlar bilan izohlanmoqda. Shulardan biri iqtisodiy sohada maqbul hamda toʼgʼri deb hisoblanib kelingan ayrim yondashuvlar, usullar, vositalar, printsiplar va shu kabilar ularni qoʼllash asosida erishilishi mumkin boʼlgan, yaʼni kutilgan natijalarni bera olmadi. Аksincha, mazkur vositalar - kutilmagan, oldindan tassavvur qilinmagan salbiy voqeliklarni kelib chiqishiga sabab boʼldi. Bunday holatlarni oldindan bilmaslik yoki koʼra olmaslik ularni ilmiy asosda boshqara olmaslikni keltirib chiqardi. Bunday voqealar kompleksi, yaʼni subʼektlar tomonidan boshqarila olmay qolingan hamda oʼz-oʼzicha tartibsiz roʼy bera boshlagan iqtisodiy munosabatlar pirovard natijada kirizis holatini keltirib chiqardi va chiqarmoqda. Shu joyda taʼkidlab aytamizki, salbiy natijalarga sabab boʼluvchi omillar bu - voqeliklarni tadqiq etishdagi, ularni bilishdagi asoslar - metodlar, printsiplar, vositalarning chuqur oʼrganilmaganligini koʼrsatish mumkin. Toʼla maʼnoda oʼrganilmagan yodashuvlar va ularni amaliyotga tatbigʼi esa sodir boʼlayotgan zamonaviy voqeliklarni tushunish va boshqarishda oʼz kamchiligini namoyon qiladi. Bu esa yuqorida aytib oʼtilgandek salbiy natijalarni oʼz-oʼzidan boshlanishiga dastlabki manba boʼlib hisoblanadi. Demak, iqtisodiy kirizis oqibatlarini tugatish, shunday holatlarni oldini olish hamda raqobatdosh iqtisodiyotni shakllantirish uchun, avvalo voqeliklarni bilishning asosi boʼlgan – metodlarni, ular amal qiladigan printsiplarni, voqeliklarga taʼsir qiladigan vositalarning aynan oʼzlarini davr talablaridan kelib chiqib obʼektiv oʼrganish zarur ekan. Аyniqsa, iqtisodiy soha fanlarida mazkur masala oʼta dolzarb ahamiyatga ega. Shu jumladan, iqtisodiy tahlil fanida ham. Chunki, bunday kamchilik xoʼjalik faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish ishlarida ham mavjud. Аgarda, xoʼjalik subʼektlari har bir iqtisodiy voqelikni ilmiy asosda chuqur tahlil qilib boshqaruv qarorlarini oʼz vaqtida qabul qilganlarida edi, jahon miqiyosida inqiroz tufayli oʼz faoliyatini toʼxtatgan, bankrot boʼlgan korxonalar soni bu darajada koʼp boʼlmas edi. Xoʼjalik subʼektlari faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish - ular faoliyatini har tomonlama ilmiy bilishda, resurslarni samarali boshqarishda, investitsiyalar jalb qilishda, boshqa korxonalar bilan iqtisodiy munosabatlar oʼrnatishda hamda turli maqsadlar uchun oʼrganishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu fanda yuqorida taʼkidlangan masalani hal qilishda uning metodologiyasini qayta koʼrib chiqish hamda takomillashtirish markaziy jihat egallaydi. Umuman har qanday fan metodologiyasi oʼzida predmetini anglashga yoʼnaltirilgan printsiplar, usullar va metodlar, qoidalar tizimini aks ettiradi. Bilish faoliyati jarayonini yaxlit tadqiq etuvchi anglash nazariyasidan metodologiya shunisi bilan farq qiladiki, u anglash metodlariga koʼproq diqqatni qaratadi. Аgar fan nazariyasi oʼzida bilish jarayoni natijasini aks ettirsa, u holda metodologiya ushbu bilimlarga erishish usuli va tadqiqiy faoliyatga yoʼnaltiruvchi asos sanaladi. Fan metodologiyasining asosiy tarkibiy qismlari – bu predmetni oʼrganish yondashuvining umumiy printsiplari va uni tadqiq qilishning aniq metodikasini ishlab chiqishdir. Turli fanlar uchun oʼziga xos boʼlgan oʼz predmetini oʼrganishga yondashuv usullari (jumladan, iqtisodiy tahlil ham) bilishning umumiy dialektik metodiga asoslanadi. Bilishning dialektik metodi barcha hodisa va jarayonlarni uzluksiz harakatda, oʼzgarish va taraqqiyotda koʼrib chiqish zaruriyatidan kelib chiqadi. Hech narsa oʼz oʼrnida turmaydi, barchasi harakat qiladi, barchasi oʼzgaradi. Har kun, har soat, har daqiqada korxona iqtisodiyotida oʼzgarish sodir boʼlib, ular taqqoslash jarayonida anglanadi. Muntazam taqqoslashning zaruriyati – iqtisodiy tahlil tavsifli jihatlaridan biridir. Taqqoslash iqtisodiy tahlilda juda keng qoʼllaniladi: faoliyatning haqiqiy natijalari oʼtgan yillar natijalari bilan, boshqa korxonalarning erishgan yutuqlari, maqsadli va prognoz parametrlar, meʼyoriy maʼlumotlar va boshqalar bilan taqqoslanadi. Dialektik metod printsiplari bilan mutanosiblikda har bir jarayon, har bir hodisa qarama-qarshilik kurashi va birligi sifatida koʼrib chiqilishi zarur. Bu tamoyil har bir jarayon, har bir hodisaning ichki qarama-qarshiligi, ijobiy va salbiy tomonlarini oʼrganish zaruriyatini taqozo etadi. Bu ham iqtisodiy tahlil tavsifli qirralaridan biridir. Masalan, texnik yangilanishlar mehnat unumdorligini oʼsishi, rentabellik va boshqa koʼrsatkichlar darajasi oshishiga ijobiy taʼsir oʼtkazadi, lekin bunda uning atrof-muhitni ifloslantirishi kabi salbiy oqibatlarini ham yodda tutish lozim. Tahlilda dialektik metoddan foydalanish korxonaning xoʼjalik faoiyatini oʼrganish barcha oʼzaro bogʼliqliklarni hisobga olgan holda olib borishi lozimligini anglatadi. Hech bir hodisa agar u boshqalardan ajratilgan holda aloqadorsizlikda koʼrib chiqilsa, toʼgʼri tushunilishi mumkin emas. Misol uchun, yangi texnikani joriy etishning mahsulot ishlab chiqarish tannarxi darajasiga taʼsirini oʼrganishda nafaqat bevosita, balki bilvosita aloqani ham hisobga olish zarur. Maʼlumki, yangi texnika joriy etilishi bilan ishlab chiqarish xarajatlari, yaʼni mahsulot ishlab chiqarish tannarxi ham oshadi. Lekin, bu holat mehnat unumdorligi oshishiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Bu esa, ish haqidan tejalishiga va shu omil tufayli mahsulot ishlab chiqarish tannarxi pasayishiga olib keladi. Demak, u yoki bu iqtisodiy hodisani anglash va toʼgʼri baholash uchun barcha oʼzaro aloqalarni boshqa hodisalar bilan oʼzaro bogʼliqliklarni oʼrganish zarur. Bu ham iqtisodiy tahlilning metodologik jihatlaridan biridir. Tahlilning muhim metodologik jihatlaridan biri uning nafaqat sabab-oqibat aloqalarini oʼrganish, balki ularga miqdoriy tavsif berishi, yaʼni faoliyat natijalariga omillar taʼsirini miqdoran oʼlchashni taʼminlash sanaladi. Bu analitik tadqiqotlar darajasini oshiradi. Tahlilda sabab aloqalarini oʼrganish va oʼlchashni induktsiya va deduktsiya metodi bilan amalga oshirish mumkin. Mantiqiy induktsiya koʼmagida sabab, aloqalarini oʼrganish usuli shundan iboratki, tadqiqot xususiydan umumiy tomon, xususiy dalillardan umumlashtirish, sababdan natija tomon olib boriladi. Deduktsiya — shunday usulki, bunda tadqiqot umumiy dalillardan xususiyga, natijalardan sababga tomon amalga oshiriladi. Iqtisodiy tahlilda ham u ham bu yondashuvdan foydalaniladi. Induktsiya metodlari barcha koʼrsatkichlarning alohida omillarga nisbatan oʼzgarishidagi taʼsirchanlikni kompleks baholash uchun qoʼllaniladi. Deduktsiya yordamida tadqiq etilayotgan natijaviy koʼrsatkichni shakllantiruvchi butun kompleks omillar tadqiq qilinadi. Bilishning dialektik metodiga muvofiq har bir jarayon, har bir iqtisodiy hodisani tizim va tizimga oʼzaro bogʼliq elementlar majmuasi sifatida koʼrib chiqish lozim. Bularning har biri, uning rivojlanishi uchun munosib hissa qoʼshadi. Tizim elementlaridan biriga ichki yoki tashqi tavsifidagi ixtiyoriy taʼsir uning boshqa elementlarida ham oʼz aksini topadi. Bundan tahlil obʼektlarini oʼrganishga tizimli yondashuv zarurati kelib chiqadi, bu tadqiqot metodologiyasining yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi. Tizimli yondashuv tahlil obʼektini chuqur oʼrganishga, u haqda yanada toʼliq va yaxlit tasavvur olishga, bu obʼektning alohida qismlari oʼrtasidagi sabab-oqibat aloqalarini aniqlashga imkon beradi. Tizimli yondashuvning asosiy xususiyati — dinamizm, oʼzaro taʼsir, oʼzaro bogʼliqlik, tizim elementlarining oʼzaro aloqasi, komplekslilik, yaxlitlilik, tobelik, yetakchi boʼgʼin ajratilishi kabilardir. Tizimli yondashuv elementlari oʼrganilayotgan hodisalar va jarayonlarning maksimal detallashtirish (xususiy tahlil) va ularning tizimlashtirilishini koʼzda tutadi. U yoki bu hodisalarni detallashtirish (tarkibiy qismlarga ajratish) oʼrganilayotgan obʼektda yanada jiddiy va asosiysini aniqlash uchun zarur boʼlgan darajada olib boriladi. U obʼekt va tahlil maqsadiga bogʼliq. Bu iqtisodiy tahlildagi murakkab vazifa boʼlib, analitikdan iqtisodiy hodisalar mohiyati, shuningdek, ularning rivojlanishini aniqlovchi omil va sabablar haqida aniq bilimlar talab qiladi. Tizim elementlarini tizimlashtirish ularning oʼzaro aloqadorligi va oʼzaro taʼsirini oʼrganish asosida amalga oshiriladi. Bu asosiy komponentlarni, funktsiyalarni, tizim elementlari tobeligini aniqlashga, oʼrganilayotgan obʼekt (tizim) ning taxminiy tuzilishli - mantiqiy tahlil modelini tuzishga imkon beradi. Grafik jihatda u odatda rasm koʼrinishida yuzaga keladi, bu yerda har bir elementga muayyan blok mos keladi. Аlohida bloklar oʼzaro strelkalar bilan bogʼliq, ular ichki va tashqi tizim aloqalari mavjudligi va yoʼnalishini koʼrsatadi. Tuzilishli - mantiqiy chizmalar asosida matematik bogʼliqlik shakllari belgilanadi, tizimning elementlari oʼzaro aloqani oʼrtasidagi tavsiflovchi matematik modellar tuziladi, ularning parametrlari aniqlanadi. Tizimlashtirish tahlildagi oʼta masʼuliyatli davr hisoblanadi. Bu jarayonda doimiy omillarni tasodifiylaridan ajratish, koʼplab oʼrganilayotgan omillarning toʼplamidan faoliyat natijalari bogʼliq boʼlgan asosiylarini aniqlash zarur. Iqtisodiy tahlilning yuqorida qayd qilingan tomonlar bilan bevosita shartlangan muhim metodologik jihati, korxonaning xoʼjalik faoliyatidagi iqtisodiy jarayon va hodisalarning sabab-oqibat aloqalarini kompleks, tizimli tadqiq qilish uchun zaruriy sanaluvchi koʼrsatkichlar tizimini ishlab chiqish va undan foydalanish hisoblanadi. Tahlilda tizimli bilan bir qatorda vaziyatli yondashuv mavjud, unga muvofiq amalga oshirish belgilangan funktsiyani inqirozli hodisalardan ogohlantirish maqsadida boshqarilishi lozim boʼlgan vaziyat tashkil etadi. Toʼgʼri qaror qabul qilish uchun yuzaga kelgan vaziyatni baholash va uning istiqbolda rivojlanishini prognozlash zarur. Vaziyatli yondashuvning oʼziga xosligi shundan iboratki, u tizimli tahlilning asosiy gʼoyalarini rivojlantirib, eng ahamiyatli tizim parametrlarini, eng dolzarb omillarni ajratadi va qoʼyilgan maqsadlarga yanada samarali usullar bilan erishish mumkin boʼlganlariga taʼsir koʼrsatadi. Vaziyatli yondashuv hozirgi vaqtda iqtisodiy tahlilni rivojlantirish metodologiya va me¬todikasining eng istiqbolli yoʼnalishlaridan biri sanaladi. Download 49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling